Jey Di Vans Isroilni Eron bilan urushni cho‘zish uchun AQSh jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishda aybladi

Amerika bayrog‘i fonida mikrofon oldida turgan Jey Di Vans.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

    • Author, BBC Yangiliklar xizmati
    • Role, BBC Rus xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 2 daq

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vans Isroil hukumatining ayrim a’zolarini Eron bilan urushni cho‘zish maqsadida Amerika jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga uringanlikda aybladi.

Chorshanba kuni mashhur konservativ podkaster Jo Roganga bergan intervyusida Vans Isroilning ba’zi siyosatchilariga ishonishini aytdi. Biroq, unga ko‘ra, boshqalari "Amerika jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilib, urushning muddatsiz davom etishiga erishishga uringan".

"Menimcha, muzokaralarni izdan chiqarish va kelishuvni barbod qilishga qaratilgan, juda katta mablag‘ bilan moliyalashtirilgan va ko‘zga tashlanmaydigan kampaniyaga guvoh bo‘ldik", dedi vitse-prezident.

Uning aytishicha, ayrim Isroil rahbarlari prezident Donald Trampning Eron bilan tuzgan kelishuvidan nafratlanishiga oid "qat’iy dalillar" mavjud.

Isroil hukumati Vansning bayonotlariga hozircha izoh bermagan.

Iyun oyida AQSh va Eron o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Hujjat AQSh tomonining sezilarli yon berishlarini, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qatnovni tiklash hamda mojaroni yakuniy tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni nazarda tutgan.

Garchi Isroil Eronga qarshi urushda AQSh tomonida qatnashgan bo‘lsa ham, memorandumni tuzishda ishtirok etmagan. Undan Livandagi "Hizbulloh" harakatiga qarshi harbiy amaliyotlarni to‘xtatish talab etilgan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

So‘nggi kunlarda ushbu nozik sulhga amalda rioya qilinmayapti. Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana yopishini ma’lum qildi, AQSh esa Eron hududiga zarbalar berdi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Oq uy matbuot kotibi Karolayn Levitt vitse-prezidentning bayonotlarini sharhlar ekan: "Menimcha, prezident ham bunga qo‘shiladi: ha, xorijiy davlatlar Amerika jamoatchilik fikrini o‘zgartirishga urinadi", dedi.

Eron bilan muzokaralarda faol qatnashgan Vans Isroilni birinchi marta tanqid qilayotgani yo‘q. Iyun oyida Isroil siyosatchilari Eron bilan tuzilgan sulhni tanqid qilganida, Vens Isroil "dunyodagi qolgan yagona qudratli ittifoqchisiga hujum qilmasligi kerak", degan edi.

Eron bilan urush Amerika jamoatchiligi orasida keng qo‘llab-quvvatlanmaydi va urush prezident Donald Trampning reytingiga zarba berdi.

Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash endi avvalgidek emas. Avval G‘azodagi urush, keyin esa Eron bilan urush amerikaliklarning ham chap, ham o‘ng siyosiy lagerida Isroilga qarshi kayfiyatni kuchaytirdi.

Bu o‘zgarish ayniqsa Demokratik partiyada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu yil Isroil tarafdori bo‘lgan va Amerika-Isroil jamoatchilik aloqalari qo‘mitasi (AIPAC) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bir qator nomzodlar praymerizda Binyamin Netanьyahu hukumatini tanqid qiluvchi raqiblariga yutqazdi.

Chorshanba kuni Vakillar palatasi Isroilga ajratiladigan yordamni bir necha milliard dollarga qisqartirishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyani ko‘rib chiqdi.

Uni 104 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatladi, 314 nafari esa qarshi ovoz berdi.

Rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan 104 kongressmenning 103 nafari demokratlar edi. Shu bilan birga, 98 nafar demokrat ham unga qarshi ovoz berdi.