O‘zbekiston: Bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash kerakmi yo chegaralash? Video

Qo‘llarida mobil telefonlarni ushlab turgan o‘smirlar

Surat manbasi, Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 6 daq

O‘zbekistonda 16 yoshga yetmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi, endi loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Qonun ijodkorlariga ko‘ra, bu boradagi ham jahon tajribasi, ham O‘zbekistondagi o‘ziga xosliklarni inobatga olishga harakat qilganlar.

Va qonun qabul qilinib kuchga kirganidan keyin naqadar samara berishi o‘rganiladi.

O‘zbekiston jamiyatida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishlariga nisbatan yondashuv qanday bo‘lmog‘i kerakligi borasidagi bahs-munozaralar, muhokamalar allaqachon boshlangan.

O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova ta’kidlashicha, mamlakatda bolalarni telefondan to‘liq cheklash emas, balki undan foydalanish madaniyatini shakllantirish va xavfsizlikni ta’minlash maqsad qilingan.

Chunki jahon tajribasi to‘liq taqiq zamonaviy dunyoda haddan ziyod keskin chora bo‘lib, har doim ham ko‘zlangan natijani bermayotganini ko‘rsatayapti.

Bugungi kunda yoshi 16 dan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni to‘liq taqiqlagan mamlakatlar Avstraliya, Malayziya va Frantsiya bo‘lib, Avstraliyadagi o‘smirlar hukumat cheklovlarini qanday qilib chetlab o‘tib yana raqamli makonga kirganlari taassurotlari bilan maqtandilar.

Ayni paytda "Internet bolalar uchun faqat zarar, ularni Internetdan uzoq tutish lozim" degan yondashuv ham noto‘g‘ri.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarga taalluqli qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida qatnashgan Bolalar ombudsmani instituti ana shu masalada o‘tkazgan surishtiruvi natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

So‘rovda yoshi 10 dan 17 gacha bo‘lgan 245 ming maktab o‘quvchisi qatnashgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bolalarning aksariyati Internetdan qanday foydalanishning zarur malakalariga egalar va asosan o‘quv maqsadida Internetdan foydalanadilar.

O‘zbekistonlik bolalarning 94 foizi Internetdan foydalanishlarini, ularning yarmi muntazam foydalanishini aytganlar.

So‘ralganlarning 66 foizi Internetdan foydalanishidan ko‘zlagan maqsadi bilim olish yoki chet tilini o‘rganish ekanini bildirgan.

Dunyoning boshqa mamlakatlaridagi singari o‘zbekistonlik bolalarning ham 26 foizi Internetdan o‘rtoqlari bilan muloqot maqsadida foydalanar ekanlar.

Ayni paytda bolalarning 16 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalarini bilmasliklarini, 9 foizi onlayn zo‘ravonlik tahdidlaridan bexabar ekanliklarini tan olganlar.

Shuning uchun ham O‘zbekiston Bolalar ombudsmani instituti bolaning o‘zi uchun foydali axborotga ega bo‘lishi huquqi hamda bola Internetdan olishi mumkin bo‘lgan zarar o‘rtasida muvozanatni topish zarur deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Bolalar ombudsmani yondashuvi qanday?

Iqtibos

"Bu masalada bir qancha e’tiborli jihatlar mavjud. Xususan, bugungi global axborot zamonida dolzarb muammo o‘rtaga chiqadi – bolaning axborotga ega bo‘lish erkinligi va bolani zararli axborotdan himoyalash o‘rtasidagi muvozanatni aniqlash. Bu esa nihoyatda murakkabdir", deydi Bolalar ombudsmani Surayyo Raxmonova.

"Bugungi kunda ko‘plab xorijiy davlatlar, ayniqsa, bola huquqlari ta’minlanishiga ustunlik bergan mamlakatlar ham o‘smirlar hayotida ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni haddan tashqari katta ekanligi va bolaning psixo-emotsional salomatligi uchun salbiy oqibatlar darajasi baland ekanligidan kelib chiqib, bolalarga internet tarmog‘ida qat’iy cheklovlar o‘rnatish yo‘lidan bormoqdalar, ya’ni, tanlov bolaning salomatligi, virtual emas, real va sog‘lom muloqot muhitida o‘sib-ulg‘ayishi tomon qilinmoqda.

E’tiborlisi, nafaqat O‘zbekistonda balki global miqyosda bolalarning internet orqali turli shakldagi onlayn-zo‘ravonlikka duchor bo‘lish xavf-xatarlari ham kun sayin oshib bormoqda.

