Suyaklar plyaji: Rossiya Sovet qatag‘onini unuttirmoqchi, biroq dalillar ko‘l yuzasiga chiqib kelayapti - Video

Kollajda sohilda turgan va o‘tirgan, inson suyaklarini ko‘lga uloqtirayotgan yosh bolalar tasvirlangan. Shuningdek, unda «cho‘milish taqiqlanadi» degan rasmli belgi bor, tasvirning kesib ko‘rsatilgan qismida esa qum ostida yanada ko‘proq suyaklar ko‘rinadi.

Surat manbasi, BNK/VK MO "Knyazhpogostsky"/BBC

    • Author, Sofya Volyanova va Surishtiruv tahririyati
    • Role, BBC Rus xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Ayrim insonlar uchun Yemva shaharchasidagi suzish ko‘li "ajoyib joy", oqqushlar suzib yurgan suv havzasi – yozning jaziramasida hordiq chiqarish mumkin bo‘lgan betakror go‘sha.

Boshqa birov uchun esa bu yer qabriston.

"Butun shahar insonlar suyagi ustiga qurilgan", deya ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Rossiya Komi respublikasidagi sun’iy ko‘l surati ostiga izoh yozib qoldirgan.

O‘nlab yillar davomida mahalliy aholi bu ko‘lda cho‘milib kelganlar. Ammo ko‘l Sovet GULAG tizimi, ya’ni majburiy mehnat lagerlarining mash’um tarmog‘i qurbonlari ommaviy dafn etilgan joyda qazib barpo etilgan.

Mahalliy aholi ko‘l sohilidan qayta-qayta insonlar suyaklarini topganlar.

Bu yerda marhumlar xotirasiga o‘rnatilgan va odamlarni ogohlantirib turadigan na yodgorlik, na biror lavha bor. Hukumat bu joyni hech qachon biror belgi bilan qayd etmagan. Yaqinda jasad qoldiqlarini nima qilish kerakligi haqidagi muhokama paytida esa rasmiylar hatto bu suyaklar GULAG mahbuslariga tegishli ekanini tasdiqlashdan bosh tortdilar.

Kollajda osoyishta ko‘lning rangli manzarasi o‘nlab erkaklar arqon yoki trosni tortayotgan oq-qora tasvir bilan uyg‘unlashtirilgan.

Surat manbasi, TASS/BBC

Surat tagso‘zi, Tarixchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, 1930 yillardan 1956 yilgacha Sovet lagerlari, jazo koloniyalari va qamoqxonalaridan 20 million inson o‘tgan

1980-yillarda mahalliy qurilish kompaniyasi bu hududda soyabonlar va kiyim almashtirish xonalari bo‘lgan sun’iy ko‘l va plyaj barpo etishga qaror qildi. Qazish ishlari paytida ekskavator yer bilan birga insonlarning jasadlari qoldiqlari va tobutlarning yog‘och parchalarini ham tepaga chiqardi.

Biroq bu narsa Moskvadan 1 000 kilometr shimoli-sharqda joylashgan shahardagi qurilish ishlarini to‘xtatmadi.

Yer osti buloqlarining suvi qazilgan chuqurga yo‘naltirildi va aholisi qariyb 15 ming kishini tashkil etadigan Yemva shahri yashovchilari o‘shandan beri bu ko‘lda cho‘milib keladilar.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Ammo besh yil avval bu hududda sodir bo‘lgan yong‘in va bir guruh tadqiqotchilarning kelishi suyaklarni nima qilish kerakligi haqidagi bahslarni avj oldirdi.

Ayrim mahalliy aholi vakillari butun hududni qayta qazib, barcha jasad qoldiqlarini boshqa joyga qayta dafn etish kerakligini aytdilar. Boshqalar esa bu joyga xoch o‘rnatishni taklif qildilar. Yana bir guruh odamlar esa "bunchalik shov-shuv ko‘tarishning hojati yo‘q", "GULAG lagerlari unchalik dahshatli bo‘lmagan va u lagerlarda faqat jinoyatchilar saqlangan", dedilar.

