Mirziyoyev mintaqani qanday kuchaytirmoqchi?

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlarini suv resurslari tanqisligi, iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi yaqinroq hamkorlik qilishga chaqirdi.
Turkmanistonning Avaza shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida so‘zlagan Mirziyoyev, suv taqchilligi mintaqa taraqqiyoti uchun tobora kattaroq xavfga aylanayotganini ta’kidladi.
"Iqlim o‘zgarmoqda, aholi soni o‘smoqda, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmaga tushayotgan bosim ortmoqda. Suv resurslari taqchilligi Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun jiddiy to‘siqqa aylanmoqda", dedi u.
Uning aytishicha, mintaqa davlatlari suv resurslari qancha ekani va ulardan qanday foydalanilayotganini aniqroq baholashi zarur. Buning uchun raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalardan kengroq foydalanish taklif etildi.
Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini aytdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Afg‘oniston bilan muloqot
Mirziyoyev nutqida Afg‘oniston bilan suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot olib borish zarurligini ham ta’kidladi.
"Bu muloqot doimiy va aniq mazmunga ega bo‘lishi, mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olishi shart", dedi u.
Bu bayonot Amudaryodan suv olishni ko‘zda tutuvchi Qo‘shtepa kanali qurilishi davom etayotgan bir paytda yangradi. Ayrim tahlilchilar va rasmiylar mazkur loyiha o‘zan bo‘ylab joylashgan davlatlar, jumladan O‘zbekiston va Turkmaniston suv ta’minotiga ta’sir qilishi mumkinligini aytmoqda.
So‘nggi yillarda Toshkent Afg‘onistonni mintaqa suv muloqotining ishtirokchisi sifatida ko‘rish tarafdori bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston rasmiylari bir necha bor mazkur masala bo‘yicha hamkorlik va ma’lumot almashish mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini bildirgan.
Suv resurslari taqchilligi Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun tobora jiddiy to‘siqqa aylanmoqda.
Suvdan tashqari qanday tashabbuslar ilgari surildi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Avazadagi uchrashuvda Mirziyoyev iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish, qo‘shma sanoat zanjirlarini shakllantirish va "Olti iqtisodiyot - bitta mahsulot" tamoyili asosida hamkorlik qilishni taklif qildi.
Shuningdek, u Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida sun’iy intellekt loyihalari uchun umumiy hisoblash infratuzilmasi va o‘zaro bog‘langan ma’lumotlar markazlari tarmog‘ini yaratish g‘oyasini ham ilgari surdi.
Energetika sohasida esa O‘zbekiston prezidenti yashil energetika va kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha qo‘shma kontseptsiya tayyorlashni taklif qildi.
Bundan tashqari, u havo ifloslanishiga qarshi kurashish maqsadida "Markaziy Osiyo toza havosi" xalqaro konsortsiumini tashkil etish tashabbusini yana bir bor eslatdi.
O‘zbekiston prezidentining nutqidagi eng muhim siyosiy signallardan biri Afg‘onistonni suv siyosati bo‘yicha muloqotning ajralmas qismi sifatida ko‘rish zarurligi haqidagi chaqiriq bo‘ldi. Bu Toshkentning qo‘shni mamlakat bilan amaliy hamkorlikka tayangan mintaqaviy yondashuvini aks ettiradi.