Jumladan, hozirda ijtimoiy tarmoqlar bola ruhiyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini, internet ko‘p jihatdan bolalarning sog‘lig‘iga zararli axborotlarni tarqatish manbasiga aylanganligini inobatga olib, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini muayyan chegaralash orqali tartibga solish masalasi o‘rganilmoqda.

Shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘ida 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilishida bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish choralarini takomillashtirish hamda bolaning tasvirga bo‘lgan huquqini muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, bu masalada pozitsiyamiz shundan iboratki, ijtimoiy tarmoqlarga nafaqat cheklov va taqiq qo‘yish, balki bolalar uchun muqobil bo‘lgan yangi milliy ijtimoiy platformalar yaratish, global makondan milliy raqamli maydonga bolalarni qiziqtirib, uyg‘un olib kirish, muhimi esa bolalarda raqamli gigiena ko‘nikmalarini shakllantirish zarur hisoblanadi.

Bundan tashqari, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bo‘yicha muayyan cheklovlarni belgilash masalasida ota-onalarning mas’uliyatini oshirish nihoyatda muhim.

Buning uchun esa nafaqat huquqiy choralar, balki institutsional yechimlar hamda fuqarolarimizning ijtimoiy ongi bilan faol ishlash talab etiladi", deyiladi O‘zbekiston Bolalar ombudsmani bayonotida.

Dunyo nima qilayapti?

Mobil telefondagi ijtimoiy tarmoqdan foydalanayotgan inson qo‘li

Surat manbasi, PA

Surat tagso‘zi, Bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishidan butun dunyo tashvishda

Avstraliya

Avstraliya 2025 yil dekabridan yoshi 16 dan kichkina bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga to‘liq taqiq kiritdi.

Oradan bir oy o‘tib Facebook va Instagram egasi bo‘lgan Meta shirkati yarim million akkauntni o‘chirganini e’lon qildi.

Biroq Avstraliya siyosatchilari taqiq ijrosi ko‘ngildagidek bo‘lmaganini tan oldilar.

Malayziya

Malayziya ham to‘liq taqiq joriy qilgan mamlakat bo‘ldi.

2026 yil 1 iyundan kuchga kirgan qoidalarga ko‘ra, 16 yoshdan kichik bolalar Facebook, Instagram, TikTok, YouTube kabi asosiy ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ocha olmaydilar va mavjud akkauntlarini ham saqlab tura olmaydilar.

Platformalar yoshni tekshirishi va 16 yoshgacha bo‘lganlarni bloklashi shart.

Qonunni buzgan kompaniyalar katta jarimalarga tortilishi mumkin.

Braziliya

2026 yil martdan kuchga kirgan qonunga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lganlar ijtimoiy tarmoqda akkauntdan foydalanishi uchun qonuniy vasiy yoki ota-ona bilan bog‘lanishi kerak. Shuningdek, bolalar uchun ayrim "qaramlik keltirib chiqaruvchi" funktsiyalar cheklanadi.

Germaniya

13–16 yoshlilar ijtimoiy tarmoqlardan faqat ota-onasining roziligi bilan foydalanishi mumkin.

Xitoy

Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamadi, ammo yoshi kichiklarga mo‘ljallangan tartib orqali bolalarning ekran vaqti, kontent va onlayn faollikka qat’iy cheklovlar o‘rnatdi.

Daniya

Daniya hukumati 15 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejasini e’lon qilgan. Ayrim platformalarga 13 yoshdan boshlab ota-ona ruxsati bilan kirish ko‘zda tutilgan.

Avstriya

Avstriya hukumati 14 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha qonun tayyorlayotganini ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya

Britaniyada hozircha taqiq joriy etilmadi. Biroq hukumat Avstraliya modeliga o‘xshash 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun cheklovlarni muhokama qilmoqda. Britaniya hukumati Meta kabi ijtimoiy tarmoq platformalaridan bolalarni cheklash talab qilayotgan bir vaqtda platformalar bu talabni mobil telefon ishlab chiqaradigan Apple kabi shirkatlar oldiga qo‘yish kerak demoqda.

Ozarbayjon

2026 yil iyun oyi oxirida Ozarbayjon parlamenti qonunga o‘zgartirishlar kiritdi. Ularga ko‘ra:

  • 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanadi;
  • 16–18 yoshdagilar faqat ota-ona yoki qonuniy vasiy roziligi bilan akkaunt ochishi mumkin;
  • platformalar yoshni tekshirishi shart;
  • qonun rasman e’lon qilinganidan keyin 12 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 16 yoshdan kichiklarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqildi, ammo qonun hali qabul qilingani yo‘q. Loyihaga ko‘ra:

  • 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanishi mumkin;
  • WhatsApp va Telegram kabi messenjerlar istisno qilinishi mumkin;
  • yoshni tekshirish mexanizmlari joriy etilishi rejalashtirilgan;
  • platformalarning qonuniy vakili Qozog‘istonda bo‘lishi talab qilinishi mumkin.

