"Media-yuristlar deyarli yo‘q". O‘zbekistonda yana bir bloger qamalgani aytilmoqda

Surat manbasi, Gulnoza Said
O‘zbekistonda bloger Otabek Hamidovning qamalishi haqidagi xabarlar ijtimoiy mediaga nisbatan bosim kuchayayotgani haqidagi bahslarni yana kun tartibiga chiqardi.
Blogerlarning kanallari ommaviy axborot vositasi sifatida tan olinmagani uchun, ularni himoya qilishda xalqaro tashkilotlar imkoniyatlari cheklanganini ta’kidlaydilar. Ayni damda mamlakatda media-yuristlar yetishmasligi ham muammo sifatida ko‘riladi.
8 may kuni jurnalist Ilyos Safarov Feysbukda Hamidovning Andijonda qo‘lga olingani haqida yozdi. Vaqt.uz nashri ichki ishlar idorasidagi manbalarga tayanib, uni tovlamachilikda gumon qilayotganini ma’lum qildi. Xabarni Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tasdiqlagani bilan batafsil izoh berilmadi.
9 may kuni Otabek Hamidov qamoqqa olingani haqida yana bir bloger Otabek Jo‘raev, Oliy Majlisning sobiq deputati, jamoat faoli Rasul Kusherboev ham aytib chiqishdi. Ularga ko‘ra, ikki yil avval begona shaxs uning uyiga 500 dollar tashlab ketgan, lekin o‘sha paytda Hamidov uyda bo‘lmagan. Hamidovning yaqinlari va advokati hozirgacha izoh bermagan.
Hamidovga tegishliligi aytilgan @xalqdardiuz kanali Yutubda 64 mingdan ziyod, Telegramda esa 3000dan ortiq kuzatuvchiga ega. Kanal asosan ijtimoiy muammolar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi kamchiliklarni yoritadi.
Faollar uning qamalishini so‘nggi paytlarda blogerlarga nisbatan qo‘llanilayotgan ayblovlar davomidagi holat sifatida baholamoqda. Rasul Kusherboev Bi-bi-siga bergan izohida shunday dedi:
"Oxirgi paytlarda blogerlarga nisbatan bosim kuchaygan. Menimcha, Otabek Hamidov oxirgisi emas. Masalan, mening ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarim kiberhujumga uchrayapti. Agar sahifalarimiz buzilsa, ma’lum ma’noda "ovozimiz o‘chadi" deb o‘ylashadi".

Surat manbasi, Rasul Kusherboev
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turli ayblovlar bilan blogerlarni qamash yoki javobgarlikka tortish holatlari ko‘paygan. 2025 yilda diniy bloger Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) qamalgan. Joriy yil mart oyida Sirojiddin Odilov (Sirojiddin media) firibgarlikka gumon qilinib qamalgan. Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirovga nisbatan esa energetika vaziri da’vosi bilan ma’muriy ish ochilgan, ammo sud ishni muddati o‘tib ketgani uchun tugatgan.
Faollar O‘zbekistonda blogerlarga bosim kuchayganini ta’kidlasa-da, nechta bloger qamalgani yoki jinoyat ishlarida gumondor sifatida so‘roq qilingani haqida aniq raqamlar ochiq manbalarda yo‘q.
Ismini oshkor qilishni istamagan toshkentlik jurnalistning Bi-bi-si muxbiri bilan suhbatda blogerlar bilan bog‘liq vaziyatlarni faqat bosim sifatida ko‘rish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.
"Blogerlar orasida o‘z faoliyatidan foydalanib, boshqalardan pul undirish yo‘liga o‘tib olganlar ko‘paygani ham rost. Ammo, qamalganlar orasida aynan tovlamachi blogerlarni emas, halq dardini olib chiqayotgan blogerlarni ham ko‘rishimiz achinarli" – deydi u.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining (CPJ) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dastur kordinatori Gulnoza Said O‘zbekistondagi media bilan bog‘liq holatlar yuzasidan shunday izoh berdi:
"Biz asosan jurnalistlarning himoyasi bilan shug‘ullanamiz. Blogerlar bilan bog‘liq vaziyatlarda, masalan, ta’qibga uchragan yoki qamalgan bloger bo‘lsa, u jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanadimi yoki professional etika qoidalariga rioya qiladimi, degan savollarga javob izlashga ko‘p vaqtimiz ketadi. Yaqinda taniqli blogerning ishini obdon o‘rgandik, bayonot bermoqchi ham bo‘ldik, ammo advokati: "To‘xtab turinglar, biror o‘zgarish bo‘lib qolar", deb, ancha vaqtgacha bizning bayonot berishimizga yo‘l bermadi. Oxiri o‘zlari aytgandek, yo‘lini topishdi shekilli, biz bilan aloqani uzishdi. O‘zbekistonda jurnalistlarni va blogerlarni himoya qiladigan, umuman media bilan shug‘ullanuvchi advokatlar, media-yuristlar deyarli yo‘q. Mana shunday holatlar oqibatida biz kabi xalqaro tashkilotlar blogerlar ishlarini o‘rganishda, bayonotlar berishda yoki xulosalar chiqarishda qiynaladi".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Chegara bilmas muxbirlar (RSF) halqaro tashkiloti 30 aprelda e’lon qilgan 2026 yilgi Matbuot erkinligi indeksida O‘zbekistondagi vaziyat "juda murakkab" deb baholangan.
Ammo kuzatuvlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda ijtimoiy media rivojlanib, podkastlar va blogerlar soni oshgan. Bu holat mahalliy mediada so‘z erkinligi yaxshilanishi sifatida ko‘rilsa-da, RSF blogerlarning katta qismi davlatga yaqinligini va bu mustaqil jurnalistikaga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha chiqishlarida matbuot erkinligini davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etgan va "ochiqlik va shaffoflik siyosatidan qaytilmasligi"ni aytgan. Shuningdek u mamlakatdagi kamchiliklarni mediada tanqid qilish zarurligi haqida ham bir necha bor ta’kidlagan.





























