Zelenskiy chigal vaziyatdami? Ishdan olingan vazir o‘z lavozimiga qaytmoqchi - Ukraina endi Sank-Peterburgdagi Wildberries omborlarini nishonga oldi

Surat manbasi, Getty Images
- Author, BBC O'zbek Yangiliklar bo‘limi
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy lavozimidan ozod etgan Mudofaa vaziri Mixaylo Fedorov o‘zini ishga qayta tayinlashni talab qilmoqda. Ukraina dronlari bu safar Sank-Peterburgdagi Wildberries logistika markazlariga hujum qildi. Kiev bu omborlarni Rossiya armiyasi uchun "qonuniy harbiy nishon" deb hisoblashini aytmoqda.
Fedorov boshqa lavozimdan bosh tortdi

Surat manbasi, Reuters
Lavozimidan ozod etilgan Ukraina mudofaa vaziri Mixaylo Fedorov prezident Volodimir Zelenskiy taklif qilgan boshqa davlat lavozimlarini qabul qilishdan bosh tortdi va o‘zini yana mudofaa vaziri etib tayinlashni talab qildi.
Fedorov prezidentga minnatdorlik bildirgan, ammo urush taqdiriga frontdagi harbiylardan tashqari faqat uchta lavozim — prezident, mudofaa vaziri va Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Zelenskiy esa Fedorovga bir nechta lavozim, jumladan harbiy innovatsiyalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari vazifasini taklif qilganini aytdi.
35 yoshli Fedorov Ukraina armiyasida ma’lumotlar tahlilidan foydalanishni yo‘lga qo‘ygani, "Dronlar armiyasi" tashabbusini amalga oshirgani hamda korruptsiyaga qarshi kurashdagi faoliyati bilan tanilgan.
Uning o‘tgan hafta lavozimidan olinishi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik Zelenskiy Fedorov bilan kelishmovchilikka ega bo‘lgan bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiyni ham lavozimidan ozod qildi.
Biroq namoyishchilarning bir qismi buni yetarli emas deb hisoblab, Fedorov yana mudofaa vaziri etib tayinlanmaguncha norozilik aktsiyalarini davom ettirishini bildirmoqda.
Fedorov jurnalistlarga yuborgan bayonotida u yanvar oyida vazir bo‘lganida jamoasi urushni tugatish bo‘yicha aniq rejaga ega bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu reja havo himoyasini kuchaytirish, frontni barqarorlashtirish va Rossiya iqtisodiyotiga zarbalar berishni nazarda tutgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
U olti oy davomida shu reja izchil amalga oshirilganini va Ukraina so‘nggi yillarda birinchi marta jang maydonida tashabbusni qo‘lga kiritganini ta’kidladi.
Fedorovning o‘rniga Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq yuqori martabali amaldori Yevgeniy Xmara tayinlangan.
Zelenskiyning maslahatchisi Dmitro Litvin esa Fedorovning kelajagi yuzasidan muzokaralar hali ham davom etayotganini aytdi.
Ukraina dronlari Wildberries omborlariga yana zarba berdi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
24 iyulga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning eng yirik onlayn-savdo platformalaridan biri hisoblangan Wildberries kompaniyasining bir nechta logistika markazlariga hujum qildi.
Kompaniya matbuot xizmati Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Rossiya anneksiya qilgan Qrimning Simferopol shahridagi logistika markazlari nishonga olinganini tasdiqladi.
Shushari va "Utkina Zavod" sanoat hududidagi logistika komplekslari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov dronlar shahardagi fuqaroviy infratuzilma ob’ektlariga zarba berganini tasdiqladi, ammo qaysi ob’ekt nishonga olinganiga aniqlik kiritmadi.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning aytishicha, Novosaratovka qishlog‘idagi Wildberries omborida yong‘in chiqqan va uch kishi o‘rtacha og‘irlikda jarohat olgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Uning ma’lum qilishicha, Kirov tumanidagi "Severnaya" parrandachilik fabrikasi omborining bir qismi ham dron zarbasidan vayron bo‘lgan, ammo u yerda jabrlanganlar yo‘q.
Wildberries Simferopoldagi saralash markazi ham hujumga uchraganini, ammo xavfsizlik talablariga muvofiq barcha xodimlar evakuatsiya qilinganini bildirdi.
Ukrainaga yaqin Telegram kanallari Tver shahridagi Wildberries ombori ham nishonga olinganini yozdi. Biroq bu ma’lumotni hozircha na kompaniya, na mahalliy hokimiyat tasdiqlagan.
Tver viloyati gubernatori Vitaliy Korolyov esa shahar chekkasidagi logistika markazining ma’muriy binosida yong‘in chiqqanini, jabrlanganlar yo‘qligini bildirdi.
Wildberries bosh direktori Tatyana Kim hujumlar oqibatida omborlardagi tovarlarning bir qismini saqlab qolish mumkin bo‘lganini aytdi. U dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra jabrlanganlar yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, Leningrad viloyati hokimiyati uch kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
Bu Wildberries omborlariga qilingan to‘rtinchi dron hujumi hisoblanadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Wildberries omborlarini "qonuniy harbiy nishon" deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu omborlarda dronlar uchun butlovchi qismlar va Rossiya armiyasiga tegishli jihozlar ham saqlanadi.































