Rossiyaning o‘ta boylari Putindan keyingi davr haqida allaqachon bosh qotirmoqdalar

Odamlar soyalari va o‘ylanib turgan Putin
    • Author, Vitaly Shevchenko
    • Role, BBC Monitoring tahlilchisi
  • Published
  • O'qilish vaqti: 9 daq

2022 yili 24 fevral kuni Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan bir necha soat o‘tib Vladimir Putin Kremlning ulkan Yekaterina zaliga Rossiyaning eng boy odamlarini yig‘di.

O‘ttizdan ortiq puldor Covid pandemiyasi tufayli niqob taqqan, devor bo‘ylab tizilishib o‘tirshardi. Rossiya gazetalaridan birining muxbiri ularni «ranglari oqargan va uyquga to‘ymagan» deb ta’riflagandi.

Putin zalga kirgach, biznesmenlardan ancha uzoqda, zalning qarshi tomoniga borib o‘tirdi va shu tariqa u bilan yig‘ilganlar o‘rtasida ulkan masofa hosil bo‘ldi. Odatdagidek, Putinning o‘zi niqob taqmagan edi.

Putin uning o‘ziga xos, ishorali uslubda gapirib, boylardan urushni qo‘llab-quvvatlashlarini kutayotganini aytdi.

«Sizlarni sodir bo‘layotgan voqealarni tushunishga chaqirmoqchiman. Ishlab chiqarishni, iqtisodiyotni va ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlaydigan vositalarni topish uchun hukumat bilan birgalikda ishlashingizni so‘rayman", deb murojaat qildi Putin.

Kreml tarqatgan yig‘ilish videosida Kremlga taklif qilingan milliarderlardan birortasi churq etmagani ko‘rinadi.

Bu sukut Rossiya o‘ta boylarining o‘ziga xos belgisiga aylangan. Putin hukmronligi yillari davomida ular ovoz chiqarishning bahosi juda qimmatga tushishi mumkinligini yaxshi o‘rganganlar.

2003 yili Rossiyaning o‘sha paytdagi eng boy odami, qator muxolifat guruhlarini moliyalashtirgan neft magnati Mixail Xodorkovskiy Putinni keng tarqalgan korruptsiyaga bosh-qosh bo‘layotganlikda ayblagan edi.

Shundan so‘ng u soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, firibgarlik va mablag‘larni o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, keyingi o‘n yilni qamoqda o‘tkazdi. Bu esa Putinni tanqid qilishni istagan boshqalar uchun ogohlantiruvchi signal bo‘ldi.

Xodorkovskiy o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha aybdor emasligini aytgan.

Prezident Putinning 2022 yil 24 fevral kuni rossiyalik boy odamlar bilan Kremldagi uchrashuvi
Surat tagso‘zi, 2022 yildagi Kremldagi Putin bilan uchrashuvda rossiyalik biznesmenlar sukut saqlagani ularning prezidentdan naqadar qo‘rqishlarini namoyish etishi mumkin
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Va agar bu magnatlarning birortasi urushga qarshi bo‘lgan taqdirlarida ham, ular o‘z fikrlarini ichida saqlashni ma’qul ko‘radilar.

Biroq bu sukut ortida ham pichir-pichirlar eshitilib turadi: Rossiyaning bir vaqtlardagi qudratli biznes elitasi a’zolarining ayrimlari Putindan keyingi Rossiyani tasavvur qila boshlaganga o‘xshaydilar. Ular prezident lavozimni tark etgach yoki vafot etgach, mamlakat yana 1990 yillardagiga o‘xshab qolishi mumkinmikan, deb o‘ylamoqdalar.

O‘sha zamonlarda oligarxlar hokimiyatga yaqinlik mevasidan bahramand bo‘lgan edilar. Erta haqida bosh qotirayotganlarning ayrimlari mamlakatda sog‘lomroq siyosiy muhit shakllanishi mumkinligini istisno etmayaptilar.

The Economist gazetasining Kremlni yaqindan kuzatuvchi taniqli jurnalisti Arkadiy Ostrovskiy yaqinda Rossiyaning eng boy kishilaridan biri bilan bir necha soat suhbatlashdi. Uning aytishicha, o‘ta boylarning mamlakat kelajagiga munosabatida «tarixiy va siyosiy o‘zgarish yuz bermoqda», degan taassurot paydo bo‘lgan.

