Eron qo‘lidagi eng kuchli qurol nima? Video

Eron raketalari namoyishi

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

O'qilish vaqti: 5 daq

Tehronda har qanday raqibini tiya olishga qodir 'qurol' bormi?

Trampning Eron bilan suhlga qanchalar moyilligi yangi savollarni paydo qildi...

Eronning 'yadro quroli'

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Eronning yadro quroliga aylandimi?

Bugun ayrim yetakchi ekspertlar xuddi ana shunday fikrda.

Ularga ko‘ra, Ho‘rmuz hozir Eron uchun yadro quroli o‘rnini bosgan.

Urush qayta boshlanishi-yo‘qligidan qat’inazar, Eron Ho‘rmuzdan tiyib turish vositasi sifatida foydalanadi.

Va endi Tehronning undan qachondir voz kechishi dargumon:

"Bu avval Eron yadro quroli yordamida qilmoqchi, deb ishonilgan narsa. Ya’ni, Eron o‘z dushmanlarini tiyib turish maqsadida yadro dasturini ishlab chiqmoqda, deyilgan. Endi, umuman olganda, buning uchun yadro quroli kerak emas. Urush Ho‘rmuz bo‘g‘ozining o‘zi yetarli ekanini ko‘rsatdi", jumladan, sharqshunos va NEST markazi eksperti Ruslan Sulaymonov.

BBC Rus xizmati suhbatlashgan bu suhbatdoshga ko‘ra, rasmiy Tehron aynan Ho‘rmuz orqali AQShni muvaqqat sulhga ko‘ndirdik, degan o‘yda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Blokada

Ҳўрмуз бўғози
gettyimages
Bu avval Eron yadro quroli yordamida qilmoqchi, deb ishonilgan narsa. Endi, umuman olganda, buning uchun yadro quroli kerak emas. Urush Ho‘rmuzning o‘zi yetarli ekanini ko‘rsatdi.
Ruslan Sulaymonov
Sharqshunos va NEST markazi eksperti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Eron, qariyb ikki oydirki, Ho‘rmuzni to‘sib turibdi.

Ho‘rmuzni ochish va bo‘g‘oz orqali yuk qatnovini qayta tiklash sulh shartlaridan biri edi.

Ammo Eron bunga rioya qilishdan bosh tortdi, Ho‘rmuzni ochdiyu qisqa vaqtning o‘zida yopdi.

Eron buning sababini Isroilning Livanga hujumlari to‘xtamagani bilan izohladi.

AQSh tomoni esa Eron bilan sulh buni ko‘zda tutmasligi, Livandagisi "alohida bir mojaro" ekanini aytdi.

Rasmiy Tehron hozir AQSh blokadasi davom etsa, uni qayta ochish imkonsiz, degan mavqe’da.

Tramp shu kunlarda Eron bilan ikki haftalik muvaqqat sulhni yana noma’lum muddatga cho‘zgan.

Ammo AQSh Eron portlarini qamal qilaverishini aytgan.

AQSh Tehronga iqtisodiy bosim o‘tkazish maqsadida Eronga kemalarning kirib-chiqishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi

AQSh harbiysi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi fonida

Surat manbasi, U.S. Navy via Getty Images

Surat tagso‘zi, Hozir AQSh ham Eron portlarini qamal qilib turibdi.

Ho‘rmuz dunyoning eng muhim suv yo‘llaridan biri.

Bu yo‘lning to‘silishi neftni qimmatlatib, jahon iqtisodiga jiddiy ta’sir qila oladi.

Ho‘rmuzdan Yaqin Sharqdagi yirik neft va suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari hamda ularning mijozlari foydalanishadi.

Bo‘g‘ozdan Eronning o‘zidan tashqari Iroq, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi boshqa Fors Ko‘rfazi davlatlarining nefti ham o‘tadi.

Bo‘g‘ozni oyiga uch mingga yaqin yuk kemasi kesib o‘tadi.

