Kelajakda odamlarning tashqi ko‘rinishi qanday o‘zgaradi?

Surat manbasi, Andriy Onufriyenko/Jackyenjoyphotography /Getty Images
- Author, Ketrin Xitvud Unvan
- Role, BBC Jahon Xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Inson evolyutsiyasi hali ham davom etyaptimi? Kelajakda odamlarning bo‘yi uzunroq yoki aksincha, pastroq bo‘lib ketadimi? Yangi jismoniy xususiyatlar shakllanadimi yoki genetik texnologiyalar tufayli odamlar ma’lum belgilar asosida "loyihalashtiriladimi"?
Sivilizatsiya taraqqiy etgani sayin inson evolyutsiyasiga ta’sir ko‘rsatib kelgan ko‘plab omillar o‘z ahamiyatini yo‘qota boshladi. Bir vaqtlar kasalliklar, ocharchilik va og‘ir iqlim sharoitlari tabiiy tanlanishning asosiy kuchlaridan sanalgan bo‘lsa, bugun zamonaviy tibbiyot, sanitariya, gigiena va oziq-ovqat ta’minotining yaxshilanishi ularning ta’sirini sezilarli darajada kamaytirgan.
Shunga qaramay, Buyuk Britaniyadagi Angliya Raskin universiteti antropologi va evolyutsion genetigi Jeyson Xojsonning ta’kidlashicha, inson evolyutsiyasi "shubhasiz davom etmoqda".
Buning isbotini ayrim genlarning muayyan aholi guruhlarida tobora ko‘proq uchrayotganida ko‘rish mumkin. Biroq evolyutsion o‘zgarishlar odatda ko‘plab avlodlar almashinuvi davomida sodir bo‘ladi. Shu sababli inson o‘z umri davomida bu jarayonni bevosita kuzata olmaydi.
"O‘ta tez sodir bo‘lgan o‘zgarish"
AQShdagi Smitsonian Milliy tabiiy tarix muzeyining paleoantropologi Briana Pobinerga ko‘ra, ovqatlanish tarzi insonning yaqin o‘tmishdagi evolyutsiyasida muhim o‘rin tutgan.
"Bugun dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismi voyaga yetgach ham sutni hazm qila oladi. Ammo bundan 5-10 ming yil avval deyarli hech kimda bunday qobiliyat bo‘lmagan", - deydi u.
Pobinerning ta’kidlashicha, bu inson evolyutsiyasida nisbatan qisqa vaqt ichida ro‘y bergan juda tez o‘zgarishlardan biri hisoblanadi.
Bu xususiyat odamlar sut beruvchi hayvonlarni xonakilashtirgach shakllana boshladi.
Ocharchilik yoki oziq-ovqat tanqisligi davrlarida yog‘ va oqsilga boy sutni hazm qila oladigan kishilarning tirik qolish imkoniyati yuqoriroq bo‘lgan. Shu tufayli ular mazkur genetik xususiyatni keyingi avlodlarga ko‘proq uzatishi natijasida bu gen tez tarqalgan.
Qadimdan tashqi muhit omillari ham inson evolyutsiyasiga ta’sir ko‘rsatib keladi.

Surat manbasi, Sabrina Bracher /Getty Images
Insoniyat minglab yillar avval Afrikadan dunyoning turli hududlariga tarqalganida turlicha iqlim sharoitlariga duch kelgan. Bu esa muayyan jismoniy moslashuvlarni yuzaga keltirgan. Masalan, quyosh nuri, xususan, ultrabinafsha nurlar kamroq tushadigan mintaqalarda D vitamini sintezini ta’minlash uchun teri rangi nisbatan ochroq bo‘lib borgan.
Olim Xojsonning aytishicha, bunday tafovutlar odamlar guruhlarining uzoq vaqt davomida bir-biridan ajralib yashagani natijasida shakllangan.
"Hozir esa migratsiya va globallashuv tufayli odamlar yanada ko‘proq aralashmoqda", - deydi u.
Mutaxassislar fikricha, bu jarayon ma’lum darajada biologik xilma-xillikning qisqarishiga olib kelishi mumkin. Biroq vaziyat har doim ham bu qadar sodda emas.
Xojson o‘rganayotgan hodisalardan biri "o‘xshash juft tanlash"dir. . Bu holatda odamlar o‘zlariga o‘xshash xususiyatlarga ega shaxslarni juft sifatida tanlashga moyil bo‘ladi.

