Fuqarolar urushi olib borayotgan shimpanzelar: Nega 8 yildan beri urush tugamaydi?

Bu 2019 yilda bir guruhga mansub voyaga yetgan erkak shimpanzelerning boshqa guruhga mansub erkak shimpanzega hujum qilayotganini ko‘rsatadi.

Surat manbasi, Aaron Sandel via Reuters

Surat tagso‘zi, Bu 2019 yilda bir guruhga mansub voyaga yetgan erkak shimpanzelerning boshqa guruhga mansub erkak shimpanzega hujum qilayotganini ko‘rsatadi.
    • Author, Hafsa Xalil
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, dunyodagi eng katta yovvoyi shimpanzelar to‘dasi ikkiga bo‘linib, so‘nggi sakkiz yil davomida shafqatsiz "fuqarolar urushi" girdobida qolgan.

Ugandaning Kibale milliy bog‘idagi bir paytlar ahil bo‘lgan Ngogo shimpanzelari jamoasi nima sababdan o‘zaro adovatga borgani aniq emas, biroq olimlar 2018 yildan beri 24 ta qotillik, jumladan, 17 ta bola o‘ldirilganini qayd etdi.

"Ular bir-biri bilan qo‘l ushlashib yuradigan shimpanzelar edi, – deydi tadqiqotning yetakchi muallifi Aaron Sandel. – Endi esa ular bir-birlarini o‘ldirish payida".

"Science" jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, bu zo‘ravonlikning shiddati va davomiyligi ilk insonlarda mojarolar qanday rivojlangani haqida ma’lumot berishi mumkin.

AQShning Texas universiteti antropologi va "Ngogo shimpanzelari loyihasi" hamraisi Sandelning aytishicha, shimpanzelar "o‘z hududiga juda bog‘langan" va "boshqa guruh vakillari bilan dushmanona munosabatda bo‘ladi".

"Bu notanishlardan qo‘rqishga o‘xshaydi", dedi u "Science" podkastiga bergan intervyusida.

Biroq, Sandelning so‘zlariga ko‘ra, 200 ga yaqin Ngogo shimpanzesi bir necha o‘n yillar davomida totuv yashab kelgan.

Tadqiqotchilar ularni "G‘arbiylar" va "Markaziylar" deb ikki guruhga tasniflagan bo‘lsa-da, umuman olganda, yaxlit bir to‘da edi.

Sandelning aytishicha, u ularning qutblanayotganini 2015 yil iyunida, "G‘arbiylar" guruhi qochib, "Markaziylar" to‘dasi ularni quvganida ilk bor payqagan.

PA
Ular bir-biri bilan qo‘l ushlashib yuradigan shimpanzelar edi. Endi esa ular bir-birlarini o‘ldirish payida.
Aaron Sandel
Tadqiqotning yetakchi muallifi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Shimpanzelar tabiatan biroz melodramatik", deydi u va odatda tortishuvlardan so‘ng "shovqin solib quvish" bo‘lishini, keyinchalik bir-biriga g‘amxo‘rlik qilib, hamkorlikni tiklashini tushuntiradi.

Ammo 2015-yilgi mojarodan so‘ng tadqiqotchilar ikki guruh o‘rtasida olti haftalik bir-biridan qochish davri bo‘lganini va o‘zaro munosabatlar tobora siyraklashganini kuzatishdi.

Sandelning aytishicha, o‘zaro to‘qnashuvlar yuz berganda, ular "biroz shiddatliroq, biroz tajovuzkorroq" kechgan.

2018 yilda ikkita alohida guruh paydo bo‘lgach, "G‘arbiylar" guruhi a’zolari "Markaziylar"ga hujum qila boshladi.

Tadqiqotga ko‘ra, bo‘linishdan buyon sodir etilgan 24 ta maqsadli hujumda "Markaziylar" to‘dasidan kamida yetti nafar voyaga yetgan erkak va 17 nafar bola o‘ldirilgan, ammo tadqiqotchilar qurbonlarning haqiqiy soni bundan ham ko‘proq, deb hisoblaydi.

Tadqiqotchilar bunga guruh hajmining kattaligi va shundan kelib chiqadigan resurslar uchun raqobat, shuningdek, nasl qoldirish uchun "erkaklar o‘rtasidagi raqobat" kabi ko‘plab omillar sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Ammo ularning fikricha, bunga turtki bo‘lgan uchta ehtimoliy omil bor:

  • Birinchisi, 2014 yilda noma’lum sabablarga ko‘ra besh nafar voyaga yetgan erkak va bir nafar voyaga yetgan urg‘ochining o‘limi. Bu kichik guruhlar o‘rtasidagi ijtimoiy tarmoqlarni buzishi va ijtimoiy aloqalarni zaiflashtirishi mumkin edi.
  • Keyingi yili to‘da sardori (alfa erkak) o‘zgardi. Tadqiqotda aytilishicha, bu "G‘arbiylar" va "Markaziylar" guruhlari o‘rtasidagi birinchi ajralish davriga to‘g‘ri kelgan. "Hukmronlik ierarxiyasidagi o‘zgarishlar shimpanzelarda tajovuzkorlikni va bir-biridan qochish holatlarini kuchaytirishi mumkin", deyiladi tadqiqotda.
  • Uchinchi omil – 2017 yilda, ya’ni yakuniy bo‘linishdan bir yil oldin nafas yo‘llari epidemiyasi oqibatida 25 ta shimpanzening, jumladan, to‘rtta voyaga yetgan erkak va o‘nta voyaga yetgan urg‘ochining nobud bo‘lishi. Tadqiqot maqolasida aytilishicha, o‘lgan voyaga yetgan erkaklardan biri "guruhlarni o‘zaro bog‘lab turgan so‘nggi vakillardan biri" bo‘lgan.

Sandel va uning hamkasblari ta’kidlashicha, ularning xulosalari odamlarni insoniy mojarolar va urushlar haqidagi bilimlarini qayta ko‘rib chiqishga undaydi.

"Ngogo bo‘linishi misolida yillar davomida birga yashagan, oziqlangan, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilgan va hududni qo‘riqlagan jonivorlar o‘z mansub bo‘lgan yangi guruhlari sababli qattol hujumlar nishoniga aylandi", deb yozadi ular o‘z maqolasida.

Agar genetik jihatdan insonga eng yaqin turlardan biri bo‘lmish shimpanzelar buni insonlarga xos bo‘lgan din, etnik mansublik va siyosiy e’tiqodlarsiz ham amalga oshira olgan bo‘lsa, demak, "o‘zaro munosabatlar dinamikasi insonlar o‘rtasidagi mojarolarda taxmin qilinganidan ko‘ra kattaroq sababiy rol o‘ynashi mumkin", deya qo‘shimcha qilishdi ular.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Germaniyadagi primatlar markazi tadqiqotchisi Jeyms Bruksning aytishicha, bu "guruhlarga bo‘linish insoniyat jamiyatlari uchun qanday xavf tug‘dirishi mumkinligini eslatib turadi".

"Science" jurnalidagi tadqiqotga izoh berar ekan, u shunday deb yozdi: "Insonlar boshqa turlarning urushda ham, tinchlikda ham guruh bo‘lib namoyon etadigan harakatlarini o‘rganib, saboq olishlari kerak va ayni paytda o‘zlarining evolyutsion o‘tmishi kelajakni belgilab bermasligini yodda tutishlari lozim".