Oxir-oqibat mahalliy hokimiyat hech qanday chora ko‘rmadi.

Bu narsa Rossiyadagi kengroq tendentsiyani aks ettiradi: o‘sha davrga oid ommaviy dafn joylariga biror belgi qo‘yish tobora kamaymoqda. Qurbonlar haqida tadqiqot olib borishga yoki ular xotirasini yod etishga uringan odamlar jinoiy ta’qibga uchraayaptilar, GULAG tizimi haqidagi muhokamalar esa tobora taqiqlangan mavzuga aylanib bormoqda.

Kollajda zamonaviy temir yo‘l vokzali binosining illyustratsiyasi hamda avvalgi davrga oid, erkaklar yog‘och va relslardan foydalanib temir yo‘l qurayotgan manzara tasvirlangan.

Surat manbasi, NA Komi /USTR/BBC

Surat tagso‘zi, Ko‘plab GULAG mahkumlari Yemva yaqinida temir yo‘l qurilishi paytida halok bo‘lgan.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Moskvadagi GULAG Tarixi muzeyi hisob-kitoblariga ko‘ra, 1930–1956 yillar oralig‘ida qariyb 20 million kishi Sovet Ittifoqidagi lagerlar, axloq tuzatish koloniyalari va qamoqxonalardan o‘tgan. Hukumat bu muzeyni shu yil yopilishga majbur qildi.

Qatag‘on kurbonlarining qariyb to‘rt million nafari siyosiy sabablarga ko‘ra hukm qilingan.

Stalin davri va undan keyingi yillarni qamrab olgan ushbu qatag‘onlar davrida ikki milliondan ortiq kishi davlat hibsida halok bo‘lgan. Olti million kishi esa Sovet Ittifoqining olis hududlariga majburan ko‘chirilganlar.

Komi tilida «toza suv» degan ma’noni anglatadigan Yemva 1928 yilda tashkil etilgan mehnat lageri atrofida yuzaga kelgan. Bu hududda yashaydigan odamlarning aksariyati GULAG tutqunlari yoki lager qo‘riqchilarining avlodlaridir. Bu holat butun Komi mintaqasiga ham xos. Hozir ham Yemvada erkaklar uchun jazoni ijro etish koloniyasi faoliyat yuritadi.

Subarktik o‘rmonlar bilan o‘ralgan shimol lagerlarida yashash sharoitlari o‘ta og‘ir bo‘lgan. Mahbuslarni joylashtirish uchun yetarli turar joy bo‘lmagan. Hatto qishda harorat Selsiy bo‘yicha minus 50 darajaga tushganida ham ko‘pchilik yerto‘lalar yoki chodirlarda yashagan.

Ular ertalabdan kechgacha o‘rmon ichida temir yo‘l tortish uchun daraxt kesganlar. Ularning kunlik ovqati atigi 400 gramm non va bir kosa sho‘rva bo‘lgan.

Kollajda ikkita pravoslav xochi tasvirlangan: biri yodgorlik sifatida tik turipti, ikkinchisi esa buzib tashlangan, yerda yotibdi.

Surat manbasi, T.me/Officially_vorkuta/BBC

Surat tagso‘zi, Bir tadqiqotchi hukumatdan hech bo‘lmaganda qatag‘on qurbonlari dafn etilgan joyga xoch o‘rnatib, uni belgilab qo‘yishni so‘radi, ammo bu iltimos e’tiborsiz qoldirildi. Boshqa joylarda esa shunga o‘xshash xochlar buzib tashlandi.

Tarixchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Komidagi lagerlardan bir milliondan ortiq mahbus, ham siyosiy, ham siyosiy bo‘lmagan mahkumlar o‘tganlar. Ammo ularning qanchasi u yerda halok bo‘lgani haqida aniq raqamlar yo‘q.

2021 yili Yemva ko‘li atrofidagi o‘tloqda chiqqan yong‘inni o‘chirish uchun chaqirilgan o‘t o‘chiruvchilar kamida uch kishining suyaklarini topdilar. Shundan so‘ng mahalliy hokimiyat bu masalaga aralashdi.

