Yaqin Sharqda yana keskinlik: Eron va Isroil yana bir-biriga hujum qilmoqda

Isroilning Eronga hujumi

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Aprel oyidagi mo‘rt otashkesim kelishuvi barbod bo‘lganidan keyin Yaqin Sharq jiddiy tartibsizliklarni boshdan kechirmoqda.

Isroil va Eron bir-birlarining hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qildi. Bu misli ko‘rilmagan keskinlik mintaqaviy dinamikada jiddiy o‘zgarishlarni anglatadi va xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan vaziyatni yumshatishga chaqirishga undadi.

Vaziyatning shiddatli tus olishi 7 iyun kuni, Isroil o‘z hududiga otilgan Hizbulloh raketalariga javoban Livan janubidagi Bayrut chekka hududlarida joylashgan Hizbulloh ob’ektlariga havo zarbalari berishi bilan boshlandi.

Bunga javoban Eron Isroilga qarata raketalar to‘lqinini uchirdi, Islom inqilobi muhofizlari korpusi buni "uzluksiz zarbalarning to‘liq bir haftalik ibtidosi" deb e’lon qildi.

Eronning hujumidan so‘ng, Isroil yirik havo zarbalarini amalga oshirdi. Isroil mudofaa kuchlari "Isroil harbiy-havo kuchlarining o‘nlab qiruvchi samolyotlari" Eronning strategik havo mudofaa tizimlarini yo‘q qilgani va Eron g‘arbi hamda markazidagi harbiy ob’ektlarga zarba berganini ma’lum qildi.

SAXAL aniq joylarni ochiqlamagan bo‘lsa-da, Eron davlat ommaviy axborot vositalari va mahalliy hokimiyat organlari bir qator shaharlarda, jumladan, Tehron, Tabriz, Isfaxon va Karaj yaqinida portlashlar bo‘lganini xabar qildi.

Eron rasmiylari Tehronning shahar joylariga zarba berilmaganini ta’kidlamoqda, ammo poytaxt osmonida bitta dron urib tushirilgan va Tehronning Imom Xomeyniy xalqaro aeroportidagi operatsiyalar to‘xtatilgan.

Isroilning javob qaytarishidan keyin Eron Isroil tomon navbatdagi raketalar to‘lqinini uchirib, Nevatim va Tel-Nof aviabazalarini nishonga olganini da’vo qildi.

Bundan tashqari, Islom inqilobi muhofizlari korpusi Isroilning Maxshahr ko‘rfazidagi neft-kimyo zavodiga uyushtirgan avvalgi hujumiga javob sifatida Isroil shimolidagi Xayfa shahrida joylashgan neft-kimyo zavodiga zarba berganini iddao qildi.

Eronning strategik burilishi

Isroil nazorati ostidagi G‘arbiy sohilda, Eronning avvalgi hujumlaridan keyin yerga qadalib qolgan raketa qismi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil nazorati ostidagi G‘arbiy sohilda, Eronning avvalgi hujumlaridan keyin yerga qadalib qolgan raketa qismi.

Ushbu zarbalar Eronning harbiy doktrinasida tub burilish bo‘lganini ko‘rsatadi.

Joriy mojaroning birinchi kunida Eronning Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy suiqasd natijasida o‘ldirilganidan so‘ng, Tehronda hokimiyat tepasiga yanada murosasiz yangi rahbariyat keldi.

Mojarolarni Eron tuprog‘idan uzoqda saqlash uchun ilgari proksi-kuchlarga tayanib kelgan uzoq yillik "strategik sabr" doktrinasidan voz kechgan Tehron, endilikda harbiy vazminlikni zaiflik belgisi deb hisoblamoqda.

Mintaqaga ta’siri

Mojaro mintaqa bo‘ylab bir nechta frontlarni olovlantirib yubordi.

Hizbulloh Livan janubidagi Bayt-Yahun chekkasida to‘plangan Isroil askarlari va armiya texnikasiga qarata javob raketa zarbalari berganini e’lon qildi.

SAXAL Yaman hududidan Isroil yerlariga qaratilgan raketalar uchirilganini aniqladi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiy jangarilari Isroilga hujum qilganini tasdiqladi va Qizil dengizda barcha Isroil dengiz kemalarining harakatlanishini taqiqlashini e’lon qildi.

Shimoldagi zarbalarga javoban Isroil xavfsizlik choralarini vaj qilib, G‘azoga olib boradigan muhim gumanitar o‘tish joylarini, jumladan, Rafah va Kerem-Shalom nazorat-o‘tkazish punktlarini yopdi.

Yakshanba kuni Isroilning janubiy Livanga bergan havo zarbalaridan keyin ishchilar vayronalarni tozalamoqda.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Yakshanba kuni Isroilning janubiy Livanga bergan havo zarbalaridan keyin ishchilar vayronalarni tozalamoqda.

Xalqaro diplomatiya: Kim nima demoqda?

Dunyo yetakchilari vaziyatni nazoratga olishga urinmoqda. AQSh Prezidenti Donald Tramp voqealarga keskin munosabat bildirib, har ikki tomonni „otishmani to‘xtatishga“ va zudlik bilan „sulh tuzishga“ chaqirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Isroil hujumidan oldin Tramp Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni vaziyatni keskinlashtirmaslikka ogohlantirgan va bu harakat AQSh hamda Eron o‘rtasida kutilayotgan kelishuvni barbod qilishini aytgan.

Tramp Netanyaxuning AQSh taklif qiladigan har qanday bitimni qabul qilishdan "boshqa chorasi qolmasligini" bildirib, ochiqchasiga: "Barcha qarorlarni men qabul qilaman", - degan.

Urushga qaramay, pardaorti aloqalari uzilgani yo‘q. Eron Tashqi ishlar vazirligi Tehron va Vashington o‘rtasida maxfiy xabarlar almashinuvi davom etayotganini, bu jarayonda Pokiston Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi asosiy vositachi bo‘layotganini tasdiqladi.

Shunday bo‘lsa-da, Eron hukumati xalqaro maydonda urush alovlanishi uchun baribir AQShni ayblamoqda.

AQShning Quddusdagi elchixonasi esa yopildi, xodimlarga xavfsiz joylardan chiqmaslik buyurildi.

Ichki bosim va global iqtisodiyotdagi alg‘ov-dalg‘ovlik

Isroil ichida ham vaziyat tarang. Bosh vazir Netanyaxu oktyabr oyida kutilayotgan saylovlar sababli kuchli bosim ostida qolgan.

Ba’zilar uni AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘ziga ma’qul bo‘lmagan kelishuvni buzish uchun ataylab urushni cho‘zayotganlikda gumon qilmoqda.

Bu urush dunyo iqtisodiyotiga ham jiddiy zarba berdi.

Raketa hujumlaridan keyin "Brent" markali neft narxi birdaniga 4,5 foizga ko‘tarilib, bir barreli 97,30 dollarga yetdi.

AQSh nefti esa 94,50 dollar atrofida sotilmoqda.

Osiyo moliya bozorlari ham quladi: Janubiy Koreyaning "Kospi" indeksi qariyb 8 foizga tushib ketdi. Trederlar bu urush global energiya oqimi va barqarorlikka uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.