Surat manbasi, imaginima via Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Olimning fikricha, globallashuv ayrim farqlarni kamaytirishi mumkin. Biroq o‘xshash belgilarga ega insonlar o‘zaro juftlashganda, tabiiy tanlanish ta’siri yanada kuchayib, muayyan xususiyatlarning ma’lum aholi guruhlarida saqlanishi yoki kuchayishiga xizmat qilishi mumkin.
Masalan, tadqiqotlar bo‘yi baland insonlarning aksar hollarda o‘zlariga o‘xshash darajada baland bo‘yli turmush o‘rtoq tanlash ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatgan.
"Bo‘y, vazn, yuz tuzilishi va boshqa ko‘plab xususiyatlar bo‘yicha ayrim guruhlarda o‘xshash juft tanlashga moyillik kuzatiladi, boshqalarida esa bunday holat unchalik kuchli emas", - deydi Xojson.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon oxir-oqibat aholi ichida muayyan genlarning qanchalik tez-tez uchrashiga ta’sir ko‘rsatadi.
Buning sabablari faqat biologik emas, balki ijtimoiy va madaniy omillar bilan ham bog‘liq. Masalan, odamlar ko‘pincha o‘z etnik guruhi vakillari bilan oila quradi. Ayni paytda ba’zi jamiyatlarda bu an’analar o‘zgarib bormoqda.
"Inson evolyutsiyasiga ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘plab jarayonlar hozir ham davom etmoqda", - deya xulosa qiladi Xojson.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Evolyutsiyaga ta’sir qilmaydigan tanlovlar
Biroq inson qabul qiladigan har qanday qaror ham evolyutsiyaga ta’sir ko‘rsatavermaydi.
AQShdagi Smitsonian Milliy tabiiy tarix muzeyi paleoantropologi Briana Pobinerning ta’kidlashicha, inson hayoti davomida orttirgan ko‘plab xususiyatlar nasldan-naslga o‘tmaydi.
"Masalan, siz muntazam mashq qilib, baquvvat mushaklarga ega bo‘lishingiz mumkin. Ammo bu farzandlaringiz ham xuddi shunday mushaklar bilan tug‘iladi, degani emas", — deydi u.
Bugungi kunda odamlar tashqi ko‘rinishini tishlarni to‘g‘rilashdan tortib kosmetik va estetik muolajalargacha bo‘lgan turli usullar orqali o‘zgartira oladi. Ammo bunday o‘zgarishlar biologik evolyutsiya emas, balki ko‘proq jamiyatdagi urf-odatlar, moda va go‘zallik me’yorlari ta’sirida yuz beradi.
Xalqaro Estetik Plastik Jarrohlik Jamiyati (ISAPS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyo bo‘ylab jarrohlik va nojarrohlik usulida qariyb 38 millionta estetik muolaja amalga oshirilgan. Bu 2020 yilga nisbatan 40 foizlik o‘sishni anglatadi. Tashkilot o‘tkazgan global tadqiqot esa 2024 yilda qovoq operatsiyasi, blefaroplastika dunyoda eng ommabop estetik jarrohlik amaliyotiga aylanganini ko‘rsatgan.

Surat manbasi, GMint via Getty Images
Daniyadagi Orxus universitetining sobiq dotsenti Tomas Maylundning aytishicha, tashqi ko‘rinishni o‘zgartirish imkoniyatlarining kengayishi inson endi faqat genlari belgilab bergan qiyofa bilan yashashga majbur emasligini anglatadi.
Shu bilan birga, kelajakda tashqi ko‘rinishni o‘zgartirish imkoniyatlari kosmetik muolajalar bilan cheklanib qolmasligi ham mumkin.
Genetik o‘zgarishlarni loyihalashtirish mumkinmi?
Olimlar inson genlarini tahrirlash uchun CRISPR deb ataluvchi texnologiyadan foydalanmoqda. U molekulyar darajada ishlaydigan yuqori aniqlikdagi «qaychi»ga qiyoslanadi. Texnologiyaning bir qismi muayyan DNK bo‘lagini topadi, ikkinchisi esa unda kerakli o‘zgartishlarni amalga oshiradi.
CRISPR texnologiyasi tobora takomillashib bormoqda va hozirning o‘zida ayrim irsiy kasalliklarni, jumladan ba’zi qon xastaliklarini davolashda qo‘llanila boshlangan.
Agar kelajakda bu usul yanada rivojlanib, keng tarqalsa, nazariy jihatdan insonning ko‘plab xususiyatlarini genetik darajada o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Bu holda o‘zgarishlar odatdagidek minglab yillik evolyutsiya natijasi emas, balki ongli ravishda va nisbatan qisqa vaqt ichida amalga oshirilishi mumkin.
Bundan ham muhimi, agar gen tahriri spermatozoid va tuxum hujayralarini hosil qiladigan murtak hujayralarida amalga oshirilsa, mazkur o‘zgarishlar keyingi avlodlarga ham meros bo‘lib o‘tishi mumkin.
Biroq mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday texnologiyalarni to‘liq xavfsiz va ishonchli deb hisoblash uchun hali ancha vaqt kerak. Qolaversa, ular "dizayner chaqaloqlar", ya’ni xususiyatlari oldindan tanlab berilgan farzandlar paydo bo‘lishi, nogironligi bor insonlarga nisbatan kamsitish kuchayishi kabi jiddiy axloqiy savollarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda.