Deylik, o‘tgan yili Ho‘rmuzdan kuniga 20 million barrelcha neft tashilgan.

Dunyodagi suyultirilgan gazning 20 foizga yaqini ham shu yo‘l orqali jo‘natilgan.

Ho‘rmuz yana Yaqin Sharqdan o‘g‘it eksporti uchun ham muhim.

Dunyodagi o‘g‘it savdosining uchdan bir qismi aynan Ho‘rmuzga to‘g‘ri keladi.

O‘g‘it esa oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun kerak.

Ho‘rmuzsiz Yaqin Sharqqa oziq-ovqat, dori-darmon va texnologik mahsulotlarning kirishi ham qiyinlashadi.

Eron va qolgan ko‘rfaz davlatlari eng ko‘p daromadlarini aynan energiya mahsulotlari orqasidan qilishadi.

Ho‘rmuz orqali yuk qatnovining izdan chiqishi Osiyoga ham qattiq ta’sir qilgan.

Deylik, Eron jahon bozoriga chiqaruvchi neftning 90 foizchasini birgina Xitoyning o‘zi xarid qilgan.

Dunyoning ikkita yirik iqtisodidan bittasi bo‘lgan Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining ham muhim savdo-iqtisodiy sherigi va sarmoyachisidan biri bo‘ladi.

To‘g‘ri, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi ayrim boy ko‘rfaz davlatlari Ho‘rmuzni chetlab o‘tuvchi boshqa muqobil yo‘llarga ega.

Ammo "Reyter"ning xabar berishicha, bu ta’minotning kuniga 8-10 million barrelga qisqarishiga olib keladi.

Eron Venesuela va Saudiya Arabistoni bilan birga dunyoning eng ko‘p neft zaxiralariga ega uchta davlatidan bittasi.

Yangi xavotirlar

AQSh Prezidenti Donald Tramp

Surat manbasi, Tom Williams/CQ-Roll Call, Inc via Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh prezidenti Eronga qarshi yadro qurolini qo‘llash niyatida emasligini ma’lum qilgan.

Eron urushi va mavjud inqiroz dunyo bo‘ylab o‘n millionlab odamni yana qashshoqlik qa’riga itqitishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Shu kunlarda hatto Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi idorasi ham xuddi ana shunday ogohlantirish bilan chiqqan.

Insonparvarlik yordamlari bilan shug‘ullanuvchi ayrim yirik jamg‘armalar esa Ho‘rmuz inqirozi millionlab bolani ochlikka giriftor qilishi mumkin, degan qo‘rquvda.

Ayni paytda, AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari yana davom etishi yoki yo‘qligi ham ma’lum emas, mavhumligicha qolayotir.

Prezident Tramp esa Eron bilan "kelishuv"ni shoshirish niyatida emasligini bildirgan.

AQSh prezidenti Eronga qarshi yadro qurolini qo‘llash niyatida emasligini ma’lum qilgan.

Tramp buning sababini amerikalik harbiylar Eron armiyasining harbiy salohiyatini allaqachon yo‘q qilib bo‘lganiga oid iddaosi bilan tushuntirgan.

Ammo Oq uy rahbari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalayotgan kemalarga o‘qqa tutishni buyurgan.

Tramp Yaqin Sharq bo‘yicha ayni mazmundagi bayonotlarini payshanba kungi matbuot anjumani chog‘ida bergan.

AQSh prezidenti shu hafta oxirlarida Eron bilan muzokaralar haqida "yaxshi xabarlar" bo‘lishini aytgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri hozir Pokistonda.

Tehronning aytishicha, Islomobodda AQSh va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar rejalashtirilmagan.

Eron rasmiylari Pokiston bilan muzokaralar uchun Islomobodda, deb turibdi.

Ayni paytda AQSh muzokarachilari ham Pokistonga yo‘l olishmoqda.

Oq uyning ma’lum qilishicha, AQShning maxsus vakili Stiv Vitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bugun, shanba kuni Eron bilan muzokaralar uchun Pokistonga boradi, vitse-prezident Jey Di Vens ham ularga qo‘shilishga shay turibdi.

