Vengriyaning bugun ham tugamagan Mohach jangi - Video

Qilichlar bilan jangga kirishgan otliqlar va piyodalar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Vengriya milliy xotirasida Mohach jangining alohida o‘rni bor
    • Author, Nik Torp
    • Reporting from, Mohach, Vengriya
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

29 avgust Vengriya uchun 1526 yildagi Mohach jangi 500 yilligini xotirlash kuni.

Ushbu jangda mamlakat Usmoniylar imperiyasi tomonidan mag‘lubiyatga uchratilgan edi.

Bu mag‘lubiyat hali ham turli qarash va bahslarga sabab bo‘lib keladi.

Mohach jangi uzoq vaqtdan buyon Vengriya milliy tarixida alohida o‘rin tutib keladi.

Necha-necha avlod 1526 yildagi Usmoniylar imperiyasining hal qiluvchi g‘alabasini Vengriya o‘z mustaqilligidan, farovonligidan va Yevropaning yetakchi davlatlari qatoridagi o‘rnidan ayrilgan palla sifatida talqin qilib keladi.

Biroq Vengriya ushbu jangning 500 yilligini xotirlayotgan paytdagi bahs-munozaralarni faqat o‘tmishga bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Shu yil boshida Viktor Orban hukumatining hokimiyatdan ketishi ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlarni milliy o‘zlik haqidagi turli qarashlar to‘qnashuvi maydoniga aylantirdi.

Natijada, bir necha asr oldingi mag‘lubiyat bugungi siyosiy bo‘linishlarni namoyon qiladigan o‘ziga xos prizmaga aylandi.

Vengriya uchun mag‘lubiyat, Usmonli imperiyasi uchun g‘alaba

Vengriyadagi Mohach jangiga bag‘ishlangan yodgorlik binosi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 1526 yili Usmonlilar armiyasi vengr, polyak, chex, xorvat va nemis yollanma askarlaridan tarkib topgan nasroniylar kuchlarini tor-mor etdi
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Jangning o‘zi atigi uch soatcha davom etgan. 1526 yil 29 avgust kuni Sulton Sulaymon qo‘shinlari vengrlar, polyaklar, chexlar, xorvatlar va nemis yollanma askarlaridan tashkil topgan xristian kuchlarini tor-mor qildi. Kun yakuniga kelib taxminan 20 ming askar halok bo‘lgan edi. Ular orasida Vengriyaning yosh qiroli Layosh II ham bor edi.

Buning oqibatida Vengriya uch qismga bo‘linib ketdi va Yevropaning eng qudratli qirolliklaridan biri sifatidagi maqomini hech qachon to‘liq tiklay olmadi. Usmoniylar nazorati ostidagi Vengriya Markaziy Yevropaga qaratilgan keyingi harbiy yurishlar uchun tayanch hududga aylandi. Keyingi o‘n yilliklar davomida Vena ikki marta Usmoniylar ishg‘oliga duch keldi.

Shu haftada Vengriya Mohach jangining 500 yilligini xotirlaydi. Tadbirlar doirasida jang maydonidagi ommaviy qabrlardan topilgan inson qoldiqlarini oqlash va qayta dafn etish marosimlari ham o‘tkaziladi.

Biroq bu sana endi faqat tarix haqidagi xotira emas.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Orbanning 500 yillikka oid rejalari

Tashqarida, ommaga qarab so‘zlayotgan Vengriya sobiq bosh vaziri Viktor Orban

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Aprel oyidagi saylovda mag‘lubiyatga uchrashidan oldin Viktor Orban hukumati Mohach jangining 500 yilligini keng ko‘lamda nishonlashni rejalagan edi.

Mohach jangining 500 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dastlab Viktor Orbanning «Fides» hukumati tomonidan yirik milliy loyiha sifatida rejalashtirilgan edi. 2023 yilda yo‘lga qo‘yilgan «Mohács 500» dasturi tarixiy xotirani saqlash tadbirlarini mamlakat infratuzilmasiga sarmoyalar kiritish hamda kuchli siyosiy mujda bilan uyg‘unlashtirdi: Vengriya tashqi tahdidlarga qarshi Nasroniy Yevropaning himoyachisidir.

