Tugamaydigan motam sindromi yoki nega ba’zi odamlar ayriliqqa sabr qilolmaydi?

Surat manbasi, Global Images Ukraine via Getty Images
- Author, Veronika Silchenko, Diana Kurishko
- Role, BBC
- Published
- O'qilish vaqti: 8 daq
Psixologlar Ukrainada odamlar orasida surunkali ayriliq sindromi (SAS) ko‘payib borayotganini aytishmoqda.
"Atrofimizdagi qayg‘u shu qadar kattaki, undan qochib qutulishning iimkoni yo‘q. To‘satdan sodir bo‘lgan va zo‘ravonlikka bog‘liq o‘limlar bu sindromni keltirib chiqaradi. Hozir Ukrainada bunday holatlar juda ko‘p", — deydi ukrainalik psixolog Oksana Korolovich.
Aksariyat insonlarda yaqin kishisi vafot etganidan keyin paydo bo‘ladigan o‘tkir dard vaqt o‘tishi bilan asta-sekin kamayib, hayot odatiy iziga qayta boshlaydi. Lekin hammada ham bunday bo‘lmaydi: taxminan 5% odamlarda ayriliq g‘ami vaqt o‘tishi bilan ham yo‘qolmaydi. Bu holatni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2018 yilda rasman ruhiy buzilish sifatida e’tirof etgan va u "surunkali ayriliq sindromi" deb ataladi.
Olimlarning fikricha, bevaqt va zo‘ravonlik sabab sodir bo‘lgan o‘lim, ayniqsa, u fojiali vaziyatlarda yuz bergan bo‘lsa, SAS rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.
"Bu sindromda hatto bir yil o‘tganidan keyin ham insonda doimiy alam va dard qoladi. Inson yo‘qotishni qabul qila olmaydi, xotiralarda qotib qolgandek, hayotdan uzoqlashadi", — deydi Korolovich
Surunkali ayriliq sindromi alohida kasallik sifatida tan olingunga qadar, mutaxassislar uning belgilarini depressiya yoki posttravmatik buzilishga tenglashtirishardi. Ammo uzoq davom etgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, SZG boshqa kasalliklardan farq qiladi va uni standart usullar bilan davolash qiyin.
"Neyrobiologiya surunkali ayriliq sindromini qanday tushuntiradi" nomli yangi tadqiqot mualliflari, Trends in Neurosciences jurnalida chop etilgan maqolada, SAS paytidagi miya faoliyatini boshqa ruhiy holatlardagi faoliyat bilan solishtirib, o‘xshashliklar bo‘lishiga qaramay, SAS bilan og‘riganlarda mukofot tizimiga javob beruvchi neyron tarmoqlarida kuchliroq o‘zgarishlar kuzatilishini aniqladilar. Bu tizim ularda marhumga bog‘lanib qoladi va boshqa yerda "mukofot" yoki boshqacha aytganda huzur topa olmaydi.
Bi-bi-si tadqiqot mualliflaridan biri, Avstraliyaning Sidney shahridagi Yangi Janubiy Uels universitetining professori Richard Brayant bilan SASning depressiya va xavotirdan farqi hamda yangi ma’lumotlar shifokorlarga qaysi bemorlarga qo‘shimcha yordam kerakligini oldindan aniqlashda qanday yordam berishi haqida suhbatlashdi.
Surunkali ayriliq sindromi nima?
"Aslida bu qayg‘uning o‘zginasi. Ilgari odamlar bu holat yo‘qotishdan keyingi o‘tkir fazada his qiladigan tuyg‘ularimizdan sifat jihatidan farq qiladi deb o‘ylashardi. Ammo tadqiqotlar ko‘rsatdiki, bu aslida bir xil narsa. Biz shunchaki o‘sha insonni juda qattiq sog‘inamiz, — deydi Brayant. — Lekin surunkali qayg‘uga tushgan odamning farqi shundaki, u shu tuyg‘u ichida "qotib" qoladi".

Surat manbasi, Getty Images
Xalqaro kasalliklar tasnifi (11-nashri) va Amerikaning ruhiy buzilishlar bo‘yicha diagnostika qo‘llanmasi (DSM-5) surunkali ayriliq sindromini shunday tavsiflaydi: bunda inson 6-12 oydan ortiq vaqt davomida vafot etgan kishini tinimsiz qo‘msaydi, u bilan birga bo‘lishni istaydi yoki u haqdagi o‘y-xayollar ichiga shu qadar sho‘ng‘ib ketadiki, bu chuqur va qamrovli emotsional og‘riqni keltirib chiqaradi. Inson hayot mazmunini yo‘qotgandek, o‘zining bir qismi ham vafot etgandek his qilishi yoki o‘lim sodir bo‘lganini bilsa-da, uni qabul qila olmasligi mumkin.