Surat manbasi, Just_Super via Getty Images
Xojsonning fikricha, bugungi kunda odamlarda irsiy o‘zgarishlarni keng ko‘lamda amalga oshirishga qarshi fikr deyarli umumiy konsensusga aylangan.
"Hozircha aksariyat mutaxassislar inson genomini bu maqsadlarda tahrirlash axloqiy jihatdan qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi", -deydi u.
Biroq olim uzoq kelajakda bu qarashlar o‘zgarishi mumkinligini ham istisno qilmaydi.
"Besh ming yildan keyin vaziyat butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin. Agar biz irsiy kasalliklarni bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘lsak, balki o‘sha paytda genomni tahrir qilmaslikning o‘zi axloqiy jihatdan noto‘g‘ri deb baholanar. Hozircha esa vaziyat mutlaqo teskari", — deydi Xojson.
Uning ta’kidlashicha, agar texnologiya keng ommalashsa, kelajakda ota-onalar farzandlarining ayrim xususiyatlarini oldindan tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi ham mumkin.
"Keng ma’noda olganda, inson evolyutsiyasining kelajagi ma’lum darajada odamlarning o‘z qo‘li bilan shakllantiriladigan jarayonga aylanishi mumkin. Ammo biz hali bunday bosqichga yetib kelganimiz yo‘q", - deydi olim.
Xojsonning qo‘shimcha qilishicha, bu sohada hali javobi topilmagan savollar juda ko‘p.
"Umrim davomida menga bunday qarorlarni qabul qilishga to‘g‘ri kelmaydi degan umiddaman", - deydi u.
Yangi inson turi paydo bo‘lishi mumkinmi?
Maylundning aytishicha, atrof-muhitimiz kelajakda qanday o‘zgarishini bilmasdan turib, odamlarning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishini bashorat qilishning iloji yo‘q.
Juda uzoq kelajak haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, insoniyat hatto yangi bir turga aylanib ketishi ham mumkin.
Bundan bir million yil avval Yer yuzida Homo erectus kabi inson turlari yashagan. Bizning o‘z turimiz, Homo sapiens esa taxminan 300 ming yil avval paydo bo‘lgan.
"Demak, yana bir million yil o‘tgach, avlodlarimiz bizdan xuddi Homo erectus bizdan qanchalik farq qilsa, shunchalik farq qilishi mumkin", - deydi Maylund.
Shu bilan birga, u turlar o‘rtasidagi farqlar biz tasavvur qilgandek keskin bo‘lmasligi ham mumkinligidan ogohlantiradi.
Hatto inson turining ikkiga ajralib ketishi ehtimoli ham bor. Masalan, odamlarning bir qismi koinotdagi yangi muhitlarda yashay boshlasa.
"Agar Oyda yashasangiz, u yerda tortishish kuchi past bo‘ladi. Marsda ham tortishish kuchi past. Bunday sharoitga moslashishingizga to‘g‘ri keladi", - deydi Maylund.
Biroq yangi tur shakllanganini haqiqatan kuzatish uchun bunday aholi guruhlari Yerdagi odamlardan ko‘plab avlodlar davomida to‘liq ajralgan holda yashashi kerak bo‘ladi.
Xo‘sh, agar evolyutsiyani tasodif ixtiyoriga tashlab qo‘ymasak-chi?
Genlarimizni texnologiya yordamida o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘layotganini hisobga olgan holda, Maylund masalaga quyidagicha qaraydi:
"Asosiy savol: "Biologiya bizga nima qiladi?" emas, balki "Biz o‘zimiz nimani tanlaymiz?" degan savoldir".
































