Jahon bozorida don qimmatlayapti, ammo bundan Rossiyaga naf yo‘q

Ukrain fermeri Serhiy Ribalko omboridagi donni qo‘liga olib tekshirayapti

Surat manbasi, Reuters

Published
O'qilish vaqti: 5 daq

"Dunyo non savati" deb nomlanadigan Qora dengiz atrofidagi notinchlik jahon g‘alla bozorida tashvishli vaziyatni yuzaga keltirdi.

So‘nggi raqamlarga ko‘ra, butun dunyo bug‘doy bozorining 21 foizi Rossiya, 7-8 foizi Ukrainaga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, Ukraina makkajo‘xori va kungaboqar yog‘i bozorida ham juda yirik o‘yinchi hisoblanadi.

Hozircha tahlilchilar "jahonni qamrab oladigan don inqirozi" darajasidagi xavf yo‘q deydilar.

Ammo Yevropaning eng yirik daryosi Dunayda oxirgi 80 yilda kuzatilmagan suv sathi pasayishi, Rossiya hamda Ukraina dengiz portlariga to‘xtamayotgan zarbalar g‘alla bozoriga qo‘shimcha bosim bo‘lib tushayapti, tashish xarajatlari ko‘tarilayapti.

Dunay sayozlashgani va don tashish mushkullashgani

Dunay daryosi orqali Ruminiya, Ukraina va boshqa mamlakatlardan katta hajmda don tashiladi.

2026 yil yozida Ruminiya hududida suv sathi so‘nggi 30 yildagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga tushdi.

Natijada barjalar kamroq yuk olishga majbur bo‘ldilar, ayrim paromlar to‘xtadi, don tashish sekinlashdi.

Kemalarni o‘tkazishda eng asosiy ustuvorlik yoqilg‘i kemalariga berilgani uchun butun Dunay bo‘ylab Ukraina g‘allasi eksporti qiyinlashgan.

Dunay orqali Ukraina doni eksporti o‘tgan yilning avgustiga solishtirganda uch baravar pasaygan.

Shu kunlarda Ukraina tarafga o‘tishini kutib turgan 70 kemadan iborat navbat hosil bo‘lgani xabarlari tarqaldi.

Ruminiya Yevropa Ittifoqining yirik don eksportchilaridan biri bo‘lgani uchun ham Dunay daryosi sayozlashgani g‘alla narxi uchun muhimdir.

Ukraina dron hujumlari

Iqtibos
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ukraina dronlarining hujumlari nafaqat Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi va eng yirik marketpleyslar omborlaridagi yong‘inlarga sabab bo‘lmoqda, balki Rossiyaning Azov va Qora dengizlaridagi portlaridan bug‘doy va boshqa don mahsulotlarini olib chiqishni amalda to‘xtatib qo‘ydi.

Rossiya jahon don bozoridagi yirik ishtirokchilardan biri hisoblanadi.

Rossiya g‘alla eksportiga Yaqin Sharq, Shimoliy va Sharqiy Afrika mamlakatlari qattiq bog‘langan.

Urush oqibatlaridan Rossiya fermerlari ham jabr ko‘rayaptilar: ular yetishtirgan g‘allasini xorijga sota olmayapti, mamlakat ichida esa narxlar tushib ketayapti.

Muammolar iyul oyi boshida boshlandi: Ukraina dronlari hujumlaridan so‘ng Rossiya Don daryosini Azov dengizi bilan bog‘laydigan Azov-Don dengiz kanalida kema qatnovini to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu yo‘nalish orqali, jumladan, eksport uchun don tashiladi.

Iyul oyi oxirida Kerch bo‘g‘ozi hududidagi Taman portida joylashgan «Demetra-Xolding» kompaniyasining don terminali ham hujum oqibatida ishini to‘xtatgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Bu nuqta Azov dengizini Qora dengiz bilan bog‘lab turadi. Avgust oyi oxirida bu haqda «Ekspert Yug» nashri «Demetra-Xolding» matbuot xizmatiga tayanib yozdi.

Avgust o‘rtalaridan boshlab hujumlardan keyin Qora dengiz sohilidagi Novorossiysk shahrida joylashgan eng yirik don terminallari: «Novorossiysk» terminali, Don mahsulotlari kombinati (NKXP) va KSK faoliyati ham to‘xtab qoldi.

Rossiya don eksportining yarmi Novorossiysk orqali amalga oshiriladi. Davlatga qarashli NKXP bahosiga ko‘ra, don yuklash infratuzilmasi bir oydan to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga ishdan chiqqan.

Rostov viloyatida 28 avgust kuni portlar faoliyati to‘xtagani sabab favqulodda vaziyat rejimi joriy etildi. Viloyat hokimiyati muammolar 10 iyuldan boshlanganini qayd etdi. Aynan shu kunda Azov-Don kanalida kema qatnovi to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.

Qora va Azov dengizlari portlarining jahon g‘alla bozori uchun ahamiyatini neft bozoridagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ahamiyati bilan qiyoslash mumkin.

Rossiya g‘alla eksporti 22 foiz pasaydi

Ukrainada vagonga bug‘doy ortish

Surat manbasi, Reuters

Narxlarning o‘sishi Rossiya eksportiga qaram Sharq va Afrika mamlakatlariga allaqaachon tahdid solayapti. Rossiyaning Qora dengizdagi portlari, shuningdek Rossiya hujumlaridan jiddiy zarar ko‘rgan Ukraina portlaridan jahon bug‘doyining 30 foizi eksport qilinadi.