Surunkali ayriliq sindromini boshdan kechirayotganlarda, azobi vaqt o‘tishi bilan pasayadiganlarga qaraganda, o‘z joniga qasd qilish xavfi sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Qayg‘uning turlicha namoyon bo‘lishiga qaramay, SAS alomatlari har ikki jins vakillarida, turli ijtimoiy va madaniy guruhlarda uchraydi.
"Insonga yaqin odami endi yo‘qligini qabul qilish qiyin kechishi mumkin. U marhum uchun ovqat tayyorlashda davom etishi yoki, masalan, uning xonasini eski holicha qoldirishi mumkin", — deya qo‘shimcha qiladi Brayant.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Tibbiy ma’lumotnomalarga ko‘ra, agar inson marhumga juda qattiq bog‘lanib qolgan bo‘lsa, buning ustiga, o‘lim zo‘ravonlik bilan yoki tasodifan yuz bergan bo‘lsa, SAS rivojlanish xavfi ortadi. Bu sindrom turmush o‘rtog‘i yoki farzandi vafot etganidan keyin ko‘proq kuzatiladi.
Ukrainalik psixolog Oksana Korolovichning fikricha, vidolashish imkoniyati bo‘lmagani ham surunkali ayriliq sindromiga olib kelishi mumkin.
"Erimning jasadini yopiq tobutda olib kelishdi. Uni DNK orqali tanishdi. Men u bilan qanday vidolashishim mumkin edi? Men uni ko‘rmadim", — deydi u.

Surat manbasi, Оксана Королович
Korolovichning o‘zi ham beva — eri urushda halok bo‘lgan. U Ukrainadagi boshqa ayollar bilan qayg‘u mavzusida ko‘p ishlaydi va psixologlar uchun yo‘qotishni boshdan kechirayotganlarga yordam berish bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqqan.
"O‘limga guvohlar bo‘lgan, safdoshlari inson halok bo‘lganini tasdiqlagan, lekin jasad yo‘q bo‘lgan yoki uni olib chiqish imkoni bo‘lmagan ko‘plab holatlar bor. Shu paytda inson ruhida ikkiga bo‘linish yuz beradi — go‘yo bir qismi doimo sohilda o‘tirib, kimnidir kutayotgandek bo‘ladi", — deydi u.
Hozirgi vaqtda Ukrainada 90 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi. Korolovichning so‘zlariga ko‘ra, ba’zan dafn marosimini o‘tkazish uchun odamlar bir necha oy va hatto yillar davomida DNK ekspertizasi natijalarini kutishga majbur bo‘lishadi.
"Surunkali qayg‘u — bu kuchsizlik emas. Bu hayotda yangi joy topa olmagan muhabbatdir. Bunda o‘zgarish yuz bermagan bo‘ladi. "Men — rafiqaman" degan qism o‘lgan, "Men — bevaman" degan qism tug‘ilishi kerak. Lekin jamiyatimizda haligacha: "Sen halok bo‘lgan qahramonning rafiqasisan", deyishadi", — deydi Korolovich.
"Siz muhabbatni xastalikka chiqarmoqdasiz"
Atrofimizdagi qayg‘u shu qadar kattaki, undan qochib qutulishning iimkoni yo‘q. To‘satdan sodir bo‘lgan va zo‘ravonlikka bog‘liq o‘limlar bu sindromni keltirib chiqaradi.
Ko‘p yillar davomida olimlar va shifokorlar surunkali qayg‘uni ruhiy buzilish sifatida tan olishni istashmagan. Chunki, ular yo‘qotishga bo‘lgan tabiiy insoniy reaktsiyani kasallik deb hisoblana boshlashidan xavotirlanishgan.
