Qozog‘istonda mustaqil nashr xodimlariga hukm. So‘z erkinligi cheklanmoqdami?

Surat manbasi, Getty Images
Qozog‘istonning mustaqil KazTAG xabar agentligining ikki rahbariga "qalbaki xabar tarqatish" aybi asosida mahkama hukmi o‘qildi.
Hukm mamlakatda so‘z erkinligi cheklanayotgani haqidagi bahs-munozaralarga turtki berdi.
KazTAG ning bosh direktori Aset Mataev va bosh muharriri Amir Kasenovga 15 oylik ozodlikni cheklash va 5 yil jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilish borasida hukm chiqarilgan. Ozodlikni cheklash hukmi amnistiyaga tushishi aytilgan.
Hukm 31- iyul kuni Olmaota shahri mahkamasi tomonidan chiqarilgan.
KazTAG rahbarlriga nisbatan ayblovlar Rossiyada tug‘ilgan va hozirda Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan milliarder Timur Turlovga tegishli ekanligi aytilgan Freedom Finance sarmoya shirkatiga aloqador brokerlik agentligi tomonidan berilgan ariza asosida ilgari surilgandi.
Qoralovchi tomonga ko‘ra, shirkatni qalloblik, moliyalarni noqonuniy ravishda o‘tkazish va yana qator boshqa noqonuniy amallarda ayblagan asossiz xabarlar KazTAG platformasida nashr qilingan va bu o‘z navbatida shirkat obro‘si va sarmoyachilar ishonchiga putur yetkazgan.
Tergov hujjatlarida aytilishicha, Freedom Finance ga aloqador brokerlik shirkati orqali moliya operatsiyalarida pulini yo‘qotgan ayol ko‘rgan zararini qaytarib olish maqsadida KazTAG muharriri Amir Kasenov bilan til biriktirib, shirkat faoliyati haqida soxta ma’lumotni nashr qilishga kelishib olishgan.
Aset Mataev esa o‘z vazifasini to‘liq bajarmaslik, shuningdek bezorilikda ayblangan.
Amir Kasenov 2025 yili dekabr oyida uy qamog‘iga hukm qilingan bo‘lib, 2026 yil iyun oyida tergov jarayoni haqida ma’lumotlarni Internetda nashr qilgani uchun "uy qamog‘i shartlari"ni buzishda ham ayblangan.
Kasenovning o‘zi har qanday noqonuniy amalga qo‘l urganligini rad etib, mahkamani " sahnalashtirilgan namoyishkorona ish", deya ta’riflagan.
Aset Mataev 2026 yili mart oyida savdo markazlaridan biridagi olishuv ortidan uy qamog‘iga hukm qilingan. Mataevning himoyachisi bu hodisani " uyushtirilgan", deya atagan.
Freedom Finance bilan huquqiy tortishuv manzarasida KazTAG 27 iyunda veb-sahifasiga spam botlar, Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlar va kiber jinoyatchilar tomonidan bir necha bor muvofiqlashtirilgan hujumlarga tutilganligini bildirdi.
Jurnalistlar va so‘z erkinligi nishonga olinmoqdami?
Oxirgi bir necha oy mobaynida Qozog‘istonda jurnalistlarga qarshi qator jinoiy va ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, jurnalistlarga nisbatan jinoiy ishlar Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘payib ketgan soxta xabarlarga qarshi kurashning tarkibiy qismidir.
Ammo matbuotni nazorat qilish tashkilotlarining aytishlaricha, bu harakatlar tanqidiy fikrni bostirish urinishlaridir va mahalliy matbuot sohasida "qo‘rquv fazosi" yuzaga kelib, kuchayib bormoqda.
2025 yilning dekabr oyidan beri to‘rt nafar taniqli jurnalistga nisbatan mahkamalar tomonidan uy hibsiga olish haqida hukm chiqarilgan.
Shu davr ichida bir qator mustaqil jurnalistlar va blogerlar turli ayblovlar bilan hibsga olindi yoki jarimaga tortildi.
Jurnalistlar xavotiri

Surat manbasi, Getty Images/Vyacheslav Prokofyev
13 aprel kuni matbuot erkinligi va inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi 6 xalqaro tashkilot Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaevga ochiq maktub yo‘llashgandi.
Ular jurnalistlarning hibsga olinishi va OAVga bosim ortib borayotganidan xavotir bildirishgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ), Xalqaro matbuot instituti va Freedom for Eurasia kabi tashkilotlar hokimiyatni jurnalistlarga qarshi ta’qiblarni to‘xtatishga va hibsdagi muxbirlarni ozod qilishga chaqirgan.
Ular mustaqil qozoq matbuoti uchun ishlash "tobora qiyinlashayotgani"ni urg‘ulashgan.
Avvalroq Qozog‘istondagi nodavlat tashkilotlar va jurnalistlar ham Jinoyat kodeksining "ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatish" haqidagi 274-moddasi ularga qarshi tobora ko‘proq qo‘llanilayotganidan xavotir bildirgan edilar.
Botagoz Omarova va boshqalar...

Surat manbasi, Getty Images
20 mart kuni Ostona shahri sudi taniqli jurnalist Botagoz Omarovani ikki oylik uy qamog‘iga olish haqida hukm chiqargandi.
Bu qaror politsiyaning yolg‘on axborot tarqatgani haqidagi ayblovlari ortidan qabul qilindi.
Jurnalistik tergov materiallari bilan mashhur bo‘lgan Omarovaga qarshi ish mamlakatda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, mashhur mustaqil nashr Orda.kz bosh muharriri Gulnara Bajkenova ham 2025 yil dekabrida ikki oylik uy qamog‘iga olindi. Sud uning saytida chop etilgan maqolada huquq-tartibot xodimi pora olgani uchun hibsga olingani haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilganini aytgan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
So‘nggi tergovlar prezident Qasim-Jomart Toqaev liberal islohotlar haqida bergan va’dalariga qaramay, Qozog‘istonda ommaviy axborot vositalari ustidan qat’iy nazorat siyosati davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Toqaev 2019 yil hokimiyatga kelgach, ba’zi ijobiy qadamlarni tashlagan, jumladan 2020 yilda tuhmatni jinoyat qatoridagi huquqbuzarliklar ro‘yxatidan chiqargan edi. Biroq keyinchalik mustaqil va tanqidiy nashrlarga nisbatan senzura kuchaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, hibslar, jinoiy ayblovlar va jarimalar jurnalistik hamjamiyatni yozilmagan "qizil chiziqlar" doirasida ushlab turish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda. Bunday bosim, ayniqsa, saylovlar yoki ijtimoiy noroziliklar kuchaygan paytlarda ortadi.
Oxirgi vaqtlardagi jurnalistlarga nisbatan jinoiy va ma’muriy ishlar, asosan, Toqaev tashabbusi bilan o‘tkazilgan konstitutsion islohotlar va 15 martdagi referendum ortidan boshlangan. Referendumdagi ovoz berish yakunlariga ko‘ra yangi Konstitutsiya ma’qullangan edi.
Referendum arafasida hukumat OAV va fuqarolarni islohotlar haqida "dezinformatsiya" tarqatmaslik borasida bir necha bor ogohlantirgan. Keyinroq bir qator blogerlar, jurnalistlar va siyosiy faollar hibsga olindi.
"Qo‘rquv muhiti" va matbuotni "jilovlash"
«Pravovoy Media-Sentr» tashkiloti rahbari Diana Okremovaning aytishicha, jurnalistlarga qarshi hibslar hukumatning qo‘rquv muhitini saqlab qolish va o‘z qudratini namoyish qilishga intilishidan dalolat beradi.
Unga ko‘ra, qo‘rquv, o‘z-o‘zini senzura qilish va doimiy o‘zini nazorat qilish muhiti yaratilmoqda. Referendumdan keyin bir vaqtning o‘zida bir necha jurnalist ta’qib qilinayotgani odamlarga har qanday fikrni bildirish xavfli ekanini ko‘rsatadi. "Bu esa jurnalistikaga jilovlovchi ta’sir ko‘rsatadi", deydi Diana Okremova.
Olmaotadagi huquq masalalariga ixtisoslashgan Pravo.kz platformasi ham Botagoz Omarovaga qarshi ishni keskin tanqid qildi.
Biroq hukumat bosim haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Hokimiyat vakillari sud ishlari faqat dezinformatsiyaga qarshi qaratilganini ta’kidlamoqda.
Hukmron "Amanat» partiyasi deputati Erkin Abilning aytishicha, ayrim jurnalistlar so‘z erkinligini jazodan xoli bo‘lish huquqi deb tushunishadi.
"Ular tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatadi yoki Jinoyat kodeksini buzadigan bayonotlar uchun maydon yaratib beradi. Shu sabab ular javobgarlikka tortiladi", degan deputat Erkin Abil.
8 aprel kuni rasmiylar yolg‘on xabarlar haqidagi 274-moddani jinoiy qonunchilikdan chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilishdi.
Madaniyat va axborot vazirining birinchi o‘rinbosari Qanat Iskokov jurnalistlarga, "Biz hamkasblarimiz bilan birgalikda 274-moddani liberallashtirish masalasini muhokama qilmoqdamiz", degan.
1 iyuldan kuchga kirgan yangi Konstitutsiya ham xavotirlarni kuchaytirdi. Hujjatning 23-moddasida so‘z erkinligi va axborot tarqatish erkinligi boshqalarning sha’ni va qadr-qimmatiga, fuqarolar salomatligiga, jamoat axloqiga yoki jamoat tartibiga zarar yetkazmasligi kerakligi ta’kidlangan.
Tahlilchilar fikricha, yolg‘on xabarlar haqidagi qonun taqdiri qanday bo‘lishidan qat’i nazar, mustaqil OAVga bosim saqlanib qolishi ehtimoli yuqori. Bu esa kelajakda yana yangi hibslar va jinoiy ishlar ochilishiga olib kelishi mumkin.
«Pravovoy Media-Sentr» advokati Gulmira Birjanovaning fikricha, jurnalistlar ayrim mavzularga qo‘l urmaslikka harakat qiladi.
"Matbuot adolat izlab kelgan yoki ovozini eshittirmoqchi bo‘lgan odamlarni ham rad eta boshlashi mumkin. Bu esa so‘z erkinligi uchun jiddiy muammodir", dedi Gulmira Birjanova.





























