«Tinch aholiga qarshi dahshatli jinoyat» - Rossiya zarbasi oqibatida Ukrainadagi avtobuslarda o‘nlab odam halok bo‘ldi

Vladimir Zelenskiy Telegram orqali bayonot berib, Ukrainaning hamkor davlatlari «aniq amaliy choralar» ko‘rishi kerakligini aytdi.
Surat tagso‘zi, Zelenskiy Telegram orqali bayonot berib, Ukrainaning hamkor davlatlari «aniq amaliy choralar» ko‘rishi kerakligini aytdi.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiyaning front yaqinidagi Kramatorsk shahrida ikki fuqarolik avtobusiga qanotli bomba bilan bergan zarbasi oqibatida 33 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi qutqaruv xizmati vakillari.

Donetsk viloyati rahbari Vadim Filashkinning aytishicha, yana 18 kishi yaralangan. U Rossiyani yo‘lovchilar bo‘lgan avtobusni ataylab nishonga olganlikda ayblab, maqsad imkon qadar ko‘proq tinch aholini o‘ldirish bo‘lganini aytdi.

Mahalliy prokuratura tarqatgan suratlarda yong‘indan qoraygan avtobus qoldiqlari, uning atrofiga sochilib ketgan parchalar va yo‘lda yotgan jabrlanganlar ko‘ringan.

Kramatorsk va unga qo‘shni Slavyansk shaharlari Rossiya Vladimir Putin Donbassning butun sanoat hududi ustidan nazorat o‘rnatish maqsadi doirasida egallashga harakat qilayotgan «qal’alar kamari» deb ataluvchi mudofaa chizig‘ining bir qismidir.

Biroq payshanba kungi hujum Rossiyaning Ukraina bo‘ylab zarbalarini keskin kuchaytirgani va tinch aholi orasida qurbonlar soni sezilarli oshgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil avgust oyiga qadar Ukrainada Rossiya hujumlari oqibatida halok bo‘lgan tinch aholi soni 2025 yil davomida halok bo‘lgan fuqarolar sonidan ham oshib ketgan.

Chorshanba kuni Kievdan sharqdagi Priluki shahrida besh qavatli turar joy binosi vayron qilingan hujumning o‘zida 22 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida besh nafar bola ham bor. Bolalardan uch nafari atigi bir yoshda edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Moskva hozircha so‘nggi hujum yuzasidan izoh bergani yo‘q. Ammo qutqaruv xizmati vakillarining ma’lum qilishicha, zarba natijasida yo‘lovchilar bo‘lgan ikki avtobusda yong‘in chiqqan.

Filashkin Donetsk viloyatida hali ham qolayotgan aholini Ukrainaning xavfsizroq hududlariga ko‘chib o‘tishga chaqirdi.

Qo‘shni ikki shaharda xavfsizlik vaziyati keskin yomonlashgani sababli, u yerdagi barcha jamoat transporti harakatini to‘xtatishga qaror qilingan. «Fuqarolar xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi kerak. Biz yo‘lovchilar va haydovchilar hayotini xavf ostiga qo‘yishga haqli emasmiz», — dedi Filashkin.

7 oktyabrda Rossiya raketa zarbasi Ukraina shimolidagi ko‘p qavatli uyni vayron qildi: 22 kishi, jumladan 5 bola halok bo‘ldi.
Surat tagso‘zi, 7 oktyabrda Rossiya raketa zarbasi Ukraina shimolidagi ko‘p qavatli uyni vayron qildi: 22 kishi, jumladan 5 bola halok bo‘ldi.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Moskva Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlashga asos sifatida ko‘p yillar davomida asosan rus tilida so‘zlashuvchi Donbassni «ozod qilish» va «himoya qilish» zaruratini keltirib kelgan.

Donbass Lugansk va Donetsk viloyatlaridan iborat. Lugansk viloyatining katta qismi Rossiya nazoratida bo‘lib turgan bir paytda, Kreml Ukraina nazoratida qolgan Donetsk viloyati hududining yana 20 foizini ham egallashni maqsad qilmoqda.

Rossiya shuningdek, Ukraina poytaxti Kievga ham doimiy havo hujumlarini amalga oshirmoqda. Shaharda kun davomida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangramoqda.

Kiev hokimi Vitaliy Klichkoning aytishicha, payshanba kungi hujumlarda uch kishi halok bo‘lgan, yana 14 kishi yaralangan. Yaradorlardan ikki nafari og‘ir ahvolda.

Rossiya hujumlari maktab o‘quvchilarini darslarni tashlab, boshpanalarga yashirinishga majbur qilmoqda, tadbirkorlik ob’ektlari faoliyati to‘xtamoqda va jamoat transporti ishida uzilishlar yuzaga kelmoqda.

Rossiyaning Ukraina infratuzilmasiga, ayniqsa energetika tizimiga bergan zarbalari elektr ta’minotida uzilishlarga olib kelmoqda va hatto suv ta’minotiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy so‘nggi hujumdan jabrlanganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi. U Ukrainaning hamkor davlatlari mamlakatni himoya qilish uchun «yangi mudofaa paketlari orqali aniq amaliy choralar» ko‘rishi kerakligini aytdi.

Prilukidagi hujumdan oldin Zelenskiy shu hafta Rossiya katta hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida razvedka ma’lumotlari borligidan ogohlantirgan edi. Kievda esa bunday ogohlantirishlardan so‘ng oilalar metro bekatlariga boshpana izlab yo‘l oldi.

Hozircha bunday ogohlantirishlar ukrainaliklar uchun himoya vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Dunyo bo‘ylab havodagi nishonlarni urib tushirish uchun mo‘ljallangan raketalar tanqis. Shu sababli Ukrainaning Rossiya tomonidan uchirilayotgan ballistik raketalarni to‘xtatish imkoniyati cheklangan.

So‘nggi oylarda Rossiya va Ukraina bir-birining hududlariga uzoq masofadan beriladigan zarbalarni kuchaytirdi. Rossiya hujumlarida Ukrainadagi ma’lumotlar markazlari va logistika omborlari ham nishonga olinmoqda.

Urushning katta qismi davomida Kramatorsk Ukraina armiyasi uchun logistika va ta’minot markazi vazifasini bajarib kelgan. Ammo hozir Rossiya qo‘shinlari shaharning sharqiy qismiga yaqinlashib borayotgani sababli Kramatorsk deyarli har kuni Rossiya hujumlariga duch kelmoqda.

Xususan, Rossiya Slavyansk va Kramatorsk shaharlariga planer, ya’ni qanotli bombalardan foydalanib zarbalar berilmoqda. Bunday bombalar maxsus qanotchalar bilan jihozlangan bo‘lib, oddiy bombalar kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri pastga tushmaydi, balki havoda sirpanib, nishon tomon harakatlanadi.

Avgust oyining oxirida bir kunning o‘zida Kramatorskka to‘qqiztagacha planer bombasi tashlangan.

Kramatorsk shahar kengashi hujumni «Rossiya armiyasi tomonidan tinch aholiga qarshi sodir etilgan dahshatli jinoyat» deb atadi.

«Rossiyaliklar yana bir bor hech qanday harbiy nishon bo‘lmagan joyga zarba berdi», — deyiladi shahar kengashi bayonotida.