Putin, Si va Modi Bishkekda uchrashadi, Mirziyoyev ham – Qirg‘iziston poytaxtiga minglab militsiya xodimi tashlandi

Xitoy, Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari.

Surat manbasi, SERGEI BOBYLYOV/SPUTNIK/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti dunyoning to‘rt yadroviy qudrati - Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokistonni o‘z ichiga oladi.
Published
O'qilish vaqti: 8 daq

Bishkekdagi sammit oldidan yoki kim nimaning ilinjida?

Diqqat-e’tibordagi sammit

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti dunyoning to‘rt yadroviy qudrati - Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokistonni o‘z ichiga oladi.

Osiyoning eng yirik davlatlari va iqtisodlarini birlashtiradi.

Tashkilot mintaqaning dunyodagi eng qudratli harbiy alyans – NATO'siga ham qiyos beriladi.

Xitoy va Rossiya shamsiyasi ostidagi yirik mintaqaviy blok sanaladi.

U 3.5 milliardga yaqin kishini o‘zida mujassam etadi.

Jahon Yalpi Ichki mahsulotining qariyb chorak qismi bitta shu blokning o‘ziga to‘g‘ri keladi.

10 ta to‘laqonli a’zo, yana muloqot bo‘yicha hamkor va kuzatuvchi maqomidagi qator davlatlardan tashkil topgan.

Ularning sirasiga to‘rt Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham kiradi.

Yana yaqin-yaqingacha yirik mintaqaviy o‘yinchilardan biri sanalgan Eron, Rossiyaning hozir postsovet hududidagi eng yaqin ittifoqchisi ko‘riluvchi Belarus ham.

Ammo yadroviy qudrat bo‘lgan aksariyat a’zolari, yillarki, o‘zaro adovatda, munosabatlari tang.

Shunisi bilan ham, yillarki, chetda o‘ziga e’tibor tortib keladi, faoliyatining samarasi turli tahlil va baholarga sabab bo‘ladi.

Boshqalari esa urush ichida, yana birlari qurolli mojarolarga bosh suqqan.

Bugungi ahvol

Rossiya-Ukraina urushi.

Surat manbasi, Diego Fedele/Getty Images

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Rossiya va Eron hozir urush holatida.

Qariyb besh yildirki, Rossiya Ukraina bilan urushib keladi.

Eron esa yaqinda AQSh va Isroilning keng ko‘lamli hujumlari ostida qolgan.

Yadroviy Pokiston Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan ters.

Yaqinda ularga qarshi "ochiq urush" e’lon qilgan.

Tolibonni "yakson" etish maqsadini izhor etgan.

Harakat qudratga qaytgan 2021 yilgacha Afg‘oniston Shanxay Hamkorlik Tashkiloti qoshida kuzatuvchi maqomida bo‘lgan.

Tolibon hukumatini ham hozircha xuddi shu tashkilotga a’zo Rossiyagina rasman tan olgan.

O‘tgan besh yil davomida ShXT sammitlari Afg‘onistonsiz o‘tgan.

Xabarlarga ko‘ra, bu galgisi ham shunday bo‘ladi.

Bishkek shu kunlarda tashkilotning yubiley sammitiga mezbonlik qiladi.

Sammit mintaqadagi xuddi shu urushlar bois dunyoda geosiyosiy tanglik keskinlashgan bir paytda bo‘lib o‘tadi.

Sanoqli yillarning o‘zida shakllangan bu kabi vaziyatga Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari ham befarq emas.

O‘z xavotirlarini rasman va oshkora izhor etib kelishadi.

Buning o‘z mintaqalariga ta’siri va oqibatidan qanchalik tashvishda ekanliklarini ham yashirishmaydi.

Oliymaqom yig‘in arafasida mintaqadagi o‘zaro adovatda bo‘lgan ikki yirik o‘yinchi davlat – Xitoy va Hindiston yetakchilari esa ketma-ket ikki Markaziy Osiyo mamlakatiga safar qilishgan.

Hindiston Bosh vaziri davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan.

Xitoy prezidenti esa xuddi shunday tashrifini mezbon Qirg‘izistonga amalga oshirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Bishkekda ekan, Xitoy prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Qirg‘iziston bilan munosabatlaridagi "oltin davr"dan so‘z ochgan.

O‘zbekiston va Hindiston esa poytaxt Toshkentda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilga qadar 5 milliard AQSh dollariga yetkazish niyatini izhor etishgan.

Tomonlar 30 kunlik vizasiz rejimni joriy etishga ham kelishib olganliklariga oid xabarlar olingan.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida bunday tartib allaqachon amalda.

