"Hizbulloh"ning kichik dronlari Isroil uchun katta tahdidga aylanmoqdami?

Video tagso‘zi, Videoda ovoz yo‘q
    • Author, Lyuk Unger va Adam Durbin
    • Role, BBC Verify
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

"Hizbulloh" Isroilga hujum qilishda "birinchi shaxs ko‘rishi" (FPV) turidagi kichik dronlardan foydalanishni kuchaytirdi. Jumladan, murakkab mudofaa tizimlarini chetlab o‘tish uchun optik tolali kabellar orqali boshqariladigan tizimlardan ham foydalanmoqda.

BBC Verify 26 martdan beri Livan qurolli guruhi tomonidan ulashilgan 35 ta videoning manzilini aniqladi. Ularda janubiy Livan va shimoliy Isroildagi isroillik askarlar, zirhli texnikalar va havo mudofaa tizimlariga qarshi zarbalar aks etgan.

Mutaxassislarning BBC Verify'ga aytishicha, Isroil mudofaa kuchlari (IDF) "hozircha hech qanday samarali qarshi chora ishlab chiqa olmagan", chunki kichik dronlar aniqlash tizimlarini osonlik bilan chetlab o‘ta oladi.

Mutaxassislar shuningdek, bu dronlar sotuvda mavjud va 3D-printerda tayyorlangan qismlardan yasalishi mumkinligini, ular yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan qimmat nishonlarga nisbatan arzon ekanini aytishdi.

Arzon FPV dronlardan foydalanish Rossiya-Ukraina urushi davomida keng tarqaldi va zamonaviy urushni o‘zgartirdi.

Isroil harbiylari qurbonlar haqidagi barcha ma’lumotlarni e’lon qilmagan bo‘lsa-da, Isroil OAV xabarlariga ko‘ra, FPV hujumlarida to‘rt nafar IDF askari va bir fuqaro halok bo‘lgan, yana o‘nlab odam jarohat olgan.

Isroil armiyasi BBC Verify'ga dronlar tahdidini tan olishini va mudofaani yaxshilash, "yanada samarali ogohlantirish modellari"ni ishlab chiqish hamda askarlarni "tayyorgarlikni yaxshilash va tahdid haqidagi xabardorlikni oshirish" uchun tayyorlashga "katta resurslar" sarflayotganini bildirdi.

Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti ma’lumotiga ko‘ra, Msroil armiyasi ham bir necha yildan beri FPV dronlardan foydalanib kelmoqda va hozirda ularni janubiy Livanda hamda G‘azoda "Hamas"ga qarshi ishlatmoqda.

Harbiy tahlilchi va Livan armiyasining sobiq generali Hisham Jobir BBC Arab xizmatiga FPV dronlar "radar orqali aniqlanmasligi mumkin"ligini va "Hizbulloh" ixtiyoridagi "yuzlab" dronlar zirhli texnikalarni, jumladan tanklarni ishdan chiqarish uchun qo‘llanilganini aytdi.

Jobirning qo‘shimcha qilishicha, "Hizbulloh" ko‘p yillardan beri shimoliy Isroildagi nishonlarga qarshi bir nechta turdagi yirik hujumchi dronlardan foydalanib keladi, ammo FPV dronlardan foydalanish "butunlay boshqa toifa"ni anglatadi.

BBC Verify 26 martdan beri "Hizbulloh"ning Telegram kanalida ulashilgan qariyb 100 ta ehtimoliy FPV hujumi videosini aniqladi, ularning 35 tasi tasdiqlangan. "Hizbulloh" 2 martda boshlangan mojaro davomida bunday hujumlarga oid hech qanday tasvirlarni ulashmagan ko‘rinadi.

Payshanba kuni ulashilgan tasdiqlangan videolardan biri kamida to‘rtta FPV dronning Kiryat-Shmona yaqinidagi isroil chegara postini nishonga olganini, ular harbiy texnikalarga ketma-ket hujum qilganini ko‘rsatadi. Videolarda ulardan kamida ikkitasi jiddiy shikastlangani yoki yo‘q qilinganini ko‘rish mumkin.