Tergovchilar jasad qoldiqlari kamida 15 yillik ekanini va ularda jarohat alomatlari yo‘qligini aniqlaganlar. Ular «jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli» jinoiy ish qo‘zg‘atmagan.

Iqtibos

Tergovchilar qarorida suyaklar topilgan joy 1930–1950 yillar oralig‘ida «GULAG mahbuslarining norasmiy ommaviy dafn joyi» bo‘lib xizmat qilgani qayd etilgan.

Agar olti oy o‘tib, mintaqa poytaxti Siktivkardan GULAG tarixi bo‘yicha ixtisoslashgan bir guruh tadqiqotchilar kelmaganida, masala shu bilan yopilgan bo‘lardi.

«Biz karьerga bordik va aslida hech narsani qidirishimizga ham hojat qolmadi, suyaklar darhol ko‘zga tashlanardi», dedi yozuvchi va o‘lkashunos, o‘zi ham Yemvada tug‘ilgan Grigoriy Spichak BBC Rus xizmatiga.

Illyustratsiyada ikki portret: biri rangli bo‘lib, unda kulrang pidjak kiygan va lab bo‘yog‘i surtgan ayol, ikkinchisi esa oq-qora tasvirdagi palto va galstuk taqqan erkak.

Surat manbasi, TSGALI SPB/BBC

Surat tagso‘zi, GULAG lagerlari tutqunlari orasida aktyorlar, sobiq rus harbiylari va «aksilinqilobiy xatti-harakatlarda» ayblangan boshqa kishilar, shuningdek, jinoyatchilar ham bo‘lganlar.

Yana bir tadqiqotchi Igor Sajin shunday xotirlaydi:

«Biz qovurg‘a va chanoq suyaklarini topdik. Ularni hayvon suyaklari bilan hech ham adashtirmaysiz.

Ularni shu holicha tashlab qo‘yish insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Yemva esa o‘tmishdan yuborilgan bu dahshatli salomni tan olishni istamay, o‘z hayoti bilan yashashda davom etardi».

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, hukumat yangi aniqlangan dafn joylarini, jumladan, «ommaviy qatag‘on qurbonlarining qabrlari»ni ro‘yxatga olishi va belgilab qo‘yishi, zarur bo‘lsa, jasad qoldiqlarini qayta dafn etishi shart.

Sajin prokuraturaga murojaat qilgan, ammo hech qanday chora ko‘rilmagan.

Qariyb bir yil o‘tgach, u mahalliy ma’muriyat va cherkovdan hech bo‘lmaganda ko‘l yoniga xoch o‘rnatishni so‘radi.

Ammo ma’muriyat mintaqaviy jazoni ijro etish xizmati, Ichki ishlar vazirligi va mahalliy tarix muzeyiga murojaat qilganidan so‘ng, bu yer GULAG mahbuslari dafn etilgan joy ekaniga hech qanday dalil topilmaganini prokuraturaga bildirdi.

Biroq boshqalar bu masalada ancha qat’iy fikrdalar.

Kollajda rangli tasvirda bir ayol ko‘cha bo‘ylab tobut ortilgan otni yetaklab ketayotgani aks etgan. Ikki tomondagi oq-qora tasvirlarda esa marhumga hurmat bajo keltirish uchun yo‘l chetida turgan ayollar ko‘rinadi.

Surat manbasi, Getty Images/BBC

Surat tagso‘zi, Yemvadagi GULAG lagerlarida qancha odam halok bo‘lgani aniq emas.

«Bular, shubhasiz, GULAG qurbonlari. Chunki ular kiyim-kechak va poyabzalsiz, belkurak tig‘i chuqurligida dafn etilganlar», deb yozgandi tadqiqotchi Orest Romanko ijtimoiy tarmoqda.

Rossiyadagi ommaviy qatag‘onlar tarixi siyosiy jihatdan nozik mavzu bo‘lib, ommaviy qabrlarni aniqlashga uringan odamlar jinoiy ta’qibga uchradilar.

Sud Rossiya g‘arbidagi GULAG tarixi muzeyi direktori Nikolay Arakcheevni bosh suyagini «ruxsatsiz» qazib olgani uchun jarimaga tortdi.

