Noma’lum dunyo: Fillar o‘zlarini dorivor o‘tlar bilan qanday davolashadi?

Rasmda ikkita fil – chap tomda ona fil, uning yonida esa o‘ng tomonda kichik bola fil tasvirlangan. Ular o‘rmondagi o‘simliklarni yeyayotganga o‘xshaydi. Atroflari quyuq yashil o‘rmon bilan o‘ralgan, og‘izlari esa ovqatlanayotgandek ochiq.
Surat tagso‘zi, Mahalliy mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, yovvoyi fillar 35 dan ortiq o‘simlikdan foydalangan, ularning ko‘pchiligi dorivor xususiyatlarga ega ekani ma’lum.
    • Author, Viktoriya Gill
    • Role, Science correspondent
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Afrika fillari kasal bo‘lganida o‘zlari va oila a’zolarini davolash uchun o‘nlab turli dorivor o‘simliklardan foydalanadi.

Bu – Keniyaning Elgon tog‘i hududida fillar bilan yonma-yon yashaydigan va ishlaydigan odamlar bilan suhbatlashgan tadqiqot natijasi.

Bu fillar uzoq vaqtdan beri olimlarni o‘zining g‘ayrioddiy xulq-atvori bilan qiziqtirib keladi. Ular "tuz qazuvchi fillar" sifatida tanilgan, chunki g‘orlarga kirib, oziqlanishi uchun zarur minerallarni olish maqsadida suyriqlari bilan qoyalarni qirishadi.

Yaqinda e’lon qilingan ushbu tadqiqot shu fillar o‘rmondagi bir nechta turdagi o‘simliklardan dorivor maqsadlarda ham foydalanishini ko‘rsatdi.

Rasm oq-qora tasvirda bo‘lib, tungi ko‘rish kamerasi orqali olingan. Biroz xira tasvirda qorong‘i g‘or ichidagi yosh fil ko‘rinadi. U xartumi bilan toshli yerdan nimanidir olayotganga o‘xshaydi.
Surat tagso‘zi, Elgon tog‘i jamg‘armasi o‘rnatgan kamera tuzoqlari fillarni g‘orlarda oziqlanish ratsionini to‘ldirish uchun tuz "qazayotgan" paytda tasvirga olgan.

Tadqiqotning asosiy mualliflaridan biri, AQShdagi Braun universiteti olimi doktor Elodi Freymannning aytishicha, tadqiqot o‘rmonlarning yo‘q qilinishi hayvonlar – va insonlar – sog‘lom hayot kechirish uchun zarur bo‘lgan dorilardan mahrum bo‘lib qolishi mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

"Bu dorilarimizning inson bo‘lmagan tabiat bilan naqadar chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi", dedi doktor Freymann BBC News'ga.

Yosh fillar uchun dori-darmon

Rasmda katta afrika fili daraxtdagi o‘simliklarni yeyayotgani tasvirlangan. Uning atrofini quyuq o‘t-o‘lan va yashil o‘rmon o‘rab turgan. Bu yangi tadqiqot doirasida o‘rganilgan Elgon tog‘i fillaridan biri.
Surat tagso‘zi, Tadqiqotchilar aytishicha, o‘rmonlar fillar uchun "tabiiy dorixona" vazifasini bajaradi.

Olimlar tabiatni muhofaza qilish bilan shug‘ullanuvchi xayriya tashkiloti – Mount Elgon Foundation bilan hamkorlik qildi. Ular mahalliy aholi, jumladan, yovvoyi tabiat nazoratchilari va jamoa oqsoqollari bilan suhbatlashdi.

Suhbatlarda fillar o‘zlarini yomon his qilganida muayyan o‘simliklarni tanlab yegani, ona fillar esa dorivor o‘simliklarning ayrim qismlarini bolalariga bergani haqida ma’lumotlar keltirildi.

Shunga asoslanib, Nayrobidagi Keniya Milliy muzeylari olimlari ham ishtirok etgan tadqiqotchilar fillar 35 xil o‘simlik turidan foydalanishini, ularning 25 tasi esa mahalliy aholiga dorivor xususiyatlarga ega ekani ma’lumligini aniqladi.

Scientific Reports jurnalida chop etilgan tadqiqotda suhbatdoshlarning ismlari oshkor qilinmagan – ishtirokchilar o‘z hikoyalarini erkin bayon qila olishi uchun ularning shaxsi sir saqlangan.

Ularning hikoyalarida qiziqarli tafsilotlar bor. Masalan, yovvoyi tabiat nazoratchilaridan biri fillarni Angurweet deb ataladigan o‘simlikdan "bolalariga dori sifatida berish uchun" foydalanayotganini ko‘rganini aytgan.

Angurweet qorin og‘rig‘i kabi xastaliklarni davolashda qo‘llanadi. Nazoratchining aytishicha, u ona fillarni bu o‘simlikni og‘zida tayyorlayotganini ko‘rgan: "barglarini olib tashlab, ularni boshqa ayrim daraxtlarning ildizlari bilan birga yumshaguncha chaynashgan".