BBC Verify janubiy Livandagi shunga o‘xshash dron hujumlarini ham kuzatdi, jumladan 26 aprel kuni Taybeh shahridagi kamida ikki hujumni hujjatlashtirdi. Videolarda askarlar nishonga olingani, so‘ngra yarador qo‘shinlarni qutqarish jarayonidagi IDF vertolyoti yaqinida hujum amalga oshirilgani ko‘rsatiladi. Isroil OAV bir askar halok bo‘lgani va yana olti kishi jarohat olganini xabar qildi.

Bu dronlarning ko‘pchiligi radio yoki boshqa simsiz signallar emas, balki ingichka tolali kabellar orqali boshqariladi, bu esa ularni Isroilning mavjud elektron qarshi choralari bilan to‘xtatishni qiyinlashtiradi.

King's College London xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi doktor Andreas Krig BBC Verify'ga aytishicha, optik tolali texnologiya Isroilning dronlarni aniqlash, to‘sish va tutib qolish qobiliyatini "deyarli ahamiyatsiz" qilib qo‘yadi va operatorni topishni ancha mushkullashtiradi.

Uning aytishicha, buning ta’siri shundaki, Isroil qo‘shinlari "yanada ehtiyotkor harakatlanishi, pozitsiyalarni mustahkamlashi, to‘r va qafas kabi jismoniy himoya choralaridan foydalanishi hamda mahalliy tezkor mudofaaga ko‘proq e’tibor qaratishi"ga to‘g‘ri kelmoqda.

Krigning qo‘shimcha qilishicha, "Hizbulloh" ehtimol dronlarni mahalliy darajada, Xitoy kabi joylardan keltirilgan tijoriy qismlardan yig‘moqda va har birining narxi taxminan 300-500 dollar atrofida.

Centre for Information Resilience katta tergovchisi va qurol-yarog‘ bo‘yicha mutaxassis Leone Hadavining aytishicha, bu tijoriy qismlar 3D-printerlar yordamida tayyorlangan detallar bilan ham to‘ldirilmoqda.

"Qismlarning iziga tushish juda qiyin bo‘lib chiqdi, chunki ular oson topiladi va harbiy xususiyatga ega emas. Ko‘pincha bu FPV dronlar RPG [reaktiv granata] kallagini tashiydi, janubiy Livanda esa bu qurollar yetarli", deydi u.

Hadavining BBC Verify'ga aytishicha, FPV hujumlari ko‘payishining "psixologik ta’siri" Isroil qo‘shinlari uchun sezilarli bo‘lmoqda, chunki ular yaxshi himoyalangan zirhli texnikalarga tahdid solish qobiliyatiga ega.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Isroil va "Hizbulloh" o‘rtasidagi janglarning bu so‘nggi keskinlashuvi 2 mart kuni, AQSh va Isroil Eronga qarshi havo hujumlari to‘lqinini boshlab, oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyni o‘ldirganidan ikki kun o‘tib boshlangan.

Xomanaiy o‘limidan keyin "Hizbulloh" Isroilga raketa otdi, Isroil esa Livanda keng ko‘lamli havo hujumlari va mamlakat janubiga quruqlikdan bosqin bilan javob qaytardi.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shundan beri kamida 2 896 kishi halok bo‘lgan, ularning 400 dan ortig‘i AQSh prezidenti Donald Tramp aprel oyida o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilganidan keyin halok bo‘lgan. Vazirlik statistikasida jangchilar va tinch aholi o‘limi alohida ko‘rsatilmagan.

Mojaro boshlanganidan beri Livanda bir milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Isroil ma’lumotiga ko‘ra, mojaroda to‘rt askar va 18 fuqaro halok bo‘lgan.

BBC Verify banner