Markaziy Osiyo davlatlari rubl iste’molini cheklashga urinyaptimi?

Surat manbasi, Getty Images
Qirg‘iziston Milliy banki naqd Rossiya rubli bilan bog‘liq ayirboshlash operatsiyalarida kuzatilayotgan muammolarni bank joriy etmaganini ma’lum qildi. Bu haqda xususiy 24.kg axborot agentligi Milliy bankka tayanib xabar berdi.
«Milliy bank 24.kg nashriga mamlakat tijorat banklarida Rossiya rublini qabul qilish va ayirboshlash bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. Regulyatorning ta’kidlashicha, operatsiyalar shartlaridagi o‘zgarishlar Rossiya tijorat banklarining xorijiy banklardan, jumladan Qirg‘iziston banklaridan kelgan naqd rubllarni qabul qilishda tekshiruvlarni kuchaytirgani bilan bog‘liq. Milliy bankning qayd etishicha, mintaqaning boshqa davlatlari ham xuddi shunday muammoga duch kelgan», — deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, qo‘shni Qozog‘istonda bir qator banklar kassalarda Rossiya rublini qabul qilish uchun komissiya joriy qilgan, Armanistondagi ayrim moliya muassasalari esa naqd rubl bilan operatsiyalarni butunlay to‘xtatgan.
Milliy bank «cheklovlar faqat naqd Rossiya rubli bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarga taalluqli ekanini, naqdsiz to‘lovlar, jumladan pul o‘tkazmalari esa odatdagidek davom etayotganini» ta’kidladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Bu izoh avvalroq Bishkekdagi «Dordoy» bozori yaqinida yashovchi bir fuqaro Rossiya rublini somga almashtira olmagani haqidagi xabarlar ortidan berildi. Xabarga ko‘ra, u hududdagi birorta ham tijorat banki filialida rublini ayirboshlay olmagan.

Surat manbasi, Getty Images
Qozog‘istonda barcha banklar emas, balki ayrim tijorat banklari naqd Rossiya rublini qabul qilish uchun qo‘shimcha komissiya to‘lovini joriy qildi.
Xususan, Bank CenterCredit (BCC)da kassalar, terminallar va bankomatlar orqali naqd rubl qabul qilish uchun 5 foiz komissiya belgilagan. Masalan, 100 000 rubl topshirilganda — 5 000 rubl komissiya ushlab qolinadi.
Bu komissiya rublni sotib olish yoki ayirboshlash uchun emas, balki naqd rublni bank qabul qilishi uchun joriy etilgan. Sabab — Rossiya banklari xorijdan kelgan naqd rubllarni qabul qilish talablarini keskin kuchaytirgani, natijada Qozog‘iston banklarining xarajatlari oshgan. Shu xarajatlarni qoplash uchun ayrim banklar komissiya kiritgani aytilmoqda.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda mehnat migrantlari va savdo orqali katta miqdorda rubl to‘planadi. Bu rubllar keyin Rossiyaga qaytib kirishi kerak, aksincha u Markaziy Osiyo banklarida to‘planib, «muzlab» qolishi mumkin.
Nega Rossiyada nazorat kuchaytirilgan?
Rossiya banklari buni rublning o‘ziga cheklov qo‘yish uchun emas, balki xavflarni kamaytirish va xalqaro sanksiyalarga rioya qilish uchun qilayotgani kuzatiladi.
Rossiya Markaziy banki o‘tgan may oyida banklarga katta hajmdagi naqd pul operatsiyalarida mijoz mablag‘larining manbasini sinchiklab tekshirishni tavsiya qildi. Bu pul yuvish va boshqa noqonuniy moliyaviy operatsiyalar xavfini kamaytirishga qaratilgani aytildi.

