YeI va NATOning yangi bosimi ortida nima bor? Putin G‘arbni ogohlantirdi

Surat manbasi, Reuters
Yevropa Ittifoqi va NATO Germaniyadagi "yangi keskinlashuv" ortidan Rossiyaga bosimni kuchaytirishga va’da berdi

Surat manbasi, Reuters
BBCning Yevropa bo‘yicha raqamli muharriri Pol Kirbining yozishicha, NATO va Yevropa Komissiyasi rahbarlari Rossiya tobora ehtiyotsiz harakat qilayotgani haqida ogohlantirib, bunga nisbatan "yangi voqelik" sharoitida javob qaytarishga va’da berdi.
Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning aytishicha, Germaniya Rossiyani Leyptsig aeroportiga uyushtirilgan muvaffaqiyatsiz dron hujumida ayblaganidan bir kun o‘tib, "Leyptsig Yevropa Ittifoqi hududida Rossiya bilan bevosita bog‘langan yangi keskinlashuvni anglatadi".
NATO Bosh kotibi Mark Rutte alyans, jumladan AQSh ham, "Germaniya bilan to‘liq hamjihatlikda" ekanini bildirdi.
Rossiya 4 avgust kuni portlovchi modda ortilgan dron yordamida Ukraina yuk samolyotini nishonga olgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Rossiya Germaniyaning yangi sanksiyalariga javoban mamlakat hududidagi Germaniyaning Gyote-instituti madaniy markazlarini yopishini ma’lum qildi.
Bizning hududimizga bevosita qaratilgan g‘arazli faoliyatlar ko‘paydi.
Dron Leyptsig/Xalle aeroportida robot tomonidan zararsizlantirildi. Ikkinchi dron boshqa yuk samolyoti bilan to‘qnashgan deb hisoblanmoqda.
Uchinchi dron, xabarlarga ko‘ra, 10 kun o‘tgach aeroportdan topilgan. U NATOning muhim markazi hisoblanadi va undan Ukrainaning «Antonov» transport samolyotlari muntazam foydalanadi.
Faqat seshanba kuni Germaniya hukumati politsiya tergovlari va razvedka ma’lumotlari Rossiya ushbu hodisalar ortida turganini isbotlaganini bildirdi.
Ichki ishlar vazirining aytishicha, dronning konfiguratsiyasi, tarkibiy qismlari, portlovchi moddalari va detonatori Rossiyaning boshqa gibrid operatsiyalaridan ma’lum bo‘lgan.
Xabarlarga ko‘ra, Leyptsigdagi hujum bo‘yicha ikki nafar gumonlanuvchi aniqlangan. Ulardan biri Rossiya pasportiga ega belaruslik bo‘lib, turistik viza bilan kirgan. Ikkinchisi esa Latviya va Rossiya pasportlariga ega bo‘lib, samolyotda Berlinga kelgan va muvaffaqiyatsiz hujumdan ikki kun oldin samolyotda chiqib ketgan.

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Berlin Bonndagi Rossiya konsulligini, shuningdek Berlinda Kreml uchun targ‘ibot maydoni sifatida faoliyat yuritishi keng gumon qilinadigan «Rossiya uyi» madaniy muassasasini yopishini ma’lum qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Berlin o‘z ayblovlarini tasdiqlash uchun hech qanday dalil taqdim etmaganini bildirdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Berlinning harakatlariga javob sifatida Moskva, Sankt-Peterburg va Yekaterinburgdagi Germaniyaning Gyote-instituti madaniy markazlari yopilishini e’lon qildi.
Bundan avval Germaniyaning muvaqqat ishonchli vakili Bernd Finke Moskvaning Berlinning "mutlaqo asossiz ayblovlari"ni rad etishini eshitish uchun chaqirilgan edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniyaning choralarini "Germaniya xalqi manfaatlariga ochiqchasiga zid keladigan" jiddiy xato sifatida qoraladi.
Moskva Berlin bilan munosabatlarni uzishga tayyormi, degan savolga Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Grushko "balki" deya javob berdi, ammo hozircha diplomatiyaga imkoniyat berilayotganini aytdi.
