Vakolatlari kengayib borayotgan O‘zbekiston prezidentining qizi ilk bor BMT Bosh Assambleyasida qatnashmoqda

Surat manbasi, TELEGRAM/SAIDA MIRZIYOYEVA
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi va Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ilk bor BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida mamlakat nomidan ishtirok etadi. Bu haqda 22 sentyabr kuni Gazeta.uz nashri xabar berdi.
"Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasining umumiy munozaralarida O‘zbekiston nomidan nutq so‘zlaydi", deyiladi xabarda.
Umumiy munozaralar 2026 yilning 22-26 sentyabr kunlari va 28 sentyabrda bo‘lib o‘tadi.
Nashrning yozishicha, Mirziyoyeva 21 sentyabr kuni Nyu-Yorkda sessiya doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashib, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, xavfsizlik masalalarini muhokama qilgan.
"Xalqaro tizim uchun bunday murakkab bir paytda janob Guterrishga global miqyosdagi kuchli yetakchiligi va xavfsizlikning barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildiraman", dedi u.
O‘zbekiston prezidentining qizi otasining ehtimoliy vorisi sifatida ko‘riladi. Administratsiyadagi hozirgi lavozimi esa 41 yoshli Mirziyoyevani amalda mamlakat hokimiyat ierarxiyasidagi ikkinchi shaxsga aylantiradi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Diplomatiyadagi rolining ortib borishi
2025 yil iyunida lavozimga kirishganidan beri Mirziyoyeva qator xorijiy safarlarni amalga oshirdi va diplomatik faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqlarda muntazam axborot berib kelmoqda.
Mirziyoyeva 3 sentyabr kuni Telegram'dagi postida Dohada Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashib, hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilganini bildirdi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
26 avgustda u Pekinda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan savdo, investitsiya va madaniy aloqalarni qamrab olgan strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha "samimiy va mazmunli" muzokaralar o‘tkazganini aytdi.
O‘sha kuni alohida bergan xabarida Mirziyoyeva Xitoy Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi bilan ham "samimiy suhbat" o‘tkazganini bildirdi.
Ular, Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, "so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi yaqin muloqot tufayli izchil mustahkamlanib borayotgan" O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari yuzasidan fikr almashgan.
Mirziyoyeva 30 iyun kuni Telegram kanalidagi postida Parijga tashrifi davomida Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar o‘tkazganini aytdi.
Ertasi kuni YouTube'da e’lon qilingan videoda u ikki mamlakat iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga harakat qilayotgan bir paytda Makron ikki tomonlama munosabatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilishga ko‘maklashish uchun unga shaxsiy aloqa ma’lumotlarini berganini bildirdi.
Frantsiyaga tashrifi doirasida Mirziyoyeva, shuningdek, hamkorlikni kengaytirish maqsadida Frantsiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro hamda UNESCO bosh direktori Xolid al-Inoniy bilan muzokaralar o‘tkazdi.
18 may kuni O‘zbekiston prezidentining qizi mamlakat tarixidagi ilk IPO'ning London fond birjasidagi listingida ishtirok etish uchun Britaniyaga tashrifi chog‘ida AQSh prezidenti Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashdi.
Aprel oyi boshida Mirziyoyeva AQShga borib, iqtisodiy va strategik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida qator yuqori martabali rasmiylar bilan muzokaralar o‘tkazdi.
6 aprelda u AQSh prezidenti Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga tashrif buyurib, Serjio Gor va Tramp oilasi a’zolari bilan uchrashganini aytdi.
Mirziyoyeva Telegram'dagi qator postlarida 8 aprelda Vashingtonga borib, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Savdo vakili Jeymison Grir va Xalqaro taraqqiyotni moliyalash korporatsiyasi rahbari Ben Blek bilan uchrashganini ham bildirdi.
U 2025 yil oktyabrida Bryusselda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiylari, Londonda esa britan siyosatchilari va biznes vakillari bilan uchrashdi. Dekabrda u Rim papasi Lev XIV bilan ham uchrashgan edi.
Yangi vazifa va vakolatlar
O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov 10 sentyabr kuni Telegram'dagi postida prezident o‘z qizini Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlaganini bildirdi.
Toshkent xalqaro moliya markazi xalqaro investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan, o‘z regulyatori, tijorat sudi va alohida huquqiy bazasiga ega maxsus moliyaviy yurisdiktsiya hisoblanadi.
14 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Prezident Administratsiyasiga davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish hamda mansabdorlar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha keng vakolatlar beruvchi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.
Prezident Administratsiyasi O‘zbekistonda amalda siyosiy hokimiyatning eng yuqori markazi sifatida qaraladi. U boshqa davlat organlaridan yuqori turuvchi va mamlakatdagi siyosiy hamda iqtisodiy qarorlarni qabul qilish jarayonida markaziy rol o‘ynovchi tuzilma hisoblanadi.
Yangi qonun Mirziyoyevaning prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari sifatidagi maqomini rasmiylashtirdi. Shuningdek, uning apparatiga korruptsiyaga qarshi komplaens tuzilmalari faoliyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazish imkonini berdi.
Iyul oyida hukumat yig‘ilishidan so‘ng prezidentning qiziga O‘zbekiston elchixonalari faoliyatini tekshirish vazifasi ham topshirildi.
O‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev xorijiy tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar yetarli darajada amalga oshirilmayotganini tanqid qilib, O‘zbekistonning qator elchixonalari ishidan norozi bo‘lgan edi.
Saida Mirziyoyevaga, shuningdek, "o‘z vazifasini bajarmayotgan xodimlarni zamonaviy fikrlaydigan yosh kadrlar bilan almashtirish bo‘yicha takliflar kiritish" vazifasi topshirildi.






























