O‘ta o‘ngchi Isroil vaziri qo‘liga kishan solingan G‘azo flotiliyasi faollarini masxara qilgani uchun qoralandi

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri 2026 yil 20 may kuni G‘azoga yo‘l olgan flotiliyadagi falastinparvar faollar ushlab turilgan Isroilning Ashdod portidagi inshootni ko‘zdan kechirar ekan, Isroil bayrog‘i oldida ishora qilmoqda.

Surat manbasi, Office Of Itamar Ben Gvir/Handout via Reuters

Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Isroil harbiy-dengiz kuchlari tomonidan to‘xtatilgan G‘azoga yo‘l olgan yordam flotiliyasida bo‘lgan falastinparvar faollarga nisbatan munosabati xalqaro miqyosda qoralanmoqda.

AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya va Kanada kabi davlatlar o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir qo‘llari orqa tomondan bog‘langan holda tiz cho‘kkan faollarni masxara qilayotgan videoni e’lon qilgach, norozilik bildirdilar.

Uning bu harakatlari hatto Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ham kam uchraydigan tanqidiga sabab bo‘lib, u buni "Isroil qadriyatlariga mos emas", deb atadi.

Qo‘lga olinganlarni himoya qilayotgan huquq tashkiloti esa ularga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llanganini, bu esa «og‘ir va keng tarqalgan jarohatlar»ga olib kelganini ma’lum qildi.

"Adalah"ning ma’lum qilishicha, kamida uch kishi shifoxonaga olib ketilgan va keyinroq chiqarilgan.

"Adalah" advokatlari ishtirokchilarning o‘nlabida qovurg‘alar singani gumon qilinayotganini va bu nafas olishda qiyinchiliklarga olib kelganini hujjatlashtirdi", deyiladi bayonotda.

"Shuningdek, ishtirokchilarga nisbatan tez-tez elektroshok qurilmalari qo‘llanilgani, hamda to‘xtatish paytida rezina o‘qlardan foydalanish natijasida jarohatlar olingani haqida xabarlar bor..."

Guruhning ta’kidlashicha, faollar, shuningdek, "jiddiy tahqirlash, jinsiy ta’qib va kamsitishlarga" ham duchor etilgan.

Isroil rasmiylari bu ayblovlarga hali izoh bermagan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Global Sumud Flotiliyasi (GSF) doirasida ishtirok etayotgan 50 dan ortiq kema o‘tgan payshanba kuni Turkiyadan oz miqdorda yordam yuki bilan yo‘lga chiqqan. Ularning bortlarida 40 dan ortiq mamlakatdan 430 nafar kishi bo‘lgan.

Isroil bu tashabbusni "Hamas manfaatiga xizmat qilayotgan PR-aktsiya" deb baholadi.

Dushanba kuni ertalab Isroil harbiy-dengiz maxsus kuchlari Kipr g‘arbidagi xalqaro suvlarda, G‘azo sohilidan taxminan 250 dengiz mili (460 km) uzoqlikda flotiliyani to‘xtatishni boshladi. Bu hudud Isroil tomonidan joriy etilgan dengiz blokadasi ostida.

GSF tashkilotchilariga ko‘ra, seyshanba kechga qadar barcha kemalar to‘xtatilgan, ulardan biri Falastin hududiga 80 dengiz miligacha yaqinlasha olgan.

Tashkilotchilar Isroilni "ochiq dengizda noqonuniy tajovuz"da ayblab, harbiylar olti kema tomon o‘q uzgani, suv pushkasi ishlatgani va bir kemani ataylab urganini bildirdi.

Isroil tashqi ishlar vazirligi esa haqiqiy o‘q-dorilar qo‘llanilmaganini aytib, "G‘azoga qaratilgan qonuniy dengiz blokadasi buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi"ni ta’kidladi.

Shuningdek, vazirlik barcha faollar isroillik kemalarga ko‘chirilganini va ular Isroilga kelgach konsullik vakillari bilan uchrashishiga ruxsat berilishini bildirdi.