Germaniyadagi tanqidchilar Germaniyaning javobi nisbatan kuchsiz bo‘lganini ta’kidlashdi, ammo Berlin Yevropa Ittifoqining kengaytirilgan sanksiyalari va blok bo‘ylab rossiyalik mehmonlar uchun kirish cheklovlarini o‘z ichiga oladigan, ittifoqchilari bilan muvofiqlashtirilgan javob choralariga ko‘z tikmoqda.
Ursula fon der Lyayen o‘z bayonotida Leyptsigdagi hujum "Yevropa Ittifoqi hududida Rossiya agentlari tomonidan amalga oshirilgan harbiy darajadagi materiallar bilan bog‘liq hujum" bo‘lgani aniq ekanligini ta’kidladi.
"Biz bunga toqat qilmaymiz", dedi u. "Biz harakatlarni kuchaytirishimiz kerak va bu Rossiyaning oqibatini o‘ylamay qilayotgan harakatlariga tezroq va samaraliroq javob berishga tayyor bo‘lishni anglatadi".
U Bryusselda Rutte bilan uchrashib turgan bir paytda, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Irlandiyaning Uiklou shahrida yig‘ilish o‘tkazdi. U yerda Frantsiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tish maqsadida neft va boshqa yuklarni tashuvchi Rossiyaning "soya floti" deb ataluvchi kemalariga qarshi Yevropa darajasida choralar ko‘rilishi mumkinligini aytdi.
Barro hamda Belgiya va Niderlandiyadan bo‘lgan hamkasb vazirlar hujumga norozilik sifatida Rossiya elchilarini chaqirtirganini ma’lum qildi.
Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budrisning aytishicha, Rossiya Yevropa ittifoqchilariga qarshi gibrid operatsiyalarida hech qanday siyosiy baho to‘lamasligini ko‘rib turgani aniq.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas amaldagi sanksiyalar ijrosini qanday kuchaytirish ustida ish olib borilayotganini aytdi va Rossiyaning sobiq jangchilari uchun Yevropa Ittifoqiga kirish vizalarini taqiqlash, shuningdek rossiyalik sayyohlar uchun viza cheklovlarini kuchaytirish taklifi keng ma’qullanayotganini qo‘shimcha qildi.
Shvetsiya, Niderlandiya, Polsha va Ispaniyani o‘z ichiga olgan bir qator Yevropa Ittifoqi davlatlari muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlarining 193 milliard yevrodan ortiq qismi Ukrainaga yordam berish uchun ishlatilishini talab qilmoqda. Bu g‘oya ilk bor 2025 yil oxirida rejalashtirilgan va mablag‘lar saqlanayotgan Belgiya tomonidan rad etilgan edi. Biroq Belgiyaning pozitsiyasi o‘zgarmagan, chunki u sudlar tomonidan moliyaviy javobgarlikka tortilishidan xavotirda.
Fon der Lyayenning aytishicha, Leyptsigdagi hujum tobora xavfli tus olayotgan hodisalar, jumladan dronlar va muhim infratuzilmaga aralashuvlar kabi kengroq tendentsiyaning bir qismi hisoblanadi.
Mark Rutte alyansning sharqiy qanotidagi mamlakatlar hududiga kirib kelayotgan dronlar va raketalar tufayli yevropaliklar uchun xavf ortganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, "bizning hududimizga bevosita qaratilgan g‘arazli faoliyatlar ko‘paydi, bu Ukraina uchun mudofaa uskunalarini ishlab chiqarayotgan zavodlarda ataylab chiqarilgan yong‘inlar bo‘ladimi yoki Leyptsigdagi Rossiyaning gibrid hujumi bo‘ladimi, farq etmaydi", dedi u.

Surat manbasi, Reuters
So‘nggi 24 soat ichida faqat Germaniyaning o‘zida bir nechta ehtimoliy sabotaj holatlari haqida xabar berildi. Ular orasida elektr podstantsiyalariga qilingan ikki hujum ham bor, ularning biri mamlakat sharqida, ikkinchisi esa g‘arbda, Kyoln yaqinida sodir bo‘lgan.
