O‘zbekistonda nechta lochin qoldi?

Surat manbasi, O'zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
Bu tashvishli savol bugun nafaqat O‘zbekistonni, balki butun dunyoni ham o‘ylantirayapti.
Chunki bu yovvoyi yirtqich qushlarning soni kamayib borayotgani kuzatilayapti, imkoni boricha ularni asrab-avaylash, sonini ko‘paytirishga harakat qilinayapti.
Shuning uchun birgina lochinning tuxum qo‘yishi katta voqeaga aylanmoqda, ona lochinning tuxum qo‘yishi, polaponlarining tuxumdan chiqishi kechayu-kunduz video tasvirga olib qattiq kuzatiladigan bo‘ldi.
Shuning uchun ham Qozog‘istonda 34 lochin ochiq tabiatga qo‘yib yuborilgani xalqaro ommaviy axborot vositalarining e’tiboriga tushdi.
"Biz (Qozog‘istonda) 1980-90 yillari lochinlarning soni ma’lum bir sonda bo‘lganini bilamiz. Bugunga kelib ularning balki 20-30 foizi qolgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni, bugungi vazifa – 70, 80 foizni qandaydir yo‘llar bilan qayta tiklashdan iborat", deydi Olma-Ota shahridagi "Shunqor" yovvoyi qushlarni asrash markazining direktori Ashot Anzorov.
Bu degani, 40 yil oldin Markaziy Osiyoning ulkan tog‘lari va sahrolari uzra parvoz qilib yurgan 100 lochinning atigi 20 yoki 30 tasi tirik qoldi, deganidir.
Ko‘plab mamlakatlarning Qizil Kitoblariga kiritilgani ham dunyoning eng tezuchar qushi soni kamayishi oldini ololmagan.
Lochin, shunqor, itolg‘i

Surat manbasi, gazeta.uz
Dunyoda Lochinsimon qushlar (Faeconidae) oilasining 58 turi mavjud bo‘lib, shundan Lochin (Falco peregrinus) ning 20 dan ortiq kenja turi yashaydi.
O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasi shunday ma’lumot beradi:
"O‘rta Osiyoda sahro lochini va tundra lochini uchraydi. Sahro lochini o‘troq yashaydi; tundra lochini faqat qishlash uchun uchib keladi. Monogam. Uyasini tomik va jarli joylarga quradi. Aprel-mayda 2—3 ta tuxum qo‘yadi. Bolalari mustaqil uchadigan bo‘lguncha ota-onasining qaramog‘ida bo‘ladi. Qushlar va boshqalar bilan oziqlanadi. Sahro lochini va tundra lochini qushlarni ovlashga o‘rgatiladi".
O‘zbekiston Ekologiya va Iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda lochinning uchta turi yashaydi: Baloban lochini (Falco cherrug), Sapson lochini(Falco peregrinus) va Shahin lochini (Falco pelegrinoides).
Baloban lochini Itolg‘i yoki Shunqor deb ham nomlanadi.

Surat manbasi, gazeta.uz
Sapson (Falco peregrinus) dunyoning eng tez qushi hisoblanadi.
U o‘ljasiga tashlangan paytida tezligini 322–390 km/soatgacha oshirishga qodir bo‘ladi.
O‘zbekistonda uya quradigan lochin turlari ichida Itolg‘ining taxminiy soni 130–150 juft deb ko‘riladi.
Ko‘chib yuradigan (migratsion) qushlar soni 450–700 bosh, deya ma’lumot beradi O‘zbekiston Ekologiya va Iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi.
Yil mavsumiga qarab ayrim lochinlar issiq o‘lkalarga uchib o‘tadilar, ularning shimoli-sharqiy Xitoydan markaziy Yevropagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tganlari aniqlangan.
Qozog‘istonga lochinlar sonini ko‘paytirishga yordam berayotgan Saudiya Arabistonining davlat nazoratidagi "Saudiya Lochin klubi"(Saudi Falcons Club) Vitse-prezidenti Ahmad Fahd al-Hababiy aytishicha, qushlarning migratsiya yo‘lida joylashgani uchun ham ochiq tabiatga qo‘yib yuborish makoni sifatida Qozog‘iston hududini tanlaganlar.

