Sud qarori Turkiya muxolifatini parchalashi mumkin – Erdog‘an hokimiyati yanada mustahkamlanadimi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, Pol Kirbi
- Role, BBC
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Turkiya muxolifati yetakchisi O‘zgur O‘zel o‘zi va partiyadagi boshqa rahbarlarni lavozimdan chetlatgan sud qaroriga qarshi kurashmoqchi. Partiya boshqaruvi uning eski yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘liga o‘tgan. Ayrim partiyadoshlari Qilichdoro‘g‘lini xoinlikda ayblamoqda. Bu qaror prezident Rajab Toyyib Erdog‘anning hokimiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlayotgan so‘nggi huquqiy qadam sifatida baholanmoqda.
Apellyatsiya sudi O‘zelning Jumhuriyat xalq partiyasida (CHP) rahbarlik uchun 2023 yil o‘tkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topdi. Bu qarordan so‘ng minglab namoyishchilar Anqaradagi partiya bosh qarorgohi oldiga to‘plandi.
"Biz Turkiya demokratiyasi uchun qorong‘u kunni boshdan kechirmoqdamiz", dedi O‘zel va qarorga sudlarda hamda Turkiya Oliy saylov kengashida (YSK) qarshi chiqishini bildirdi.
Adliya vaziri Akin Gurlek esa qaror "fuqarolarning demokratiyaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi", deb ta’kidladi.
"Biz Turkiya demokratiyasi uchun qorong‘u kunni boshdan kechirmoqdamiz", dedi O‘zel va qarorga sudlarda hamda Turkiya Oliy saylov kengashida (YSK) qarshi chiqishini bildirdi.
Adliya vaziri Akin Gurlek esa qaror "fuqarolarning demokratiyaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi", deb ta’kidladi.
Gurlek joriy yil boshida prezident Erdog‘an tomonidan Adliya vaziri etib tayinlanishidan oldin Istanbul bosh prokurori bo‘lib ishlagan va muxolifatga qarshi, ayniqsa shaharning mashhur meri Akrom Imomo‘g‘liga qarshi tergovlarga boshchilik qilgan.
CHPning ayrim a’zolari ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Partiya a’zolaridan ba’zilari Qilichdoro‘g‘lining suratini devordan olib tashladi, boshqalar esa sobiq rahbarni "xoin" deb atadi
Hanuz Erdog‘anning eng katta siyosiy raqibi sifatida ko‘rilayotgan Imomo‘g‘li bir yildan ortiq vaqtdan buyon qamoqda qolmoqda. Uni 2 000 yildan ortiq qamoq jazosini nazarda tutuvchi korruptsiya ayblovlarida ayblagan ham aynan Gurlek edi.
Juma kuni Oliy saylov kengashi muxolifat partiyasining sud qaroriga qarshi shikoyatini ko‘rib chiqish uchun yig‘ildi.
Anqaradagi apellyatsiya sudi payshanba kuni chiqargan qarorda quyi instantsiya sudining 2025 yildagi hukmini bekor qildi. O‘sha qarorda O‘zgur O‘zelni muxolifat rahbariga aylantirgan CHP praymerizida ovoz sotib olish haqidagi ayblovlar rad etilgan edi.
Apellyatsiya sudi qaroriga ko‘ra, O‘zel o‘rnini 77 yoshli partiya faxriysi Kamol Qilichdoro‘g‘li egallashi kerak. Qilichdoro‘g‘li 2023 yilgi prezidentlik saylovida Erdog‘anga mag‘lub bo‘lgan va keyinchalik partiya rahbarligidan chetlatilgan edi.
Bu qaror partiyaning butun ijroiya rahbariyati ham almashtirilishini anglatadi va u qabul qilgan qarorlar endi tan olinmasligi mumkinligi aytilmoqda.
BBCning Turkiya bo‘yicha muxbiri Ayshe Sayinning aytishicha, qaror CHP bosh qarorgohida shok sifatida qabul qilingan va ayrim a’zolar ko‘z yoshlarini tiya olmagan. U partiya a’zolaridan ayrimlari Qilichdoro‘g‘lining suratini devordan olib tashlagani, boshqalar esa sobiq rahbarni "xoin" deb atagani haqida xabar qildi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Turkiya fond bozori payshanba kuni kechqurun 6 foizga quladi, ammo juma tongiga kelib yo‘qotishlarning bir qismini tikladi.
Erdog‘an Turkiyaga 2003 yildan buyon — avval Bosh vazir, keyin esa prezident sifatida rahbarlik qilib kelmoqda. O‘zel Erdog‘anning Adolat va Taraqqiyot (AK) partiyasini "raqiblarini yo‘q qilish" strategiyasini yuritishda aybladi. 72 yoshli lider faqat 2028 yildan oldin muddatidan avval saylov chaqirsa yoki konstitutsiyani o‘zgartirsa, yana prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin.
CHP yetakchisi payshanba kungi sud qarorini qattiq tanqid qilib, uni "sud to‘ntarishi" deb atadi va partiya ijroiyasi sud vakolatini rad etdi.
"Bu to‘ntarishchilar tank, to‘p, miltiq yoki harbiy kiyimda kelmaydi; bu to‘ntarishchilar sudya va prokurorlar mantiyasida keladi", dedi O‘zel.
U partiya bo‘linishi va o‘zi yangi partiya tuzib chiqib ketishi haqidagi taxminlarni ham rad etdi: "Ijarachilar ketadi, uy egalari esa qoladi".
Biroq Turkiya Kassatsiya sudida qarorga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday huquqiy harakat uzoqqa cho‘zilishi kutilmoqda. Ayrim taxminlarga ko‘ra, O‘zel va uning tarafdorlari keyingi saylovda qatnashish maqsadida yangi partiya tuzish yo‘liga o‘tishga majbur bo‘lishi mumkin.
CHPning eng mashhur ikki siyosatchisidan ham qat’iy bayonotlar yangradi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Istanbulning qamoqdagi va lavozimidan chetlatilgan meri Akrom Imomo‘g‘li ijtimoiy tarmoqlarda turklarni "mamlakati uchun birlashish"ga chaqirgan xabari chiqdi.
Anqara meri Mansur Yavash sud qarorining maqsadi Turkiyaning eng yirik muxolifat partiyasini bo‘lib tashlash va uni samarasiz holga keltirish ekanini aytdi. U iqtisodiyot zaiflashayotgan bir paytda Turkiya siyosiy elitasi yaqin orada muddatidan avval saylov o‘tkazish ehtimoli yuqori ekanidan ogohlantirdi.
Juma kuni prezident Erdog‘an Istanbuldagi mustaqil Bilgi universitetini yopishni buyurdi. U yerda turkiyalik va xorijdan kelgan taxminan 22 000 talaba tahsil oladi.
Huquq professori Yaman Akdenizning aytishicha, 30 yillik universitet amalda bir kechada yopib qo‘yilgan: "Men 15 yil dars bergan, minglab yoshlar bilan birga rivojlantirgan muassasa e’tiborsiz qoldirilmoqda".
Turkiya Oliy ta’lim kengashi talabalar qiyinchilikka duch kelmasligi uchun choralar ko‘rilayotganini bildirdi.




























