Eron uchun Lego uslubida sun’iy intellekt videolarni yaratayotgan shaxs bilan suhbatlashdik. Mutaxassislarga ko‘ra, bu – kuchli propaganda

SI tomonidan yaratilgan Eronni qo‘llab-quvvatlovchi propaganda videosidan olingan skrinshot, unda eronlik askar amerikalik askarni quvib bormoqda.

Surat manbasi, Explosive Media

Eron uchun Lego uslubida sun’iy intellekt videolarni yaratayotgan shaxs bilan suhbatlashdik. Mutaxassislarga ko‘ra, bu – kuchli propaganda
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Bir qarashda ular Lego filmidan olingan sahnalarga o‘xshaydi, faqat undan ancha jonliroq va jarayon tezroq kechadi.

Ammo Lego estetikasidan ilhomlangan bu keng tarqalayotgan SI videolarda o‘layotgan bolalar, qiruvchi uchoqlar va AQSh prezidenti Donald Tramp tasvirlangan bo‘lib, mohiyatan Eron targ‘ibotidir.

Bi-bi-sining "Top Comment" nomli yangi podkasti uchun ushbu videolarni yaratayotgan asosiy akkauntlardan biri – "Explosive Media" vakili bilan suhbatlashdik. U o‘zini "janob Portlovchi" (Mr Explosive) deb atashimizni istadi.

Bu ustomon ijtimoiy tarmoq operatori dastlab Eron hukumati uchun ishlashini rad etdi. Avvalgi intervyularda ushbu media manba o‘zining "to‘liq mustaqil" ekanligini aytgan edi. Ammo keyingi savollardan so‘ng, janob Portlovchi rejimdan buyurtma olishini tan oldi – buni u ilgari hech qachon ochiq tasdiqlamagan edi.

Bu videolarning bosh g‘oyasi shuki, Eron o‘zi qudratli global zolim deb bilgan kuchga – Qo‘shma Shtatlarga qarshi turmoqda.

Videolar bachkana, tag ma’nolar yo‘q, ammo bu holat odamlarning ularni qizg‘in ulashishi va muhokama qilishiga zarracha ta’sir qilgani yo‘q.

Videolardan birida Donald Tramp "Epshteyn fayllari" girdobiga tushib qoladi, rep so‘zlari esa "sirlar fosh bo‘lmoqda, bosim ortmoqda" deydi.

Boshqa bir videoda Jorj Floydning politsiyachi etigi ostida yotganini ko‘rish mumkin. Unda Eron "sizning tizimingiz zulm qilgan har bir inson uchun turadi" degan so‘zlar yangraydi.

Targ‘ibot bo‘yicha yetakchi mutaxassis, doktor Emma Brayantning ta’kidlashicha, o‘tgan yili ilmiy maqolada "SI axlati"ga (AI slop) qiyosan o‘ylab topilgan "slopaganda" atamasi bu "o‘ta puxta" kontent qudratini ifodalashga ojizlik qiladi.

SI yordamida yaratilgan targ‘ibot videolari urush davomida yuz millionlab marta ko‘rilgani taxmin qilinmoqda.

Video tagso‘zi, "Explosive Media"ning sun’iy intellekt orqali tayyorlangan propaganda videolari unchalik ham pinhona emas.

Janob Portlovchi bilan videomuloqotimizda u Eron bayrog‘i ranglari – qizil va yashil nurlar fonida qorayib ko‘rinadi. Uning stolida bir nechta videolarda tasvirlangan jangchi Husayn bin Ali bilan bog‘liq yashil patli dubulg‘a turibdi.

Uning aytishicha, "Explosive Media"dagi jamoasi Lego uslubidagi grafikadan foydalanadigan o‘nga yaqin kishidan iborat, chunki "bu universal til". X ijtimoiy tarmog‘idagi Eron va Rossiya davlat OAVlari bu videolarni muntazam ravishda millionlab obunachilariga ulashmoqda.

Biz janob Portlovchidan nima uchun Epshteyn fayllari uning videolarida bunchalik ko‘p tilga olinganini so‘raymiz.

Uning aytishicha, bu tomoshabinlarga "haqiqat va ozodlikka intilayotgan" Eron va "o‘zlarini kanniballar bilan bog‘laydiganlar" o‘rtasida "qanday qarama-qarshilikka guvoh bo‘layotganlarini" ko‘rsatish uchun kerak.

Bu Epshteyn fayllari Tramp ma’muriyatini kannibalizm bilan bog‘lashi haqidagi nazariyaga ishoradir, biroq bu da’vo uchun ishonchli dalillar yo‘q.

Videolar faktlarga oid noaniqliklar bilan to‘la, shuning uchun biz janob Portlovchidan ular haqida ham so‘radik.

Videolarning birida Eron harbiylari urib tushirilgan AQSh qiruvchi uchog‘i uchuvchisini qo‘lga olgani ko‘rsatilgan. AQSh rasmiylari esa uchog‘i urib tushirilgach, Eronning chekka, tog‘li hududida qolib ketgan uchuvchini 4 aprel kuni AQSh maxsus kuchlari qutqarganini tasdiqlagan.

Janob Portlovchi buni tan olmaydi: "Ehtimol, yo‘qolgan uchuvchining o‘zi bo‘lmagan, qutqaruv operatsiyasi ham bo‘lmagan. Ularning asosiy maqsadi Erondan uran o‘g‘irlash edi".

Biz AQSh rasmiylariga tayanib, uchuvchi hozir Quvaytda davolanayotganini aytib, uning fikrini rad etganimizda, u: "Tramp aytganlarining atigi 13 foizi faktlarga asoslangan", deb da’vo qildi.

"Explosive Media"ning uchuvchi haqidagi videosi ingliz tilida so‘zlashuvchi auditoriya orasida ushbu muqobil farazni muvaffaqiyatli kuchaytirdi.