«Memorial» tarixiy tashkilotining Perm bo‘limi rahbari Robert Latipov va besh nafar litvalik ko‘ngilli sobiq majburiy ko‘chirish manziliga qarashli tashlab ketilgan qabristonni tozalab, qabrlardan biriga xoch o‘rnatganlaridan so‘ng, unga nisbatan jinoiy tergov boshlandi.

2019 yil Rossiya Inson huquqlari kengashi yig‘ilishida Prezident Vladimir Putinga bu haqda ma’lum qilinganidan bir kun o‘tib, jinoiy ish yopilgan.

Ammo xuddi shu yig‘ilishda prezident Sovet arxivlaridan «cheklovsiz foydalanish» taklifiga qarshi chiqdi.

«Biz NKVD [Sovet maxfiy politsiyasi] 1930-yillarda qanday ishlaganini bilamiz va ajdodlariga oid hujjatlar ochilishi ularning qarindoshlari uchun har doim ham yoqimli bo‘lmasligi mumkin», dedi Prezident Putin.

Cho‘milish taqiqlanadi

2025 yili Rossiya davlat arxivi siyosiy qatag‘on qurbonlariga oid hujjatlarni «faqat xizmat doirasida foydalanish uchun» deb tasniflay boshladi.

Shu yil Komida siyosiy qatag‘onlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, o‘rganish va tarqatish bilan shug‘ullangan mustaqil madaniy tashkilot Revolt Centre ekstremistik tashkilot deb e’lon qilindi. Sovet davridagi inson huquqlari buzilishlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan «Memorial» ham ekstremistik tashkilot deb topilib, taqiqlandi.

Moskva rasmiylari esa yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzdi degan bahonada ikki yil davomida yopiq turgan va direktori Roman Romanov ishdan bo‘shatilgan GULAG muzeyi o‘rniga natsistlar bosqini paytida halok bo‘lgan Sovet fuqarolari xotirasiga bag‘ishlangan Xotira muzeyini tashkil etdi.

2022 yil yozida prokuratura Yemva ko‘lida cho‘milishni taqiqladi. Mahalliy sud hokimiyatga hududni tekshirish va u yerdagi jasad qoldiqlarini yil oxiriga qadar qayta dafn etish topshirig‘ini qo‘ydi.

Ammo Komi Oliy sudi bu qarorni bekor qilib, hudud haqiqatan ham «ommaviy qatag‘on qurbonlari dafn etilgan joy» ekanini aniqlash uchun uni tekshirish kerak degan qaror chiqardi.

'Uyatli mavzu'

O‘tgan yil oxirida rasmiylarni karьerdagi jasad qoldiqlarini tekshirishga majburlash maqsadida ijro ishi qo‘zg‘atildi, ammo u darhol to‘xtatildi.

BBC News Russian Rossiya Bosh prokuraturasi, mahalliy ma’muriyat va sudga murojaat qildi, ammo hech qanday javob olmadi.

Mustaqil mintaqaviy Komi Daily nashri Bosh muharriri Lana Pilaeva BBC Rus xizmatiga aytishicha, Stalin zamoni qatag‘onlar haqida gapirish taqiqlangan mavzu bo‘lib qolmoqda.

«Bu juda uyatli mavzu, dedi u. Qatag‘on qilinganlarning avlodlariga ham bu xos. Balki bunga "xalq dushmani" degan tamg‘a tufayli hali ham saqlanib qolganidir, odamlar ongiga singib ketgan uyat hissi sababdir. Jallodlarning avlodlari ham bu mavzuni o‘rganishni xohlamaydilar».

Joriy yil yozida hukumat ko‘l sohiliga «cho‘milish taqiqlanadi» degan belgini o‘rnatdi. Ammo mahalliy aholining aytishicha, odamlar u yerda hamon cho‘milishda davom etmoqdalar.

Pilaeva BBC Rus xizmatiga shunday dedi: «Ajablanarlisi, odamlar suyaklar orasida cho‘milishdan hech ham iymanmaydilar».

Maqolani tayyorlashda Olga Ivshina yordam bergan.