Xitoy bugun aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari kabi O‘zbekistonning ham eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori bo‘ladi.

So‘nggi ikki asrcha Rossiyaning ta’siri ostida, deb ko‘rilgan mintaqada Xitoy mavqeining kuchayib borayotgani esa bugun rad etib bo‘lmaydigan voqe’likka aylangan.

Ammo mintaqa uchun ham anchayin hassos davrda O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi yirik Markaziy Osiyo davlatlari imkon qadar ko‘p qutbli tashqi siyosat yuritish mavqeida qat’iy ko‘rinishadi.

Putinning Bishkekka yetib borgani yoki yo‘qligi hozircha ma’lum emas, bu haqda halicha rasmiy xabarlar ko‘zga tashlanmagan.

Shu soatlarda O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga jo‘nab ketgani xabari olingan.

Sammitning asosiy tadbirlari ertaga, 1 sentyabr kuniga rejalangan.

Qirg‘izistonda bo‘lgan muxbirimizning aytishicha, davlat tashrifiyu sammit sabab, poytaxt Bishkekda favqulodda xavfsizlik choralariga qo‘l urilgan.

Bishkekdagi vaziyat

Qirg‘iziston prezidenti huquq-tartibot xodimlariga murojaat etmoqda.

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, "Poytaxt Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 31 avgust kuni poytaxt ko‘chalarida 15 mingdan ziyod militsiya xodimi navbatchilik qilmoqda."

Sanjar Eraliev

BBC, Bishkek, Qirg‘iziston

"Xitoy rahbari Si Szinpinning Qirg‘izistonga davlat tashrifi va Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti arafasida Bishkekda xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Poytaxt Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 31 avgust kuni poytaxt ko‘chalarida 15 mingdan ziyod militsiya xodimi navbatchilik qilmoqda.

Odatda odamlar gavjum bo‘ladigan Ala-Too maydonida asosan sayyohlarni ko‘rish mumkin. Poytaxtning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan Chuy ko‘chasida esa avtomobillar harakati to‘xtatilgan. Boshqa ko‘chalarda ham vaqti-vaqti bilan harakat cheklanmoqda.

Markaziy yo‘llar bo‘ylab o‘nlab militsiya xodimlari navbatchilik qilyapti. BBC muxbiri kuzatuviga ko‘ra, katta ko‘chalarga tutash yo‘llarning boshlarida va bekatlarda ham qo‘shimcha xavfsizlik xodimlari joylashtirilgan.

Rasmiylar xavfsizlik choralarining bunday kuchaytirilishiga oid alohida izoh bermagan.

28 avgust kuni prezident Sadir Japarov poytaxtda xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik va xavfsizlik choralarini tekshirgan.

U xavfsizlik kuchlari oldida turgan asosiy vazifalardan biri xalqaro tadbirlar vaqtida jamoat tartibini ta’minlash, Qirg‘iziston fuqarolari va xorijlik mehmonlar xavfsizligini saqlash ekanini aytgan.

ShHT sammiti oldidan Bishkekning markaziy ko‘chalarida obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari ham olib borilgan. Ayrim ko‘priklar yangilangan, yo‘l bo‘yidagi eski ko‘p qavatli binolar ta’mirlangan. Ulardagi balkonlar buzilib, yangilariga almashtirilgan.

Bishkek
rasmiy
Prezident ma’muriyati matbuot kotibi esa aholini tadbirlar vaqtida "madaniyatli bo‘lishga" chaqirgan. Bu tavsiyalar jamoatchilikning ayrim qismi tomonidan tanqid qilingan.
Sanjar Eraliyev
BBC, Bishkek, Qirg‘iziston (batafsil: bbc.com/uzbek da.)

ShHT sammiti 1 sentyabrь kuni Bishkekda o‘tkaziladi. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Orasida Rossiya va Eron kabi urush va mojarolar markazida turgan mamlakatlarning prezidentlari ham. Bir kun avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Bishkekka borgan.

Shanhay Hamkorlik Tashkilotining Bishkekdagi sammiti "ShHTga 25 yil: barqaror tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari birgalikda" shiori ostida o‘tadi.

Avvalroq rasmiylar Bishkek aholisiga avgust oxiri va sentyabr boshida, imkoni bo‘lsa, shahardan boshqa hududlarga chiqib ketishni tavsiya qilgan edi. Prezident ma’muriyati matbuot kotibi esa aholini tadbirlar vaqtida "madaniyatli bo‘lishga" chaqirgan. Bu tavsiyalar jamoatchilikning ayrim qismi tomonidan tanqid qilingan.

