Toshkent migratsiya forumi O‘zbekistonga nima beradi?

Surat manbasi, Rossiya Tergov qo'mitasi videosidan
Tahlilchilarga ko‘ra, bir zamonlar migrantlarga "dangasa" deb qaralgan O‘zbekistonda Xalqaro Migratsiya tashkiloti forumiga mezbonlik qilish mehnat muhojirlariga nisbatan munosabat ijobiy tarafga o‘zgarganining belgisidir.
Toshkent shahrida Xalqaro Migratsiya tashkilotining birinchi xalqaro migratsiya forumi boshlandi.
Anjuman ikki kun davom etadi.
Tadbirda Markaziy Osiyo, Osiyo, Yevropa, AQSh kabi 40 dan ortiq davlatdan 600 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Xalqaro Migratsiya tashkilotining 2026 yilgi Jahon migratsiyasi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 304 millionga yaqin xalqaro migrant bo‘lsa, shundan 168 millioni mehnat migrantlaridir.
Ular jahon mehnat bozori va iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqdalar, yiliga o‘z oilalariga qariyb 905 milliard AQSh dollari miqdorida pul jo‘natganlar.
Rasmiy raqamlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 1,2 million kishi mehnat migranti sifatida xorijda ishlayotganini ko‘rsatadi.
Ammo real raqamlar bundan bir necha barobar ko‘p deb ko‘riladi.
O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga chet eldan yuborilgan pul o‘tkazmalari 18,9 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Bu 2020 yildagi raqamlardan (6 milliard dollar) uch baravar, 2021 yildagidan (8,1 milliard dollar) ikki karra ko‘p.
2026 yilning dastlabki uch oyida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar vataniga 3,8 mlrd AQSh dollari miqdorida valyuta mablag‘lari yuborganlar.
Toshkentdagi forumda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Behzod Musaevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston o‘z fuqarolari dunyoning qaerida bo‘lmasin, mehnati, bilimi va mas’uliyati bilan qadr topishini istaydi.
Behzod Musaev forumning birinchi kuni qilgan taqdimotida migratsiya bilan bog‘liq ba’zi raqamlarni ham ko‘rsatdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy faol aholisi soni 15,9 mln kishini tashkil etadi, shundan 15,1 millionining bandligi ta’minlangan.
Ammo tahlilchilar mahalliy rahbarlarning o‘z hududidagi bandlik ko‘rsatkichlarini "yuqoriga" baland qilib ko‘rsatib taqdim etish hollari hamon mavjudligiga e’tibor qaratadilar, mahalliy hokimlarning bunday yondashuvi Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan hukumat majlislarida ham tanqid qilingan.

Surat manbasi, eca.iom.int
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholisining soni 38 milliondan oshgan O‘zbekiston mehnat bozoriga esa har yili 600 ming kishi kirib keladi.
Mehnat migratsiya haqida gap ketar ekan, albatta, muhojirlarning haq-huquqlari poymol qilinayotgani, ayrim hollarda ular firibgarlik qurboniga aylanayotgani va hatto Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushida qatnashishga majbur bo‘layotganini ham eslash o‘rinli.
Ammo Toshkentdagi forumda urush bilan bog‘liq holatlar haqida gaprilmadi.
Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirov ham OAVga bergan intervyusida ushbu mavzu forum kun tartibidan o‘rin olmaganini aytdi.
Toshkent forumining nomi "Mehnat migrantlari va ular oila a’zolarining ijtimoiy va huquqiy himoyasi" deb nomlanadi va bu tadbir chet elda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar himoyasini yaxshilashga hissa qo‘shadi deb umid qilinmoqda.