Frantsiya

21 iyul kuni Parijda ijtimoiy tarmoqlarga bag‘ishlangan Frantsiya qonuni uchun ovoz berish payti

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yoshi 15 dan kichiklaga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlash qonunini Frantsiya parlamentining ikki palatasi ma’qulladi

21 iyul kuni Frantsiya parlamentining ikki palatasi - Senat va Milliy Assambleya yoshi 15 dan kichiklarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlaydigan qonunni qabul qildi.

Bolalarning mobil telefonlarini o‘chirish chaqirig‘i bilan chiqqan Prezident Emmanuel Makron ushbu qadamni olqishladi, u yangi tartibning yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin kuchga kiritilishni istaydi.

Frantsiya Avstraliya va Malayziyadan keyin bolalarning Facebook, ​Snapchat, TikTok va YouTube kabi platformalardan foydalanishini to‘liq taqiqlagan navbatdagi mamlakat bo‘ldi.

Frantsiya yangi qonunchiligiga binoan, yoshi 15 dan kichiklarning 1 sentyabrdan boshlab ijtimoiy tarmoq akkauntlarini ochishlariga izn berilmaydi.

Sotsial media platformalariga allaqachon ochilgan akkauntlarni o‘chirishlariga yana to‘rt oy muhlat beriladi.

Platformalarning Frantsiyaning shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish regulyatori ma’qullovidan o‘tgan yosh tasdiqlashiga tayanishi talab etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlar platformalari to‘liq taqiqlashga qarshi bo‘lib keladilar, "biz allaqachon yoshi kichkinalarni muhofaza qilish choralarini ko‘rayapmiz", deydilar.

Lekin ular har qaysi mamlakat qonunchiligiga bo‘ysunishlarini aytadilar.

Yevropa Ittifoqi

2026 yil 13 iyul kuni Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash bo‘yicha YeI miqyosida yangi yondashuv tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Bu bayonot bolalarning onlayn xavfsizligi bo‘yicha maxsus ekspertlar guruhi hisoboti taqdim etilgan kuni yangradi.

"Masala bolalar ijtimoiy tarmoqlarga kira oladimi-yo‘qmi degani emas. Masala — ijtimoiy tarmoqlar qachon va qanday qilib bizning bolalarimizga yeta olishidadir", dedi Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen.

Yondashuv mazmuni shundan iboratki, Yevropa Ittifoqi Avstraliya uslubidagi taqiqdan ko‘ra, "bosqichma-bosqich va yoshga mos kirish" modelini ko‘rib chiqmoqda.

Yevropa Ittifoqining bolalarning onlayn xavfsizligi bo‘yicha maxsus ekspertlar guruhi shunday model tavsiya qildi:

  • 0–3 yosh: ekranlardan umuman foydalanmaslik;
  • 3–12 yosh: ijtimoiy tarmoqlar va raqamli xizmatlardan faqat ota-ona yoki o‘qituvchi nazorati ostida foydalanish;
  • 13 yoshdan keyin: faqat xavfsizligi isbotlangan platformalarga bosqichma-bosqich mustaqil kirish huquqi berish;
  • 13–18 yosh: yosh kattalashgani sari huquqlarni asta-sekin kengaytirish.

Ekspertlar, ayniqsa, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun «Social Media plus» deb atalgan toifani cheklashni taklif qildilar. Bu faqat Instagram yoki TikTok emas, balki algoritmlar asosida ishlaydigan ayrim video platformalar, AI chatbotlar va bolani ekranda uzoq ushlab turadigan boshqa raqamli xizmatlarni ham qamrab olishi mumkin.

Yevropa Komissiyasi platformalar zimmasiga ko‘proq mas’uliyat yuklashni taklif qilmoqda. Fon der Lyayenga ko‘ra, platformalar o‘z xizmatlari bolalar uchun xavfsiz ekanini isbotlashlari kerak.

Hozircha Yevropa Ittifoqida yagona yosh chegarasi rasman belgilangan emas. Ammo Komissiya 2026 yil kuzida qonun loyihasini taqdim etishni rejalashtirgan. Sentyabr oyida qonun loyihasining asosiy parametrlari e’lon qilinadi.