Putinning Qozog‘istonga so‘nggi safari nimalarni ko‘rsatadi va nimalarni yashiradi?

Putin va Toqaev, 2026 yil 28 may.

Surat manbasi, Alexander Kazakov/TASS

Published
O'qilish vaqti: 12 daq

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘istonga xavfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda, AES va Amur yo‘lbarslari bo‘yicha kelishuv bilan Qozog‘istonga 27-29 may kunlari kelib ketdi.

Ostonada uni prezident Qasim-Jomart To‘qaev katta dabdaba bilan kutib oldi. Davlat rahbarlari o‘zaro munosabatlari birodarlik darajasida ekanini va bahslashadigan narsa yo‘qligini aytdilar.

Ular bunday mukammal uyg‘unlikka qanday erishdi? Uni nima buzishi mumkin? Bi-bi-si Rus xizmatining "Bu nima edi" podkasti boshlovchisi Seva Boyko ushbu savollarni Rossiya va Yevroosiyoni o‘rganish bo‘yicha Karnegi Berlin markazining ilmiy xodimi Temur Umarov bilan muhokama qildi.

Bi-bi-si: Keling, ushbu tashrifning anturaji haqida gaplashaylik. Putin samolyotiga Qozog‘iston Harbiy-havo kuchlari hamrohlik qildi. Putin kortejida pulemyot o‘rnatilgan bronevik va radioelektron kurash mashinasi ko‘zga tashlandi. U Qozog‘iston poytaxti bo‘ylab harakatlanayotganda tepadan vertolyot uchib turdi. Bularning barchasi hurmat belgisimi yoki kuchaytirilgan xavfsizlik choralari?

Temur Umarov: Menimcha, ikkisi ham. Kasim-Jomart Kemelevichning o‘zi ta’kidlaganidek, aytgancha, Putin uning ismini to‘g‘ri talaffuz qila olmadi, zamon murakkab, xalqaro xavfsizlik savol ostida, Rossiya va Qozog‘istonni, umuman butun dunyoni o‘rab turgan ko‘plab inqirozlar bor. Moskvada ham, Qozog‘istonda ham vaziyat ancha asabiy, deb o‘ylayman. Chunki dronlar Qozog‘istongacha yetib kelmoqda, dronlar Rossiya hududidagi qozog‘istonlik infratuzilmalarga ham hujum qilmoqda. Umuman olganda, mana shu omillar Putinning Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida biz guvohi bo‘lgan kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini taqozo etmoqda.

Qo‘shimcha ravishda, bu albatta Vladimir Putinning "alohidaligini" namoyish etishdir. Bu davlat tashrifi, aslida o‘tkazilmasligi kerak edi, chunki u 2024 yilda allaqachon bo‘lib o‘tgan. Diplomatik protokolga ko‘ra, bunday tashrif prezidentlik muddatida bir marta o‘tkaziladi. Shuning o‘ziyoq Qozog‘istonning Rossiya va ayniqsa Putin bilan alohida munosabatlari borligini ko‘rsatadi. Shu bois, tashrif davomida unga qanchalik muhim va qimmatli lider ekani, xususan qozoq-rus munosabatlari uchun ahamiyatli shaxs ekani namoyish etildi. Tokaev bir necha bor ta’kidlaganidek, u jahon siyosatida ham muhim shaxs, unsiz xalqaro siyosatdagi muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lmaydi.

Shu bois biz xavfsizlik sohasida ham, umumiy dabdabada ham bunday pafosni ko‘rib turibmiz: Putinning atrofida girdikapalak bo‘lib, uning naqadar muhim shaxs ekanligini ko‘rsatayotgan goh bayroqchalar, goh musiqa asboblari ushlagan cheksiz sondagi bolalar bunga misoldir.

Bu, albatta, bir jihatdan Sovet amaliyotini eslatadi, Moskva vakillari Sovet davrida Markaziy Osiyo respublikalarida shunday tarzda kutib olingan. Balki Putin o‘zini o‘sha buyuk davrlar merosxo‘ri sifatida ko‘rayotgandir, chegaralar cheklanmagan, Moskva vakili o‘zining Markaziy Osiyo hududlariga kelib, u yerda shon-sharaf bilan kutib olingan davrlardek. Ehtimol, Qozog‘iston ham bu o‘yinda ishtirok etayotgandir.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Bi-bi-si: Lekin buni boshqa tomondan ham ko‘rsa bo‘ladi. Masalan, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov aytganidek, bu tashrifni qo‘shni davlatga hurmat belgisi va uning qanchalik muhimligini ko‘rsatish sifatida qabul qilish mumkin.

Temur Umarov: Albatta. Bu yerda Rossiya va Qozog‘iston munosabatlarining o‘ziga xos jihatlarini hamisha anglash zarur. Agar Qozog‘istonda qaror qabul qiladigan odamlar o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘rsak, tushunamizki, Qozog‘iston Moskva bilan juda noqulay va nobop munosabatlar ichida turibdi. Rossiya bir vaqtning o‘zida ham Qozog‘istonning asosiy ittifoqchisi, ham eng katta tahdidi hisoblanadi.

Mabodo Qozog‘istonning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga tashqi tahdid mavjud bo‘lsa, u albatta Rossiyadan keladi. Xitoydan, O‘zbekistondan yoki Qozog‘iston bilan chegaradosh boshqa biror davlatdan emas, aynan Rossiya hududidan keladi. Rossiya rasmiylari esa Qozog‘istonga bu tahdid mavjudligini muntazam ravishda eslatib turishadi.

Biz so‘nggi yillarda Kremlga yaqin bo‘lgan turli deputatlar, propagandachilar va hatto Putinning o‘zidan qozoq davlatchiligini shubha ostiga qo‘yuvchi tezislarni bir necha bor eshitdik. Putin, masalan, "Nursulton Nazarboev kelguniga qadar Qozog‘istonda hech qachon davlatchilik bo‘lmagan, u qozoq xalqi davlatchiligining asoschisidir" degan mashhur jumlani aytgan edi. Nikonov, Fyodorov kabi turli deputatlar Qozog‘istonning shimoliy hududlari haqida gapirib, ularni Rossiya bu mamlakatga bergan "sovg‘alar" deb atab kelishadi. Ba’zi deputatlar esa ukrain stsenariysi takrorlanishi mumkinligiga shama qilib, "o‘zingizni Ukrainadek tutmang, aks holda ko‘rsatib qo‘yamiz" deyishgacha borishmoqda.

Albatta, Qozog‘iston buni his qiladi va tushunadi. Lekin Ukrainadan farqli ravishda, Qozog‘istonning geografiyasi unga Yevropa Ittifoqi yoki G‘arb bilan yaqinlashish imkonini bermaydi. Belarus prezidenti Lukashenko uzoq vaqt davomida Rossiya va G‘arb o‘rtasida muvozanat saqlab kelgani kabi imkoniyat Qozog‘istonda yo‘q.

Albatta, Qozog‘iston buni his qiladi va tushunadi. Ammo Ukrainadan farqli o‘laroq, Qozog‘istonning geografiyasi unga Yevropa Ittifoqi yoki keng ma’nodagi G‘arb bilan yaqinlashishga va mana shu qarama-qarshiliklardan foydalanib siyosiy o‘yin qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu ishni uzoq vaqt davomida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko uddalab kelgan edi. U hozirgi o‘ta og‘ir sharoitlarda ham, Oq uydagi amaldagi prezident bilan paydo bo‘lgan imkoniyatlar oynasini ushlab qolgan holda, Rossiya va AQSh o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qilmoqda.

Shuning uchun Qozog‘iston boshqa strategiyani tanladi. U doimo Rossiya bilan alohida munosabatlarini ta’kidlaydi, Moskvaga hech qachon orqa o‘girmasligini aytadi, uni asosiy ittifoqchi va abadiy birodar sifatida ko‘rsatadi. "Biz sizga xiyonat qilmaymiz" degan signalni beradi. Shu tariqa Qozog‘iston doimo tepasida osilib turgan xavfni yumshatishga harakat qiladi. Menimcha, Rossiya-Qozog‘iston munosabatlari haqida gapirganda buni doim yodda tutish kerak.