Surat manbasi, Getty Images
Ayni damda buni sanksiyalar bilan bog‘liq komplaens bilan ham izohlash mumkin. Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalar kuchayganidan keyin banklar har bir transchegaraviy naqd pul operatsiyasini yanada ehtiyotkorlik bilan tekshirmoqda. Bu sanksiyalarni chetlab o‘tishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan o‘tkazmalar xavfini kamaytirish uchun amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonga ta’sir qildimi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Hozircha O‘zbekistonda Qirg‘iziston yoki Qozog‘istondagidek keng ko‘lamli muammo kuzatilayotgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Markaziy bank ham, yirik tijorat banklari ham naqd Rossiya rublini qabul qilishga cheklovlar yoki qo‘shimcha komissiyalar joriy etilganini e’lon qilmagan.
Ammo bu O‘zbekistonga umuman ta’sir qilmayapti degani emas. Agar O‘zbekiston banki Rossiyaga juda katta hajmda naqd rubl yubormoqchi bo‘lsa, Rossiya banklarining tekshiruvlari kuchaygani sababli operatsiyalar sekinlashishi yoki qimmatlashishi mumkin.
Bu holat asosan banklarning o‘zaro hisob-kitoblari va naqd pul logistikasiga ta’sir qiladi. Oddiy fuqarolar uchun esa hozircha rubl–so‘m ayirboshlash amaliyoti odatdagidek davom etmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston banklarining o‘zlari ham so‘nggi yillarda Rossiya bilan bog‘liq operatsiyalarda sanksiya xavfini hisobga olib, komplaens tekshiruvlarini kuchaytirgan. Avvalroq ayrim Rossiya to‘lov tizimlari, jumladan, «Mir» bilan ishlash to‘xtatilgan edi. Bu ham xalqaro sanksiyalar xavfini kamaytirishga qaratilgan choralardan biri hisoblanadi.
Rossiyaning o‘zidagi vaziyat
Ayni damda, Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga qaralsa, Rossiya iqtisodiyotidagi naqd pullar miqdori 2023 yil kuzidan beri eng tez sur’atlarda o‘smoqda.

Surat manbasi, Getty Images
2024 yil kuzidan boshlab Rossiyada naqd rubllar miqdori tobora ortib bormoqda. Bu holat Ukraina bilan urushning beshinchi yilida, iqtisodiy o‘sish sekinlashgan va deyarli barcha fuqarolik sohalarida turg‘unlik kuzatilayotgan bir vaqtda sodir bo‘lmoqda. Hozircha faqat harbiy-sanoat majmuasi o‘sishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 apreldan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga naqd rubllarni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlariga olib chiqish taqiqlandi. Istisno tariqasida bunga faqat xalqaro aeroportlar orqali yo‘l qo‘yiladi. Oddiy fuqarolarga esa 100 ming dollar ekvivalentidan oshadigan miqdordagi naqd pulni olib chiqish taqiqlandi.
Bu mablag‘larning bir qismi ehtimol xorijga chiqib ketmoqda, chunki YeOII davlatlaridagi ayrim banklar iyunь oyidan boshlab naqd rubllarni qabul qilish shartlarini kuchaytira boshladi.
O‘tgan mart oyida Rossiya Markaziy banki naqd pulga talab oshishini mobil internetning o‘chirilishi bilan bog‘lagan. Bu o‘chirishlar 2025 yil bahoridan boshlab Ukraina dronlari hujumlari sababli xavfsizlik choralari sifatida amalga oshirilayotgani aytilgan.
Ba’zi iqtisodchilar yana bir ehtimoliy sababni qayd etmoqda: tadbirkorlar tomonidan naqd pulga bo‘lgan talab oshgan. Ularning fikricha, 2026 yildan boshlab QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) stavkasi 20 foizdan 22 foizga oshirilgani va kichik biznes faoliyati uchun shartlar kuchaytirilgani sababli naqd pulga talab yanada tezlashgan bo‘lishi mumkin.
Bu holatda naqd pullar soliqlardan qochish vositasi sifatida ishlatilishi mumkin. Masalan, ayrim tadbirkorlar rasmiy hisob-kitoblarni kamaytirish, tushumning bir qismini yashirish yoki norasmiy to‘lovlarni amalga oshirish uchun naqd puldan foydalanishi ehtimoli katta.
Naqd pulga talab oshishi har doim ham iqtisodiyot faollashganini anglatmaydi. Ba’zan bu ishonch pasayishi, bank tizimiga ehtiyotkorlik yoki yashirin iqtisodiyot ulushi oshishi belgisi ham bo‘lishi mumkin.





























