AQSh endi Eronni jilovlashda BMTdan yordam so‘ramoqchi

Tehrondagi devorda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jilovi Eronning qo‘lida ekani aks ettirilgani aks etgan.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Tehrondagi devorda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jilovi Eronning qo‘lida ekani aks ettirilgani aks etgan.
O'qilish vaqti: 2 daq

AQSh Eronning "kemalarni portlatishni to‘xtatishi, minalarni olib tashlashi va insonparvarlik yordami kiritilishiga ruxsat berishi" uchun BMTdan yordam so‘ramoqchi.

Davlat kotibi Marko Rubio bu haqda Oq Uydagi brifingda ma’lum qildi.

«Birlashgan Millatlarning mohiyati nimada? U xalqaro mojarolarni tinch yo‘l bilan yechish uchun tuzilgan. Hozirda bir davlat noqonuniy ravishda va jinoyatchilardek xalqaro suv yo‘lagini egallab olgan, u tijoriy kemalarni portlatyapti va suvga minalarni joylayapti. Bilmadim, odamlar bu naqadar qabul qilib bo‘lmas ish ekanini anglab yetishyaptimi», - deya savol qo‘ydi AQSh davlat kotibi.

AQSh va Isroil Eronga qarshi urushni boshlashlaridan oldin BMTga murojaat qilmaganlar.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

BMT Xavfsizlik kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid mavjud deb topsa, urushga ruxsat berishi mumkin, ammo Eronga qarshi harbiy harakatlar BMTda ovozga qo‘yilmagan.

AQSh Prezidenti Donald Tramp bir necha bor BMTni samarasizlik va AQShga nisbatan adolatsizlikda ayblagan, hamda AQShning qator BMT loyihalaridagi ishtirokini to‘xtatgan.

Rubio
EPA
Eronni kemalarni portlatishni to'xtatishga, minalarni olib tashlashga va tiqilib qolgan insonparvarlik yordami o‘tishiga ruxsat berishga chaqiring. Bu juda kamtarona iltimos.
Marko Rubio
AQSh davlat kotibi

Tramp hatto o‘zi asos solgan «Tinchlik kengashi» BMTning o‘rnini egallashini aytgan. Yanvar oyida Oq Uyda qilgan chiqishida u BMTni urushlarni to‘xtata olmaslikda ayblagan. "BMT men to‘xtatgan har bitta urushni to‘xtatishi kerak edi", degan u.

Endilikda Davlat kotibi Rubioning aytishicha, BMT sinov qarshisida turibdi.

"Biz bu [masalani] BMTga olib chiqamiz. Biz unga shunday forum bo‘lishga yana bir imkoniyat beramiz. Biz hech kimdan mintaqaga qo‘shinlar kiritishni yo Eron kemalarni portlatishni so‘ramayapmiz. Biz shunchaki Eronni qoralashni so‘rayapmiz. Eronni kemalarni portlatishni to‘xtatishga, minalarni olib tashlashga va tiqilib qolgan insonparvarlik yordami o‘tishiga ruxsat berishga chaqiring. Bo‘ldi, shu. Bu juda kamtarona iltimos. Agar xalqaro hamjamiyat, yuzlab davlatlar bu masala ortidan birlasholmas ekan, unda BMT tizimining foydasi nimada? Agar shunday oddiy masalani yecholmasa», - dedi Rubio jurnalistlar qarshisidagi chiqishini davom ettirib.

Chekinishmi?

Ayni damda, seshanba oqshomida Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan tijoriy kemalarni olib chiqishni ko‘zda tutuvchi AQSh amaliyoti to‘xtatib turilishini ma’lum qildi.

«Ozodlik loyihasi» deya nom berilgan bu amaliyotni u yakshanba kuni e’lon qilgandi. U buni Ko‘rfazda qolib ketayotgan kemalar uchun «insonparvarlik amali» deya tasvirlagan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘ta olmayotgan kemalarda 22 500 dengizchilar bor.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘ta olmayotgan kemalarda 22 500 dengizchilar bor.

Ammo Eron agar AQSh qo‘shinlari bo‘g‘ozga kirsa, ularga hujum qilishini aytib tahdid qilgan. Keyinroq Eron matbuoti ikkita AQSh harbiy kemasi nishonga olinganini xabar qilgan. Amerika harbiylari buni rad qilib, ikkita AQSh tijoriy kemasi muvaffaqiyatli olib chiqilganini bildirgan.

Endilikda Tramp o‘z amaliyotiga tanaffus e’lon qilar ekan, buni Eron bilan kelishuvga erishishda «ajoyib siljish» bo‘lgani va Pokistonning iltimosi bilan izohladi.

AQSh armiyasiga ko‘ra, Fors ko‘rfazida 1 550ta kema qurshovda qolyapti. Ularda 22 500 dengizchi bor.

Tramp Eron bandargohlarining blokadasi davom etishini bildirdi.

Eron rasmiylari hozircha AQShning «Ozodlik loyihasi» to‘xtatib turilishiga rasmiy munosabat bildirishmadi, ammo qator Eron ommaviy axborot vositalari buni Eronning g‘alabasi deya taqdim etishmoqda.

Inqilob qo‘riqchilariga aloqador Tasnim xabar agentligi «Tramp chekindi», deb yozdi.

IRNA Eron davlat xabar agentligi esa buni «Amerikaning mag‘lubiyati» deya tasvirlab, Tramp «oxirgi kartasi»ni o‘ynaganini yozdi.