"Josuslik" ayblovi va katta jarima: Turkmaniston O‘zbekiston SIM-kartalariga qarshi kurashni kuchaytirdi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Turkmanistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida O‘zbekiston mobil aloqa operatorlari SIM-kartalaridan foydalanishga qarshi navbatdagi keng ko‘lamli reydlar boshlandi. Mahalliy manbalarga ko‘ra, aholining telefonlari va Wi-Fi qurilmalari musodara qilinmoqda, ayrimlarga katta miqdorda jarima va hatto jinoiy javobgarlik bilan tahdid qilingan.
Maqola BBC Monitoring xabari asosida yozildi.
Moskvaga yaqin deb ko‘riladigan Kompromat Central Asia Telegram kanali 22 iyul kuni Turkmanistonda O‘zbekiston SIM-kartalarini musodara qilish bo‘yicha reydlar kuchaytirilganini xabar qildi.
"Turkmanistonda qo‘shni O‘zbekistondan keltirilgan SIM-kartalarni musodara qilish bo‘yicha reydlar davom etmoqda. Bunday reydlar haqidagi ilk xabarlar 13 iyul kuni O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlari bilan chegaradosh Dashovuz viloyatidan kela boshladi", — deyiladi xabarda.
Kanal ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari O‘zbekiston operatorlariga ulangan SIM-kartalar va Wi-Fi routerlarni musodara qilmoqda.
"Manbalarning aytishicha, xavfsizlik kuchlari telefon aloqasi va internet uchun O‘zbekiston operatorlariga ulangan SIM-kartalar hamda Wi-Fi routerlarni musodara qilishni boshlagan. Aholiga O‘zbekiston SIM-kartalariga ega bo‘lgani uchun katta miqdorda jarima solinishi va hatto xorijiy davlat manfaatlari yo‘lida harakat qilganlik ayblovi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida tahdid qilingan", deyiladi xabarda.
Nega aholi O‘zbekiston SIM-kartalaridan foydalanadi?

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Ozodlik radiosining turkman xizmati — Azatlik 10 iyul kuni politsiya va telekommunikatsiya mutaxassislari Dashovuz viloyatining Shabat va Ko‘ro‘g‘li tumanlarida besh kun davomida 60 ga yaqin aholi punktini tekshirganini yozdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, bu hududlarda Turkmaniston mobil operatorining signali juda kuchsiz yoki umuman yo‘q. Shuning uchun aholi mobil internetdan foydalanish uchun O‘zbekiston SIM-kartalarini ishlatadi.
"Faqat Diavar qishlog‘ining o‘zida 7 iyul kuni O‘zbekiston SIM-kartasi orqali internetdan foydalangan qariyb 10 ta xonadon aniqlandi. Ularning jihozlari musodara qilindi", - degan Azatlik manbalaridan biri.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Azatlik suhbatlashgan anonim manbalarning aytishicha, politsiya aniqlangan fuqarolarni jarima bilan jazolamoqda va ularni "xorijiy SIM-kartalardan foydalanish xorij davlati foydasiga josuslik qilishga teng", deya ogohlantirmoqda.
"Mahalla nozirlari O‘zbekiston internetidan foydalangan qishloq aholisini aniqlagandan keyin ularga 50 ming manatgacha (20 ming dollardan ortiq) jarima yoki qamoq bilan tahdid qilmoqda", — degan mahalliy manbalardan biri.
Boshqa bir manbaning aytishicha, birinchi marta ushlangan yoki jarima to‘lash imkoniga ega bo‘lmaganlarga ba’zan ogohlantirish bilan cheklanilgan.
"Internetdan faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanganini tushuntirganlar, shuningdek birinchi marta qoidabuzarlik qilgan va jarima to‘lash imkoniga ega bo‘lmagan xonadonlarga qat’iy ogohlantirish berildi."
Yana bir manbaning ta’kidlashicha, aholida boshqa tanlov deyarli yo‘q.
