Pentagon: Nidal Hasanning qatl etilishi jonli efirda namoyish qilinadi

2026 yil 6 oktyabrь kuni Merilend shtatidagi Sperrouz-Poyntda joylashgan Anduril Industries korxonasidagi tadbir oldidan AQSh prezidenti Donald Tramp chiqish qilishidan avval AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset so‘zga chiqmoqda.
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetning aytishicha, jamoatchilik 2009 yilda Fort Xud harbiy bazasida 13 nafar qurolsiz askarni o‘ldirgan Nidal Hasanning otib tashlash orqali amalga oshiriladigan qatlini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.

BBC bilan suhbatlashgan AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysiga ko‘ra, qatl jarayoni jonli efir orqali namoyish etiladi.

Agar reja amalga oshsa, bu AQShda qariyb yuz yil ichidagi ilk ommaviy qatl bo‘lishi mumkin. O‘lim jazosiga hukm qilingan mahkumlar huquqlarini himoya qilib kelayotgan advokat Jon Millsning fikricha, qatlni jonli efirda ko‘rsatish "zamonaviy davrda misli ko‘rilmagan holat" bo‘lib, uning huquqiy asoslari ham bahslidir.

"Bunday qilmishlarning og‘ir oqibatlari bo‘lishini odamlar tushunishi kerak", dedi Hegset.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi AFP agentligiga qatl jarayonining jonli efirda namoyish qilinishi amalda ommaviy qatl hisoblanishi va qiynoqlarni mutlaq taqiqlash tamoyilini buzishi mumkinligini bildirdi.

Demokrat senator Kris Myorfi esa CNN'ga bergan intervyusida bu g‘oyani "jirkanch" deb atadi va uni "Islomiy davlat" guruhi amalga oshirgan qatllar bilan qiyosladi.

Shu hafta boshida Pentagon Nidal Hasan 60 yildan ziyod vaqt ichidagi ilk harbiy qatl doirasida jazo ijro etiladigan mahkum bo‘lishini ma’lum qildi.

Virjiniyalik sobiq harbiy psixiatr Hasan 2009 yilda Fort Xud harbiy bazasidagi tibbiyot binosida 13 nafar qurolsiz askarni otib o‘ldirganini tan olgan.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Hujum vaqtida yetti marta o‘q yegan sobiq serjant Alonzo Lansford BBC'ning Today dasturiga bergan intervyusida Hasanning otib tashlash orqali qatl etilishini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Uning fikricha, bu u sodir etgan jinoyatga munosib jazodir.

Biroq Lansford qatl jarayonining jonli efirini hamma ham tomosha qilishi kerak, deb hisoblamaydi. U bu kabi namoyish yoshlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirda. Shu bilan birga, hujumdan jabr ko‘rganlar va halok bo‘lganlarning yaqinlari uni kuzatish imkoniga ega bo‘lishi lozimligini aytadi.

"Halok bo‘lganlarning oilalari, omon qolganlar va ularning yaqinlari, albatta, buni hech qanday cheklovlarsiz ko‘rishi kerak, deb o‘ylayman", dedi u.

Lansfordning aytishicha, u qatl jarayonida qatnashishni rejalashtirmoqda. O‘q uzilishidan oldin esa Hasan unga ko‘z tik qarashini istaydi.

"Men unga maqsadiga yeta olmaganini bildiraman. Men hali ham tirikman", dedi Lansford.

Hegset konservativ Real America's Voice telekanaliga bergan intervyusida Hasan haqida shunday degan:

"Unga qarshi harbiylardan tashkil topgan otish guruhi qo‘llaniladi. Shunday bo‘lishi kerak."

Hasanda so‘nggi iltimoslar bo‘lganmi yoki u prezident Donald Tramp bilan bog‘langanmi, degan savolga Hegset:

"Qiziqtirmaydi. Uni 3 dekabrda ko‘ramiz", deb javob bergan.

Pentagon vakili dushanba kuni Tramp mudofaa vazirining tavsiyasini ma’qullaganini ma’lum qildi. BBC Oq uydan ham prezident jonli efirdagi qatl g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydimi, degan savolga izoh so‘ragan.

O‘tgan yili dunyo bo‘ylab 17 mamlakatda 2700 dan ziyod qatl amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ularning faqat ikkitasi ommaviy tarzda o‘tkazilgan.

Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Eronda kamida 11 ta, Afg‘onistonda esa 6 ta ommaviy qatl qayd etilgan.

Nidal Hasanning 2012 yilda rasmiylar tomonidan e’lon qilingan, sanasi aniqlanmagan surati.
Surat tagso‘zi, 2012 yilda rasmiylar tomonidan tarqatilgan, sanasi ko‘rsatilmagan Nidal Hasan surati.