New York Times nashriga bergan intervyusida SASni rasmiy ro‘yxatga kiritish ustida ishlagan mutaxassis, tibbiyot sotsiologiyasi professori Xolli Prigerson shunday deydi: — Tadqiqotchilar yaqin inson yo‘qotilganidan olti oy o‘tgach ham SASni aniqlash mumkin deb hisoblashgan. Ammo Amerika Psixiatriya Assotsiatsiyasi jamoatchilikning salbiy reaktsiyasidan qochish uchun tashxisni ehtiyotkorlik bilan, o‘limdan bir yil o‘tib qo‘yishni «yolborib so‘ragan».
"Jamoatchilikning g‘azablanish ehtimolidan xavotir bor edi, chunki hamma qayg‘uni boshidan kechiradi. Hatto ularning buvisi olti oy oldin vafot etgan bo‘lsa ham, ular haligacha uni sog‘inishadi, — dedi u. — Bu go‘yoki siz muhabbatni patologiyaga (kasallikka) aylantirayotgandek ko‘rinadi", — dedi u.
Natijada, AQShda bu kasallik tashxis qo‘llanmasiga faqat 2022 yilda kirib, dunyo medialarida bu haqda xabarlar paydo bo‘lgandan keyin, chindan ham keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu qarorning muxoliflari bunday tasniflash tabiiy va zarur jarayonni tibbiy muammoga aylantirib, qayg‘urayotgan insonlarga asossiz dorilar tayinlanishiga olib keladi, deb ta’kidlashdi. Ayrimlar olimlarni inson mavjudligini tibbiy tashxisgacha tushirib qo‘yganlikda aybladi.
Prigerson ikki hamkasbi bilan birgalikda "Surunkali ayriliq sindromi: ilmiy ma’lumotlar asosida kognitiv buzilishlarni tuzatish" nomli maqola e’lon qilib, SAS haqidagi miflarga chek qo‘yishga harakat qildi. Unda olimlar muxoliflarning har bir argumentiga batafsil javob berib, SASga nisbatan tanqidlar ko‘pincha har qanday boshqa ruhiy buzilish tashxisiga nisbatan tanqidlar bilan mos kelishini va qo‘rquvlar bo‘rttirilganini ta’kidlashdi.
"Bu buzilish kamdan-kam uchraydi. Bizning barcha diagnostika mezonlarimizga tushish juda qiyin, — dedi u Britaniyaning Guardian gazetasiga bergan intervyusida. — Aksariyat odamlarda olti oydan keyin pasayish boshlanadi, ammo surunkali ayriliq sindromi borlar uchun yo‘qotish xuddi kecha sodir bo‘lgandek; ular hamon shok va ishonishmaslik holatida va qanday yashashni bilishmaydi... Xuddi kimdir ularning oyog‘i ostidagi yerni tortib olgandek va ular bu azobli qayg‘u holatida qolib ketishgan".
"Qayg‘u ko‘proq qaramlikka o‘xshaydi"
Professor Richard Brayant fikricha, surunkali ayriliq sindromi (SAS) endi bahsli masala emas. Uning aytishicha, bu diagnoz tobora ko‘proq qabul qilinmoqda va shuning uchun u o‘z tadqiqotini SESning neyrobiologiyasiga qaratgan.
Professorga ko‘ra, tadqiqot ishtirokchilaridan miyani skanerlash paytida vafot etgan yaqinlarini eslash yoki ularning suratlariga qarash so‘ralgan. Natijada olimlar SAS bilan og‘riganlarda miyaning "mukofotlash tizimi" uchun javobgar neyron tarmoqlarida sezilarli o‘zgarishlarni aniqlashgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xavotir, PTSR va qayg‘uning eng ko‘zga ko‘rinadigan farqi shundaki: xavotir va PTSRda odam asosan tahdiddan va uni eslatishi mumkin bo‘lgan narsalardan qochadi. Ammo qayg‘u haqida gap ketganda, hammasi go‘yo teskarisiga o‘xshab ko‘rinadi
"Bu ko‘proq biz "ishtaha" deb ataydigan narsaga yoki qaramlikka o‘xshaydi. Odamlar o‘zlari xohlagan narsaga talpinishadi va: "Men shu inson qaytib kelishini istayman", deb o‘ylashadi, — tushuntiradi u. — Odamlar marhumlar haqida tinimsiz o‘ylashadi va ularni eslatadigan narsalarni qidirishadi. Shuning uchun ham ular uchun kechki ovqat tayyorlashda, odatiy rituallarni bajarishda davom etishadi va ular hali ham biz bilan ekanini eslatib turishga harakat qilishadi, chunki ularni qo‘yib yuborishni istashmaydi".

