Bishkekda Qamchibek Tashievning sudi boshlandi. Jarayon yopiq o‘tyapti (Video)

Qamchibek Tashiev lavozimda turgan paytda ishtirok etgan majlislarning birida.

Surat manbasi, Rasmiy

    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiev boshchiligidagi sakkiz kishining sudi boshlandi.

Ular hokimiyatni kuch bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish hamda xizmat vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.

Prezidentning eng yaqin do‘sti sanalgan Tashievning kutilmaganda lavozimidan ozod etilishi va uning ustidan jinoyat ishi ochilishi Markaziy Osiyoda eng ko‘p muhokama qilingan siyosiy voqealardan biriga aylandi.

Sud jarayoni Bishkekning Birinchi may tumani sudida yopiq tarzda o‘tmoqda.

Ilk majlis 18 mayda boshlanib, keyingi sud 24 mayga belgilandi.

Ayblanuvchilar orasida parlamentning sobiq raisi, sobiq bosh prokuror, sobiq ichki ishlar vaziri va boshqa siyosiy arboblar bor.

Ularning ayrimlari qamoqda, Tashiev esa mamlakatdan chiqmaslik tilxati bilan hibsga olinmagan.

29 aprelda u ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini bildirib, sudda oqlanishiga ishonganini aytgan.

Prezident Sadir Japarov joriy yilning 10 fevralida Tashievni lavozimidan ozod etgan.

Bir kun oldin, 9 fevralda 75 nafar jamoat va davlat arboblari prezidentga va parlamentga murojaat yo‘llab, muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazishni taklif qilgandi.

Ular prezident 2021 yilda eski Konstitutsiya asosida saylangani, hozir esa yangi Konstitutsiya amal qilayotgani turli huquqiy bahslarga sabab bo‘layotganini ta’kidlashgan.

Murojaatchilarning barchasi Tashievga yaqin shaxslar ekani aytilgan.

Ichki ishlar vazirligi bu harakatlar "jamiyatda siyosiy keskinlikka va barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi"ni bildirib, jinoyat ishi ochgan.

Ayblanuvchilarning yaqinlari va advokatlari esa ayblovlarni rad etmoqda.

Konstitutsiyaviy sud mamlakatda prezidentlik saylovi 2027 yilning yanvarida o‘tadi deb qaror chiqargan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Sudlanuvchilar suratlari.
Surat tagso‘zi, Qamchibek Tashiev boshchiligidagi sakkiz kishi ishi bo‘yicha sud yopiq o‘tmoqda.

O‘sha paytda Germaniyada davolanayotgan Tashiev ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabar unga kutilmagan yangilik bo‘lganini aytgan.

Prezident Japarov esa bu qarorni "davlat va xalq tinchligi uchun" qabul qilinganini bildirgan.

U "Kabar" agentligiga bergan intervyusida: "Bir do‘stim ketsa, orqamda 7 milliondan ortiq do‘stim bor", degan.

Prezidentga ko‘ra, parlamentda o‘zaro bo‘linishlar boshlangandi.

Ishdan bo‘shatilgan Tashievning xavfsizligi Davlat qo‘riqlash xizmati tomonidan ta’minlanayotgani rasman ma’lum qilingan.

Tashiev bilan bog‘liq voqea O‘zbekistonda ham qizg‘in muhokama bo‘lib, axborot vositalarida yoritildi.

Prezident Sadir Japarov va Qamchibek Tashiev

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Prezident Sadir Japarov va Qamchibek Tashiev 2024 yilgi tadbirlarning birida.

Qamchibek Tashiev uzoq yillar prezident Japarovning yaqin siyosiy hamkori bo‘lib kelgan. U 2020 yilgi hokimiyat almashinuvida Japarovni qo‘llab-quvvatlagan va o‘sha yildan boshlab Milliy xavfsizlik qo‘mitasini besh yildan ortiq boshqargan.

Shu bilan birga Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari sifatida ham ishlagan.

Tashiev mansabda turgan vaqtda prezident bilan unga nisbatan "Ikki do‘st" iborasi keng qo‘llanila boshlagan.

Mahalliy nashrlar tahlilchilar fikriga tayanib, oxirgi yillarda Qirg‘izistonda so‘z erkinligining pasayishida, hokimiyatni tanqid qilgan ko‘plab faollarning qamalishi yoki ta’qib qilinishida Tashievning ta’siri borligini yozishgan.

Tashiev ishdan bo‘shatilgach, parlamentda unga yaqin deb hisoblangan o‘nga yaqin deputat mandatini topshirdi.

Ukasi Shairbek Tashiev ham deputatlikdan ketdi va "Qirg‘izneftegaz"dagi korruptsiya ishi bo‘yicha qamoqqa olindi.

Qamchibek Tashiyev
Rasmiy
Qamchibek Tashiev O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara masalalarini hal qilishda faol ishtirok etgan.
Sanjar Eraliev
bbc.com/uzbek
Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

58 yashar siyosatchi maydonida avval millatparvar mavqei bilan tanilgan, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda vatanparvar arbob sifatida baholana boshlagan.

Qamchibek Tashiev O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara masalalarini hal qilishda faol ishtirok etdi.

Yetti milliondan ziyod aholiga ega Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda siyosiy jarayonlari nisbatan o‘zgaruvchan va demokratik muhit mavjud davlat sifatida tilga olinadi.