Hukumat hozircha bu hodisalar ortida kim turganini bilmayotgan bo‘lsa-da, Shimoliy Reyn-Vestfaliya ichki ishlar vaziri Xerbert Royl G‘arbiy Germaniyadagi Bergxaym shahrida elektr uzatish tarmoqlarini nishonga olgan hujum ataylab qilinganini va uni amalga oshirgan shaxs butun mamlakatga hujum qilganini bildirdi.
"Biz ikki ehtimolni tekshiryapmiz - chet davlat tomonidan yo‘naltirilgan sabotaj va so‘l qanot ekstremizmi", dedi u.
Bir nechta elektr uzatish tarmoqlari ishdan chiqqan, bu esa ikki alohida ko‘mir yoqilg‘isida ishlovchi elektr stantsiyasidagi beshta energetika blokining tarmoqdan uzilishiga olib kelgan. Politsiyaning aytishicha, daladan oltita uchirish qurilmasi topilgan.
Seshanba kuni erta tongda Brandenburgdagi Yanshvalde ko‘mir yoqilg‘isida ishlovchi elektr stantsiyasi yaqinida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlariga shikast yetkazilgan, keyinroq esa podstantsiyadan portlovchi qurilmalar topilgan.
Ayni paytda qo‘shni Polshada Bosh vazir Donald Tusk Varshavadan 140 kilometr janubda joylashgan Skarjisko-Kamenna shahrida jangovor dronlar ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan yong‘inni ataylab qilingan o‘t qo‘yish va sabotaj harakati deb atadi. Yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi Lyublin shahridagi zavodda chiqqan yong‘inda ham o‘t qo‘yish ehtimoli istisno qilinmagan.
Fon der Lyayenning aytishicha, Rossiyani tiyib turish uchun sanksiyalar allaqachon qo‘llanilgan va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari "Rossiyaning urushni moliyalashtirish manbalariga yanada qattiqroq zarba berish" bo‘yicha qo‘shimcha choralarni muhokama qilmoqda.
Yevropa Ittifoqi allaqachon Ukrainaga 90 milliard yevro qarz berishga kelishib olgan. Fon der Lyayenning aytishicha, Kiev PAC-3 havo hujumidan mudofaa raketalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha ravishda bir necha milliard yevro so‘ragan. Shuningdek, Yevropa va Ukraina o‘rtasidagi Freyja ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimi bo‘yicha qo‘shma loyiha ustida ham ish olib borilmoqda.
U Yevropa va NATO Moskvaga bosimni saqlab qolishini, biroq "uni yanada kuchaytirishini va Rossiya Ukrainadagi begunoh erkaklar, ayollar va bolalarni bombardimon qilish va o‘ldirishni to‘xtatmaguncha to‘xtamasligini" va’da qildi.
Rozenberg: Putinning Britaniyaga qaratilgan po‘pisasi Rossiyaning G‘arbga qarshi kampaniyasining bir qismi

Surat manbasi, Reuters
Rossiya prezidenti Vladimir Putin matbuot anjumanida Moskva Ukrainaga Britaniya tomonidan yetkazib berilayotgan qurollarga javob tariqasida Buyuk Britaniyadagi harbiy ob’ektlarga zarba berishi mumkinmi, degan savolga bir qisqa jumla bilan javob qaytardi.
"Bu sir. Harbiy sir".
Harbiy sir degani "ha" emas. Va "yo‘q" ham emas. Bu bizni o‘ylantirib qo‘yadi.
Va menimcha, aynan shu maqsad qilingan.
Bu ikki so‘z Kreml tomonidan psixologik bosimga o‘xshaydi - Britaniyani Moskva niyatlari haqida taxmin qilishga va xavotirlanishga majburlash, shuningdek, Ukrainaga qat’iy qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor o‘ylab ko‘rishga undash.
Bu menga bir necha kun oldin o‘qigan gazetadagi maqolani eslatadi. "Moskovskiy komsomolets" gazetasi Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Bernam Rossiyani tushida emas, "balki dahshatli tushlarida" ko‘rishi kerakligini yozgan edi.
Qo‘rqinchli til. Ammo bu dahshatli tushlar qanday ko‘rinish olishi haqida tafsilot juda kam.