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Brayantning ta’kidlashicha, urush vaziyatni sezilarli darajada og‘irlashtirishi mumkin.
"Bir necha yil oldin biz urush paytida suriyalik qochqinlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazgandik va surunkali ayriliq sindromi ko‘rsatkichlari juda yuqori ekanini aniqladik, chunki odamlar yaqinlarining zo‘ravonlik bilan o‘ldirilishini boshdan kechirishgan edi. Hozir biz Ukrainada shunga o‘xshash tadqiqot o‘tkazyapmiz va yana shu sabab bilan yuqori ko‘rsatkichlarni kutyapmiz", — deydi Brayant.
U va uning hamkasblari butun Ukraina bo‘ylab 3000 nafar kattalar va bolalarni so‘rovdan o‘tkazishdi va hozirda olingan ma’lumotlarni tahlil qilishmoqda. Kelgusida ular yaqinlarini yo‘qotgan bolalarni davolash dasturi ustida ishlashni rejalashtirishgan.
"Tashxisning o‘zi zarurligi masalasiga qaytadigan bo‘lsak: ko‘p odamlarga og‘ir yo‘qotishdan keyin antidepressantlar tayinlanadi, lekin ko‘pincha ularning holati yaxshilanmaydi. Chunki muammoning haqiqiy sabablari bartaraf etilmaydi, — deb ta’kidlaydi u. — Va "bu odamlarda aslida depressiya emas, balki surunkali ayriliq sindromi bor" deb aytish imkoniyati ularga ko‘proq mos keladigan davolashni taklif qilish imkonini beradi".
Brayantning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda SASni davolashning eng samarali usuli kognitiv-xulq atvori terapiyasi (KXT) hisoblanadi. KXT — bu psixoterapiya turi bo‘lib, uning yordamida inson qiyinchiliklarni yengishga xalaqit beradigan fikrlar va xulq-atvor modellarini tanishni va o‘zgartirishni o‘rganadi.
Bunday terapiya bemorlarning taxminan uchdan ikki qismiga yordam beradi. SAS rivojlanishining oldini olish yo‘llari bormi, degan savolga Brayant hozircha bu sohada katta tadqiqotlar o‘tkazilmaganini aytadi. Chunki olimlar yo‘qotishni qabul qilishning tabiiy jarayoniga xalaqit berishni istashmaydi.
"PTSB kabi boshqa vaziyatlarda biz erta aralashuv o‘tkazamiz. Ya’ni, jarohatdan keyingi birinchi yoki ikkinchi kuni uning oqibatlarini oldini olish uchun qilishimiz mumkin bo‘lgan ishlar bor, — deb tushuntiradi u. — Lekin yaqiningizni yo‘qotganingizda, siz shu inson endi yo‘qligi haqidagi faktga moslashish jarayonidan o‘tishingiz kerak. Odamlar bu jarayondan o‘tishlari shart. Muhimi shundaki, o‘tkir fazada, masalan, yo‘qotishdan keyingi birinchi yoki ikkinchi haftada, biz surunkali qayg‘uga tushadiganlar va tushmaydiganlarni bir-biridan ajrata olmaymiz. Shu sababli, agar biz erta bosqichda nimadir qilishga qaror qilsak, ehtimol, bunga muhtoj bo‘lmagan 90% odamni davolagan bo‘lardik, chunki ular baribir o‘zlari moslasha oladilar".
Korolovichga ko‘ra, qayg‘uni boshidan kechirish uchun marosimlar juda muhim va inson o‘ziga hamda yaqinlariga motam tutishga ruxsat berishi kerak.
"Ukrainada har kuni soat 9:00 da hamma to‘xtab, bir daqiqalik sukut bilan xotirlashi — bu juda muhim. O‘zingizga motam tutish uchun vaqt bering. Biz o‘lim sodir bo‘layotgan voqelik bilan ishlashimiz kerak, — deydi u. — Biz hammamiz katta qayg‘uni boshdan kechiryapmiz. 2022 yildan beri vayron bo‘lgan narsalarni hech qachon qaytara olmaymiz. Bu onglilik masalasi — biz hozir qaerdamiz? Bizda har kuni odamlar halok bo‘lmoqda. Bu hammamizga ta’sir qiladi. Bu — atrofimizdagi umumiy azob va qayg‘u maydonidir".




























