Oq uy: Tramp, Putin va Si kelasi hafta Xitoyda tarixiy uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda

Surat manbasi, Getty Images
Donald Tramp, Vladimir Putin va Si Szinpin kelasi hafta Xitoyda bo‘lib o‘tadigan sammit doirasida uchrashishni rejalashtirmoqda, deya ma’lum qildi Oq uy.
Oq uy matbuot kotibi Oliviya Uels muxbirlarga ma’lum qilishicha, AQSh, Rossiya va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi tarixiy uchrashuv Tramp Xitoyning janubidagi Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (Apec) sammitida ishtirok etayotgan paytda o‘tkaziladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "Prezident boshqa masalalar qatorida dunyodagi yadro qurollarini qisqartirish masalasini ham muhokama qiladi. Prezident Tramp yadro qurollarining kengayishini juda xavfli deb hisoblaydi".
Tushunishilishicha, dunyoning eng yirik yadro davlatlari rahbarlari uchrashuvida Eron masalasi ham muhokama qilinishi mumkin, ammo Ukraina emas. Rossiya uchrashuv bo‘lib o‘tishini tasdiqlagan. Xitoy esa hozircha munosabat bildirmagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Axborot agentliklari AP va Reuters xabar berishicha, ismi oshkor etilmagan yuqori lavozimli AQSh amaldori muzokaralardan keyin hech qanday kelishuv imzolanishi kutilmayotganini aytgan.
Tramp chorshanba kuni kechqurun 21 a’zo davlat ishtirok etadigan ikki kunlik sammit uchun Shenchjen shahriga yetib boradi. Shuningdek, u payshanba kuni Si bilan ikki tomonlama muzokaralarda ishtirok etadi. Bu AQSh prezidenti 2025 yilda lavozimga qaytganidan buyon ularning to‘rtinchi uchrashuvi bo‘ladi.
Oliviya Uels shunday dedi, - "Prezident Tramp Xitoyga tashrifini Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti, Xitoy Xalq Respublikasi raisi va Rossiya Federatsiyasi prezidenti o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv bilan yakunlaydi".
Uning aytishicha, Trampning safari seshanba kuni Filippinda bo‘lib o‘tadigan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (Asean) sammitida ishtirok etishni ham o‘z ichiga oladi va "Amerika xalqi uchun tarixiy yutuqlarni qo‘lga kiritadi hamda Hind-Tinch okeani mintaqasida Amerikaning manfaatlarini ilgari suradi".
Prezident Tramp yadro qurollarining kengayişini juda xavfli deb hisoblaydi.
AQSh va Rossiya o‘rtasidagi yadro qurollarini nazorat qilish bo‘yicha shartnoma fevral oyida o‘z kuchini yo‘qotdi va bu dunyodagi eng yirik yadro arsenallarini muhim cheklov mexanizmlarisiz qoldirdi hamda Sovuq urushni tugatishga yordam bergan qurollarni nazorat qilish sohasidagi hamkorlikka amalda yakun yasadi.
BMT har ikki tomonni kechiktirmasdan yangi asos yaratishga chaqirgan. Biroq Tramp o‘z arsenalini kengaytirayotgan Xitoyni ham qamrab oladigan yaxshiroq kelishuv bilan ushbu bitim o‘rnini bosishi mumkinligini aytgan.
BBC bilan suhbatlashgan AQShning sobiq yuqori lavozimli amaldorlari va tahlilchilarining aytishicha, o‘sha paytda Pekin va Moskvaning hamkorligini qo‘lga kiritishga urinish katta to‘siqlar tug‘dirishi va yillar talab qilishi mumkin edi.

Yil boshida Si Pekinda Putin va Trampni bir necha kunlik farq bilan alohida qabul qilgan edi. Sentyabr oyida esa AQSh prezidenti o‘zining xitoylik hamkasbini Vashingtonda kutib oldi.
Pekin 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Moskva uchun muhim savdo hamkoriga aylandi. Urush Rossiyani xalqaro maydonda yakkalab qo‘yib, mamlakatni G‘arb sanksiyalariga duchor qildi.
Biroq AQShning Rossiya dizel yoqilg‘isini import qilish bo‘yicha bahsli kelishuvi va Moskva nefti hamda gazining eng yirik xaridorlariga, jumladan Xitoyga qarshi sanksiyalarning to‘xtatilishi o‘tgan oyda Tramp ma’muriyatining Kremlga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo‘layotgani haqida Yevropadagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Shu bilan birga, Tramp va Si bu yil Pekin va Vashingtonda o‘tgan sammitlarda munosabatlar iliqlashayotganini namoyish etishga urindi. Ammo savdo, sun’iy intellekt sohasidagi ustunlik uchun raqobat va Tayvan kabi asosiy masalalar bo‘yicha sezilarli yutuqqa erishilmagan ko‘rinadi.
Erondagi urush ham bahsli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Xitoy Tehron neftining eng yirik xaridori va uning eng katta savdo hamkoridir.
Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari juma kuni tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga tayanib, Si Apec sammiti doirasida ikki tomonlama muzokaralarda ishtirok etishini xabar qildi. Biroq ular uch tomonlama uchrashuv haqida xabar bermadi.
Oy boshida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya davlat OAVlariga bergan intervyusida sammit doirasida bunday muzokaralarni o‘tkazishga "tayyorlik mavjudligini tasdiqlovchi signallar" borligini aytgan edi.





