U, shuningdek, ona fillar bu o‘simlik massasini o‘z suti bilan aralashtirganini ham ko‘rganini aytdi. "Uni bolalariga berishadi, bolalari esa o‘zlari chaynab, qattiq qismlarini tuflab tashlaydi", dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Yaponiyada faoliyat yurituvchi primatolog, hozirda Nagasaki universitetida ishlaydigan professor Maykl Xaffmanning aytishicha, bu ma’lumot "juda qiziqarli", ammo fillar bolalariga maxsus davolash vositalarini berganini isbotlash uchun ko‘proq dalillar kerak.

Olimlar bu dalillarni to‘plashni allaqachon boshlagan – ular hamkorlik qilgan mahalliy yovvoyi tabiat mutaxassislariga o‘zlari kuzatgan fillarning xulq-atvorini tasvirga olish uchun kameralar bergan.

Shuningdek, ular fillar foydalanadigan o‘simliklarni tahlil qilib, fillarning o‘zi kashf etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi dorilarni izlamoqda.

Tadqiqotning yana bir asosiy muallifi, Gamburgdagi Bernxard Noxt tropik tibbiyot institutidan doktor Fabien Shults BBC News'ga shunday dedi: "Mahalliy bilimlar bizga xarita berdi".

"Endi biz fillarni kuzatib, ular muayyan kasallik yoki salomatlik holatida muayyan o‘simliklarni tanlaydimi va bu o‘simliklar tegishli biologik ta’sirga egami-yo‘qmi, shuni o‘rganmoqchimiz".

S Powles
Tadqiqotçilar aytişiça, örmonlar fillar uçun "tabiiy dorixona" vazifasini bajaradi.
Batafsil: BBC.COM/UZBEK da öqing

Tabiiy dori-darmon fabrikalari

Rasmda inson qo‘li kichik o‘simlik novdasini ehtiyotkorlik bilan ushlab, kameraga ko‘rsatayotgani tasvirlangan. O‘simlikda ikki uchli yashil barg bo‘lib, ularning o‘rtasida to‘q binafsha rangli g‘unchaga o‘xshash qism ko‘rinadi.
Surat tagso‘zi, Tadqiqotda fillar foydalanadigan 35 xil o‘simlik turi aniqlandi.

Ko‘plab hayvonlar o‘zlarini o‘simliklar va boshqa tabiiy vositalar yordamida davolaydi.

Fillarning «o‘zini o‘zi davolashi» haqidagi ilk ilmiy ma’lumotlar milodiy III asr boshlariga borib taqaladi.

Rimlik muallif Klavdiy Elian "De Natura Animalium" ("Hayvonlar tabiati haqida") asarida nayza va o‘qlardan yaralangan fil haqida yozgan. U zaytun daraxtining gullari va moyini iste’mol qilgan. Fil to‘liq sog‘ayib ketgan.

Asrlar o‘tib, olimlar hayvonlar evolyutsiya jarayonida yashab kelgan o‘rmon muhitidagi o‘simliklarning xususiyatlari haqida ulardan nimalarni o‘rganish mumkinligini tadqiq qilmoqda.

"Bu sayyorada shunday ajoyib qobiliyatga ega bo‘lgan dori ishlab chiqaruvchi organizmlar bor", dedi doktor Freymann BBC News'ga. "Ular atrofimizda mavjud bo‘lgan tabiiy dori fabrikalaridir".

Rasmda bir guruh tadqiqotchilar o‘simlik namunasini tekshirayotgani tasvirlangan. Ular quyuq yashil o‘rmon bilan o‘ralgan. Rasmning asosiy qismida ikki kishi bor – ulardan biri kichik o‘simlik bo‘lagini ikkinchisiga ko‘rsatmoqda. Old qismida esa yana bir kishi orqasi bilan turib, bu manzarani suratga olayotgani ko‘rinadi.
Surat tagso‘zi, Tadqiqotchilar fillar foydalanadigan o‘simliklarni aniqlash uchun mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlik qildi.

Tadqiqotda ishtirok etmagan professor Xaffman qo‘shimcha qildi: "Endi biz chivinlar va drozofilalar (pashshalar) o‘zlarini o‘zi davolashini, asalarilar ham o‘zlarini o‘zi davolashini bilamiz. Afrika va Osiyodagi odamsimon maymunlargacha bo‘lgan evolyutsiya zanjiridagi ko‘plab boshqa turlar ham shunday qiladi".

"O‘rganilgan har bir yangi tur orqali biz ajdodlarimizning dorilardan qanday foydalangani haqida tobora ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik", - dedi u.

Doktor Freymann uchun tadqiqot natijalari kelajagimiz uchun ham saboq bo‘la oladi.

"Biz dorixonadan sotib oladigan dorilarning juda ko‘pi daraxtlar, suvo‘tlari, zamburug‘lar va marjon riflaridan olingan birikmalar asosida yaratilgan.

Bu o‘rmonlarni asrash va ushbu tabiiy dorixonalarni saqlab qolish biz uchun har ikki tomonga ham foydali. Chunki ularni yetarlicha uzoq saqlasak, kelajakda hayotimizni saqlab qolishi mumkin bo‘lgan yangi tabiiy vositalarni kashf etishimiz mumkin".