Chorshanba kuni ertalab "Adalah" faollar "o‘z xohishiga zid ravishda to‘liq holda Isroil hududiga olib ketilayotgani"ni va Ashdod portida ushlab turilganini ma’lum qildi.

"Huquqiy guruh bu hibslarning qonuniyligiga shikoyat qiladi va flotiliya ishtirokchilarini zudlik bilan ozod qilishni talab qiladi", deya qo‘shimcha qildi u.

EPA
Siz bu sharmandali harakatingiz bilan davlatimizga ongli ravishda zarar yetkazdingiz - va bu birinchi marta emas.
Gideon Saar
Isroil Tashqi ishlar vaziri

Tushdan keyin Milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta millatchi Itamar Ben-Gvir (u Isroil politsiyasiga mas’ul) ijtimoiy tarmoqda "Isroilga xush kelibsiz" sarlavhali videoni e’lon qildi. Unda u Ashdod portidagi ushlab turish joyiga tashrif buyurgani aks etgan.

Videoda u xavfsizlik xodimlarini rag‘batlantirayotgani ko‘rinadi, ular esa "Ozodlik, ozodlik, Falastina!»"deb qichqirayotgan ayol faolni yerga majburan yotkizmoqda.

Keyin Ben-Gvir orqa tomondan qo‘llari bog‘langan holda tiz cho‘kib turgan o‘nlab faollar yonida katta Isroil bayrog‘ini silkitib turadi va ularga ibroniy tilida: "Isroilga xush kelibsiz. Biz bu yerda egamiz", deydi.

Boshqa kadrlarda esa Isroil milliy madhiyasi yangrayotganda kema palubasida tiz cho‘kib turgan faollar ko‘rsatiladi.

AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi Ben-Gvir harakatlarini "jirkanch" deb atadi.

Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Ivett Kuper esa bu videoda "butunlay sharmandalik" aks etganini ta’kidlab, Isroil elchixonasidan zudlik bilan tushuntirish talab qilinganini bildirdi.

U avvalroq hukumat ishtirok etgan bir nechta Britaniya fuqarolari oilalari bilan aloqada ekani va ularga konsullik yordamini ko‘rsatayotganini aytgan edi.

O‘tgan yili Ben-Gvir va yana bir vazir falastin jamoalariga qarshi zo‘ravonlikni takror qo‘zg‘atgani uchun Buyuk Britaniya, Avstraliya, Norvegiya, Kanada va Yangi Zelandiya tomonidan sanksiyalarga uchragan. Bu G‘arb davlatlari tomonidan isroillik vazirlarga ilk bor sanksiya qo‘llanishi bo‘lgan.

Kanada bosh vaziri Mark Karni Isroilning faollarga munosabatini "nafrat uyg‘otuvchi" deb atab, Isroil elchisini chaqirishni topshirganini bildirdi.

"Fuqarolarni himoya qilish va inson qadrini hurmat qilish har joyda, har doim ta’minlanishi shart", dedi Karni X tarmog‘idagi yozuvida.

Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong Ben-Gvirni qoralab, Isroil hukumati harakatlarini "tahqirlovchi" deb atadi.

Avstraliya, Italiya, Frantsiya, Niderlandiya, Belgiya va Ispaniya Ben-Gvir harakatlarini "qabul qilib bo‘lmaydigan" deb baholab, Isroil elchilarini chaqirganini ma’lum qildi.

Irlandiya tashqi ishlar vaziri Helen Makenti videolarda noqonuniy ushlab turilgan ishtirokchilar, jumladan irland fuqarolari umuman munosib qadr-qimmat va hurmat bilan muomala qilinmayotganini ko‘rsatishini aytdi.

"Adalah" esa bu kadrlar Isroilning faollarga nisbatan tahqir va zo‘ravonlikka asoslangan jinoiy siyosat yuritayotganini tasdiqlashini bildirdi.

Global Sumud Flotiliyasi tomonidan taqdim etilgan videotasvirlarda 2026 yil 18 may kuni Kipr g‘arbidagi O‘rta yer dengizida qurollangan maxsus kuchlar hujum kemasidan jellik kemaga chiqqanini ko‘rish mumkin.