Behalovat magnatlar

1991 yilda Sovet Ittifoqining parchalanishi mamlakat ichida yangi va qudratli kuchning paydo bo‘lishiga yo‘l ochdi: kommunizm barham topganidan foydalanib ulkan boylik orttirgan va keyinchalik siyosatchilarni o‘z manfaatlari yo‘lida nazorat qilishni istagan odamlar maydonga chiqdi. Ular «oligarxlar» deb atala boshlandi. Bu atama qadimgi yunon tilidagi «hukmronlik qiluvchi ozchilik» ma’nosini anglatadigan so‘zdan kelib chiqqan. Ularda pul bor edi, o‘sha paytlarda esa pul hokimiyat degani edi.

«Vahshiy 1990-yillar» deb ataluvchi o‘sha davrda sahnaga «yangi ruslar» chiqdilar. Yirik davlat korxonalari xususiylashtirish uchun taklif etila boshladi va tegishli aloqalarga ega kishilar deyarli bir kechada millioner, hatto milliarderga aylandilar. Korruptsiya avj olgan, tanish-bilishchilik keng tarqalgan, buyurtma qotilliklar esa oddiy holga aylangan edi.

Biroq Putin 2000 yilda ilk bor prezident etib saylanganishi bilan oligarxlarni o‘ziga bo‘ysundirdi. Hokimiyatni boshqalar bilan bo‘lishish xayolida ham yo‘q Rossiya iqtisodiyoti tiklana boshlagani va markaziy hukumat kuchayib borayotgani Putinga milliarderlarga qarshi tura olish qudratini berdi.

Sankt-Peterburgdagi Putin byusti oldida oligarxlar ustidan kulgan Stas Baretskiy. 16 May 2015 yil
Surat tagso‘zi, O‘zining boy-badavlat ekanini boshqalarga ko‘rsatib qo‘yishni istagan ayrim oligarxlar 1990-yillarda o‘ziga xos kiyinish uslubini shakllantirdilar. Keyinchalik Sankt-Peterburglik ijodkor ana shu uslubni masxara qildi.

Rossiyaga sarmoya kiritgan, korruptsiyaga qarshi kampaniya tashkil etgani ortidan Rossiyaga kirishi taqiqlangan yirik xorijiy investorlardan biri bo‘lgan moliyachi Bill Brauderning aytishicha, Rossiya magnatlari Putin qarshisida qo‘rquvdan bo‘ynini qisib, irodasizlanib qolgan edi. Bu, masalan, urushdan oldingi yillarda hali ham Davos iqtisodiy forumiga taklif etilib turgan paytlarida yaqqol ko‘ringan.

«Oligarxlarning hamma joyda xuddi o‘zining yerida yurgandek o‘zlarini tutganlarini eslayman. Ular eng takabbur va o‘ziga ishongan odamlar edi. Keyin Putin keldi va ana shu o‘zini kuch-qudrat timsoli qilib ko‘rsatadigan kishilarning qanday qilib mutlaqo bo‘ysunuvchan, hatto deyarli noiloj maktab o‘quvchilariga aylanib qolganini ko‘rish juda hayratlanarli edi», deydi u BBC bilan suhbatda.

2022 yilda urush boshlanganidan beri Kreml Rossiyaning boy biznesmenlarini «qamchi va shirin kulcha» tamoyili asosida qattiq nazorat qilib kelmoqda. Urushni tanqid qilganlar aktivlaridan mahrum etilgan bo‘lsa, sodiq qolganlar davlatning serdaromad harbiy shartnomalari bilan taqdirlandilar. Bugun Rossiyada har qachongidan ham ko‘proq milliarder bor. Forbes jurnali ma’lumotiga ko‘ra, ularning soni 155 nafarga yetgan.

Bu milliarderlarning umumiy boyligi ham rekord darajaga chiqib, qariyb 700 milliard dollarga yetdi.

Biroq hatto Kremlga sodiq qolib, mukofotlangan magnatlar uchun ham bu qadar katta boylik baxt keltirayotganga o‘xshamaydi. Ularning ayrimlari tobora behalovat bo‘lib bormoqdalar.

Yakkahumronlik, oligarxiya yoki demokratiya?

Ularning milliardlari avvalgidek qudratli emas: mamlakat ichida ular bugun siyosiy ta’sirni deyarli sotib ololmaydilar.

«Ularning qo‘lida hech qanday kozir yo‘q, hech qanday o‘yini ham yo‘q», deydi muhojiratdagi siyosatchi va tahlilchi Dmitriy Nekrasov. «Ular Putin bilan bog‘liq bo‘lgani uchun boy. Aksincha emas».

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinidan keyin G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli ular Rossiya tashqarisida ham yakkalab qo‘yildilar.

«Ularga mayda jinoyatchilardek munosabatda bo‘lishmoqda. Ular xususiy samolyotlarida erkin ucha olmaydilar. Yaxtalari Yevropadagi eng yaxshi bandargohlarning hammasiga ham kira olmaydi. Bu ular uchun juda og‘ir va haqoratli bo‘lsa kerak», deydi Putinning ochiq tanqidchisi Brauder.