Hasanning qatli 3 dekabr kuni Texasdagi Fort Xud bazasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Agar amalga oshsa, bu Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri harbiylar tomonidan bajarilgan ilk otib tashlash usulidagi qatl bo‘ladi.

Sud jarayonida Hasan "yo‘l qo‘ygan xatolari" uchun uzr so‘ragan. U 2013 yildagi harbiy sud muhokamasida Afg‘onistondagi musulmonlar va Tolibonni himoya qilayotganiga ishonganini aytgan edi.

AQSh harbiy qonunchiligiga ko‘ra, bunday qatl prezident tomonidan tasdiqlanishi kerak. Shuningdek, qaror yuqori instantsiya sudlari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi va uning qonuniyligi yuzasidan yakuniy xulosa chiqarilishi lozim.

Advokat Jon Millsning ta’kidlashicha, Hasan ishi bo‘yicha apellyatsiya jarayoni hali yakunlanmagan. U federal sudga murojaat qilib, hukm va jazoni qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin. Bu esa qatlni vaqtincha to‘xtatib turishi ehtimolini anglatadi.

Shu bois Mills qatl belgilangan muddatda amalga oshirilishiga shubha bilan qaramoqda.

"Otib tashlash orqali amalga oshiriladigan qatlni jonli efirda namoyish qilish tashabbusi ko‘proq Tramp ma’muriyatining e’tibor qozonishga qaratilgan harakatiga o‘xshaydi. Buning amalga oshishi ham, adolat qaror topishiga xizmat qilishi ham dargumon", dedi u.

AQShning ayrim shtatlarida qatl jarayonini ma’lum darajada ommaga ko‘rsatish amaliyoti mavjud. Ko‘plab shtatlarda jurnalistlar qatnashishi talab qilinadi, mahkum esa ayrim shaxslarni taklif qilish huquqiga ega. Ba’zi joylarda oddiy fuqarolar ham guvoh sifatida ishtirok etish uchun murojaat qilishi mumkin.

Biroq AQShdagi qatl usullarini o‘rganib kelayotgan Fordham universiteti professori Debora Dennoning aytishicha, hozirgacha mamlakat tarixida birorta ham qatl jarayoni jonli efirda namoyish qilinmagan.

Uning fikricha, bunday translyatsiya AQShdagi qatl amaliyotini jamoatchilik uchun misli ko‘rilmagan darajada ochiq qiladi.

"Mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi o‘lim jazosini qo‘llab-quvvatlaydi, garchi bu ko‘rsatkich asta-sekin kamayib borayotgan bo‘lsa ham. Shu nuqtai nazardan qaraganda, agar odamlar o‘lim jazosini ma’qullasa, unda uning qanday ijro etilishini ham ko‘rishlari kerak, degan fikrni ilgari surish mumkin. Shunda ko‘pchilik e’tibor bermaydigan voqelikni ko‘z oldiga keltiradi", dedi u.

Dennoning aytishicha, jonli efirga oid muhim masalalardan biri yosh bo‘yicha cheklovlar qanday qo‘llanilishidir.

Amaldagi harbiy qoidalarga ko‘ra, harbiy qatllarni faqat muayyan toifadagi shaxslar, jumladan jurnalistlar va mahkumning qarindoshlari kuzatishi mumkin. 18 yoshga to‘lmaganlar bundan mustasno.

BBC Pentagon va AQSh armiyasidan bu cheklovlar bekor qilinadimi va voyaga yetmaganlarni efirni tomosha qilishdan himoya qilish uchun qanday choralar ko‘rilishi haqida ma’lumot so‘ragan.

Mudofaa vazirligi rasmiysi qo‘shimcha tafsilotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili qatllar soni bo‘yicha Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaman va AQSh yetakchi davlatlar bo‘lgan.

Donald Tramp prezidentlikka qaytgach, Jo Bayden ma’muriyati joriy etgan federal qatllarga oid moratoriyni bekor qildi.

Pew Research markazi iyul oyida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 66 foizi qotillikda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi besh yil ichida olti foiz punktga oshgan.

AQShdagi so‘nggi harbiy qatl 1961 yilda amalga oshirilgan. O‘shanda armiyaning bir askari 11 yoshli avstriyalik qizga nisbatan zo‘ravonlik qilganlikda aybdor deb topilib, osib o‘ldirilgan edi. Qatl prezident Duayt Eyzenhauer tomonidan tasdiqlangan va jabrlanuvchi oilasining avf so‘raganiga qaramay ijro etilgan.

Harbiylar tomonidan otib tashlash usulida amalga oshirilgan so‘nggi qatl esa 1945 yil yanvarь oyida bo‘lib o‘tgan. Ikkinchi jahon urushi yakunlanishi arafasida armiyadan qochgan yosh askar Eddi Slovik otib o‘ldirilgan.

Materialni tayyorlashda Kvasi Gyamfi Asiedu va Kali Heys ham ishtirok etdi.