Surat manbasi, Global Sumud Flotilla/Handout via Reuters

Surat tagso‘zi, Global Sumud Flotiliyasi jonli efiri dushanba kuni Isroil maxsus kuchlari bir kemaga chiqqani aks etganini ko‘rsatdi

Kutilmagan holda Isroil tashqi ishlar vaziri ham o‘z kabineti a’zosini qoralashga qo‘shildi.

Gideon Saar "X" tarmog‘ida unga murojaat qilib shunday yozdi: "Siz bu sharmandali harakatingiz bilan davlatimizga ongli ravishda zarar yetkazdingiz - va bu birinchi marta emas".

Ben-Gvir esa tezda javob qaytarib: "Tashqi ishlar vaziri Isroil endi bosimga osonlikcha bo‘ysunadigan davlat emasligini tushunishi kerak", dedi.

Shundan so‘ng Netanyaxu ham o‘z tanqidini bildirdi.

Bayonotda shunday deyilgan: "Isroil Hamas terrorchilarini qo‘llab-quvvatlovchi ig‘vogar flotiliyalarning hududiy suvlarimizga kirib, G‘azoga yetib borishini to‘xtatishga to‘liq haqli. Biroq vazir Ben-Gvirning flotiliya faollariga munosabati Isroil qadriyatlari va me’yorlariga mos emas".

Bosh vazir shuningdek, "ig‘vogarlarni imkon qadar tezroq deportatsiya qilish" bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytib o‘tdi.

GSF tashkiloti ma’lum qilishicha, flotiliyadagi faollar G‘azodagi falastinliklar uchun oziq-ovqat, bolalar ovqati va tibbiy yordam olib ketishgan. U yerda yashash sharoiti juda og‘ir, aholining 2,1 millionlik qismi deyarli ko‘chirilgan, garchi o‘tgan oktyabrda Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi imzolangan bo‘lsa ham.

Isroil tashqi ishlar vazirligi esa G‘azoda "yordam yetarli darajada kiritilgan"ini bildirib, so‘nggi yetti oyda hududga 1,5 million tonnadan ortiq yordam va minglab tonna tibbiy jihozlar yetkazilganini ma’lum qildi.

BMT o‘tgan hafta G‘azodagi ko‘plab ko‘chirilgan oilalar hali ham ortiqcha to‘plangan chatirlar yoki qattiq zarar ko‘rgan binolarda yashashga majbur ekanini bildirdi, chunki xavfsizroq muqobillar yo‘q.

Bayonotda asosiy xizmatlarga kirish cheklanganicha qolyotgani, toza suv ta’minoti barqaror emasligi va chiqindilarni boshqarish tizimi yetarli darajada ishlamayotgani sababli jamoat salomatligiga xavf saqlanib qolayotgani ta’kidlangan. Xasharotlar va kemiruvchilar muammosi ham mavjud.

BMT, shuningdek, gumanitar ishlar muhim ehtiyot qismlar, zaxira generatorlar va boshqa jihozlarni import qilishga qo‘yilgan cheklovlar, shuningdek yoqilg‘i va motor moyi kabi zarur resurslar tanqisligi tufayli izdan chiqyotganini bildirdi.

Aprel oyida Isroil tomonidan G‘azaga kirishiga dastlab ruxsat berilgan gumanitar yordamning faqat 86 foizi chegara nazorat nuqtalarida tushirilgani, qolgan qismi esa orqaga qaytarilgani qayd etildi.

G‘azodagi urush 2023 yil 7 oktyabrda Hamas yetakchiligidagi janubiy Isroilga qilingan hujumdan keyin boshlangan. Unda taxminan 1200 nafar odam halok bo‘lgan, yana 251 kishi garovga olingan.

Isroil bunga javoban G‘azoda harbiy amaliyot boshladi. Hamas nazoratidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu jarayonda 72 770 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Qo‘shimcha reportaj: Raffi Berg