Biz Rossiya raketalari Buyuk Britaniyadagi nishonlarga qarshi ishlatilish arafasida, degan xulosaga kela olmaymiz.
Ammo Yevropaning boshqa joylarida nima bo‘layotganiga nazar tashlang.
Germaniya hozir Rossiya o‘tgan oy Leyptsig aeroportiga qilingan dron hujumi uchun javobgar ekanini aytmoqda.
Putin Germaniyani "dalillarni soxtalashtirishda" aybladi. Ammo Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt buni "Yevropadagi Rossiya gibrid operatsiyalarining yaxshi ma’lum bo‘lgan andozasi" deb ta’rifladi.
Shunday "operatsiyalar" endi Buyuk Britaniyada ham kuchaytirilishi mumkinmi?
Biroq Putin matbuot anjumanida bilvosita tahdid olgan faqat Britaniya emas edi.
G‘arb umuman shunday tahdidni qabul qildi. Putin G‘arb davlatlarini akulalarga qiyosladi.
"Agar kimdir bizni zaiflashtirishga, bizni yutib yuborishga yoki yeb tashlashga urinsa, ularning tishiga musht tegishi mumkin", dedi u. "Rossiya, bu akulalarning ishtahasi va tishlari tez o‘sib borayotganiga qaramay, bunga tayyor".
Tobora ko‘proq Rossiya prezidenti geosiyosiy mavzularni zoologik obrazlar bilan aralashtirmoqda. Yaqinda u Rossiyaning Ukrainadagi urushiga asos sifatida yirtqich kitlar "oq ayiqlarni parchalayotgani" haqida gapirgan edi.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi matbuot anjumani Putinning kayfiyati va fikrlash tarziga nazar tashlash imkonini berdi.
Qirq besh daqiqa davomida u rossiyalik jurnalistlarning savollariga javob berdi va jangovar hamda g‘alabaga ishonchi komil ko‘rindi. Shu kunlarda Putin Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi geosiyosiy qarama-qarshilik va Ukrainadagi urush haqida gapirganda o‘ta faol ko‘rinadi.
Garchi urush rejadagidek ketmagan bo‘lsa ham. Rossiya jang maydonida ulkan yo‘qotishlarga uchradi. Mamlakat iqtisodi jiddiy bosim ostida.
"Dushman baribir qulashiga menda hech qanday shubha yo‘q", dedi u. Biroq urush to‘rt yarim yildan ortiq vaqt davom etmoqda va Ukraina hali ham kurashmoqda.
Rasman Kreml buni hamon "maxsus harbiy operatsiya" deb ataydi. Ammo endi Putinning o‘zi ham "urush" so‘zini ishlatmoqda.
"Urush shafqatsiz va oldindan aytib bo‘lmaydigan narsadir", dedi u matbuot anjumanida.
U mojaroga barham berish bo‘yicha muzokaralarga ochiqligini aytdi va AQSh ma’muriyatidan kim bilan muzokara stoli atrofida o‘tirishni afzal ko‘rishini ham yashirmadi - Donald Trampning vakillari bilan.
"Biz yaxshi taniydigan va umuman ishonadigan odamlar bilan ishlashda o‘zimizni mutlaqo qulay his qilamiz", dedi Putin. "[Jared] Kushner va [Stiv] Uitkoff har doim xush kelgan mehmonlardir. Ular bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz".
O‘tgan hafta Moskvaga kutilmagan tashrif bilan kelgan Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari uchun bunday alohida e’tirof bo‘lmadi. Kremlning aytishicha, Rossiya prezidenti o‘sha safar davomida Jon Retkliff bilan uchrashmagan.
Putin yaqin orada Uitkoff va Kushner bilan uchrashishi mumkinmi?
Hozircha bunday uchrashuv rejalashtirilmagan.
Ammo agar ular Moskvaga borishsa, prezident Trampning vakillari Ukrainadagi har qanday tinchlik Rossiya shartlari asosida bo‘lishi kerak, degan qat’iy pozitsiyada turgan Kreml rahbari bilan yuzma-yuz kelishadi.




