23 aprel. BMT: Eron urushi tufayli 30 milliondan ortiq odam qashshoqlikka yuz tutadi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi
Surat tagso‘zi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi qator salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkin

BMTning yuqori lavozimli rasmiysi ogohlantirishicha, Eron urushi dunyo bo‘ylab 30 milliondan ortiq odamni qashshoqlik bag‘riga itqitadi.

Buning asosiy sababi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi "yopib qo‘yilgani", ayni bahor faslidagi ekin-tikin ishlari uchun zarur yoqilg‘i yetib kelmasligi va bu yoqilg‘i taqchilligi dehqonchilik uchun zarur o‘g‘itlarning dalaga olib chiqilmasligidir.

BMTning Taraqqiyot dasturi rahbari Aleksander de Kru o‘z xavotirini 23 aprel kuni jurnalistlarga izhor qildi.

Yer sayyorasining ekvatordan shimolida mart-aprel dehqonlar bahorgi dala ishlariga kirishadigan mavsum.

28 fevralda AQSh va Isroil Eronga zarbalar boshlagani ortidan Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalar o‘tishini taqiqladi.

Eron bilan O‘mon o‘rtasidagi bo‘g‘ozdan dunyo neftining 20 foizi o‘tadi.

Bo‘g‘oz yopilishi allaqachon o‘g‘itlar taqchilliga, o‘g‘itlar taqchilligi esa dehqonchilik mahsuldorligi pasayishiga olib keldi, dedi Belgiyaning sobiq bosh vaziri, bugungi BMT Taraqqiyot dasturi ma’muri Aleksander de Kru.

Oqibatda bu yilgi hosil ancha kamayadi, dedi u.

Iqtibos

"Urush ortga qarab harakatlanish. Butun jahon bo‘ylab 0,5 foizdan 0,8 %gacha Yalpi Ichki mahsulot yo‘qotildi. Dunyoning eng nochor mamlakatlari uchun bu nimani anglatadi? Bu degani, 32 million odam yana qashshoqlikka qaytdi, deganidir. Bu mamlakatlar oxirgi o‘n yilliklarda zo‘rg‘a qashshoqlikdan qutulgan edilar. Bugun esa qator sabablarning jamlanmasi oqibatida shafqatsiz yo‘lda ortga qaytarildilar", dedi Aleksander de Kru.

"Birinchidan, energiya narxlari ko‘tarilib ketayapti, energetika taqchilligi, juda dramatik tarzda ta’sir qilgan o‘g‘itlar ta’minoti bilan bog‘liq oziq-ovqat tahdidi", dedi BMT rasmiysi.

"Oziq-ovqat xavfsizligining yo‘qligi bir necha oydan keyin cho‘qqisiga chiqadi. Bu yerda qo‘limizdan keladigan narsa kam. Agar urush ertaga tugaydigan bo‘lsa ham, u keltirib chiqargan oqibatlar 30 milliondan ziyod kishini ortga, qashshoqlikka qaytaradi", dedi Aleksander de Kru.

Dunyodagi qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan o‘g‘itlarning salmoqli qismi Yaqin Sharq mamlakatlaridan keladi va global ta’minotning uchdan bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadi.

Aprel oyi boshida Jahon Banki, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi va BMTning Oziq-ovqat dasturi Eron urushi oziq-ovqat narxlarini ko‘tarib yuborishi, mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishigaa salbiy ta’sir ko‘rsatishi, dunyoning kambag‘al aholisi hayoti yanada og‘irlashishidan ogohlantirgan edi.

BMT rasmiysiga ko‘ra, ushbu inqiroz xalqaro tashkilotlar oziq-ovqat bilan yordam berib kelayotgan G‘azo, Sudan va Ukrainadek mamlakatlardagi ko‘makka muhtojlarning ahvolini yanada qiyinlashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi.