Birgina Orol dengizi emas yoki O‘zbekiston tabiati qanchalik xavf ostida?

Amudaryoning quyi oqimi, sayozlik va loyqa suv. Sohilda bir biriga bog‘lab qo‘yilgan ikki ko‘k qayiq turibdi.

Surat manbasi, Getty Images/NataliaNaberezhnaia

Surat tagso‘zi, O‘zbekistonda qurib borayotgan suv havzalari muammosi faqatgina Orol bilan cheklanmaydi.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

O‘zbekistonda ekologik muammolar haqida so‘z ketganda, aksariyat odamlar avvalo Orol dengizini eslaydi. Bir vaqtlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l sanalgan bu suv havzasining qurishi Markaziy Osiyoning eng mashhur ekologik fojiasiga aylangan. Biroq muammo faqat Orol bilan cheklanmaydi.

Gazeta.uz nashri yaqinda e’lon qilgan tahliliy maqolada quriyotgan ko‘llar, suvsizlanayotgan to‘qay o‘rmonlari va yashash muhiti xavf ostiga tushgan jonivorlar haqida so‘z boradi. Asosiy e’tibor Amudaryo deltasidagi suv-balchiqli hududlarga qaratilgan.

Bir paytlar bu yerlarda ko‘llar, qamishzorlar va to‘qay o‘rmonlari minglab qushlar, baliqlar hamda yovvoyi hayvonlar uchun tabiiy makon vazifasini o‘tagan. Bugun esa suv tanqisligi tufayli ularning bir qismi qisqarib, ayrimlari butunlay yo‘qolish xavfiga duch kelgan.

Ekspertlar ta’kidlashicha, daryo suvining barchasini inson ehtiyojlari uchun sarflab yuborish mumkin emas. Suvning ma’lum qismi tabiiy ekotizimlar, ya’ni ko‘llar, botqoqliklar, to‘qaylar va ulardagi hayvonot dunyosini saqlab qolish uchun ham ajratilishi lozim.

Dengizko‘l nega sho‘rlab ketdi?

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘armaning Aral Sea Wetlands loyihasi mutaxassislari Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab uyushtirilgan ekspeditsiya davomida bu muammoni o‘rganishdi.

Ekspeditsiyaning birinchi manzili Buxorodagi Dengizko‘l bo‘ldi. Ilgari mahalliy aholi uni ulkanligi uchun "dengiz" deb atagan. Ko‘l bir vaqtlar 50 ming gektardan ortiq maydonni egallagan bo‘lsa, bugun undan yarmigina saqlanib qolgan.

Texnika fanlari doktori va Aral Sea Wetlands loyihasining suv resurslari bo‘yicha rahbari Malika Ikromovaning aytishicha, ilgari Dengizko‘l Amudaryoning tarmog‘i bo‘lgan Zarafshon daryosi suvlari bilan to‘yingan. Hozir esa daryo suvi ko‘lgacha yetib bormaydi.

Bugun Dengizko‘l asosan ekin maydonlaridan tuz va mineral o‘g‘itlar bilan qaytib keladigan kollektor-drenaj suvlari hisobiga saqlanib turibdi. Shu sababli uning suvi shunchalik sho‘rlanganki, u chuchuk suvli ko‘ldan ko‘ra dengiz suvini ko‘proq eslatadi. Qirg‘oqlarda esa qalin tuz qatlami paydo bo‘lgan.

"Bu kabi suvlarni qaytadan daryoga oqizib yubormasdan, aynan Dengizko‘lga yo‘naltirish oqilona va murosali yechim hisoblanadi. Shu yo‘l bilan biz bir tomondan suv havzasidagi suv sathini ushlab turamiz, ikkinchi tomondan esa quyi oqim bo‘ylab oqayotgan daryolar suvining sifati yomonlashishining oldini olamiz", - deydi Malika Ikromova.

Mualliflar ta’kidlashicha, bu ahvolga qaramay Dengizko‘l tabiat uchun hali ham juda muhim. O‘zbekistonda qishlaydigan ko‘chmanchi qushlarning 40 foizdan ortig‘i, o‘n minglab yovvoyi o‘rdaklar, g‘ozlar va boshqa qushlar aynan shu yerda qishlaydi. Agar suv kelmasa, ularning boshqa boradigan joyi qolmaydi.

O‘zbekistonning rangli sun’iy yo‘ldosh tasviri.

Surat manbasi, Getty Images/Planet Observer

Surat tagso‘zi, Yillar davomida Markaziy Osiyoda suv taqsimotining bir qoidasi ustuvor bo‘lib keldi: suv avval ekin maydonlari, sanoat korxonalari va shaharlarga yo‘naltirildi.

Nega tabiatga ham suv kerak?

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Suv-balchiqli hududlar oddiy ko‘l yoki botqoq emas. Ular suvni tabiiy saqlaydi, havoni namlaydi, qum va tuz changlarining tarqalishini cheklaydi hamda yuzlab o‘simlik va hayvon turlari uchun yashash muhitini ta’minlaydi.

Amudaryo deltasidagi bunday hududlar o‘nlab yillar davomida minglab ko‘chib yuruvchi qushlar uchun dam olish va in qurish maskani bo‘lib kelgan. Bu yerlarda baliqchilik, qamishchilik va boshqa tabiiy resurslarga asoslangan turmush tarzi ham shakllangan.

Ekologlar fikricha, bu hududlar nafaqat tabiat, balki insonlar uchun ham muhim. Ular iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish, suv rejimini barqarorlashtirish va mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega.

Yillar davomida Markaziy Osiyoda suv taqsimotining bir qoidasi ustuvor bo‘lib keldi: suv avval ekin maydonlari, sanoat korxonalari va shaharlarga yo‘naltirildi. Tabiat esa faqat ortib qolgan suvdan foydalanardi.

Mutaxassislar aytishicha, bunday yondashuv tabiiy ekotizimlarga jiddiy zarar yetkazadi. Agar daryolardagi suvning barchasi qishloq xo‘jaligi va boshqa ehtiyojlar uchun olib qo‘yilsa, ko‘llar quriydi, to‘qaylar yo‘qoladi va ular bilan birga butun oziq zanjiri izdan chiqadi.

Shu bois 2025 yilda O‘zbekiston Suv kodeksiga ilk bor "ekologik oqim" tushunchasi kiritildi. Bu tamoyilga ko‘ra, daryolardagi suvning muayyan qismi inson ehtiyojlaridan tashqari, tabiiy ekotizimlarni saqlab qolish uchun ham ajratilishi shart.

Biroq mutaxassislar bu g‘oyani amalda tatbiq etish oson emasligini ta’kidlaydi. Chunki suv resurslari qishloq xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti, energetika va sanoat uchun ham hayotiy ahamiyatga ega. Shuning uchun suv taqsimoti ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlar kesishadigan masala hisoblanadi.

Rasmiy
E’tiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti -- 23.09.2020

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yili BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Orol dengizining qurishi oqibatida mintaqa "ekologik fojia markazi"ga aylanganini ta’kidlagan.

"E’tiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz", – degan prezident Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilishni taklif etgan.

Bu tashabbus asosida BMT Bosh Assambleyasi 2021 yil 18 may kuni Orolbo‘yini "ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi" deb e’lon qiluvchi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Hujjatga 50 dan ortiq davlat, jumladan Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston hammualliflik qilgan.

BMT va O‘zbekiston hukumati ma’lumotlarida, rezolyutsiya qabul qilinganidan keyin Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhitni tiklashga qaratilgan qator loyihalar boshlangani aytilgan.

Suv yetishmasligi nimani o‘zgartirmoqda?

Maqolaga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyoda suv resurslariga bosim kuchaygan. Aholi sonining o‘sishi, sug‘oriladigan yerlar maydonining kengayishi va iqlim o‘zgarishi natijasida Amudaryo suvidan foydalanish hajmi ham ortib bordi.

Buning oqibatida daryodan ajralib chiqadigan ayrim ko‘llarga yetib boradigan suv hajmi kamaydi. Natijada suv sathi pasaymoqda, qamishzorlar qurimoqda va ayrim joylarda butun boshli ekotizimlar o‘zgarib bormoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiat ham ma’lum miqdorda suvga muhtoj. Agar daryodagi suvning barchasi iqtisodiy ehtiyojlar uchun sarflansa, ekologik tizimlarni saqlab qolish tobora qiyinlashadi.

Yashil vohadan sarobgacha

Ekspeditsiyaning keyingi manzili Qizilqum qo‘riqxonasi bo‘ldi. Bu yerda jazirama cho‘l bilan qalin to‘qay o‘rmonlari yonma-yon joylashgan. Ularda saqlanib qolgan cho‘l teragi ming yillardan beri yashab kelayotgan noyob tabiiy meros hisoblanadi.