Hozircha inqiroz xaridorlarga unchalik kuchli ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Ular Rossiya yetkazib beruvchilarini Lotin Amerikasi yoki Yevropa orqali almashtirishga urinmasdan, mavjud zaxiralardan foydalanayaptilar. Shunga qaramay, BMT o‘nlab million odam oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkinligini aytmoqda.

Jahon bozorida g‘alla narxining ko‘tarilgani Rossiya ishlab chiqaruvchilariga ham yordam berayotgani yo‘q. Ular mahsulotlarining katta qismini aynan hujumga uchragan portlar orqali eksport qilar edilar. Ortiqcha hajmlarni boshqa yuklash nuqtalariga qisqa muddat ichida yo‘naltirishning imkoni yo‘q, ularni boshqa xaridorlarga sotish ham oson emas.

Rossiya Don soyuzi (RZS) bahosiga ko‘ra, avgust oyida eksport o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga kamaygan. RZS hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu mavsumda boshqa mamlakatlarga yetkazib berilmay qoladigan Rossiya bug‘doyi hajmi jahon savdosining qariyb 15 foiziga teng bo‘lishi mumkin.

«Hozir Rossiya eksportining eng yuqori pallasi, ya’ni avgust-dekabr oylari ichidamiz. Eksport qilinmay qolgan barcha hajmlarni keyinroq jo‘natish mumkin degan hisob-kitoblar ham haddan tashqari optimistik ko‘rinadi. Ayniqsa qishki bo‘ronlar, daryolar va Azov dengizining muzlashi hisobga olinsa. Qolaversa, o‘tkazish quvvati allaqachon chegarasiga yetgan "eksport quvuri"ga qo‘shimcha don sig‘dirishning iloji yo‘q», dedi «SovEkon» tahlil kompaniyasi direktori Andrey Sizov.

"Uzluksiz pasayish"

Bu bozorda ortiqcha taklif paydo bo‘lishiga olib kelmoqda, Rossiyada don narxlari esa ishlab chiqaruvchilar uchun haddan tashqari past darajaga tushib ketdi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bug‘doy narxi o‘tgan yilga nisbatan 22 foiz, ayrimlarida esa hatto 35 foiz arzonlagan. Donning ortiqcha yetishtirilishi narxlarni pasaytiradi, bu esa fermerlarni xonavayron qiladi, deb tushuntirdi Rossiya Don Ittifoqi prezidenti Arkadiy Zlochevskiy.

Rostov viloyati dehqonlari allaqachon donni tannarxidan 40 foiz arzon narxda sota boshlaganlar. «Kommersant» gazetasining yozishicha, Rossiyaning markaziy hududlarida bug‘doy ishlab chiqaruvchilarining rentabelligi nol darajada, janubda esa 10-15 foizdan oshmayapti. Bu juda past ko‘rsatkich hisoblanadi, chunki avval bu ko‘rsatkich barqaror ravishda 20 foizdan yuqori bo‘lib kelgan.

Urush boshlanganidan buyon fermerlar qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalarning ketib qolishi, qimmat kreditlar va malakali kadrlar yetishmasligi oqibatlaridan aziyat chekayaptilar.

Shuningdek, yoqilg‘i inqirozi ham xarajatlarni oshirmoqda, deb yozdi Insider nashri. Biroq Andrey Sizov Bi-bi-siga bergan izohida don narxlarining pasayishi fonida dizel yoqilg‘isi narxining qimmatlashishi ikkinchi darajali omil ekanini aytdi. Bundan tashqari, Rossiya hukumati bir necha yildan buyon eksport bojlarini saqlab kelmoqda, bu esa donni xorijga sotishni kam daromadli qilayapti.

Agar eksport yil oxirigacha qayta tiklanmasa, «yo‘qotishlar juda katta bo‘ladi», deya ta’kidlagan Sizov. Uning aytishicha, urush boshlanganidan keyin bozor allaqachon pasayish yo‘liga kirgan, «2021 yildan buyon daromadlar, ekin maydonlari va hosil yig‘imi bo‘yicha uzluksiz pasayish kuzatilmoqda».

Muammoni hal qilish uchun davlat ortiqcha donni sotib olib, omborlarga joylashtirishni rejalashtirmoqda.

«Mening nazarimda, subsidiyalar, dotatsiyalar yoki interventsiyalar (donni davlat tomonidan sotib olish — Bi-bi-si) haqida jiddiy gapirishdan ma’no yo‘q. Asosiy sabab shuki, bunga pul yo‘q», deb hisoblaydi Sizov.

Rossiya federal byudjeti taqchilligi avgust oyiga kelib 8 trillion rubldan oshib ketdi. Rejaga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 4 trillion rubl bo‘lishi kerak edi.

Rossiya g‘allakorlari ekin maydonlarini qisqartirishga majbur bo‘lmoqdalar. Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri bu maydonlar allaqachon 6 foizga kamaygan.

«Fermerlar zarariga ishlayaptilar, xarajatlar esa oshib ketdi. Bunday sharoitda hech kim uzoq yashab qololmaydi», deb xulosa qildi fermer Nikita Tokmakov.

«Biz avvalgi yillardagi sovuq urish va qurg‘oqchilikni eng og‘ir davrlar deb o‘ylagandik. Ammo eng og‘ir vaqt mana hozir keldi», dedi u.