Mirziyoyev O‘zbekistonni yashillashtirmoqchi. Ammo mo‘may daromad istagi hamon daraxtdan ustunmi?

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Prezident Mirziyoyevga har bir uy oldida uch daraxt siyosati taqdim etilgan kuni Toshkent shahri hokimligi poytaxt qoq markazida avtoturargoh qurish rejasini e’lon qildi.
O‘zbekiston mustaqillik yillarida o‘zining yashil, soya-salqin maskanlaridan ayrilgani bor gap.
Buni kosmosdan olingan Google suratlari ham isbotlab turipti.
Boshida bu haqda bong urayotgan atrof-muhit jonkuyarlarining chiqishlariga e’tibor berilmadi, "ha, endi yo‘l qurish uchun, aholisi ko‘payib borayotgan mamlakatga yangi uy-joy qurish uchun ayrim daraxtlarni qurbon berish kerak", deya "tushunish" bilan yondashish ham bo‘ldi.
Oqibatda Toshkent havosi nafas olish inson salomatligi uchun zararli darajagacha ko‘tarildi.
O‘zbekiston shaharlarini garmselu bo‘ronlardan asrab kelgan "daraxt devor"lar yiqitilgani iqlim o‘zgarishi bilan qo‘shilib yanada vayronakor tus oladigan bo‘ldi.
Gulnora Karimovaning Forumlar saroyi haybatini ko‘rsatmay qo‘ygani uchun qariyb 200 yillik daraxtlar Amir Temur xiyobonidan tomiri bilan qo‘porib tashlandi, bu narsa esa hokimlarga o‘z hududlaridagi keksa chinorlarni yiqitishlariga yo‘l ochdi.

Surat manbasi, sreda.uz
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi tufayli ham tobora jazirama kuchayayotgan O‘zbekistonda mavjud daraxtlarni kesishni to‘xtatish, yangi yashil hududlarni kengaytirish lozimligini urg‘ulab keladi.
2019 yil 1 noyabridan mamlakatda daraxt kesishga moratoriy e’lon qilindi.
Bir necha marta uzaytirilgan moratoriy muddati Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilgi yangi farmoni bilan muddatsiz davrga uzaytirildi va noqonuniy kesganlik uchun jarimalar bir necha barobarga oshirildi.
2021 yil 24 avgustdagi daraxtlarni kesish, ularni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirishga bag‘ishlangan O‘zbekiston hukumatining navbatdagi videoselektor majlisida Prezident Mirziyoyev moratoriyga qaramay daraxtlar kesilayotganini tanqid qildi, 55 mln kuzgi va 70 mln bahorgi ko‘chat ekish vazifasini qo‘ydi.
2021 yil dekabrida O‘zbekistonda «Yashil makon» deb nomlangan umummilliy loyihaga kirishildi, qimmatbaho daraxt hamda butalarni kesishga moratoriy muddatsiz uzaytirildi.
2023 yil 14 oktyabrida Prezident Mirziyoyevning o‘zi «Yashil makon» loyihasi doirasida ko‘chat o‘tqazib, kuzgi daraxt ekish mavsumini boshlab berdi.
O‘sha mavsumda 85 mln tup ko‘chat ekish rejalashtirilgani xabar qilindi.
2024 yil 29 mart kuni "Yashil makon» loyihasi, ko‘chat ekish va obodonlashtirish masalalariga bag‘ishlangan katta videoselektor yig‘ilish o‘tkazildi.
Mamlakat bo‘ylab 125 mln dona ko‘chat ekish, yo‘l bo‘ylariga daraxt ekish, sug‘orish va yangi bog‘lar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
O‘sha yili sentyabr va oktyabr oylaridagi hukumat majlislari atrof-muhitni muhofaza qilish, Toshkent va atrofida «yashil belbog‘»lar barpo etish, yangi qurilishlar atrofining kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt kesish va qasddan quritish uchun jazoni kuchaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Prezident Mirziyoyev kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilari ekilmayotganini tanqid qildi.
Har yili O‘zbekistonda 200 mln daraxt va buta ekish, «yashil belbog‘»lar va bog‘larni tashkil qilish vazifalarini qo‘ydi.
2025 yil sentyabridagi "Yashil makon" muhokamasida bahorda o‘tqazilgan 137 million ko‘chatdan 27,5 millioni qurib qolgani qayd etildi.
Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan majlisda ko‘chatlarni shunchaki ekish emas, ularning 1, 3 va 5 yildan keyingi holati bilan natijani baholash masalasi qo‘yildi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, endi O‘zbekistondagi "Yashil makon" loyihasini yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilingan.
Endi O‘zbekiston shaharlarida shunday sharoit yaratilishi kerakki, unda har bir inson o‘zi yashayotgan, ishlayotgan yoki o‘qiyotgan joyda kamida uchta daraxtni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishi, aholi yashaydigan hududning kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplangan bo‘lishi, uydan 300 metr masofada esa dam olish uchun yashil hudud bo‘lishi kerak.
Shahar markaziga avtomobil emas, piyoda rag‘batlantirilmaydimi?