"TMcell mobil interneti faqat 2G tezlikda ishlaydi, uy interneti esa umuman yo‘q. Shuning uchun imkoni borlar maxsus routerlar orqali O‘zbekiston SIM-kartalaridan foydalanadi".
Uning aytishicha, qo‘shni O‘zbekistondagi internet "Turkmaniston internetidan 300 baravar tez".
Nega hokimiyat xavotirda?
Aholi O‘zbekiston SIM-kartalarini ishlatgani uchun katta jarimaga tortish va xorijiy davlat manfaatlari yo‘lida harakat qilish ayblovi bilan ... ogohlantirilgan.
Manbalarning aytishicha, reydlar asosan O‘zbekistonga savdo yoki boshqa ishlar bilan muntazam qatnaydigan oilalarga qaratilgan.
"Ular uyida O‘zbekiston internetidan foydalanishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxatiga birinchi bo‘lib tushadi", — degan huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalardan biri Azatlikga.
Ularning ta’kidlashicha, reydlarning kuchaytirilishiga Go‘ro‘g‘li tumanida yuz bergan fojia haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, bir erkak olti farzandini otib o‘ldirganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan. Manbalarning fikricha, rasmiylar bu voqea haqidagi ma’lumot internetga aynan O‘zbekiston SIM-kartalaridan foydalanuvchilar orqali chiqqan deb hisoblamoqda.
"Bu fojia haqida mustaqil OAV internetda maqola chop etganidan keyin hozirgi tekshiruvlar boshlandi. Politsiya va xavfsizlik xizmati xodimlari ma’lumotni aynan O‘zbekiston SIM-kartalaridan foydalanuvchilar tarqatgan, degan xulosaga kelgan".
Bu birinchi holat emas
Azatlik 2024 yil iyul oyida ham Turkmaniston maxsus xizmatlari Dashovuz va Lebap viloyatlaridagi aholiga O‘zbekiston mobil aloqasidan foydalangani uchun bosim o‘tkazayotganini xabar qilgan edi.
Nashrning yozishicha, Turkmanistonda internetga kirish qattiq cheklangani uchun odamlar muqobil yechim izlashga majbur.
"Mamlakatda internetdan foydalanish cheklangani sababli fuqarolar doimo internetga chiqishning muqobil yo‘llarini izlaydi. Turkmanistonda faqat bitta mobil operator — Altyn Asyr bor. Shu bois mamlakatning O‘zbekiston bilan chegaradosh shimoliy va sharqiy hududlarida yashovchilar O‘zbekiston SIM-kartalarini sotib oladi", — deydi Turkmanobod shahar hokimligidagi manba.
Huquqni muhofaza qilish organlaridagi yana bir manbaning aytishicha, Turkmaniston fuqarolari O‘zbekistonga borganda Beeline, Ucell va Mobiuz operatorlarining SIM-kartalarini sotib olib, mamlakatga olib qaytishadi.
"Aholi ulardan asosan internetga kirish uchun foydalanadi".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Manbaning ta’kidlashicha, hukumatning asosiy xavotiri shundaki, O‘zbekiston SIM-kartalari orqali odamlar internet cheklovlarini chetlab o‘tishi, mustaqil axborot saytlari va muxolifat nashrlarini o‘qishi hamda hukumat nomaqbul deb hisoblaydigan xorijiy tashkilotlar bilan muloqot qilishi mumkin.
"Eshitishimcha, Milliy xavfsizlik vazirligiga fuqarolarning elektron qurilmalarini tekshirish va agar ular O‘zbekiston SIM-kartalari orqali xorijiy tashkilotlar bilan aloqa qilgani yoki ulardan yordam olgani aniqlansa, Jinoyat kodeksining josuslik haqidagi moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortish topshirilgan".
Kuzatuvchilarning fikricha, internetga qo‘yilgan cheklovlar axborot erkinligini cheklash bilan birga, fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.































