Tramp Rossiya prezidentini «do‘stim» deb ataganidan so‘ng Zelenskiy Putinni «qotil» dedi

Surat manbasi, Vyacheslav PROKOFYEV / POOL / AFP via Getty Images
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Donald Tramp shu hafta Xitoyda Rossiya rahbarini «do‘stim» deb ataganiga javoban Vladimir Putinni «qotil» deb atadi.
CNN telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy Putinni qanday atash AQSh prezidentining o‘z ishi ekanini aytdi. «Ammo biz uchun u dushman... Biz uchun u qotil», — dedi Zelenskiy.
Payshanba kuni Xitoy rahbari Shi Jinpin va Putin bilan o‘tkazilgan tarixiy uch tomonlama uchrashuv oldidan Tramp Putinni «do‘stim» deb atadi va ikki rahbar «ko‘p yillardan beri juda yaxshi munosabatda» ekanini aytdi.
Tunda Rossiya hujumlari davom etdi. Rasmiylarga ko‘ra, Dnepropetrovsk viloyatidagi Zelenskiyning tug‘ilgan shahri Kriviy Rihga raketa va dronlar bilan berilgan zarbalar oqibatida ikki kishi, jumladan, bir bola halok bo‘ldi, 52 kishi jarohatlandi.
Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati (DSNS) ma’lum qilishicha, mamlakat shimoli-sharqidagi Xarkiv viloyatida yana 11 kishi, shimoli-g‘arbdagi Rivne viloyatida esa bir kishi jarohatlangan.
Juma kuni Rossiyaning poytaxt Kievdagi ko‘priklar va Ukraina g‘arbidagi temiryo‘l vokzallariga qaratilgan zarbalari oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi.
Zelenskiy 110 ta raketa, jumladan, 27 ta ballistik raketa va 400 dan ortiq dron ishtirokidagi hujumni «bu yilgi eng yirik hujum» deb atadi.
Bu zarbalar Ukraina Qrim ko‘prigiga jiddiy shikast yetkazganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Juma kuni Ukrainaga berilgan zarbalardan bir necha soat o‘tib, Tramp Oq uyda jurnalistlarga Putin «urushni tugatishni juda ham istashini» aytdi.
«Ularning ikkalasi ham [Zelenskiy va Putin] urushni tugatishni xohlayapti. Mening ular bilan munosabatlarim borligi esa juda yaxshi», — dedi u juma kuni.
Tramp Rossiya rahbarini yana bir bor do‘sti deb atadi, biroq Putinni AQShning ham do‘sti deb hisoblash mumkinmi, degan savolga javob bera olmasligini aytdi.
Ammo Zelenskiy Trampning pozitsiyasiga qaramay, Putinni «qotil» deb hisoblashini bildirdi.
«Menimcha, dunyodagi aksariyat odamlar uchun u qotil. Chunki u odamlarni o‘ldiryapti. Aytgancha, u har kuni, kechayu kunduz odamlarni o‘ldiryapti», — dedi Zelenskiy CNN telekanaliga.
Zelenskiyning aytishicha, Putin haqida «do‘st» sifatida gapirish uning «etarlicha bosimni his qilmayotganini» anglatadi.
Bu o‘zaro keskin bayonotlar yangrayotgan bir paytda, qo‘shni Polsha juma kuni erta tongda mamlakatning janubi-sharqiy qismida havo hududini buzib kirgan uchta ob’ektdan biri Rossiyaning qanotli raketasi bo‘lganini ma’lum qildi.
Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamishning aytishicha, raketa Ukraina chegarasidan taxminan 50 kilometr uzoqlikdagi Novi-Lipovets qishlog‘i hududiga kelib tushgan.
Polsha rasmiylariga ko‘ra, bu joy Yevropa harbiylari mashg‘ulotlarni yakunlayotgan hududdan taxminan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Mashg‘ulotlarda «Xohish bildirganlar koalitsiyasi»ga a’zo 36 davlatdan 11 tasining harbiylari qatnashgan.
Rasmiylar yana bir raketa va reaktiv dvigatelli dron boshqa ikki hududga kelib tushgan bo‘lishi mumkinligini ham bildirgan.

Surat manbasi, Getty Images
Polsha bosh vaziri Donald Tusk bu tasodifiy hodisaga o‘xshamasligini aytdi.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan va biror zarar yetgani haqida xabar berilmagan. Biroq Varshava buni Moskvaning «provokatsiyasi» deb atadi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte «Polsha havo hududining qo‘pol ravishda buzilishi»ni qoraladi va bunga javoban harbiy ittifoq o‘z qiruvchi uchoqlarini havoga ko‘targanini bildirdi.
Rossiya havo hududi buzilgani yuzasidan hozircha izoh bermadi. Bu hodisalar juma kuni Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan paytda sodir bo‘ldi.
Putin 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni boshlagan.































