Ukraina urushi: Rossiyaning 9 may paradi otashkesimiga Ukraina rozi bo‘ldi

Ukrainaning Xarkv shahriga Rossiya hujumi oqibati

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ukrainaning Xarkv shahriga Rossiya hujumi oqibati
O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiya Mudofaa vazirligi «Sovet xalqining Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabasini nishonlash munosabati bilan otashkesim" e’lon qildi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, u 8 maydan 9 maygacha amal qilishi kerak.

Ushbu bayonot ortidan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy urush jabhasida "sukut rejimi"ni e’lon qildi.

Bu rejim 5 maydan 6 mayga o‘tar kechasi boshlanishi xabar qilindi.

"Ukraina tomoni ham o‘rnak oladi, deb umid qilamiz", deya bayonot berdi Rossiya Mudofaa vazirligi O‘zining Telegram kanalida. Vazirlikka ko‘ra, Prezident Vladimir Putin qaroriga binoan 9 mayda o‘t ochishni to‘xtatmoqchilar.

Shundan ko‘p o‘tmay Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozdi:

"Bugungi kungacha Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida aytilgan janglarni to‘xtatish shartlari bo‘yicha Ukrainaga hech qanday rasmiy murojaat bo‘lgani yo‘q".

"Biz inson hayotini har qanday sanani "nishonlash"dan ancha qimmat hisoblaymiz. Shu munosabat bilan 5 maydan 6 mayga o‘tar tun soat 00:00 dan boshlab sukut rejimini e’lon qilamiz".

Iqtibos

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida, shuningdek, Ukraina Prezidentining Yerevanda bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy jamiyati sammitidagi so‘zlariga ishora qilib, bu so‘zlarni "aynan 9 may kuni Moskvaga zarba berish tahdidlari" sifatida talqin qildi.

"Rossiya 9 may kuni Moskvada harbiy texnikasiz parad o‘tkazilishini e’lon qildi. Agar bu amalga oshsa, bu ko‘p-yillardan beri ilk bor ular harbiy texnikani qo‘llay olmasliklarini va Qizil Maydonga dronlar uchib kelishidan qo‘rqayotganlarini anglatadi", — dedi Prezident Zelenskiy 4 may kuni Yerevanda.

Otashkesim e’lon qilingani haqida ma’lum qilar ekan, Rossiya Mudofaa vazirligi "Kiev rejimi Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 81 yilligini nishonlashni izdan chiqarish maqsadida jinoiy rejalarini amalga oshirishga urinsa", "Kiev markaziga kuchli raketali zarba" berish bilan tahdid qildi.

Zelenskiy bu bayonotga shunday javob qaytardi:

"Agar Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning yaxshi niyatisiz Moskvada parad o‘tkaza olmaymiz deb hisoblayotgan bo‘lsa, demak, Rossiya rahbarlariga o‘z urushini yakunlash yo‘lida real qadam tashlash vaqti keldi".

Kreml Spassk minorasi atrofida himoya inshootini qurayotgan ishchilar

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, So‘nggi Ukraina dron hujumi Kremldan olti kilometr uzoqlikda ro‘y berdi

O‘tgan hafta Rossiya Mudofaa vazirligi joriy operativ vaziyat sabab 9 may kuni bo‘lib o‘tadigan paradda harbiy texnika qatnashmasligini ma’lum qildi. Moskva Qizil Maydonidagi paradda harbiy texnika ishtirok etmasligi Rossiyaning 2022 yili Ukrainaga bostirib kirishidan beri ilk bor kuzatilmoqda.

Kreml bo‘lajak paradda haarbiy texnika bo‘lmasligini "terrorchilik tahdidi", shuningdek, "sananing yubiley emasligi" bilan izohladi.

29 aprel kuni Rossiya Prezidenti Putin bilan AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng AQSh rahbari Rossiya prezidentiga Ukrainadagi urush munosabati bilan 9 mayga qadar «kichik otashkesim» e’lon qilishni taklif etganini aytdi. Kreml esa Putin bayram munosabati bilan bir kunlik otashkesim e’lon qilishni taklif etgani haqida xabar berdi.

Rossiya taklifini Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga "piar-aktsiya", G‘arbdagi sheriklarga soxta konstruktivlikni ko‘rsatishga qaratilgan manipulyatsiya deb atadi. U Ukraina tinchlik sa’y-harakatlariga sodiq ekanini va bir necha bor shartsiz otashkesimga tayyor ekanini bildirganini qo‘shimcha qildi.

Shu yil aprel oyi boshida Rossiya Prezidenti Putin Pravoslav nasroniylarning Pasxasi munosabati bilan otashkesim e’lon qilish buyrug‘ini bergan edi. O‘shanda janglar 11 aprel soat 16:00 dan 12 aprel kuni oxiriga qadar to‘xtatilishi aytilgan. Keyinchalik ikki tomon ham otashkesim rejimini ko‘p marta buzishda bir-birlarini aybladilar.

O‘tgan yili ham Putin 9 may munosabati bilan 72 soatlik otashkesim e’lon qilgan edi. Ukraina rasman Rossiya prezidentining taklifini qabul qilmagan. Kiev otashkesim uch kun emas, kamida 30 kun davom etishi kerakligini ta’kidlagan.

Putin e’lon qilgan bir tomonlama otashkesim boshlanganidan ko‘p o‘tmay, ukrainalik rasmiylar Rossiya armiyasini front chizig‘ida otashkesimni yuzlab holatlarda buzganlikda aybladi. Rossiya Mudofaa vazirligi ham Ukraina otashkesimga rioya qilmayotganini bildirgan.

"Iskanderlar" bilan zarbalar

Poltava viloyatidagi o‘t o‘chirish

Surat manbasi, State Emergency Service of Ukraine

4 maydan 5 mayga o‘tar kechasi ham Ukraina, ham Rossiya hujumlar haqida xabarlar tarqatdilar.

Ukraina Havo kuchlariga ko‘ra, shu tun Rossiya 11 ta "Iskander-M" ballistik raketasi, 164 dron bilan Ukrainaning 14 ta hududini nishonga olgan.

Ukraina sakkiz raketa va 149 dronni urib tushirgani haqida xabar qildi.

Poltava shahridagi energetika inshootiga zarba bo‘lgani, yong‘inni o‘chirishga kelgan o‘t o‘chiruvchilar ustiga ikkinchi marotaba raketa kelib tushgani va insonlar halok bo‘lgani haqida xabar berdi Prezident Zelenskiy.

Rossiya rasmiylari shu tunda 289 Ukraina droni urib tushirilgani xabarini tarqatdilar.

Moskva shahri hokimi Sergey Sobyanin poytaxtga qarab uchib borgan olti dron urib tushirilganini xabar qildi.

Leningrad viloyatidagi Rossiyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodi - "Kirishinefteorgsintez"ga Ukraina 29 dron uchirgani, ular urib tushirilganini xabar qildilar viloyat ma’sullari.