Surat manbasi, Reuters
"Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Qozog‘iston hududi lochinlarning uya qo‘yadigan juda muhim joylaridan biridir. Lochinlar bevosita shu yerga in qo‘yadilar, shuningdek, yana bir necha omillar lochinlarning Qozoq ekotizimida tirik qolib yashab ketishlariga hissa qo‘shadi", deydi Saudi Falcons Club vitse-prezidenti.
Keyingi uch yil mobaynida Saudiya va Qozog‘iston rasmiylari har yili 35 tadan 45 tagacha lochinni ochiq tabiatga qo‘yib yuborishni rejalashtirayaptilar.
Lochinlarga GPS moslamasi o‘rnatilib, ular quyosh nuridan quvvat oladi, bu moslamalar yordamida qushning qaerdaligini aniqlash mumkin.
Ammo bu moslama qimmat turadi.
Boshqa ko‘p yovvoyi jonivorlar singari lochinlarning ham soni kamayib ketishiga bir necha omillar sabab bo‘lgan.
Ulardan asosiysi, inson uy-joy qurish yoki dehqonchilik maqsadida hayvonlar yashab kelgan yerlarni o‘zlashtirishi.
Keyingi muhim sabablaridan biri, brakonerlik.
1990 yillarga solishtirganda, butun Markaziy Osiyo mamlakatlari hududida lochinlar kamayib ketishiga Yaqin Sharqdagi Arab mamlakatlarida lochin oviga katta qiziqish va talab sabab bo‘lgan.

Surat manbasi, gazeta.uz
Bu tomoni Rossiya, Afg‘oniston, Pokiston, narigi tarafi Yevropa mamlakatlarigacha, lochinni yashirib Arab mamlakatlariga olib chiqib mo‘may pulga sotish harakatlari shu kungacha ham tingani yo‘q.
Lochin Qirilib ketish xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi fauna va flora turlari xalqaro savdo Konventsiyasi - CITES ga kiritilgan, savdosi qattiq nazorat ostiga olingan.
Shunga qaramasdan, soxta hujjatlar bir mamlakatdan ikkinchisiga olib chiqish harakatlari ko‘p uchraydi.
Agar qora bozorda 1990 yillarda bitta lochin 5000-10000 AQSh dollariga baholangan bo‘lsa, bugunga kelib kuzatuvchilar ularning bahosi 10 ming dollardan boshlanishini aytadilar.
Qonuniy kim oshdi savdolarida bir shunqor 90 ming AQSh dollariga, juda noyob hisoblanadigan Oq Shunqor(Falco rusticolus) 2021 yili Saudiya Arabistonidagi auktsionda 466 ming dollarga sotilgan.
O‘zbekiston lochinlarini qanday asrayapti?

O‘zbekistonda lochin noyob qush bo‘lib borayotgani e’tirof etiladi, borini asrab-avaylash, sonini ko‘paytirishga harakat qilinayapti.
Ammo O‘zbekistondan lochinlarni tutish, tutqunlikda asrash va kontrabanda yo‘li bilan olib chiqib ketishga urinish harakatlari to‘xtamayapti.
Rasmiylar keng jamoatchilikni lochinlarni asrash maqsadidagi targ‘ibot ishlari muhimligini urg‘ulaydilar.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bildirishicha, yovvoyi tabiatda lochinlarni noqonuniy tutib olish holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida kompleks idoralararo tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bojxona va chegara nazorati punktlarida tekshiruvlar kuchaytirilgan, ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida lochinlarni sotish bilan bog‘liq e’lonlar monitoring qilinmoqda hamda boshqa tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Ushbu choralar lochinlarni noqonuniy saqlash, savdosi va kontrabandasini aniqlash hamda oldini olishga qaratilgan.
Ayni paytda Toshkent shahrida 2014 yildan buyon lochin turlarini saqlab qolishga ixtisoslashgan Tugan Falconry Clubi faoliyat yuritayapti.
Ushbu klub lochinlarni ko‘paytirish, brakonerlar va kontrabandachilardan olib qo‘yilgan qushlarni reabilitatsiya qilish hamda ularni tabiiy yashash muhitiga qaytarish bilan shug‘ullanadi.
Klub asoschisi va rahbari Denis Soyning Bi-bi-siga aytishicha, shu bugungacha 110 dan ortiq lochinni ochiq tabiatga qo‘yib yuborganlar.