Surat manbasi, Телеграм/Бургут
Prezident Mirziyoyevga "Yashil makon" loyihasini yanada yangi bosqichga olib chiqish taqdim etilgan kuni Toshkent shahar hokimligi poytaxt markazidagi yashil hududni aktsionga qo‘ygani xabarlari tarqaldi.
"Toshkent hokimligi avtoturargoh qurish bahonasida poytaxtning oltinga teng yashil hududini sotuvga qo‘ymoqchi", deb yozdi Telegramdagi Burgut kanali.
"Toshkent shahar hokimligi poytaxtning qoq markazida — Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaning orqa hududida joylashgan 1,3 gektarlik yer uchastkasida [yashil zonada] davlat-xususiy sheriklik asosida avtoturargoh qurishni rejalashtirmoqda. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzaqovning tegishli qarori qabul qilingan.
Texnik shartlarda avtoturargoh bilan birga, "xiyobon tashkil qilish" rejasi ham ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, bu shunchaki ko‘zni shamg‘alat qilishdan boshqa narsa emas, deb o‘ylaymiz. Shundoq ham xiyobon u yerlar", deb yozdi Burgut.
Yer uchastkasi 514 mln so‘m bilan elektron auktsionga chiqariladi. Yer uchastkasini 10 yil muddatga oladigan xususiy sherik 10 mlrd so‘mlik investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.
Shartlarga ko‘ra, avtoturargohda har bir avtomobildan olinishi lozim bo‘lgan to‘lovlarning 15%i davlat sherigiga, 5%i esa «Pullik to‘xtash joyi» operatoriga o‘tkazib beriladi.
Ko‘plab blogerlar avto turargoh barpo etish g‘oyasini tanqid qilib chiqdilar.
Shahar markazi havosini ifloslamasligi uchun dunyoning ko‘plab shaharlarida avtomobilni markazga haydab bormaslikka rag‘bat choralari kuchaytirilgan, xususan, London markazida Congestion Charg tartibi ishlaydi.
Faollar Toshkent markazini ham avtomobil olib kirishga rag‘batlantiradigan avto turargoh emas, aksini qilishga chaqirmoqdalar.
Filolog Shahnoza Soatova shunday yozdi:
«Aytgancha, bugun ham avtomobilsiz kun. Ayni kunda shahar markazidagi ko‘pchilik piyoda sayr qiladigan yerning avtoturargoh uchun sotuvga chiqarilishi haqida xabar tarqalishi bir tasodif bo‘lsa-da, juda xunuk tasodifdir.
Bu yerga tegmanglar. Asfalt ko‘p poytaxtimizda yozda issiqda yashab bo‘lmay qolyapti. Undan ko‘ra avtomobildan voz kechishga chindan rag‘bat beradigan choralar ko‘paytirilishi kerak. Aks holda "Avtomobilsiz kun" larimiz mohiyatan "Avtomobilni ofisdan nariroqqa qo‘yib kelish kuni" bo‘lib qolaveradi», – deb yozdi Shahnoza Soatova o‘zining Telegram kanalida.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:






