Bi-bi-si: Keling, siz tilga olgan tahdidlar haqida gaplashaylik. Vladimir Putin Qozog‘istonda rus tili maqomi haqida ijobiy fikr bildirdi. Uning aytishicha, Konstitutsiyaning yangi tahririda rus tili hanuz rasmiy til sifatida qolgan. Ammo rusiyzabon ozchilik istiqbolda siyosiy o‘yin vositasiga aylanib qolishi mumkinmi? To‘qaev katta qo‘shnisi bilan muammolardan qochish uchun bu ozchilikni asrash va himoya qilishga qanchalik tayyor?

Temur Umarov: Qozog‘iston Sovet Ittifoqi parchalanib, mustaqillik yo‘liga qadam qo‘ygan ilk kunlardan boshlab juda ehtiyotkor millatchilik strategiyasini tanlagan. Bu Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ichki siyosatiga ham mos keladi. Ularning barchasida o‘zlikni anglash va qurish ustida ulkan ishlar olib borildi. Bu tizim "titul millat" mavjudligi va boshqa barcha xalqlar ushbu titul millat bilan tinchlik va do‘stlikda yashashi printsipiga asoslangan. Qozog‘iston ham aynan shu yo‘ldan bordi.

Biroq uning sharoiti og‘irroq edi. Chunki aholining katta qismi qozoq tilida so‘zlashmasdi. Shimoliy hududlarda asosan etnik ruslar yashardi. Qozog‘iston bu vaziyatni o‘zicha hal qilishga urinib keldi. Birinchi navbatda, etnik qozoqlarni qaytarish dasturini yo‘lga qo‘ydi. "Oralman" (qondosh) dasturi orqali 1 milliondan ortiq etnik qozoqlar qaytib keldi, ularga ijtimoiy yordam va pasportlar berildi, jamiyatga integratsiya qilindi. Uyg‘urlar kabi ayrim guruhlarda identifikatsiya muammolari bor, lekin bu alohida mavzu. Umuman olganda, Qozog‘iston milliy identifikatsiyani etnik qozoqlar bilan cheklamay, "biz barchamiz qozog‘istonlikmiz" degan umumiy brend ostida boshqa millatlarni ham qamrab olishga harakat qildi.

Ammo Qozog‘iston uchun birinchi xavotirli signal esa 2014 yilda, Qrim anneksiyasidan keyin paydo bo‘ldi. Rossiya katta rus diasporasidan foydalanib, referendum o‘tkazdi va Qrimni anneksiya qildi. Shundan beri Qozog‘iston Jinoyat kodeksini o‘zgartirib, turli referendumlarga chaqiriqlarni qattiq jazolashni yo‘lga qo‘ydi. 2014 yildan buyon o‘nlab, hatto yuzlab odamlar turli ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Ichki ishlar vazirligi hatto bir necha yil oldin shunday odamlar haqida hujjatli film chiqargan, ular kamera oldida uzr so‘rab, o‘z xatti-harakatlari xavfli ekanini tan olgan.

Putin va Toqaev Astanadagi Abadiy do‘stlik xiyobonida eman ekishdi.

Surat manbasi, Alexander Kazakov/TASS

Surat tagso‘zi, Putin va Toqaev Astanadagi Abadiy do‘stlik xiyobonida dub ekishdi.

O‘shandan beri Qozog‘iston bu masalaga oid narrativlarni juda ehtiyotkorlik bilan nazorat qilishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, milliy identifikatsiyani mustahkamlash uchun til islohoti orqali asta-sekin qadam tashlamoqda. Qozog‘iston yaqin yillarda kiril yozuvidan lotinga o‘tadi, ammo rus tilini hanuz rasmiy til sifatida saqlab qolmoqda. Chunki bu masala "qizil chiziq" sifatida ko‘riladi va uni kesib o‘tish mumkin emas. Bu Vladimir Putin uchun juda muhim, chunki u doimo Qozog‘iston rus tilida so‘zlashuvchi mamlakat ekanini va rus tilining ahamiyatli bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidlaydi.

