Trampning aytishicha, Eron tomonidan 20 yillik yadroviy dasturni to‘xtatish yetarli bo‘ladi

Surat manbasi, Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy dasturini 20 yilga to‘xtatib turishini qabul qilishini ma’lum qildi, bu esa uning avvalgi - dasturni butunlay to‘xtatish talabidan voz kechganini ko‘rsatadi.
Tramp bu to‘xtatish to‘liq 20 yil davom etishi kerakligini ta’kidladi. Avvalroq u Eronni uranni boyitishni butunlay va doimiy ravishda to‘xtatishga chaqirgan, shuningdek, Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi zarurligini aytgan edi.
Shu bilan birga, u Eronga nisbatan sabri tugab borayotganini ham qayd etdi, muzokaralarda esa hech qanday o‘zgarish belgisi ko‘rinmayotganini aytdi.
Isroil va AQSh kuchlari 28 fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini boshlagan edi. O‘tgan oydan beri amal qilib kelayotgan va muzokaralarni osonlashtirishga qaratilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi ayrim otishmalarga qaramay, ko‘p jihatdan saqlanmoqda.
Pokiston vositachilik rolini o‘ynab kelmoqda.
Biroq, har ikki tomon hali ham kelishuvdan ancha yiroq ko‘rinadi: ular urushni tugatish bo‘yicha oxirgi takliflarini o‘zaro rad etgan.
Eron ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Tehronning taklifi barcha frontlarda darhol urushni to‘xtatishni o‘z ichiga olgan - bu, ehtimol, Isroilning Livandagi shia ittifoqchisi "Hizbulloh"ga qarshi hujumlariga ishora. Shuningdek, AQShning Eron portlariga qo‘ygan dengiz blokadasini bekor qilish va Eronga qarshi keyingi hujumlar bo‘lmasligi bo‘yicha kafolatlar ham talab qilingan.
Pekinda Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashuvdan so‘ng Air Force One samolyotida jurnalistlar bilan suhbatda Tramp ikki tomon Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va u hozir to‘sib turgan Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochishi kerakligi borasida kelishib olganini aytdi. Bu bo‘g‘ozning yopilishi jahon neft narxlarining oshishiga olib kelgan.
Jurnalistlardan biri Eron yadroviy dasturini 20 yilga to‘xtatib turish yetarli emasligini aytganida, Tramp shunday javob berdi:
"Yigirma yil yetarli, lekin ular beradigan kafolat darajasi muhim - boshqacha aytganda, bu haqqoniy 20 yil bo‘lishi kerak".
U bu fikriga batafsil izoh bermadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
AQSh ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, aprel oyida Pokiston poytaxti Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida vitse-prezident Jey Di Vens Eronning uran boyitishni besh yilga to‘xtatish haqidagi taklifiga javoban, bu muddat kamida 20 yil bo‘lishi kerakligini bildirgan.
Biroq, 20 yillik muddatni shaxsan Trampning o‘zi ilk bor tilga olayotgani aytilayapti.
Tramp prezidentlik lavozimidagi birinchi muddatida Obama ma’muriyati tomonidan 2015 yilda Eron bilan erishilgan yadroviy kelishuvdan chiqqan edi. Bu qarorga sabab sifatida, jumladan, "sunset clauses" - ya’ni ayrim cheklovlar vaqt o‘tishi bilan kuchini yo‘qotishi mumkin bo‘lgan shartlarga qarshiligi ko‘rsatilgan.
Isroil hozircha Trampning bu bayonotlariga munosabat bildirgani yo‘q. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa Eronning boyitilgan uran zaxiralari to‘liq yo‘q qilinishi kerakligini, shundan keyingina Eronga qarshi urush tugadi, deb hisoblash mumkinligini aytgan.
Netanyaxu 2015 yilgi yadroviy kelishuvga qat’iy qarshi chiqqan. Uning fikricha, aynan shu "sunset clauses" Eronning kelajakda yadroviy qurolga ega bo‘lish ehtimolini saqlab qoladi va bu Isroil uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolaveradi.
































