O‘zbekiston: SNB hammani nazorat qiladimi?

Published

Londonda joylashgan Privacy international (Privasi Interneyshnl) tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati - MXX eng takomillashgan kuzatuv jihozlariga ega va fuqarolar ustidan keng miqyosdagi josuslik amaliyotlarini olib boradi.

Tashkilot e‘lon qilgan hisobotda aytilishicha, MXX inson haqlari faollari va mustaqil jurnalistlar, shuningdek, ishbilarmonlar hamda siyosiy elita a‘zolarini nishonga oladi.

Hisobotga ko‘ra, ushbu kuzatuv amaliyotlari Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatovni mamlakatdagi eng qudratli shaxslardan biriga aylantirgan.

BBC hisobot muallifi Edin Omanovich bilan bog‘lanib, SNBning ish uslublari haqida batafsilroq gapirib berishni so‘radi.

Hisobotdan shu narsa aniq bo‘ladiki, MXX O‘zbekistonda ikkita kuzatuv markaziga ega. Bu monitoring markazlaridagi muhandislar, mutaxassilarni Isroil tayyorgarlikdan o‘tkazgan.

Bu muhandislar va tahlilchilar ushbu markazlardan turib,telefon so‘zlashuvlarini tinglashlari va butun O‘zbekiston aholisi ustidan kuzatuv olib borish uchun zarur texnik imkoniyatlarga egalar.

BBC: Ya‘ni MXX har bir O‘zbekiston fuqarosini nazorat qila oladi, deb aytishimiz mumkinmi?

Edin Omanovich: Texnik jihatdan har bir fuqaroni nazorat qilish qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo MXXning kuzatuv markazlari kommunikatsiya tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangani nazarda tutilsa, MXX nazariy jihatdan har bir fuqaroni nazorat qilish salohiyatiga ega.

BBC: Siz o‘z hisobotingizda O‘zbekistondagi telefon so‘zlashuvlari yozib olingan yoki kuzatilgan bir necha misollarni bergansiz. Ammo biz bilamizki, mobil telefon operatorlarining aksariyati xorijiy, demokratik davlatlardan borgan shirkatlar hisoblanadi. Ularning MXX so‘zlashuvlarni tinglayotganidan xabarlari bormi?

Edin Omanovich: MXXning kuzatuv markazlari mobil telefon tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Mobil shirkatlari bu haqda ko‘p narsa bilishmaydi yoki bilgan taqdirlarida ham hech narsa qila olmaydilar. Chunki ular O‘zbekiston bozoriga kirayotgan payt hukumatga abonentlarning databazasi va boshqa ma‘lumotlarni berishga rozi bo‘lishgan. Hukumat bu ma‘lumotlardan qanday maqsadda fodalanayotganini ular nazorat qila olishmaydi.

BBC: MXX kimni va nima uchun kuzatadi?

Edin Omanovich: Bizning tadqiqotimiz MXX bir qator inson haqlari faollari, jurnalistlar hamda muxolifat faollarining telefon so‘zlashuvlari yoki Skaypdagi muloqotlarini kuzatib turganini ko‘rsatdi. Bizning-cha, O‘zbekiston hukumati bu odamlarni o‘ziga tahdid deb ko‘radi va ularning ovozini bo‘g‘ish maqsadida ham kuzatuv olib boradi.

BBC: Siz o‘z hisobotingizda MXX biznesmenlar va siyosiy elita a‘zolarining qadamlarini ham kuzatib yurishini aytgansiz. Bu degani aytaylik, hukumat vazirlarining telefon so‘zlashuvlari ham eshitiladi, deganimi?

Edin Omanovich: Biz o‘zimiz gaplashgan manba‘larning bir nechtasi bu toifa odamlarning kuzatuv ostida ekanliklarini tasdiqlashdi. Menimcha, hukumat va MXX O‘zbekistonda shunday bir tuzilma yaratganki, bu odamlar davlatga bo‘lmasa ham, davlat boshqaruvidagi ma‘lum guruhlarga yoki siyosiy tuzumga xavf deb ko‘riladi.

BBC: Prezident-chi? MXX Prezidentni ham kuzata oladimi?

Edin Omanovich: Bizning qo‘limizda MXX Prezidentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishi haqida biron-bir dalil yo‘q. Ammo nazariy jihatdan, ha, MXX istasa Prezidentni kuzata oladi.

BBC: Josuslik xizmatlarining ishi josuslik qilish, ya‘ni kuzatish. Britaniyada ham, Amerikada ham shunday. O‘zbekistonda buning qonuniy asoslari bormi?

Edin Omanovich: O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar xalqaro inson huquqlari andozalari yuzasidan majburiyatlar olgani va fuqarolar shaxsiy hayotining daxlsizligini ta‘minlash borasida majburiyatlari borligiga qaramasdan, xususan, O‘zbekistonda buni tartibga soladigan mahalliy qonunchilikni topa olmadik.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002