31 avgust kuni shaharni ommaviy tark etish kuzatilmadi. Ammo Bishkek ko‘chalarida avtomobillar tirbandligi kamaygan. Avtobuslar soni qisqargan yoki ayrim yo‘nalishlar o‘zgartirilgan. Bozorlar va savdo markazlari yopiq.

Shu kuni Bishkekda Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘ladi. Unda sammit mehmonlari ham ishtirok etadi. Bishkekda kuchaytirilgan xavfsizlik choralari kamida yana bir kun davom etadi.

31 avgust - Qirg‘iziston Mustaqillik kuni. Ammo bayram tadbirlari Bishkekda emas, 15 sentyabr kuni Talas viloyatida o‘tkaziladigan bo‘lgan."

Bishkekdan tayyorlangan videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Kim nimaning ilinjida?

ShHT sammiti arafasidagi Bishkek.

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Bishkek Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yubiley sammitiga mezbonlik qiladi. Kechayotgan yilda tashkilotga asos solinganiga 25 yil bo‘ladi.

Sammit arafasida olingan xabarlarga ko‘ra, unda ko‘p masalalar muhokama etiladi.

Yig‘in tegrasida bo‘lsa ham, xalqaro va mintaqaviy miqyosdagi yirik qurolli mojarolarni ham o‘z ichiga oladi.

Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilinadi.

Ukraina urushi ham bir chetda qolmaydi.

Afg‘oniston masalasiga ham e’tibor qaratiladi.

Afg‘oniston ShXT uchun uzoq vaqtdan buyon ustivor masala.

Tashkilot terrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va chegaralar xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda.

Yana Hindistonning Xitoy va Pokiston bilan munosabatlari ham muhokama etilishi mumkin.

Bu esa tashkilotning o‘z ichidagi ayrim ziddiyatlarni ham kun tartibiga olib chiqishi ehtimoli bor.

Shu bois, Si va Modi o‘rtasidagi uchrashuv ham diqqatni tortishi aniq.

Tomonlar bahsli chegara hududlari yuzasidan kelisholmay kelishadi.

Yillarki, o‘zaro munosabatlari tang.

Bishkekdagi sammitda Hindiston va Pokiston yetakchilari ham yuz ko‘rishishadi.

Bu ikki davlat ham o‘zaro adovatda.

Bunda ziddiyatli Kashmir mintaqasi ko‘proq o‘rin tutadi.

Xabarlarga ko‘ra, Putin Si bilan ham muloqot qilishi mumkin.

Ukraina urushi va G‘arbning bosimi so‘nggi yillarda bu ikki an’anaviy ittifoqchini yanada yaqinlashtirgan.

Ayrim tahlillarga tayanilsa, kutilayotgan muloqot ikkovlonning ShHT doirasida o‘zaro hamkorlikni qanday muvofiqlashtirishi haqida ham tasavvur beradi.

Orada AQShning Xitoy va Hindiston vositasida Rossiyani Ukraina urushiga chek qo‘yish urinishlari ish bermagan.

Hindiston ham Xitoy va Eron kabi Rossiyaning an’anaviy ittifoqchilari sirasiga kiradi.

Yana Osiyo bo‘ylab o‘tuvchi savdo va energetika yo‘laklari kabi iqtisodiy masalalar ham ertangi sammit kun tartibidan o‘rin olishi aytilgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Boshqa muhim uchrashuvlar

Eron va Rossiya prezidentlari

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ

Surat tagso‘zi, Eron Rossiyaning Yaqin Sharqdagi eng yaqin va an’anaviy ittifoqchisi.

Eron prezidentining ham Putin bilan uchrashishi kutilmoqda.

Eron Rossiyaning Yaqin Sharqdagi eng yaqin va an’anaviy ittifoqchisi.

Yaqinda AQSh va Isroilning hujumlari ostida qolgan.

Vashington Eronga o‘zining iqtisodiy bosimlarini ham kuchaytirgan.

Ittifoqchilariga qarshi ikkilamchi sanksiyalarini kengaytirishini ham aytgan.

Erondagi vaziyat Kremlning diqqat-e’tiborida.

Orada Putin Trampga vositachilik qilish taklifi bilan ham chiqqan.

Ammo taklifi rad etilgan.

Ikki o‘rtada imzolagan bitimlari esa Rossiyani Eronni harbiy jihatdan qo‘llashga mas’ullamaydi.

Ammo G‘arb Eronni Ukrainaga qarshi urushida Rossiyani dastaklashda ayblaydi.

Ayrim xalqaro ekspertlarga ko‘ra, Rossiya, ta’bir joiz, o‘zlariga berilgan bu yordamning "mas’uliyati"ni yaxshi his etadi.

Shu dushanbaga o‘tar kechasi AQSh yana Eronga hujum qilgan.

