Zelenskiy Putinni charchoq oqibatidan ogohlantirdi, Mirziyoyev Sank-Peterburgdan O‘zbek AESi qurilishini boshladi

Prezident Zelenskiy

Surat manbasi, Danylo Antoniuk / Anadolu via Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat e’lon qildi, urushni to‘xtatish uchun yuzma-yuz uchrashuvga chaqirdi.

Kreml qabul qilib olganini tasdiqlagan Ukraina prezidenti ochiq xatida bu urush tobora rossiyaliklarga yoqmay borayotgani aytildi.

Xususan, Rossiya ichkarisiga kirib borayotgan Ukraina dronlari, benzin qimmatlashayotgani, doimiy taqiqlar va urushga safarbarlik e’lon qilish niyati.

Zelenskiy yozishicha, may oyida Rossiyaning o‘ldirilgan va jarohatlangan talofatlari 30 ming kishini tashkil etgan va bu raqam bir necha oydan buyon kuzatilayapti.

Zelenskiy Putinga uchinchi bir mamlakatda yuzma-yuz uchrashishni taklif qildi.

U o‘sha uchrashuv payti to‘liq o‘t otishni to‘xtatishga chaqirdi — bunday taklifni Putin hali payshanba kuni, ochiq xat e’lon etilishidan avval rad etgan edi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp fikricha, Ukraina va Rossiya prezidentlari ko‘rishsa, "juda yaxshi bo‘lardi".

iqtibos

Sankt-Peterburgda xorijiy jurnalistlar bilan suhbatda, maktub mazmunini ko‘rmagan holda,Prezident Putin "albatta Ukraina bilan kelishuvga erishishga tayyor" ekanini aytdi, biroq murosaga kelish zarurligini ta’kidladi.

"Agar siz bu urushni to‘xtatish fursati yetdi degan fikrga shaxsan kelmagan bo‘lsangiz, Ukraina o‘zining omon qolish kurashini davom ettiradi. Bizni qo‘llab-quvvatlovchilar bo‘ladi. Lekin sizning ham omon qolish uchun ko‘proq kurashishingizga to‘g‘ri keladi. Rossiyaning emas, shaxsan o‘zingizning. bu mendan yoki Ukrainadan bo‘layotgan tahdid emas. Bu faktni siz yaxshi biladigan Rossiya tarixi isbotlaydi: Rossiya charchagan vaqtida o‘zgarishlar ro‘y beradi. Biz bu charchoqni kuchaytirishimiz mumkin. Bu urushni siz to‘xtatishingiz mumkin", deb yozdi Prezident Zelenskiy Prezident Putinga.

Mirziyoyev va Putin O‘zbek AESi qurilishini boshlab berdilar

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putin

Surat manbasi, O'zekiston prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Sankt-Peterburg xalqaro forumiga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putin AES qurilishining tantanali boshlanishi marosimiga video konferentsiya orqali qatnashdilar

4 iyun tunida Rossiya va O‘zbekiston O‘zbekistonda atom elektr stantsiyasi qurilishini boshladilar.

Bu postsovet Markaziy Osiyodagi ilk shunday loyiha bo‘lib, o‘sib borayotgan mintaqaviy elektr energiyasi talabini qondirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qurilish boshlanishi marosimiga Sankt-Peterburg shahridan videaloqa orqali ishtirok etdilar.

Sankt-Peterburgda shu kunlarda Putinning har yili o‘tkaziladigan asosiy iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tayapti, O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev ham bu forumda ilk bor qatnashdi.

AESni O‘zbekistonning markaziy-sharqiy qismida, Tojikiston va Qozog‘iston ga chegaradosh Jizzax viloyatidagi Forish tumani suv havzasi chetida barpo etishga qaror qilindi.

Stantsiya loyihasi ikki xil atom reaktorini o‘z ichiga oladi: har biri taxminan 1000 megavatt quvvat ishlab chiqaradigan ikkita yirik blok va har biri taxminan 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita kichik modulli reaktor.

Putinning aytishicha, O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining taxminan 15 foizini qoplashi kutilgan mazkur atom elektr stantsiyasi Rossiyaning davlat atom korporatsiyasi "Rosatom" tomonidan Rossiya texnologiyalari, jumladan kichik modulli reaktorlar hamda kredit yordami asosida quriladi.

"Rossiya va O‘zbekiston shunday haqiqatan ham ilg‘or, yuqori texnologiyali loyihani amalga oshirayotgani — mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqning yaqqol namunasidir hamda Rossiya-O‘zbekiston strategik sherikligining muvaffaqiyatli va jadal rivojlanishini namoyon etadi", — dedi Putin Mirziyoyevga.

O‘tgan oy Rossiya Qozog‘istonning ham birinchi atom elektr stantsiyasini qurish bo‘yicha qiymati taxminan 16,5 milliard dollarlik kelishuvni imzolagan edi.

Bu xarajat qisman Moskva tomonidan ajratilgan yirik eksport krediti hisobidan qoplanadi.

Moskva energetika resurslari va strategik minerallarga boy Markaziy Osiyo mintaqasini o‘zining an’anaviy manfaatlar doirasi sifatida baholaydi.

Ayni paytda bu hududda Xitoy va Qo‘shma Shtatlar ham o‘z ta’sirini kengaytirmoqda.

Shaffoflik va suv taqchilligi xavotirlari

O‘zbek AESi qurilishi boshlanishi

Surat manbasi, O'zbbekiston prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekistonda AES qurilishi tarafdorlari ham, loyihaga ochiq qarshi chiqayotganlar ham ko‘p.

Bu mavzu ayniqsa Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bu O‘zbekistonning energetik kelajagini o‘zgartiradigan loyihami yoki xavfsizlik va shaffoflik bo‘yicha hali ko‘plab javobsiz savollarni qoldirmoqdami?

Suv zaxiralari taqchilligi kuzatilayotgan va seysmik faol hudud ko‘rilgan O‘zbekistonda AES qurish na qadar xavfsiz ekanligi haqida ham xavotirlar mavjud.

Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasiga talab tez sur’atlarda o‘smoqda.

Mamlakat aholisi va sanoat hajmi kengayib borayotgan bir paytda, atom elektr stantsiyasi kelajakda barqaror energiya manbai bo‘lishi mumkin.

Loyiha to‘liq ishga tushsa, mamlakat elektr ta’minotining muhim qismini qoplashga yordam berishi kutilmoqda.

Yana bir jihat — O‘zbekiston dunyodagi yirik uran zaxiralariga ega davlatlardan biri. Hukumat atom energetikasini energiya xavfsizligi va iqtisodiy rivojlanishning muhim qismi sifatida ko‘rmoqda.

Loyihaning qiymati qanchaga tushishi, qurilish va keyingi ekspluatatsiya jarayoni qanchalik shaffof bo‘lishi, radioaktiv chiqindilar qanday saqlanishi va eng muhimi, yadroviy ob’ekt xavfsizligi qanday ta’minlanishi atrofidagi savollar ham ochiq qolmoqda.

Yana bir jihat Rossiya O‘zbekistondagi loyihalardan kerak bo‘lgan taqdirda bosim richagi sifatida foydalanishi ehtimolidan ham xavotirlar bor.

Atom energetikasi dunyoda ko‘plab davlatlarda arzon va barqaror elektr ishlab chiqarish yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi.

Biroq Ukrainadagi Chernobil va Yaponiyadagi Fukusima atom elektrostantsiyalaridagi fojialar xavfsizlik masalasini doim kun tartibida saqlab keladi.