To‘qaev esa buni hatto siyosiy vosita sifatida qo‘llaydi. Agar eslasak, 2023 yilda Moskvaga MDHning norasmiy sammitiga tashrifi chog‘ida u rus tilini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bu narsa To‘qaevning Qozog‘iston ichida yuritayotgan ichki siyosatiga ziddek tuyuladi. Hatto Putinning avvalgi tashriflaridan biriga e’tibor qaratsak, unda To‘qaev qozoq tilida gapirgan edi, bu aslida misli ko‘rilmagan voqea bo‘lib, bu postsovet davlatlari rahbarlari orasida hech qachon kuzatilmagan.

Lekin To‘qaev ikki yo‘nalishni bir vaqtda olib borishga harakat qilmoqda: bir tomondan qozoq milliy identifikatsiyasini kuchaytirish, ikkinchi tomondan rus tilining ahamiyati va etnik ruslar Qozog‘istonda xavfsiz ekanini ta’kidlash. Shu tariqa Putinga "bu masalada xavotirlanish shart emas" degan signal beriladi. Bu Rossiyadan kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tahdidni yumshatish siyosatiga kiradi.

Bi-bi-si: Endi iqtisodiy masalalar haqida gaplashaylik. Bu tashrifdan keyin sarlavhalarga chiqqan yagona iqtisodiy yutuq, ehtimol, Balxash AESi qurilishi bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Bu hozircha shunchaki qog‘ozdagi gaplarmi yoki jiddiy niyatlarmi? Bunday atom stantsiyasi Qozog‘istonga bosim o‘tkazish vositasi bo‘lib qolmaydimi?

Temur Umarov: Bu shunchaki qog‘oz emas, haqiqatan ham 2035 yilgacha qurilishi rejalashtirilgan AES. Orqaga qaytarib bo‘lmaydigan kelishuv, byudjet ajratilgan, rasmiy ochilish ham yaqin. Bu oddiy memorandum emas, balki amalga oshadigan loyiha. Shuning uchun Qozog‘iston referendum o‘tkazib, jamiyatdan qonuniy rozilik oldi va qurilishga ruxsat berdi.

Qozog‘istonda ikki mini-AES bloki quriladi, va mening tushunishimcha, bunday qurilishni faqat Rossiya amalga oshira oladi. Rosatom bu yerda faqat siyosiy kuch emas, balki dunyoda takrorlanmas texnologiyaga ega kompaniya sifatida namoyon bo‘lmoqda. Agar Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini va sanksiyalar bo‘lmaganida, Rosatom butun dunyoda AES qurish imkoniga ega bo‘lar edi.

Hozir Rosatom ko‘plab bozorlarga kirish imkonidan mahrum. U faqat unga hali ochiq bo‘lgan mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda. Masalan, O‘zbekistonda ham AES qurilishi rejalashtirilgan, 10 yil ichida u yerda ham stantsiya ishga tushadi. Qirg‘izistonda ham shunday rejalar muhokama qilinmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi umumiy tendentsiya, chunki iqtisodiyotlar o‘smoqda. Masalan, O‘zbekiston 7% YaIM o‘sishini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiy o‘sish industrializatsiya va aholi ko‘payishiga olib kelmoqda. Mamlakatlar ko‘proq energiya iste’mol qilmoqda va defitsitni yangi loyihalar bilan qoplashga harakat qilmoqda. Qozog‘iston Rossiyadan ko‘proq gaz sotib olib, shimoliy va sharqiy hududlarni gazlashtirmoqda. Shu bilan birga, Xitoy va Fors ko‘rfazi davlatlari sarmoyasi bilan shamol va quyosh elektr stantsiyalarini qurmoqda.

Shuning uchun men buni siyosiy emas, energetik nuqtai nazardan ko‘rgan bo‘lardim. Lekin Rossiya iqtisodiy ta’sirini siyosiy maydonda qo‘llashini ko‘p marta namoyish etgan. Masalan, AES qurilgandan keyin uni xizmat ko‘rsatish zarur bo‘ladi. Agar Qozog‘iston "yozilgan qoidalarga" amal qilmasa, Rossiya texnik xizmatni to‘xtatishi mumkin. Bu esa katta xavf. Shuning uchun bunday yirik loyihalarda siyosiy tavakkalchilik hamisha mavjud.

Bi-bi-si: Armaniston ham shunga o‘xshash muammolarga duch kelgan edi. Sovet davrida u yerda atom stantsiyasi qurilgan va hozirgi hukumatning bu qarorga aloqasi yo‘q. Shunga qaramay, hozir ikki mustaqil davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovugan bir paytda, Armanistondagi AES ham Moskva va Yerevan o‘rtasidagi siyosiy bahslarda o‘yin vositasiga aylanmoqda. Armanistonda yaqinda saylovlar bo‘ladi, Moskva ularni diqqat bilan kuzatmoqda. Yerevanni tanqid qilmoqda, talablar qo‘ymoqda, savdo urushlari ham bor. Qozog‘istonning bu masaladagi pozitsiyasi qanday? Zero, YeOIIning (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) ayrim tadbirlari aynan Putinning ushbu tashrifi doirasida bo‘lib o‘tmoqda.

Temur Umarov: Ha, aslida ayni paytda bu tashrif oliy darajadagi YeOII sammitiga aylanib ketdi. Unda Nikol Pashinyan ishtirok etmayapti, u o‘z o‘rinbosarini yubordi. Ammo buning evaziga Belarus va Qirg‘iziston prezidentlari Aleksandr Lukashenko va Sadir Japarov kelishdi.

Bu yerda Qozog‘istonning pozitsiyasini ko‘proq neytral deb atagan ma’qul. Qozog‘iston YeOII doirasida doimo "bu iqtisodiy birlashma, bu yerda siyosat yo‘q" degan narrativa bilan chiqadi. Tushunarliki, bu bir oz ayyorlikdir, ammo shu tariqa Qozog‘iston YeOII doirasidagi qandaydir voqealarga ta’sir o‘tkazish uchun unda vositalar juda kam ekanligini namoyish etadi, agar bu turli mamlakatlarning siyosiy manfaatlariga daxl qilmaydigan faqatgina iqtisodiy o‘zgarishlar bo‘lmasa.

Qozog‘iston boshidanoq YeOIIga a’zo bo‘layotganda, bu Moskva asosiy rolni o‘ynaydigan siyosiy birlashmaga aylanishini tushungan edi. To‘g‘rirog‘i, unday ham emas: Rossiya o‘zini YeOIIga qo‘shib qo‘ydi, vaholanki, eslatib o‘taman, bu ittifoq dastlab Nursulton Nazarboev tomonidan faqatgina Markaziy Osiyo iqtisodiy birlashmasi sifatida o‘ylab topilgan edi.

Nazarbaev Putin bilan, 2021 yil.

Surat manbasi, Yevgeny Biyatov/TASS

Surat tagso‘zi, Nazarbaev Putin bilan, 2021 yil.

Ammo o‘sha paytda Markaziy Osiyo indentifikatsiyasi Nazarboev uchun juda torlik qildi va u mana shu yevroosiyochilikka, Qozog‘iston Yevroosiyo qit’asining markazida joylashgan va hammani hamma bilan bog‘laydigan davlatga aylanishi kerak degan g‘oyalarga ishondi. Shu bilan birga, bu Xitoyning ba’zi sohalarga iqtisodiy bostirib kirishidan himoyalanish vositasi sifatida ham ko‘rildi. Shu tariqa, Rossiya YeOIIga a’zo bo‘lish orqali bu hududni o‘z soyaboni bilan yopdi va Xitoyning Markaziy Osiyoga haddan tashqari kuchli kirib kelishiga yo‘l qo‘ymadi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bularning barchasi Rossiya ba’zan sof siyosiy maqsadlarda foydalanadigan ulkan byurokratik mashinaga aylanib ketdi.

Biroq YeOII doirasidagi eng yirik iqtisodiyot (Rossiya) ushbu tashkilotdan, birinchi navbatda, o‘zining buyuk davlat ekanligini namoyish etish, ikkinchidan esa o‘z siyosiy manfaatlariga erishish uchungina foydalanayotgan bir paytda, unga qandaydir jon bag‘ishlashga bo‘lgan barcha urinishlar mana shu devor qarshisida chil-chil bo‘lishi aniq.

2012 yilni eslaylik: Rossiya YeOIIni Xitoyning "Bir kamar - bir yo‘l" tashabbusi bilan uyg‘unlashtirishini e’lon qildi. Bu qaror Qozog‘iston rahbarining fikrini hisobga olmasdan, YeOII hududida mavjud bo‘lgan boshqa tashabbuslar hisobga olinmasdan qabul qilindi. Moskva ko‘p hollarda boshqa a’zo davlatlarning fikriga qiziqmay, ular uchun qaror qabul qilib keldi. Qozog‘iston buni angladi va vaziyatga ko‘nikishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, Ostona YeOIIni modernizatsiya qilishni istaydigan yagona a’zo davlat bo‘lib qoldi. Shu maqsadda integratsiya masalalari bilan shug‘ullanadigan maxsus vazirlik tashkil etdi. Biroq YeOII doirasidagi eng yirik iqtisodiyot ushbu tashkilotdan, birinchi navbatda, o‘zining buyuk davlat ekanligini namoyish etish, ikkinchidan esa o‘z siyosiy manfaatlariga erishish uchungina foydalanayotgan bir paytda, unga qandaydir jon bag‘ishlashga bo‘lgan barcha urinishlar mana shu devor qarshisida chil-chil bo‘lishi aniq.

Qozog‘iston Armaniston masalasida o‘z fikriga ega bo‘lsa ham, YeOII doirasida siyosiy o‘yinlarga aralashmaslikka harakat qiladi. Ayniqsa, oxirgi paytlarda Qozog‘istonning Ozarbayjon bilan yaqinlashishi va Qorabog‘ mojarosida To‘qaevning Alievni ochiq qo‘llab-quvvatlashi Armaniston uchun muhim masalada pozitsiyani ko‘rsatib qo‘ydi. Bu nuqtai nazardan uni betaraf ittifoqchi deb atab bo‘lmaydi. Lekin YeOIIda Qozog‘iston siyosiy tortishuvlarga kirishmaslikka intiladi.

Bi-bi-si: Xo‘sh, Qozog‘istonda boshqa urushga, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qanday munosabatda? 2022 yilda To‘qaev o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DNR va LNRni "kvazidavlat hududlar" deb ataganida va Qozog‘iston ularni tan olmasligini aytganida ijtimoiy tarmoqlar portlagan edi.

Temur Umarov: Qozog‘istonning o‘sha LNR/DNR bo‘yicha pozitsiyasi umuman o‘zgargani yo‘q, chunki bu Qozog‘iston uchun printsipial masaladir. Qozog‘iston umuman Rossiyaning hech qanday "yangi hududlari"ni tan olmaydi. Chunki bu yo‘nalishda bir qadam tashlash bilan Qozog‘iston bilvosita kelajakda o‘z hududida ham shu kabi tuzilmalar paydo bo‘lishi mumkinligini tan olgan bo‘ladi.

Biroq hozirgi vaziyat, haqiqatan ham, 2022 yildagidan butunlay boshqacha ko‘rinishga ega. Endi Putin mutlaqo yakkalanib qolgandek tuyulmayapti. Endi Rossiya yengib bo‘lmaydigan darajadagi juda ko‘p sonli sanksiyalar ostida qolgandek ko‘rinmayapti. Bu to‘rt yil ichida ko‘p narsa yuz berdi, bu Rossiyaning pozitsiyasini ham, AQShning Rossiyani jilovlash bo‘yicha pozitsiyasini ham o‘zgartirdi. Shu sababli, Qozog‘iston endi Jo Bayden ma’muriyati unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri: "Rossiya bilan yaqinlashmang, aks holda sizni jazolaymiz", deb turgan o‘sha paytdagi vaziyatda emas.

O‘shanda Qozog‘iston o‘z iqtisodiyoti omon qolishi va sanksiyalar bosimi ostida qolmaslik uchun Moskvadan uzoqlashganini namoyish etishi kerak edi. Moskva ham, umuman olganda, bu shunchaki ritorika ekanligini tushunardi. Bu ritorika ortida esa hatto 2022 yildan boshlab paydo bo‘lgan sanksiyalarni aylanib o‘tish sxemalarini qo‘llab-quvvatlash ham yashiringan bo‘lishi mumkin edi. Faqatgina mana shu yilning o‘zida Rossiya Federatsiyasi fuqarolari tomonidan Qozog‘iston hududida ochilgan kompaniyalar soni 11 barobarga ko‘paydi. Rossiya hududidan ba’zi kompaniyalar Qozog‘istonga shunchaki kelib qolmagani aniq, ular rossiyalik iste’molchiga sanksiyalar tufayli mahrum bo‘lgan o‘sha ne’matlarni yetkazib berish bo‘yicha muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishgan. Bu haqda ko‘plab surishtiruv maqolalarida o‘qish mumkin.

Agar biz To‘qaevning so‘nggi ikki yil ichida Ukrainadagi urush haqidagi barcha chiqishlarini kuzatsak, u umuman olganda bir xil gapni aytmoqda. U nizoni BMT Nizomi asosida diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirmoqda va hududiy yaxlitlikni tan olish muhimligi va hokazolar haqida gapirmoqda. To‘qaev Markaziy Osiyo prezidentlari ichida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan shaxsan uchrashgan va u bilan bir necha bor telefon orqali gaplashgan yagona prezidentdir. Shuningdek, Qozog‘iston rasmiy darajada Ukrainaga insonparvarlik yordami yuborgan.

Shu tariqa, Qozog‘iston betaraf hududda turishga harakat qilmoqda, ammo yildan-yilga bu qiyinlashib bormoqda. Birinchidan, bunga endi avvalgidek ehtiyoj yo‘qligi sababli: masalan, Oq uydan hech kim Qozog‘istonga bosim o‘tkazmayapti, Yevropa Ittifoqi esa unga qattiq bosim o‘tkazish imkoniyatiga ega emas. Ikkinchidan, Ukraina bilan bu yaqinlashish, ayniqsa, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan solishtirganda, go‘yoki qadrlanmayotgandek tuyulmoqda. Qozog‘iston uchun Ukraina dronlari Rossiya hududidan o‘tadigan Transkaspiy quvuri orqali asosan qozoq neftini haydab beradigan bir nechta muhim infratuzilmaviy logistika ob’ektlariga hujum qilgani juda alamli bo‘ldi. Qozog‘iston foydalanadigan infratuzilmaga bo‘lgan bu hujumlar Qozog‘istonning iqtisodiy manfaatlariga bo‘lgan hujum sifatida qabul qilindi, bu esa Qozog‘istonning Ukrainaga nisbatan o‘zini tutishiga ziddek tuyuladi. Shu sababli, keyingi paytlarda bu munosabatlarda sovuqchilik paydo bo‘ldi.

Biroq, avval ham Qozog‘iston Ukrainaga juda iliq munosabatda bo‘lgan deb aytib bo‘lmaydi, baribir u rasmiy ravishda o‘sha betaraflikka amal qilib kelgan edi. Agar siz betaraf bo‘lsangiz, demak, sizda tavakkalchiliklar borligini nazarda tutasiz. Buning ustiga, ushbu betaraflik bilan birga, Qozog‘iston Rossiya uchun sanksiyalar bo‘lmagan dunyoga ochilgan o‘ziga xos "darcha" bo‘lib xizmat qilgan mamlakat edi. Shu bilan birga, To‘qaev 9 may kuni harbiy paradga kelib, o‘sha SVO (maxsus harbiy operatsiya) ishtirokchilari bilan bir sahnada turib va bu Rossiya agressiyasini qo‘llab-quvvatlashdek ko‘rinishidan umuman xavotir olmay, Putin va Kreml bilan yaqinligini diplomatik tarzda namoyish etdi.

Bi-bi-si: To‘qaev Putinning tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida bahsli masalalar mavjud emasligini aytdi. Qozog‘iston prezidentining ushbu ishonchli fikriga qo‘shilasizmi?

Temur Umarov: Rasmiy darajada, albatta, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida hech qanday bahslar yo‘qligi hamisha aytiladi. Umuman olganda, bu tashriflar, yuqori darajadagi sammitlar mamlakatlar muammoli masalalarni muhokama qilishlari uchun emas, balki hamma narsa qanchalik yaxshi ekanligini namoyish etish uchun mavjud. Bu aniq vaziyatda esa, hamma narsa ayniqsa qanchalik yaxshi ekanini ko‘rsatish kerak edi. Buning uchun, munosabatlarda qandaydir muammoli masalalar bo‘lgan taqdirda ham, ularda biror-bir muammo bo‘lishi mumkinligiga zarracha bo‘lsin shama qilmaslik lozim edi.

Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari odatda bunday masalalarni yopiq eshiklar ortida hal qilishadi va ularni ommaviy maydonga juda kam hollarda olib chiqishadi. Aynan shuning uchun ham Putin va Armaniston bosh vazirining oxirgi uchrashuvlarida bir-birlari bilan qanday gaplashgani postsovet hududidagi an’anaviy diplomatik amaliyotlar doirasidan chiqib ketgandek ko‘rindi. Bizning diplomatik amaliyotimizda bunday narsalarni ko‘rish odat tusiga kirmagan. Shu sababli, rasmiy darajada hamma vaziyat qanchalik ajoyib va go‘zal ekanini gapiradi. Aslida Putin Qozog‘istonga aynan shuning uchun kelgan edi. Shuningdek bu Qozog‘istonning asosiy maqsadi edi, Putinni hamma narsa shunchaki yaxshi emas, balki juda zo‘r, a’lo, ajoyib ekanligiga va u Rossiyaning Qozog‘istondagi mavqei uchun xavotir olmasligi kerakligiga ishontirish edi.

Ammo buning ortida, albatta, muammolar yashiringan, muammolar tiqilib yotibdi. Masalan, Rossiya YeOIIda boshqa a’zolar bilan maslahatlashmasdan eksportga cheklovlar qo‘ygan. Bu urushning eng boshida ko‘p marta sodir bo‘ldi, o‘shanda Rossiya shakar, un yoki boshqa zarur mahsulotlar eksportini cheklab qo‘ydi va shu sababli Qozog‘istonda inflyatsiya yuzlab foizga oshib ketdi, odamlar navbatlarda turishdi va hokazo.

Bu energetika infratuzilmasi bilan ham muntazam ravishda sodir bo‘lib turadi. Qozog‘iston o‘z neftini tashqi bozorga chiqarishda 80 foiz Rossiyaga bog‘liq. Shu sababli, har gal Rossiya Qozog‘istonning siyosiy pozitsiyasidan norozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatda, u neft qandaydir ekologik standartlarga mos kelmaydigan tarzda eksport qilinayotganini eslatib qo‘yishi mumkin, shundan so‘ng sud eksportni ma’lum muddatga to‘xtatib qo‘yish haqida qaror qabul qiladi. Ha, shunday misollar bo‘lgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston so‘nggi yillarda neftь eksportining yigirmadan ortiq to‘xtatilishiga duch keldi, bu ham muammoli masala.

Boshida siz bilan ba’zi rossiyalik yuqori martabali mulozimlarning hududiy masalalar va Qozog‘istonning shimoli bo‘yicha da’volarini muhokama qilgan edik. Bu ham juda g‘alati holat: prezidentlar bir-birlari bilan uchrashib, o‘rtalarida ajoyib, go‘zal do‘stlik munosabatlari borligini aytishadi, lekin ayni paytda o‘sha odamlarning barchasi hanuz o‘z lavozimlarini egallab turishibdi va ushbu ittifoqchiga tahdid solishmoqda. Ammo Qozog‘istonda mavjud bo‘lgan mana shu strategik ikkiyoqlamalikning o‘ziga xosligi ham shunda: Rossiya bir vaqtning o‘zida ham ittifoqchi, ham tahdiddir.

Bu yerda eng muhimi, Kreml o‘zini qanday tutishidadir. Kreml odatda o‘zi eshitishni xohlamaydigan gaplarni gapiradigan odamlar bilan andisha qilib o‘tirmaydi. Kreml manfaatlariga zid keladigan biror narsani bayon qilgani uchun jabr ko‘rgan odamlarning ko‘plab misollarini bilamiz. Ammo Qozog‘istonga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush boshlash bilan tahdid qilayotgan aniq mulozimlarga nisbatan Kreml hech narsa qilmayapti. Shu tariqa, u bu tahdid haqiqatan ham mavjudligi va Qozog‘iston buni hamisha yodda tutishi kerakligi haqida signal yubormoqda.