Orban uzoq vaqt davomida o‘zini aynan shu vazifani bajarayotgan siyosiy arbob sifatida ko‘rsatib keldi. 2015 yildagi Yevropa migratsiya inqirozi paytida u Vengriyani ommaviy migratsiyadan Yevropani himoya qilayotgan qal’a sifatida tasvirlagan va bu holatni mamlakatning Usmoniylar imperiyasiga qarshi asrlar davom etgan kurashi bilan tez-tez qiyoslagan.

Iqtibos

Ushbu yondashuvga ko‘ra, Mohach ramziy ma’no kasb etgan: hukumat vakillari ta’kidlashicha, Vengriya mag‘lub bo‘lganiga sabab Yevropaning qolgan qismi unga yordamga kelmaganida edi. Xuddi shu g‘oya rasmiy talqinlarda Vengriya tarixidagi keyingi mag‘lubiyat va muvaffaqiyatsizliklarni izohlashda ham ko‘p bor takrorlandi.

Tisa g‘alabasi va Mohachga bag‘ishlangan rejalar o‘zgarishi

Apreldagi saylovda bugungi Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar safdoshlari bilan minbarda

Surat manbasi, Akos Stiller / Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Apreldagi saylovda Peter Madyar g‘alaba qozondi va Viktor Orban davriga oid ko‘p siyosatlarni bekor qildi

Peter Madyarning "Tisa" partiyasi aprel oyidagi saylovda ishonchli g‘alabaga erishgach, Mohach jangi 500 yilligini xotirlash maqsadida olib borilayotgan tadbirlarning ruhini tubdan o‘zgartirdi. Yangi hukumat loyiha bilan bog‘langan ko‘plab millatchilikka oid mavzulardan voz kechishga qaror qildi hamda avvalgi ma’muriyatni davlat mablag‘larini noto‘g‘ri sarflaganlikda tanqid qildi.

Dunay daryosi ustidagi Layosh II ko‘prigi jangni xotirlash munosabati bilan amalga oshirilgan eng bahsli loyihalardan biriga aylandi.

Surat manbasi, Nagy Mihály / magyarepitok.hu

Surat tagso‘zi, Dunay daryosi ustidagi Layosh II ko‘prigi jangni xotirlash munosabati bilan amalga oshirilgan eng bahsli loyihalardan biriga aylandi.

Mohachda Dunay daryosi ustida qurilishi rejalashtirilgan 813 million Yevroga teng Layosh II ko‘prigi eng katta bahslarga sabab bo‘lgan loyihalardan biri hisoblanadi.

Yangi hukumat ko‘prik qurilishini to‘xtatib qo‘ydilar.

Yangi hukumatga ko‘ra, loyiha xarajatlari dastlabki hisob-kitoblarga nisbatan keskin oshib ketgan va u asosan siyosiy aloqalarga ega tadbirkorlarga manfaat keltirgan.

Viktor Orban hukumati qurishni boshlagan va bugunga kelib to‘xtatib qo‘yilgan Dunay daryosi ustidagi Layosh II ko‘prigining osmondan ko‘rinishi

Surat manbasi, Nagy Mihály / magyarepitok.hu

Ushbu ko‘prik qurilishi tarafdorlari uni muhim infratuzilma ob’ekti deb hisoblaydilar.

Tanqidchilar esa uni "hech qayerga olib bormaydigan" isrofgarchilik ramzi deb atamoqdalar.

Hozircha mazkur tadbir bilan bog‘liq holda tugallangan va eng ko‘zga ko‘rinarli loyiha sifatida Mohach shahrida ochilgan ko‘p qavatli avtoturargoh tilga olinayapti.

Bugunning siyosiy janglari

1526 yil Mohach jangiga bag‘ishlangan oq qora surat.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Mohach jangining eng yirik talofotlaridan biri Vengriyaning o‘sha zamondagi hukmdori Qirol Layoshning o‘ldirilishi deb ko‘riladi

An’anaviy qarashlarga ko‘ra, Vengriyaning qulashiga qirol Matyash Korvin hukmronligidan keyin yuzaga kelgan ichki bo‘linishlar sabab bo‘lgan.

