Keksa fohishalar uchun mehribonlik uyi

Сурат манбаси, Clayton Conn
- Author, Kleyton Konn, Meksika
- Role, BBC Jahon Xizmati
- Published
Karmen Munoz bundan 11 yil oldin Meksika poytaxtidagi yomonotliq boʻlgan koʻchalarning biridan oʻtarkan, chiqindixona yonida gʻimirlagan narsaga koʻzi tushadi.
Qarovsiz bolalarmi, degan xayolda borib qarasa, bir paytlar oʻzi bilan birga ishlagan ayollar ekan.
Ular keksayganda endi ishsiz va uysiz, koʻchada qolishgandi.
Karmen ham chiqindixonada yashayotgan bu uch ayol kabi uzoq yillar xuddi shu yerlarda oʻz tanasini sotib, pul topgan: Ya'ni fohiashalik qilishgan.
Karmen Munoz eski hamkasblariga yordam berish uchun ularni uyiga olib ketadi.

Сурат манбаси, Clayton Conn
Karmenning oʻzi ham eri tashlab ketganida juda qiynalgan, koʻchadagi shu qadim kasb boʻlmasa, hech qachon bolalarini ulgʻaytira olmasdi.
Chunki hech kim koʻp bolali besavod onaga ish bermagan.
Meksikada esa koʻchada qolish - huquqsizlik, himoyasizlik va ochlik degani.
U 40 yil davomida Plaza Loreto soʻqoqlariga chiqib pul topgan, shaʼnini bukib, qaddini tiklab olgan.
Shu bois u oʻzi kabi ayollarning ahvolini yaxshi tushunadi.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus
Karmen 3 ayolga boshpana bergani bilan koʻchada qolayotgan yuzlab keksa fohishalar muammosini hal qila olmasdi.
Shu uchun u mashhur sanʼatkorlar va oʻzi kabi faol sobiq fohishalar bilan birgalashib, mahalliy hokimiyatga murojaat qiladi.
Nihoyat, mahalliy rasmiylar ayollar ishlagan Plaza Loreto mavzesiga yaqin yerda ular uchun 18-asrda qurilgan ta'mirtalab eski binoni ajratishadi.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus
Casa Xochiquetzal Muruvvat uyi ancha koʻrimsiz va taʼminot qiyin. Lekin bu yerda keksa fohisha ayollar qadr-qimmati yerga urilmaydi.
Bir umr jamiyat oyoq uchida koʻrsatib kelgan ayollar uchun oʻzini qadrli va hurmatga sazovor his qilish muhim.
"Men oʻzimni hurmatga loyiqman, deb ishontirganman" - deydi Karmen Munoz.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus
Hozir bu yerdagi ayollar turli ishlar bilan shugʻullanib, oʻzlarini taʼminlashga hissa qoʻshishmoqda.
Ayrim ayollar taqinchoqlar yasashadi. Pazandalikka qiziqadiganlar esa pishiriq va shirinliklar pishirib, sotuvga chiqarishadi.
Xullas, yoshliklarida oʻrgana olmagan hunarlarni endi ishga solishmoqda.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus

Сурат манбаси, Shutterstock/ Benedicte Desrus
Bu yerdagi ayollar aksarisi yoshligida koʻchada ishlab, sogʻligʻini yoʻqotgan va koʻpi hozir qarib qolgan. Eng keksa ayolning yoshi 80da.
Shu bois ularning sogʻliklarini kuzatib borish ham muhim masala.
Ayrim ayollar esa hayotida duch kelgan zoʻravonlik yo tahqirlar sababli hali-hamon ruhiy muolajaga muhtoj.

Сурат манбаси, Clayton Conn
Bu yerdagi ayollarni jamiyat ayblaydi. Ammo ayrim hikoyalar odamni o`yga toldiradi:
Marbella 70 yoshga yaqinlashib qolgan. Uning xonasida Pablo Neruda, Lev Tolstoy va Frants Kafka kitoblarini koʻrasiz.
Hali 9 yoshida koʻchada qolgach, bir ayol uni boqib oladi. Ammo maktab pulini topish uchun 16 yoshidan oʻz tanasini sotishga majbur boʻladi.
"Boshqa hech qanday ilojim yoʻq edi" - deydi Marbella.
U fohishalik ortidan uch bolasini katta qiladi. Ammo to`ng`ich qizi qon saratoni bois olamdan oʻtgach, qattiq tushkunlikka tushadi.
Koʻchaga chiqib ishlay olmaydi. Uy kirasini toʻlolmay, koʻchada qoladi.
Ne ajabki, yoshligida ota-onasi voz kechgani bois fohishalik yoʻliga kirgan boʻlsa, xuddi shu kasbi bois keksayganda, bolalari ham undan yuz oʻgirishadi.

Сурат манбаси, Shutterstock/Benedicte Desrus
Oʻtgan yillar davomida bu muruvvat uyida 250 nafar ayol boshpana topdi.
Meksika jamiyatida ijtimoiy muhofaza kuchli emas va oilaviy munosabatlarda hamon anʼanaviy qadriyatlar ustun.
Shu sababli, fohishalik yoʻliga kirgan ayollarni hech kim qabul qilmaydi.
Hozircha, ularni faqat Casa Xochiquetzal muruvvat uyi qabul qilmoqda, xolos.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - uzbekbbclondon
bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring































