Hayz qonida qanday sirlar yashirin yo ayollarni asrash imkoni kengaydimi?

Grafik tasvirda qo‘l stetoskopni ushlab turgani aks etgan bo‘lib, u surat markazida joylashgan ko‘z yoshi shaklidagi qon tomchisiga qaratilgan. Qon tomchisi och pushti fonda pushti va qizil ranglarda tasvirlangan.

Surat manbasi, Serenity Strull/ BBC

    • Author, Sendi Ong
    • Role, BBC Future
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Hayz ko‘radigan ko‘plab ayollar singari, Emma Baklund ham har oyda to‘kiladigan qoni haqida ko‘p o‘ylamaslikka harakat qiladi. Ammo 2023 yilda "NextGen Jane" biotexnologik startapi undan hayz qonini so‘raganida, Baklund bir hayz siklidan sakkizta tamponni bajonidil yig‘ib, ularni Kaliforniyaning Oklend shahridagi laboratoriyasiga pochta orqali jo‘natdi.

Albatta, bu noodatiy iltimos edi, lekin u nisbatan oson ish bilan yordam berayotganidan mamnun edi – ayniqsa, bu kelajakda qizlarni balog‘at yoshida boshdan kechiradigan og‘riqli sinovdan xalos etishga yordam bersa.

"11 yoshimda birinchi marta hayz kelgan. O‘shanda o‘lyapman deb o‘ylaganman, – deydi AQShning Minnesota shtatidan bo‘lgan 27 yoshli magistrant Emma Baklund. – Onamga shifoxonaga borishim kerakligini aytganim esimda. O‘shandan beri deyarli har bir hayzim shunday o‘tgan. Har oy qayd qilardim. Ijtimoiy tadbirlar va darslardan qolib ketardim. Bu shunchaki davomli achishtiruvchi, sanchuvchi va ichakni uzib yuboradigan og‘riq edi".

Baklundda endometrioz, ya’ni bachadon to‘qimasi qoplamasining bachadondan tashqarida o‘sishi bilan kechadigan surunkali, zaiflashtiruvchi kasallik borligini aniqlash uchun 13 yil kerak bo‘ldi.

Endometrioz tufayli butun dunyoda 190 million ayol og‘ir hayz ko‘rish, chidab bo‘lmas tos og‘rig‘i, qovuq yoki ichak muammolari va hatto bepushtlikdan aziyat chekadi. Bu dunyodagi reproduktiv yoshdagi ayollarning o‘ndan bir qismi.

Eng yomoni, Baklund misolida bo‘lgani kabi, tashxis qo‘yish uchun odatda besh yildan 12 yilgacha vaqt ketadi. "NextGen Jane" hammuassisi va bosh ijrochi direktori Ridhi Tariyalning aytishicha, tashxisni tasdiqlash uchun laparoskopiya, ya’ni tos bo‘shlig‘iga kichik kamera kiritiladigan tibbiy muolaja talab etiladi.

Shu sababli Tariyal va bir qancha boshqa innovatsion startap rahbarlari yaxshiroq diagnostika testini yaratish ustida ishlamoqda. Bu test jarrohlik amaliyotiga qaraganda tezroq, arzonroq, kamroq invaziv bo‘lishi mumkin hamda endometrioz tashxisidan ham ko‘proq ma’lumotlarni ochib berishi mumkin.

Ularning fikricha, buning siri hayz qonida yashirin.

Getty Images
Bular dastlabki ma’lumotlar, lekin qarishning ta’rifi bo‘lgan organizmdagi estrogen miqdorining kamayishi bilan hayz ko‘rish o‘rtasida yaqqol tendensiya bor.
Ridhi Tariyal
"NextGen Jane" hammuassisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Tibbiyot uchun oltin koni

Shifokorlar siydik namunalarini bundan qariyb 6000 yil avval, Bobil va Shumer davrlaridanoq tekshirib kelishgan. Bir va ikki asr avval esa bu qatorga najas va vena qoni ham qo‘shilgan.

Ammo hayz qoni hech qachon klinik jihatdan deyarli e’tiborga olinmagan. Vaholanki, bu murakkab suyuqlik: uning yarmi oddiy qon bo‘lsa, qolgan qismi oqsillar, gormonlar, bakteriyalar, endometriy to‘qimasi hamda qin bo‘shlig‘i, bachadon bo‘yni, Fallopiy naylari, tuxumdonlar va boshqa a’zolardan ajralib chiqqan hujayralardan iborat.

"Siz butun qon, so‘lak va boshqa namuna turlaridan olib bo‘lmaydigan hujayra turlari va boshqa molekulyar belgilarni olasiz, – deydi Tariyal. – Bu, mohiyatan, sizga reproduktiv a’zolar haqida ma’lumot beruvchi tabiiy biopsiyadir".

Uning "NextGen Jane" firmasi Baklund kabi ko‘ngillilarga maxsus ishlab chiqarilgan paxtali tamponlarni jo‘natadi va 2014 yilda tashkil etilganidan beri 330 dan ortiq ayolning 2000 dan ziyod hayz namunasini tahlil qildi.

Ayol NextGen’ning uy sharoitida foydalanish uchun mo‘ljallangan diagnostika to‘plamini ushlab turibdi. Quti ochilgan bo‘lib, ichida foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar va namunalarni yig‘ishga yordam beruvchi asboblar ko‘rinib turibdi.

Surat manbasi, NextGen Jane

Surat tagso‘zi, NextGen Jane'ning dastlabki tadqiqotlari bachadon salomatligi va qarish o‘rtasida ehtimoliy bog‘liqliklar borligini aniqlagan

"Siz [hayz qonidan] bachadonga ta’sir qiluvchi har qanday holatni aniqlash uchun foydalanishingiz mumkin, bunday holatlar juda ko‘p", deydi Kristin Metz, AQShdagi "Northwell Health" tarkibidagi Faynshteyn tibbiyot tadqiqotlari institutining reproduktiv biologi.

Metz o‘n yildan ko‘proq vaqt avval endometrioz biomarkerlarini aniqlash uchun hayz qonini o‘rgana boshlagan, ammo hozirda bu tana suyuqligi endometriy saratoni, bachadon shilliq qavatining bachadon devoriga tomon o‘sishi bo‘lgan adenomioz va endometriy shilliq qavatining doimiy yallig‘lanishi bo‘lgan endometrit kabi boshqa kasalliklarga ham oydinlik kiritishi mumkinligini o‘rganishga qiziqmoqda.

"Hayz qoni bachadon salomatligini tushunish uchun katta ahamiyatga ega, chunki bizda boshqa usul bilan bu ma’lumotlarni olishning iloji yo‘q, – deydi Metz. – Bu juda noyob biologik namuna".

Misol uchun, bir tadqiqotda faqat hayz qoni tarkibida uchraydigan 385 ta oqsil aniqlangan.

Har oyda kelishidan tashqari, hayz qonining yana bir katta afzalligi shundaki, u endometriy biopsiyasi paytida olingan kichik to‘qima bo‘lagiga nisbatan bachadon salomatligi haqida ancha to‘liqroq tasavvur beradi.

"Bachadon hajmi greypfrutcha keladi, shuning uchun siz [endometriy biopsiyasi bilan] umumiy baho ololmaysiz, – deydi tadqiqot ko‘ngillilaridan hayz kosachasi orqali namuna to‘playdigan Metz. – Ammo hayz qoni – to‘kilgan butun endometriydir".

O‘ziga xos biomarkerlarni izlash

Hayz qoni uzoq vaqt davomida ilmiy tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolgani sababli, endometriozning diagnostika testi uchun yetarlicha ishonchli biomarkerlari bor-yo‘qligi hali ham noaniq. Ammo Metz va uning tadqiqotdagi hamkori, genetik Piter Gregersen 3700 dan ortiq ayolni o‘rganib, hozircha umidbaxsh natijalarga erishmoqda.

"Farqlar juda ko‘p", deydi Metz. Masalan, endometrioz tashxisi qo‘yilgan ayollarda bachadonning "tabiiy qotil" hujayralari – embrion implantatsiyasini osonlashtirish, yo‘ldosh rivojlanishi va infektsiyalardan himoya qilishda muhim rol o‘ynaydigan immun hujayralari ancha kam bo‘ladi.

"Ular fertillik bilan bog‘liq, shuning uchun ularning juda oz bo‘lishi yaxshi emas", deydi Metz.

Uning jamoasi, shuningdek, har bir hayzdan keyin bachadon shilliq qavatini tiklash va yangilashga yordam beradigan stromal fibroblast hujayralaridagi asosiy farqni ham qayd etdi. Endometrioz mavjud bo‘lganda, bu hujayralarda yallig‘lanish belgilari ko‘proq namoyon bo‘lgan, bachadonni homiladorlikka tayyorlashga yordam beruvchi o‘zgarishlar vujudga kelish qiyinlashgan.

Ikkinchi holat, shuningdek, polikistoz tuxumdonlar sindromi (PKTS) va takroriy homila tushishi kabi boshqa kasalliklar bilan ham bog‘liqligi aniqlangan.

Grafik tasvirda uchta qon tomchisi aks etgan. Har bir tomchi Petri kosachasi ichida joylashgan bo‘lib, ular och pushti fonda tasvirlangan.

Surat manbasi, Serenity Strull/ BBC

Surat tagso‘zi, Hayz qonini o‘rganish kelajakda diabet kabi kasalliklar rivojlanish xavfini bashorat qilishda foydali bo‘lishi mumkin.

Metz laboratoriyasi endometriozga chalingan bemorlarda ayrim genlar ekspressiyasi o‘zgarishini ham aniqladi. Umumlashtirib aytganda, bu farqlar shifokorlarga hayz qoni tahliliga asoslangan, endometrioz uchun muqobil, invaziv bo‘lmagan diagnostika testida aynan nimani izlashlari kerakligini ko‘rsatadi.

Metz 2027 yilda AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasidan (FDA) uy sharoitida qo‘llanadigan diagnostika to‘plami uchun ruxsatnoma olishga umid qilmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

NextGen Jane tadqiqotchilari esa, aksincha, hayz qonidan informatsion RNKni (iRNK) ajratib olib, undagi endometriozga xos biomarkerlarni izlamoqda.

Hozirgacha ular bepusht ayollarda endometriozni sog‘lom holatlardan ishonchli ajrata oladigan bir nechta biomarkerlarni aniqladilar.

"Ayni paytda AQShda endometriozga chalingan yuzlab ayollar ishtirokida ushbu xulosalarni tasdiqlash uchun tadqiqot olib borilmoqda", deydi Tariyal. 2025 yil may oyida NextGen Jane bepusht bemorlarda endometrioz uchun hayz testi sinovlarining klinik tasdig‘ini moliyalashtirish uchun 2,2 million dollar miqdorida grant yutib oldi.

Nafaqat reproduktiv salomatlik

Biroq, hayz qoni faqat endometrioz uchungina foydali emas. Masalan, NextGen Jane'ning tadqiqotlari bachadon salomatligi va qarish o‘rtasidagi bog‘liqliklarni yuzaga chiqardi.

"Bular dastlabki ma’lumotlar, – deydi Tariyal, – lekin qarishning ta’rifi bo‘lgan organizmdagi estrogen miqdorining kamayishi bilan hayz ko‘rish o‘rtasida yaqqol tendentsiya bor".

Ularning kuzatuvlari, shuningdek, hayz qoni kelajakda gipo- yoki gipertireoz kabi immun kasalliklarini aniqlashga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bu kasalliklarda organizmning qalqonsimon bezi metabolizmni boshqaruvchi tiroksin va triyodtironin gormonlarini juda kam yoki juda ko‘p ishlab chiqaradi.

"Shunday bo‘ladiki, endometriozga chalingan odamlarda ko‘pincha qandaydir autoimmun kasallik ham kuzatiladi", deydi Tariyal.

Hayz sikli davomida organizm yallig‘lanishdan chandiqsiz bitish holatiga o‘tgani sababli, hayz qonini o‘rganish orqali revmatoid artrit, qizil yugurik va tarqoq skleroz kabi yallig‘lanish va immun tizimi bilan bog‘liq kasalliklar uchun yangi model tizimini taklif qilish mumkin, deydi Tariyal.

Ayol karavotda yotgan holda qornining pastki qismini ushlab turibdi. U kulrang sviter va ko‘k jinsi shim kiygan, tizzalari ko‘kragi tomon bukilgan. Karavot choyshablari ko‘k rangda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tadqiqotchilar hayz qoni ayollarda uchraydigan qator salomatlik muammolarini, jumladan endometriozni aniqlashga yordam berishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Hayz qoni qandli diabetni aniqlashda ham asqatishi isbotlangan. 2021 va 2024 yillardagi tadqiqotlarda Kaliforniyada joylashgan Qvin startapi tadqiqotchilari hayz qonida o‘lchangan qondagi qandning o‘rtacha miqdori butun organizmdagi qand miqdorini ishonchli aks ettirishini aniqladi.

Ularning xulosalari 2024 yilda birinchi va yagona hayz qoni orqali salomatlikni tekshiruvchi, FDA tomonidan ma’qullangan testga – ular Q-Pad deb ataydigan gigienik prokladkaga yo‘l ochdi. Unda qon yig‘ish uchun olinadigan tasma mavjud bo‘lib, foydalanuvchilar uni tahlil uchun Qvin laboratoriyalariga pochta orqali yuboradi.

Shuningdek, Qvin 2022 yilda Tailandda o‘tkazilgan tadqiqotda mazkur prokladka yordamida to‘plangan namunalar bachadon bo‘yni saratoni xavfini tug‘dirishi mumkin bo‘lgan odam papillomavirusining yuqori xavfli shtammlarini aniqlashda an’anaviy Pap-testiga qaraganda samaraliroq ekanini ko‘rsatdi. Hozirda AQShda ushbu xulosalarni tasdiqlash uchun kengroq miqyosdagi sinov davom etmoqda.

"Bu yildan boshlab sinovda Q-Pad yordamida xlamidiya va gonoreya kabi jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infektsiyalarni skrining qilish imkoniyati ham o‘rganiladi", deydi Qvin hamraisi Mads Lillelund.

So‘ng Lillelund qalqonsimon bez va reproduktiv gormonlar, yallig‘lanish belgilari va hatto SARS-CoV-2 ga qarshi immun reaktsiyasini ko‘rsatadigan antitanachalar kabi salomatlik ko‘rsatkichlariga o‘tishga umid qilmoqda.

Xuddi shunday, Berlinda joylashgan "theblood" startapi hozirda endometrioz, erta menopauza, PKTS va fertillik muammolarini bashorat qilishga yordam beradigan test to‘plamini tasdiqlash jarayonida.

Menstruatsiya inqilobi

Bu yutuqlarga qaramay, hayz qoni haqida hali ko‘p narsa sir bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab tadqiqotchilar fikricha, eng katta jumboq shuki, biz hali ham uning tarkibidagi barcha komponentlarni va ularning hayz paytida qanchalik o‘zgarishi mumkinligini to‘liq aniqlaganimiz yo‘q.

Tadqiqotlar endi kurtak yozmoqda, jarayon sekin kechishiga asosan mavzu atrofidagi madaniy taqiq va andishalar sabab bo‘lmoqda.

"Bu haqda gapirish taqiqlangan mavzu ekani barchamizning ongimizga singgan", deydi Metz.

Tibbiy tadqiqotlarda tarixan erkaklarga ko‘proq e’tibor qaratilgani va ayollar salomatligini o‘rganish uchun mablag‘ yetarli ajratilmasligi ahvolni yanada chigallashtiradi. Dunyo miqyosida ayollar salomatligi bo‘yicha tadqiqotlar 2020 yilda global ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni moliyalashtirishning atigi 5 foizini tashkil etgan.

"Aksariyat dori vositalari asosan erkaklarda, ehtimol, etnik va gender xilma-xilligi kam hisobga olingan oq tanli erkaklarda sinovdan o‘tkazilgan, – deydi Lillelund. – Endometriozdan ko‘ra erkaklardagi soch to‘kilishini davolashga ko‘proq pul sarflanadi".

Endometrioz va boshqa bachadon kasalliklarining og‘riqli kundalik azoblari bilan yashayotgan ko‘plab ayollar, jumladan Baklund ham, bunday tadqiqotlar allaqachon o‘tkazilishi kerak edi, deb hisoblaydi.

"Hayz davrlarim og‘riqli o‘tgani va nima bo‘layotganini tushunolmay qiynalgan kezlarim o‘zimni juda yolg‘iz va yakkalanib qolgandek his qilardim", deydi Baklund.

"Ammo, – deydi u, – agar hayz qoni tadqiqotchilari noinvaziv diagnostika vositasini yarata olsa, kelgusi avlod qizlari, umid qilamanki, tezroq davolanadi va men balog‘at yoshimda boshdan kechirgan jismoniy va hissiy iztiroblardan xalos bo‘ladi".