Boburiylar davridagi 'superkompyuter' Londonda sotuvga qo‘yilmoqda

Surat manbasi, Taqdim: Sotheby's
- Author, Nixil Inomdor
- O'qilish vaqti: 4 daq
Bir vaqtlar Hindiston g‘arbidagi Jaypur shahri qirollik kollektsiyasining bir qismi bo‘lgan XVII asrga oid jez usturlob, ya’ni qo‘lda tutiladigan astronomik kompyuter bugun 29 aprelda Londondagi Sotheby's kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.
"Ushbu buyum "ehtimol, mavjud usturloblarning eng yirigidir" va shu paytgacha hech qachon ko‘rgazmaga qo‘yilmagan" - dedi Sotheby's Islom va hind san’ati bo‘limi rahbari Benedikt Karter.
Jaypur maharajasi Savai Man Singx II ning qirollik kollektsiyasiga tegishli bo‘lgan bu buyum uning vafotidan so‘ng o‘z davrining eng maftunkor ayollaridan biri, rafiqasi maharani Gayatri Deviga meros qolgan. Keyinchalik, maharani hayotlik chog‘ida buyum xususiy kollektsiyaga o‘tgan.
Usturloblar – o‘tmishda vaqtni aniqlash, yulduzlar xaritasini tuzish, qiblani topish va osmon harakatini kuzatish uchun ishlatilgan ko‘p qatlamli, bir-biriga tutashgan qismlardan iborat jez lappaklardir.
Nega superkompyuter?

Surat manbasi, Taqdim: Sotheby's
"Aslida, ular uch o‘lchovli koinotning ikki o‘lchovli proektsiyasidir. Men ularni zamonaviy smartfonlarga qiyoslayman, ular yordamida juda ko‘p ishlarni bajarish mumkin" - deydi Oksford Fan, tibbiyot va texnologiya tarixi markazi doktori Federika Gigante.
"Ular yordamida kun botishi va chiqishi vaqtini, bino balandligini, quduq chuqurligini, masofani hisoblash va hatto kelajakni bashorat qilish mumkin. Bir paytlar taqvim bilan birga ulardan munajjimlar bashorati (goroskop) tuzishda ham foydalanilgan".
Usturloblar ilk bor miloddan avvalgi II asrda qadimgi Yunonistonda ixtiro qilinib, VIII asrga kelib islom olamiga tarqalgan. Keyingi asrlarda Iroq, Eron, Shimoliy Afrika va Andalusda (hozirgi Ispaniya hududi) ularni yasash markazlari paydo bo‘ldi.
Aynan mazkur asbob XVII asr boshlarida, Lahor shahri Boburiylar saltanatida usturlob yasovchi yetakchi markazga aylangan bir paytda, hozirgi Pokiston hududida yasalgan. Uni aka-uka Qoim Muhammad va Muhammad Muqim bir Boburiy zodagon uchun yasagan.
Bu ikki usta o‘z davrining eng mashhur usturlob yasash markazlaridan biri bo‘lgan "Lahor maktabi"ga namoyandasi edi. Bu hunar bir oila doirasida saqlanib, avloddan-avlodga o‘tib kelgan.
Ular yordamida kun botishi va chiqishi vaqtini, bino balandligini, quduq chuqurligini, masofani hisoblash va hatto kelajakni bashorat qilish mumkin.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Lahordan Londongacha
Bu aka-uka birgalikda yasagani ma’lum bo‘lgan atigi ikkita usturlob bor, ularning ikkinchisi, ancha kichikrog‘i, Iroqdagi muzeyda saqlanadi.
Ushbu usturlobga o‘sha davrda Lahorni boshqargan zodagon Oqo Afzal buyurtma bergan. Asli eronlik, Isfahondan bo‘lgan Oqo Afzal Boburiy hukmdorlar Jahongir va Shoh Jahon saroyida bir necha yuqori lavozimlarda ishlagan. Buyumning ulkan o‘lchami va dabdabasi buyurtmachining mavqeidan dalolat beradi.
"Uning og‘irligi 8,2 kg, diametri qariyb 30 sm va balandligi taxminan 46 sm – bu XVII asr Hindistonidagi oddiy usturlobdan deyarli to‘rt baravar katta" - deydi Karter.
"Shuningdek, unda madaniyatlararo o‘ziga xoslik ham bor. Yulduz ko‘rsatkichlari o‘zining fors tilidagi standart nomlari bilan bir qatorda, devanagari yozuvida o‘yib bitilgan sanskritcha muqobillari bilan ham yozilgan".
Sotheby's ma’lumotlariga ko‘ra, buyumda 94 ta shahar nomi yozilgan bo‘lib, ularning har biri jo‘g‘rofiy joylashuvining uzunlik va kengliklari bilan belgilangan. Shuningdek, unda murakkab gulli naqshlar bilan bog‘langan 38 ta yulduz ko‘rsatkichi mavjud. Buyumda beshta aniq sozlagichli plastina va daraja bo‘linmalari ham bor va ular "shunchalar nozikki, darajaning uchdan birigacha bo‘lingan".

Surat manbasi, GettyImages
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Bunday darajadagi mufassallik o‘z davrida "eng yuksak cho‘qqisiga chiqqan" Lahor maktabining yuksak mahoratini aks ettiradi, deydi Karter. Bu yerda texnik aniqlik, funktsionallik va badiiy go‘zallik shunday uyg‘unlashganki, bu uni Yaqin Sharqning ayrim hududlarida yasalgan va faqat funktsional bo‘lgan avvalgi usturloblardan ajratib turgan.
Buyum, shuningdek, astronomiya va astrologiyadagi yutuqlarga katta qiziqish ko‘rsatgan hukmdorlar va saroy a’yonlarining ilm-fanga e’tiboridan dalolat beradi.
"U nafaqat katta, chiroyli va og‘ir, balki shu qadar aniqki, sizga (osmon jismiga oid) aniq balandlik darajasini ko‘rsatib bera oladi" - deydi Gigante.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u bilan tenglasha oladigan yagona asbob, ehtimol, Fors shohi Abbos II uchun yasalgan usturlobdir.
Sotheby's aytishicha, asarning benuqson holati va qirollik mulki ekani muzeylar hamda kollektsionerlarning katta qiziqishini uyg‘otishi kutilmoqda. Asarning bozorga 1,5–2,5 million funt sterling boshlang‘ich narx bilan chiqishi taxmin qilinmoqda.
Hozirgi rekord Sulton Boyazid II uchun yasalgan Usmonli usturlobiga tegishli bo‘lib, bu ancha kichikroq buyum 2014 yilda 1 million funt sterlingdan sal kamroq narxga sotilgan edi.





