Surat manbasi, gazeta.uz
Ma’lumki, O‘zbekiston uzoq yillardan buyon Arab mamlakatlaridan keladigan lochin ovi ishqibozlari uchun ov makoni taqdim etib keladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga ko‘ra, respublika hududida bunday ov faqat cheklangan hajmda ruxsat etiladi va qat’iy nazorat ostida amalga oshiriladi.
Mazkur ov turi bilan asosan Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar davlatlaridan kelgan ovchilar shug‘ullanadilar.
Ular lochinlar yordamida yo‘rg‘a tuvaloqlarni (drofa-krasotka) hamda boshqa ovlanadigan turlarni maxsus ruxsatnomalar asosida va faqat ajratilgan hududlarda ovlaydilar.
Milliy qo‘mitadan Bi-bi-siga aytishlaricha, Arab ovchilar faqat ov bilan shug‘ullanmasdan, lochinlar ovlaydigan tuvoloqlar sonini ko‘paytirishga ham yordam berayaptilar.
Bugun O‘zbekistonda tuvaloqlar sonini ko‘paytirish maqsadidagi uchta pitomnik faoliyat yuritayapti va ular har yili 9000 tuvaloqni tabiatga qo‘yib yuboradilar.
Yo‘rg‘a tuvaloqlarni ko‘paytirish ishlari Birlashgan Arab Amirliklariga qarashli markazlar tomonidan amalga oshiriladi: Buxoro viloyati hududida joylashgan "Emirates Bird Breeding Center for Conservation" hamda Navoiy viloyatida joylashgan "Emirates Center for Conservation of Houbara".
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga ko‘ra, mazkur markazlarda qushlar sun’iy yo‘l bilan ko‘paytiriladi va 2007 yildan buyon ularning tabiiy populyatsiyasini tiklash ishlari amalga oshirilayapti.

Birlashgan Arab amirliklari rasmiylari O‘zbekiston rasmiylari bilan lochinlarni raqamli pasportlash bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilganlari xabar qilindi.
Tugan Falconry Club i rahbari Denis Soy aytishicha, O‘zbekistonda lochinlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan zamonaviy reabilitatsiya markazi tashkil etilishi xuddi Qozog‘istondagidek bu yirtqich qushlar sonini ko‘paytirishga yordam bergan bo‘lardi.
"Odatda kontrabandachilar qo‘lidan lochinlar juda sillasi qurigan holatda tortib olinadilar. Qushlarni antisanitariya vaziyatida saqlagan bo‘ladilar. Ularni sog‘aytirish, oyoqqa turg‘azish qiyin, qimmat jarayonga aylanadi", deydi Denis Soy.
Lochin yirtqich qush, uni go‘sht bilan boqish talab qilinadi.
"Toshkent hayvonot bog‘i tavsiyasiga ko‘ra, bir lochinga bir kunda 250 gramm go‘sht berish kerak. Bugun bir lochinni saqlash 100 ming so‘mga tushadi", deydi Tugan Falconry Club ta’sischisi.
O‘zbekistondagi aksar tabiat muhofizlari lochinlarni asrashga ham davlat resurslarini, ham tabiatsevarlar harakatlarini va ham xorijdagi tajribali tashkilotlar hamkorligini jamlash lozim deb hisoblaydilar.






























