O‘zbekiston Bolalar Ombudsmani: "Qizini qiynoqqa solishda gumon qilingan ota ishi nazorat ostida"

Tarqalgan videodan olingan surat: otasi orqasidan, qizi esa otasiga qarab turibdi. Qizning yuzi xiralashtirilgan

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқлар/gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan olingan surat. Bolaning shaxsini himoya qilish maqsadida uning yuzi xiralashtirilgan.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida voyaga yetmagan qizini qiynoqqa solgan ota hodisasi yuzasidan BBC O‘zbekning O‘zbekiston Bolalar Ombudsmaniga yuborgan so‘roviga kotibiyat tomonidan yuborilgan javobda aytilishicha, "yosh bolaga nisbatan mazkur zo‘ravonlik holati Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan".

Shuningdek, Ombudsman kotibiyati bayonnomasidan ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan gumon ostidagi otaga nisbatan "voyaga yetmagan shaxsni qiynash" ayblovi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Gumon ostidagi shaxs protsessual tartibda ushlangan.

BBC O‘zbekning qiynoqqa tutilgan 9 yoshli qiz va uning hodisa vaqtida uyda bo‘lgan 7 yoshli singlisining xavfsizligini ta’minlash yo‘lida qanday choralar ko‘rilgani haqidagi savoliga javoban Ombudsman kotibiyatining ma’lum qilishicha, "Bolalar ombudsmani mintaqaviy vakili joyiga chiqqan tarzda o‘tkazgan o‘rganishiga ko‘ra", gumonlanuvchining turmush o‘rtog‘i hozirda voyaga yetmagan farzandlari bilan birgalikda o‘z ota-onasining xonadonida yashamoqda va "bugungi kunda bolalarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita xavf mavjud emas".

Ular uchun "xavfsiz oilaviy muhitda bo‘lib, yashashi, ta’lim olishi va tarbiyalanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan", deyiladi Bolalar Ombudsmani bayonnomasida.

Bundan tashqari Bolalar Ombudsmani kotibiyati "O‘zbekiston Respublikasining "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tumandagi "Inson" ijtimoiy xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan mazkur vaziyatdagi voyaga yetmagan bolalarga hamda oilaga zarur ijtimoiy xizmatlar hamda ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatildi, bolalarga himoya orderi rasmiylashtirildi", deya ilova qilgan.

Qumqo‘rg‘onda nima bo‘lgandi?

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ota voyaga yetmagan qizini mol tezagini yeyishga majburlagani aks etgan video Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

Tarqalgan video ota qizining peshobini ushlay olmasligini jazolash yoki "davo" maqsadida mol tezagini yedirishga majburlayotgani anglashiladi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Biroq uning aniq maqsadini videodan ishonchli belgilab bo‘lmaydi.

Erkak qizni og‘zidagini yutishga majburlab, chiqarib tashlasa urishini aytib do‘q qiladi. Qiz yig‘lab, otasidan uni qo‘yib yuborishini qayta-qayta so‘raydi, ammo erkak qiynashda davom etadi. Videoning boshqa qismida u qizini qo‘ylar oldiga bog‘lab qo‘yish bilan ham qo‘rqitadi.

Tasvirda ko‘rinmagan ayol qizini o‘zi ishlab pul topib davolatishini aytadi. Suhbat mazmunidan u bolaning onasi bo‘lishi mumkinligi anglashiladi, ammo ovoz kimga tegishli ekanini videoning o‘zidan tasdiqlab bo‘lmaydi.

BBC qizaloqda qanday tibbiy muammo bo‘lgani va u avval shifokor ko‘rigidan o‘tgan-o‘tmaganini mustaqil ravishda aniqlay olmadi.

Voqea paytida xonada yana bir voyaga yetmagan qiz bo‘lgan. U piyolada bug‘i chiqib turgan suvni olib kelib otasiga beradi. Erkak katta qizning og‘ziga mol tezagini solganidan keyin piyoladagi suvni uning og‘ziga quyadi.

Videoning yana bir qismida kichik qiz yig‘lab, "Allohim, opamga rahming kelsin", "Opamga shifo ber", deb duo qiladi.

Daryo.uz nashriga ko‘ra, jabrlangan qiz 9 yoshda, videodagi ikkinchi qiz esa uning 7 yoshli singlisi. Nashr piyoladagi suv qaynoq bo‘lganini yozgan.

"Yetti oydan beri hech kim quloq tutmayotgandi"

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, video 2025 yil 30 dekabrda olingan. Bolaning onasi esa 2026 yil 25 iyulda IIBga ariza bergan. Bu ikki sana o‘rtasida qariyb yetti oy bor.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov Facebook sahifasida qizning onasi unga yig‘lab audio yuborganini yozdi.

Uning keltirishicha, ayol audioda: "Bizni ham eshitadiganlar bor ekan-ku?! Yetti oydan beri hech kim quloq tutmayotgandi", degan.

Ayol shu vaqt davomida qaysi idoralarga, qachon va necha marta murojaat qilgani ham ma’lum emas.

IIV jinoyat ishi ona bergan ariza asosida qo‘zg‘atilganini bildirdi. Biroq ichki ishlar organlari voqea haqida aynan shu ariza orqali birinchi marta xabar topganmi yoki bundan avval ham ma’lumotga ega bo‘lganmi, degan savolga hozircha ochiq.