U barpo etgan kuchli markazlashgan davlat uning vorislari davrida zaiflashgan.

Biroq bu fojia uchun mas’uliyat masalasi hanuzgacha juda nozik va bahsli mavzu bo‘lib qolmoqda.

Endi bahslar sobiq hukumatning axborot siyosatida muhim o‘rin tutgan Rubicon instituti tomonidan suratga olingan "Mohach: Olamlar to‘qnashuvi" hujjatli filmiga ham ko‘chgan.

Ushbu film yubiley yilining asosiy loyihalaridan biri sifatida taqdim etilgan edi.

Tanqidchilar filmni siyosiy maqsadlarga xizmat qiladigan, juda qimmatga tushgan (taxminan 870 ming yevro sarflangan) va tarixni bir tomonlama yoritgan asar sifatida qoraladilar.

Vengriyalik tarixchi Norman Pap (chapda) Bi-bi-si muxbiri Nik Torp (o‘ngda) bilan 500 yil oldin jang bo‘lib o‘tgan joyda suhbatlashdi.
Surat tagso‘zi, Vengriyalik tarixchi Norman Pap (chapda) Bi-bi-si muxbiri Nik Torp (o‘ngda) bilan 500 yil oldin jang bo‘lib o‘tgan joyda suhbatlashdi.

Pech universiteti professori va Mohach jangi 500 yilligiini xotirlash tadbirlari dasturi maslahatchisi Norbert Papning aytishicha, film vengrlar so‘nggi besh asr davomida o‘z nazoratidan tashqaridagi kuchlarning qurboni bo‘lib kelgani haqidagi an’anaviy milliy qarashni yanada mustahkamlaydi.

Professor Pap fikricha, bu Mohach jangining asosiy sabog‘ini nazardan chetda qoldiradi. Uning ta’kidlashicha, oradan besh yuz yil o‘tgach, bu jang qarorlar, xatolar va mas’uliyat haqida mushohada yuritishga undashi kerak. Ammo bugun u tarix emas, balki hozirgi Vengriya haqidagi bahsga aylangan.

Istanbuldan qaraganda esa munosabat ancha xotirjam.

«Mohach jangining 500 yilligi Turkiyada unchalik katta yangilik emas», deydi turkiyalik tarixchi O‘zgur Kolchak.

«Albatta, bu Sulton Sulaymon uchun buyuk g‘alaba bo‘lgan, ammo u ko‘plab g‘alabalardan biri xolos».

Shu bilan birga, doktor Kolchakning aytishicha, bu jang Vengriya uchun mutlaqo boshqacha tarixiy meros kasb etishini tushunish mumkin.

Vengriyaning amaldagi ijtimoiy aloqalar va madaniyat vaziri Zoltan Tarr
Surat tagso‘zi, Vengriyaning amaldagi ijtimoiy aloqalar va madaniyat vaziri Zoltan Tarr Bi-bi-siga bergan intervyusida aytishicha, jamiyat o‘tmishdan kelajakka olg‘a qarab harakat qilishi kerak.

"Tisa" partiyasining saylovdagi g‘alabasidan keyin madaniyat vaziri etib tayinlangan Zoltan Tarr ham o‘tmish haqida mulohaza yuritish olg‘a intilishga yordam beradi, degan fikrda.

Uning aytishicha, Vengriya jamiyatining «ulkan kuchli jihatlari» bor, jumladan, hamkorlik qilish qobiliyati shulardan biridir.

«Men bu xotira tadbirlari uzoq muddatli ta’sirga ega voqea bo‘lishiga qat’iy ishonaman», deydi u Bi-bi-siga bergan intervyusida.

«Ayniqsa, ular bizga qayg‘uli va og‘ir o‘tmishdan haqiqatan ham uzoqlashish imkonini beradi.

Va umidlarga boy kelajagimiz sari qadam tashlashimizga yordam beradi».