Ammo daryo suvining kamayishi tufayli bu yashil o‘rmonlar ham asta-sekin qurib, cho‘lga aylanib bormoqda.

Suv rejimidagi o‘zgarishlar eng avvalo o‘simlik va hayvonot dunyosiga ta’sir qiladi. Qamishzorlar qisqarishi qushlarning in qurish imkoniyatini cheklaydi, suv tanqisligi baliqlar ko‘payishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. To‘qayzorlar esa ko‘plab sutemizuvchilar va qushlar uchun yagona yashash muhiti hisoblanadi.

O‘rmonda daraxtlar ortidan ikki buxoro bug‘usi kameraga qarab turibdi.

Surat manbasi, Getty Images/Jeff Kingma

Surat tagso‘zi, Buxoro bug‘usi noyob hayvon turiga kiradi.

To‘qay o‘rmonlarining qisqarishi hamda Buxoro bug‘ularini qayta tiklash ishlari haqida gapirgan qo‘riqxona direktori Mirzagali Qilichev hududdagi o‘zgarishlarni shunday eslaydi:

"1970-yillarda atrofdagi to‘qayzorlar paxta maydonlariga aylantirilib, 60 kilometrlik o‘rmondan bor-yo‘g‘i 20 kilometrlik hudud qoldi. Daraxtlar kesilgach, Amudaryo qirg‘oqlarni yemira boshlab, ilgari uch kilometr uzoqda bo‘lgan daryo qishlog‘imizga qadab keldi. Shunga qaramay, asrab qolingan o‘rmonning kengayishi tufayli kamyob bug‘ular populyatsiyasini tiklashga erishdik. Men 1997 yilda inspektor bo‘lib ish boshlaganimda bor-yo‘g‘i 6 bosh bo‘lgan bug‘ular soni bugunga kelib 300 taga yetdi".

Ekologlar bio-xilma-xillikning yo‘qolishi bir zumda emas, balki bosqichma-bosqich sodir bo‘lishini ta’kidlashadi. Avval ayrim turlar kamayadi, keyin oziq zanjiri o‘zgaradi va oxir-oqibat butun ekotizimning barqarorligi izdan chiqishi mumkin.

Eriyotgan muzliklar

Markaziy Osiyodagi suv resurslari holati tog‘lardagi muzliklar bilan ham bevosita bog‘liq. Amudaryo va Sirdaryoni to‘yintiradigan muzliklarning katta qismi Qirg‘iziston va Tojikiston hududida joylashgan.

Qirg‘iziston Geologiya instituti va BMT Taraqqiyot dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi muzliklar maydoni 1940–1970 yillar bilan taqqoslaganda o‘rtacha 16 foizga qisqargan. Ayrim havzalarda bu ko‘rsatkich yanada yuqori: Talas daryosi havzasida muzliklar maydoni 47 foiz, Chu havzasida esa 28 foiz kamaygan. Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi natijasida bu jarayon Markaziy Osiyoning suv ta’minotiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Qirg‘izistonlik muzliklarni o‘rganuvchi olim Gulbara Omorova Adigene muzligi yaqinidagi ko‘l bo‘yida turibdi. 2024 yil, iyul oyi.

Surat manbasi, Getty Images/Arseniy Mamashev

Surat tagso‘zi, Muzliklarning erishi Markaziy Osiyoning suv ta’minotiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bashorat qilinadi.

Tojikistonda ham muzliklarning qisqarishi kuzatilmoqda. Mamlakat hukumati va xalqaro tashkilotlar Pamir tog‘laridagi muzliklarning erishi kelajakda mintaqa daryolari oqimiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida bir necha yildan buyon ogohlantirib keladi. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, asr oxiriga borib Markaziy Osiyo muzliklari hajmining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotishi mumkin.

Kelajak qanday bo‘ladi?

O‘zbekistonda Orolbo‘yini tiklash, yangi o‘rmonzorlar barpo etish va suv ekotizimlarini muhofaza qilishga qaratilgan qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Biroq mutaxassislar bu ishlar uzoq muddatli yondashuvni talab qilishini ta’kidlaydi. Maqolada aytilishicha, ekologik muammolarning katta qismi bir davlat doirasida hal etilmaydi. Amudaryo bir nechta mamlakat hududidan oqib o‘tadi va uning suv resurslarini boshqarish mintaqaviy hamkorlikni talab qiladi.