AQShdagi partiyaviy TikTok influenserlardan biri – @newswithsteph o‘z kuzatuvchilariga Lego videolari "shu paytgacha hayratlanarli darajada to‘g‘ri bo‘lgani"ni aytgan; "ular yaqinda qutqaruv missiyasi emas, balki uran uchun maxsus operatsiya bo‘lgan AQSh uchuvchisi missiyasi haqidagi voqeani fosh qildi".

Brayantning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt Eron va boshqalarga G‘arb auditoriyasi bilan har qachongidan ham samaraliroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini berdi. Ular asosan G‘arb ma’lumotlari asosida o‘rgatilgan vositalardan foydalanmoqda, bu esa ularni "madaniy jihatdan mos" kontent yaratish uchun rosa bop vositaga aylantiradi.

"Bu o‘tmishda G‘arbni nishonga olmoqchi bo‘lgan avtoritar mamlakatlarga yetishmagan narsa edi".

Nottingem Trent universitetining kiberurush bo‘yicha mutaxassisi, doktor Tayn Munk Eronning taktikasini AQSh ritorikasiga qarshi kurash uchun zarur "mudofaaviy memetik urush" deb ta’riflaydi.

People visit a residential area in Tehran, Iran, on April 9, 2026, that was affected during U.S.-Israeli military operations on March 9

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, US-Israeli military action has caused destruction in Iran since the beginning of the war in February

"Explosive Media" videolari ilk bor 2025 yil boshida paydo bo‘lgan, biroq ularning mashhurligi AQSh-Eron urushidan so‘ng keskin oshib ketdi.

Lego uslubidagi lavhalar ham tobora batafsillashib, Eron raketalari Fors ko‘rfazidagi elektr stantsiyalari, aeroportlar va sanoat ob’ektlari kabi aniq joylarni butunlay vayron qilganini ko‘rsatmoqda.

Aslida esa, ularning aksariyati cheklangan darajada zarar ko‘rgan, xolos.

Videolar ko‘pincha "real vaqt" rejimida tayyorlanib, urushdagi yirik voqealardan so‘ng tezda paydo bo‘lmoqda. Sulh bitimi haqidagi video hatto rasmiy e’lonlar berilishidan oldin e’lon qilingan.

Ushbu davlatlar rasmiylariga ko‘ra, Eron, Livan va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlarida minglab odamlar halok bo‘lgan. Hozirgi mojaro fevral oyida AQSh va Isroil Eronga zarba berganidan keyin boshlangan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Suhbatimizdagi biroz tortishuvlardan so‘ng, janob Portlovchi Eron hukumati haqiqatan ham uning kompaniyasining "mijozi" ekanini tan oldi. Avvalroq Instagram'dagi yozishmalarimizda u o‘z faoliyati uchun bir nechta loyihalarga bevosita Eron rasmiylaridan buyurtma olganini aytgan edi.

Bu yil urush boshlanishidan avval rejimning shafqatsiz tazyiqlari oqibatida minglab namoyishchilar o‘ldirilgan. AQShda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi (Hrana) kamida 7000 nafar tinch aholi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Biroq janob Portlovchi o‘z jamoasining hukumat bilan aloqasini himoya qilib, "vatan uchun ishlash sharaf" ekanini aytadi. U so‘nggi ommaviy noroziliklarni Prezident Tramp tomonidan moliyalashtirilgan "davlat to‘ntarishiga urinish" deya rad etadi.

Shuningdek, janob Portlovchi uning videolarida antisemitik iboralar qo‘llangani haqidagi ayblovlarimizni ham inkor qiladi. "Bizning videolarimiz antisemitik emas, aksincha, antisionistik", deydi u. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning qon ichayotgani tasvirini oqlab, bunday sahnalar "u sodir etgan vahshiyliklarni" ko‘rsatib berishini ta’kidladi.

Mamlakat miqyosidagi cheklovlar tufayli eronliklarning aksariyati internetdan foydalana olmaydi. Janob Portlovchining da’vo qilishicha, u Bi-bi-si bilan Eron hukumati taqdim etgan "jurnalistlar uchun internet" orqali bog‘langan. Eron matbuot erkinligi bo‘yicha dunyodagi eng repressiv mamlakatlardan biri sifatida doimiy qayd etiladi.

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan videodan olingan skrinshot: qo‘lida qurol bo‘lgan erkaklar AQSh askarini quvmoqda.

Surat manbasi, Explosive Media

Surat tagso‘zi, Mutaxassislar fikricha, jilolanib tayyorlangan sun’iy intellekt yordamida yaratilgan qisqa videolar internet diplomatiyasining kuchli shakliga aylanishi va uzoq vaqt davomida saqlanib qolishi mumkin.

Ijtimoiy media platformalari Lego uslubidagi videolari bor akkauntlarni yopayotgan bo‘lsa-da, yangilari xuddi shunday tezlikda paydo bo‘layotgan ko‘rinadi.

Munkning aytishicha, bu doimiy bo‘ladigan, chaqqon va tajovuzkor internet diplomatiyasining bir shakli.

"Eng muhimi, – deya qo‘shimcha qiladi u, – bu jarayon "vositachilarni, matbuotni, ommaviy axborot vositalarini chetlab o‘tib, memlarni doimiy ravishda tarqatishga" xizmat qilmoqda.

"Bu yerda an’anaviy diplomatiya mavjud emas. Bu esa nima sodir bo‘layotganini tushunishni xiralashtiradi. Biroq shu bilan birga noto‘g‘ri talqin qilish va mojaroni kuchaytirish xavfini oshiradi."

"Shu sababli biz ma’lum ma’noda noaniqlik holatida turibmiz".