Trampning yangi va’dasi: har bir amerikalikka 5000 dollar. Eron urushi-chi?

Video tagso‘zi, Tomosha qiling: Tramp respublikachilar noyabrdagi oraliq saylovlarda g‘alaba qozonsa, har bir katta yoshli amerikalikka 5000 dollar berishini aytdi. (Video ingliz tilida)
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Tramp respublikachilar noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonsa, har bir amerikalikka 5000 dollar va’da qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp agar respublikachilar noyabrdagi oraliq saylovlarda Kongressning har ikki palatasida g‘alaba qozonsa, har bir voyaga yetgan amerikalikka 5000 dollar to‘lashni taklif qilishini aytdi, deya yozadi BBC muxbiri Paulin Kola. Bu reja bir trillion dollardan ortiq mablag‘ talab qiladi.

Bu bahsli va’da prezidentlik muddati o‘rtasida respublikachilar tomonidan o‘tkazilgan birinchi partiya qurultoyida aytildi.

U reja qanday ishlashi yoki pul qayerdan olinishi haqida tafsilot bermadi. Faqat ushbu mablag‘ AQSh ichida sarflanishi kerakligini aytdi.

Demokratlar buni "bo‘sh va’da" deb atashdi. Boshqalar esa bunday va’da qonuniymi, degan savolni qo‘ymoqda.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

AQShda qariyb 270 million katta yoshli fuqaro bor. Bu esa har bir kishiga 5000 dollar berish rejasi davlatga taxminan 1,3 trillion dollarga tushishini anglatadi.

Bu rejani amalga oshirish mumkinmi degan savollar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa AQShda narxlar oshib borayotgan bir paytda. Buning bir qismi AQSh va Isroil fevralda Eron bilan boshlagan urush oqibatlari bilan bog‘lanmoqda.

Eronning javob choralari Fors ko‘rfazidagi AQSh bazalari va ittifoqchilariga hujumlarni o‘z ichiga oldi. Eng muhimi, u dunyo nefti va suyultirilgan gazining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozini deyarli yopib qo‘ydi.

Bu holat butun dunyoda neft narxlarining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi va Tramp o‘z partiyasi tomonidan urushni tugatish uchun bosimga uchramoqda.

Chorshanba kuni AQSh prezidenti tarafdorlarini ogohlantirib, urush oraliq saylovlardan keyingacha tugamasligini va neft narxlari ham shu sababdan tushmasligini aytdi.

U bu fikrlarni Texasdagi chiqishidan oldin bildirdi va qurultoyda ham takrorlab, qisqa muddatli iqtisodiy og‘riq Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish uchun arziydi, dedi.

Ko‘k kostyum, oq ko‘ylak va galstuk taqqan Tramp Dallasdagi qurultoyda nutq so‘zlar ekan, qo‘llarini keng yoydi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Avval ham shunga o‘xshash to‘lovlarni va’da qilgan Trampni Dallasdagi yig‘in qatnashchilari qarsaklar bilan olqishladi.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Texasning Dallas shahridagi respublikachilar qurultoyida Trampning uzoq nutqi mojaroning asosiy nuqtasiga - amerikaliklar turmush darajasiga ta’siriga qaratildi. Uning aholi xarajat qobiliyatini oshirish haqidagi va’dasi zalda qarsaklar bilan qarshi olindi.

"Agar respublikachilar Vakillar palatasi va Senatda g‘alaba qozonsa, har bir katta yoshli AQSh fuqarosiga 5000 dollarlik dividend beraman", dedi Tramp.

"Biz pulni sarflash uchun Kanadaga borishingizni istamaymiz", dedi u.

"Biz pulni sarflash uchun Xitoyga yoki Germaniyaga borishingizni ham istamaymiz. Siz bu pulni Amerika Qo‘shma Shtatlarida sarflashingiz kerak".

Bu xarajatlar qanday nazorat qilinishi hozircha aniq emas.

Bu Tramp bunday to‘lovlarni birinchi marta va’da qilishi emas. U avvalroq tariflardan tushgan mablag‘ hisobidan 2000 dollarlik cheklar berishni taklif qilgan edi.

O‘tmishda boshqa amerikalik siyosatchilar ham saylov muvaffaqiyati evaziga iqtisodiy imtiyozlar va’da qilishgan.

Masalan, Covid-19 pandemiyasi avjida Jorjiya shtatidagi demokratlar partiya Senat nazoratini qo‘lga kiritsa, 2000 dollarlik yordam to‘lovlari berishni va’da qilgan edi.

AQShda davlat xarajatlarini Kongress tasdiqlaydi. Dallasdagi nutqida Tramp bu xarajatlar uchun Kongress ruxsatini so‘raydimi yo'qmi, bu haqda aytmadi. U ushbu to‘lovlarni "Tramp dividendlari" deb atadi.