Bolalar shu yetti oy davomida kim bilan yashagani, ularning ahvoli maktab, mahalla yoki ijtimoiy xizmatlar tomonidan kuzatilganmi yo‘qligi haqida ham ma’lumot yo‘q.

Rasmiy idoralar nima dedi?

Surxondaryo viloyati IIBning rasmiy Telegram kanalida e’lon qilingan xabarda aytilishicha, 25 iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol IIBga ariza bilan murojaat qilib, 1993 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i Ch.B. voyaga yetmagan qizini qiynaganini ma’lum qilgan.

IIBga ko‘ra, voqea aks etgan video 2025 yil 30 dekabrda olingan va keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

BBC ayni voqea yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga murojaat qildi.

Janob G‘iyosov qizini qiynaganlikda gumonlanayotgan otaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va gumonlanuvchi qamoqqa olingan haqida ma’lum qilgandi.

Voqea zo‘ravonlikka uchragan bolalarning keyingi taqdiri, ularni himoya qilish mexanizmlari va bunday holatlarni ertaroq aniqlash tizimi qanday ishlashi haqida savollarni o‘rtaga chiqargan.

Bolalar hozir xavfsizmi?

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, bu masalada voyaga yetmaganlar bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmasi shug‘ullanmoqda. Vazirlik gumonlanuvchi qamoqqa olingani sababli oila uchun xavf bartaraf etilgani va himoya orderiga hozircha ehtiyoj yo‘qligini aytgandi.

Lekin keyinchalik BBC O‘zbek so‘roviga javobda Bolalar Ombudsmani kotibiyati bolalarga himoya orderi rasmiylashtirilganini ma’lum qilgan.

Gazeta.uz nashri ham Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tayanib xabar berishicha, Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi bola va uning oila a’zolariga ijtimoiy xizmatlar hamda ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatganini xabar bergan.

Zo‘ravonlikka uchraganlar nima qilsin?

Yuzini qo‘llari bilan himoya qilishga urinayotgan bola

Surat manbasi, Getty Images

O‘zbekiston Bolalar Ombudsmanining BBC O‘Zbekka yo‘llagan bayonnomasida aytilishcha, "bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini isloh etish borasida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi mamlakat hisoblanadi".

Jumladan, 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasi bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan global tashabbus — "Bogota harakatlar chaqiruvi"ga qo‘shilgan va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyansga a’zo bo‘lgan, deya ilova qilgan Ombudsman kotibiyati.

Kotibiyat shuningdek, 2025 yil 14 mayda O‘zbekistonda "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonuni kuchga kirib, mazkur huquqiy hujjat asosida mamlakatda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgani, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish bo‘yicha samarali idoralararo faoliyat joriy etilganini ham aytib o‘tgan.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan 2026 — 2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi qabul qilinganini ham bildirilgan.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlaridan jabrlangan yoki o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 14 iyuldagi 440-son qarori bilan tasdiqlangan "Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomga asosan "bolalar bevosita o‘zlari yoxud ularning qonuniy vakillari, shuningdek, ularning qarindoshlari yoki boshqa shaxslar zo‘ravonlik holati to‘g‘risida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi, ichki ishlar organlari, shuningdek, boshqa mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishlari lozimligi maslahat berilgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Qonun bo‘yicha bolaga qanday yordam ko‘rsatiladi?

Vazirlar Mahkamasining 440-son qaroriga ko‘ra, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning vaziyatini bir kun ichida o‘rganib, uning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf darajasini baholashi kerak.

Zarur holda bolaga himoya orderi berilishi, u xavfsiz joyga joylashtirilishi, unga tibbiy, psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi mumkin.

Qumqo‘rg‘ondagi bolalarning ahvoli shu tartibda baholangani haqida ma’lumot berilmadi.

2026-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyada oilasida qolishi xavfli bolalarni professional tutingan oilalarga yoki kichik ijtimoiy ko‘mak markazlariga joylashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Bu xizmatlar Surxondaryoda hozir ishlayotgani haqida ma’lumot yo‘q.

Mustaqil jurnalistlarga ko‘ra, O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonliklar masalasi kun tartibidan tushgani yo‘q. So‘nggi yillar qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritilganiga qaramasdan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar hamon ro‘y berib kelayotgani aytiladi.

Taniqli blogerlardan Aqida xonimning aytishicha, aksariyat holatlarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik oiladan tashqariga chiqarilmaydi. Aynan shuning uchun mamlakatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilindi, deydi u.

Aqida xonimning aytishicha, "oiladagi zo‘ravonlikdan bolalar ham jabr ko‘radi".

"O‘zbekistonda zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun shelterlar mavjud. Zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun maxsus reabilitatsiya, himoya markazlariga ehtiyoj bor".

Gazeta.uz Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tayanib xabar berishicha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida anonim xabar berish uchun 1246 qisqa raqami ishga tushirilgan. Koll-markaz hozircha test rejimida ishlamoqda. Agentlik murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishini bildirgan.

Gumonlanuvchiga qanday jazo berilishi mumkin?

Ch.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi "a" bandi, ya’ni voyaga yetmagan shaxsni qiynash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu moddada:

360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari;

ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash;

yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish

jazosi nazarda tutilgan.

Bu ish bo‘yicha sud hali o‘tkazilmagan. Gumonlanuvchining aybdor yoki aybsizligini va aybli deb topilsa, unga qaysi jazo tayinlanishini mahkama hal qiladi.