Tehron ham ularning bu hujumlarini bejavob qoldirmagan.

Voqealarning bu rivoji ham Bishkekdagi sammit kunlariga to‘g‘ri kelgan.

Bir oylik tanaffusdan keyin amalga oshgani bilan mintaqada xavotirlarga ham sabab bo‘lgan.

Eron prezidentining Xitoy yetakchisi bilan ham muloqot qilishiga oid xabarlar bor.

Xitoy Eron neftining asosiy xaridori.

So‘nggi mojaroga befarq emas, ammo qat’iy diplomatik mavqe’da.

Shu kunlarda Eron urushidan aynan Xitoyning yutganiga oid tahlillar ham bo‘y ko‘rsatgan.

Xitoy AQSh bilan birga joriy paytda dunyoning eng yirik iqtisodiy va harbiy qudratidan bittasi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng yirik geosiyosiy raqibi.

Eron Markaziy Osiyo mintaqasiga ham bevosita chegaradosh.

Markaziy Osiyoga qo‘shni Afg‘onistonga ham.

Mintaqa uchun deyarli har tomonlama muhim davlat, savdo yo‘li.

Ammo hozircha mintaqa davlatlari poytaxtlarining so‘nggi vaziyat yuzasidan biror bir rasmiy bayonot bilan chiqqanliklari ko‘rilmaydi.

Eron urushi esa o‘zining oltinchi oyiga kirib bormoqda.

Bu urushlarning iqtisodiy ta’siri esa mintaqa qolib, allaqachon butun dunyoni o‘z zabtiga olib ulgurgan.

ShHT Eron va Yaqin Sharqdagi so‘nggi vaziyatga anchayin bahamjihat munosabat bildirgan.

Eron hududiga harbiy hujumlarni qoralagan.

"Bunday tajovuzkor harakatlarni xalqaro huquq tamoyillari va normalari hamda BMT Nizomining qo‘pol ravishda buzilishi deb bilishlari"ni aytgan.

Tomonlarni vazminlikka, muloqotga chaqirgan, muammoga siyosiy va diplomatik yechim topishga undagan.

Egallagan bu kabi mavqei chetda xos e’tibor topmay qolmagan.

Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina urushi va Afg‘onistondagi vaziyatga ham befarq emas.

Bu ham ular yetakchilarining so‘nggi yillarda kattayu kichik minbarlardan e’tibor tortishga harakat qilib kelayotgan eng muhim va dolzarb xalqaro mavzular sirasiga kiradi.

Bugungi umidlar

ShHTning Moskvadagi 2025 yilgi sammiti chog‘ida olingan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti G‘arbga qarshi muvozanat yaratishga intilayotgan mintaqaviy blok sifatida yirik Osiyo davlatlarini birlashtiradi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari misolida ham Shanxay Hamkorlik Tashkiloti unga a’zo ayrim davlatlar uchun mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash maydonchasi vazifasini o‘taydi.

Boshqalariga esa iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport yo‘nalishlarini rivojlantirish va xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish imkoniyatini beradi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti NATO ga xos harbiy majburiyatlarga ega emas.

Ammo uning, ayniqsa, so‘nggi yillarda butun YevroOsiyo bo‘ylab muhim muloqot maydoniga aylanib borayotgani tahlilchilar o‘z e’tiborlarini qaratayotgan nuqtalardan biri bo‘ladi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti G‘arbga qarshi muvozanat yaratishga intilayotgan mintaqaviy blok sifatida yirik Osiyo davlatlarini birlashtiradi.

Rossiya va Xitoy prezidentlari bundan avvalgi sammitlardan AQShning global miqyosdagi rolini cheklashni nazarda tutuvchi ko‘p qutbli dunyo kontseptsiyasini ilgari surish uchun ham foydalanishgani bor gap.

Ukraina urushi bois, G‘arb tomonidan qo‘llanayotgan sanksiyalar ham, boshqa tomondan, Rossiya uchun Global Janub, ayniqsa, Xitoy va Hindistonning ahamiyatini yanada oshirgan.

Bu ikkovlon esa Putinning bugungi intilishlari manzarasida Rossiyani ham, G‘arbni ham hafsalasini pir qilmaslik - o‘z manfaatlariga ziyon yetkazmaslik mavqeida.

Bishkekdagi sammitdan keyin Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik Pokistonga o‘tadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, "tashkilot qarshisidagi keyingi sinov tobora turfalashib borayotgan a’zolari o‘rtasida o‘zaro kelishuvni saqlagan holda, ushbu salohiyatni haqiqiy ta’sir kuchiga aylantirishdan iborat bo‘ladi."