Dunyoni hayratga solgan sigir: olimlar javob topa olmayapti - video
Molning aqli nimalarga qodirligiga shu paytgacha odamzodning aqli yetmagan ko‘rinadi.
Avstriyadagi Veronika laqabli sigir uzun cho‘tka va tayoqlarni qanday ishlatishi ilm-fanda yangilik bo‘ldi.
Olimlar mollar biz o‘ylagandan ko‘ra ancha ongliroq ekaninga ishonishdi.
Avstriyaning tog‘li hududida yashovchi sigir Veronika yillar davomida tayoq, supurgi yo cho‘tka bilan o‘zini qashilashning rosa hadisini olgan.
Jonivorning hatti-harakati Venadagi olimlar qulog‘iga ham yetib boradi.
Ular sigirni kuzatib, o‘rganishga qaror qiladilar.
Aqlli sigir

Surat manbasi, Antonio J Osuna Mascaró
Olimlar nafaqat sigirning o‘zini qashilay olishini ko‘rishadi, balki bir ashyoning ikki xil uchini ikki xil maqsadda ishlata olishiga guvoh bo‘ladilar.
Masalan, yag‘rini yoki boshqa biron terisi qalinroq joyi qichisa, uzun supurgining cho‘tkali uchi bilan qashilagan.
Agar qornining osti yoki boshqa yumshoqroq joyini qashilash zarur bo‘lsa, tayoqning silliq dastali uchini ishga solgan.
Hayvonot olamida bunday ish qurollaridan foydalanish juda kam uchraydi. Mollarda esa mutlaqo kuzatilmagan.
"Biz sigirlar ish qurollarini ishlatishini va sigir bir asbobni bir necha xil maqsadda qo‘llashini kutmagandik" - deydi Venadan borib, sigirni kuzatgan olim Antonio Osuna-Maskaro.
"Shu paytgacha faqat shimpanzelar ish qurollarini muntazam ishlatishganini bilardik".
Biz sigirlar ish qurollarini ishlatishini va sigir bir asbobni bir necha xil maqsadda qo‘llashini kutmagandik.
Turli ish qurollarini ishlatish masalasida odamlardan keyin shimpanzelar turadi.
Ular tayoq bilan chumolilarni to‘plashadi yoki tosh bilan yong‘oq chaqishadi.
Ammo insonlar 10 ming yildan beri mollar bilan yonma-yon yashayotgan bo‘lsa-da, olimlar ish quroli ishlatgan sigirni ilk bora ko‘rishmoqda.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, Veronikaning harakatlari sigirlarning qanchalik aqlli ekanini ko‘rsatadi.
Va imkoni bo‘lsa, demak, boshqa sigirlar ham shunday malakaga ega bo‘ladilar.
Veronikaning egasi fermer Vitgar Vigele esa o‘z sigiri tufayli odamlar tabiat va jonivorlarning qadriga yetishadi, degan umidda.
"Tabiatni asrang va so‘ng o‘zingizni himoya qiling. Tabiat rang barangligi bu sayyorada yashab qolishning kalitidir" - deydi Vitgar Vigele.
Sigir Veronikaning harakatlarini o‘rgangan tadqiqot natijalari Current Biology nashrida chop etilgan.
Azador delfin, tabib maymun?

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Odamzod shu paytgacha aqlli jonivor deganda, asosan, simpanzelar, it yoki mushuklarni tushungan.
Buning sabablaridan ayrimlari ushbu jonzodlarning xonakilashtirgani, ularni yaxshiroq o‘rgangani va odamzod bilan uy ichkarisida yashagani ham bo‘lishi mumkin.
Shimpanzelarga kelganda esa, ular odamzodning hayvonot olamidagi eng yaqin qarindoshi sanaladi va bu odamsimon maymunning aqlli hamda mantiqli harakatlari bugun ko‘pchilikni hayratga solmaydi.
Oxirgi yillardagi kuzatish, tajriba va tadqiqotlar davomida esa yovvoyi tabiatdagi ko‘plab jonivorlar insonlarni lol hayratga solishmoqda.
Masalan, fillar oilasi o‘zlarning o‘lgan qarindoshlari suyaklar ustidan chiqishsa, bir necha muddat bu suyaklarni o‘rab olishadi va jim turgancha xartumlari bilan suyaklarni silashadi.
Yaqinda esa bolasi jasadini uzoq muddat ummonda olib yurgan motamsaro ona delfinning drondan olingan videosi dunyo bo‘ylab tarqaldi.
Videoda boshqa delfinlar ham azador onanni qo‘llab-quvvatlashgani akslangan.
Delfinlar uzoq vaqt o‘lgan yaqinlari uchun motam tutishlari bugun ma’lum.
Odamsimon maymunlar jarohat olganda, dorivor o‘simliklarni ishlatishi va ulardan foydalanib, o‘z jarohatini tuzatishga intilishi ham aniqlangan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Yaqinda esa hatto arilarda ham his-tuyg‘u bo‘lishi ehtimoli haqida xabarlar chiqdi.
Avstraliya va Xitoy olimlari olib borgan qo‘shma tadqiqotda arilar ham xuddi sut emizuvchilar kabi hissiyotga o‘xshash hatti-harakatlarni namoyish etishgani aniqlangan.
Bu esa nafaqat yirik sut emizuvchi jonivorlar, balki hasharotlar dunyosi ham kelajakda ilm-fan va insoniyatni hayratga solishda davom etishi mumkinligini anglatadi.
Odamzod tabiatga qanchalik chuqur razm solib, o‘simliklar va jonivorlarni o‘rganishda davom etsa, shunchalik tabiat sirlarini kam bilgani ma’lum bo‘lib borishi ehtimoli kattadek ko‘rinadi.