Biroq umumiy xarajatlardan tashqari, prezidentning bu yangi taklifi huquqiy savollarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Federal qonunlar ovoz berishga ta’sir qilish uchun mo‘ljallangan to‘lovlarni taqiqlaydi.

Biroq ba’zi mutaxassislarning fikricha, Trampning va’dasi soliqlarni kamaytirish haqidagi va’da sifatida baholanishi mumkin.

New York Times bilan suhbatlashgan saylov qonunchiligi bo‘yicha ekspertning aytishicha, Trampning bu va’dasi AQSh Konstitutsiyasining Birinchi tuzatishi kafolatlaydigan so‘z erkinligi himoyasi doirasiga ham kiradi.

AQSh prezidenti Eron urushi noyabrdagi muhim saylovlardan oldin tugamasligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Tramp Eron bilan urush hali davom etishini aytdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Tramp Eron urushi noyabrdagi oraliq saylovlardan oldin tugamasligini aytdi. Shuningdek, u neft narxlari ham shungacha tushmasligini bildirdi. Bu haqda BBC muxbiri Maks Mattsa yozdi.

"Menimcha, urush saylovdan keyin darhol tugaydi, chunki ular bundan ortiq chiday olmaydi", dedi Tramp chorshanba kuni Tehron haqida gapirar ekan.

U Texasga yo‘l olar ekan bu fikrlarni bildirdi va partiyaning tarixdagi birinchi oraliq saylovlar qurultoyida ham takrorladi. Uning ta’kidlashicha, qisqa muddatli iqtisodiy og‘riq Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish uchun arziydi.

Tramp reytinglarining pasayishi va Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha Respublikachilar partiyasi ichidagi bosimga duch kelmoqda.

"Saylovdan keyin neft narxlari keskin pasayadi", dedi Tramp jurnalistlarga.

"Menimcha, bu oraliq saylovlargacha yana biroz vaqt oladi".

Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron "saylov natijasiga ta’sir qilishga juda ham urinayapti. Shunda u yerga zaif odamlar guruhi keladi" dedi u demokratlarga ishora qilib.

"Va ularni tinch qo‘yishadi hamda yadroviy qurollariga ega bo‘lishiga imkon berishadi".

U bu da’vo uchun hech qanday dalil keltirmadi.

Tehron esa bir necha bor yadroviy qurol ishlab chiqishga intilmayotganini aytgan.

Texasdagi qurultoyda Tramp shu fikrlarni yana takrorlab, "Eron bilan urushda g‘alaba qozonishimiz bilanoq" neft narxi tushishini aytdi.

Nutqida u amerikaliklar orasidagi noroziliklarga ham to‘xtaldi.

"Odamlar oldimga kelib, 'Eron urushiga kirmaganingiz yaxshi bo‘lardi. Endi benzin qimmatlashdi', deb aytishadi."

EPA
Odamlar oldimga kelib, ’Eron urushiga kirmaganingiz yaxshi bo‘lardi. Endi benzin qimmatlashdi’, deb aytishadi.
Donald Tramp
AQSh prezidenti ( Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Tramp keyinchalik Eron bilan yana muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini ham aytdi, "lekin bu hozir biz ko‘rib chiqayotgan masala emas".

AQSh prezidenti dastlab urush bir necha hafta davom etishini bashorat qilgan edi.

Hozir yettinchi oyiga kirgan mojaro va uning yoqilg‘i hamda oziq-ovqat narxlariga ta’siri prezidentning reytinglarini keskin pasaytirdi. Shuningdek, hatto uning eng sodiq tarafdorlari tomonidan ham urushni tezroq tugatish talab qilinmoqda.

Oraliq saylovlar 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi va respublikachilar Kongress ustidan nazoratni yo‘qotish xavfiga duch kelmoqda.

So‘nggi kunlarda Yaqin Sharqdagi janglar yanada kuchaydi. Mintaqadagi neft ob’ektlariga hujumlar neft va yuk tashishga bog‘liq barcha mahsulotlar narxining oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Chorshanba kuni neft narxi iyuldan beri birinchi marta bir barrel uchun 100 dollarga yetdi.

AQSh armiyasi chorshanba kuni Eron bilan bog‘liq beshta neft tankeriga hujum qilganini ma’lum qildi.

Tehron esa javoban Hurmuz bo‘g‘ozida AQShning ikki harbiy kemasi va sakkiz neft tankeriga hujum qildi.

Eron davlat OAVlari bu kemalarga "katta zarar" yetkazilganini aytmoqda.

Bir kun avval Yamandagi Eron tarafdori bo‘lgan husiylar Saudiya Arabistonidagi neft ob’ektlariga hujumlar uyushtirar ekan, bir nechta yong‘inlar kelib chiqqan.

O‘tgan oy AQSh va Eron o‘rtasidagi 60 kunlik sulh tugaganidan keyin qayta boshlangan janglar yoqilg‘i narxlari orqali AQShda foiz stavkasi ham oshishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.