Shuning uchun ham, jimgina, ularning ayrimlari Putin siyosiy sahnadan ketganidan keyin nima bo‘lishi haqida bosh qotira boshlaganlar. Bu haqda menga ana shu magnatlar dunyosiga yaqin bo‘lgan, yaxshi manbalarga ega tahlilchilar so‘zlab berdilar.

Prezident Putinning yaqin orada lavozimni tark etishi ehtimoli ko‘rinmaydi, shuningdek uning sog‘lig‘i yomonlashganini ko‘rsatadigan asos ham yo‘q. Ammo o‘tgan oy 74 yoshga to‘lgan Putin chorak asrdan beri Kremlda hukmronlik qilib kelmoqda va Moskvadagi odamlar uning bir kun kelib sahnadan ketishini yaxshi biladilar.

O‘tgan yili Reuters agentligi undan konstitutsiya bo‘yicha vakolat muddati tugaydigan 2036 yilgacha hokimiyatda qolish-qolmasligi haqida so‘raganda, Putin shunday javob bergan edi:

«Buning uchun sog‘ligimiz yetarlimi-yo‘qmi, uni faqat Xudo biladi».

1990 yillarning eng mashhur oligarxi Boris Berezovskiy
Surat tagso‘zi, 1990 yillarning eng mashhur oligarxi Boris Berezovskiy Kreml qahriga uchradi va umrining oxirgi yillarini Britaniyada yashadi

Agar Putin iste’foga chiqsa yoki lavozimda turgan paytida vafot etsa, uning o‘rnini bosh vazir Mixail Mishustin egallaydi. Biroq Mishustin hozirgacha prezidentlikka da’vogarlik niyatini namoyish etgani yo‘q. Ehtimol, uning bu lavozimga tayinlanganining muhim sabablaridan biri ham shu bo‘lgan. Bu esa ma’lum ma’noda hokimiyat bo‘shlig‘ini yuzaga keltirishi mumkin.

Bunday vaziyatda Rossiyani kuzatib borayotgan tahlilchilar bir nechta ehtimoliy stsenariyni tasavvur qiladilar.

G‘arbdagi ba’zi kuzatuvchilar va, shubhasiz, Rossiyaning o‘zida ham ayrimlar Putindan keyingi Rossiyada demokratiya gullab-yashnashiga umid qiladilar. Ular mamlakatni yangi oligarxlar guruhi yoki navbatdagi yakkahokim emas, balki xalq irodasiga tayanuvchi hukumat boshqarishini istaydi. Ammo tahlilchilar fikricha, bu eng kam ehtimolli yo‘ldir. Putin hukmronligi davomida demokratik institutlar sezilarli darajada zaiflashtirildi yoki butunlay yo‘q qilindi.

«Rossiya zo‘ravonlikka shu qadar ko‘nikib qoldiki, odatiy demokratik jarayonlar begona bo‘lib qoldi», deydi muhojiratdagi rossiyalik jurnalist va tahlilchi Aleksandra Prokopenko.

Yana bir ehtimoliy yo‘l - yanada qattiqroq avtoritarizmdir. Putin o‘rnini boshqa bir shaxs egallab, uning bosim va repressiyalarga tayangan boshqaruv uslubini davom ettirishi mumkin.

Biroq Prokopenkoning fikricha, bu darhol yangi kuchli yakkahokim diktaturaning shakllanishini anglatmaydi. Uning ta’kidlashicha, bunday tizimlarning qaror topishi vaqt talab qiladi. Dastlab Putinning vorisi undan ko‘ra kuchsizroq bo‘ladi va ixtiyorida kamroq resurslarga ega bo‘ladi.

iqtibos

Yana bir ehtimoliy variant bor: magnatlar o‘z ta’sirini qayta tiklaydilar va Rossiya qandaydir ma’noda 1990-yillardagidek oligarxik tizimga qaytishi mumkin.

Kremlning sobiq maslahatchisi va hozir muhojirotda yashayotgan muxolif siyosatchi Dmitriy Nekrasovning fikricha, bunday stsenariyda mamlakatni biznes manfaatlari bilan ittifoqdagi bir nechta qudratli elita guruhlari boshqaradi.

Albatta, aynan shu variant ko‘plab magnatlarga ma’qul keladi.

«Ular o‘z fikriga quloq solinadigan, aktivlaridan mahrum qilinmaydigan va o‘yin qoidalarini tushunadigan davrga qaytishni istaydilar», deydi Rossiyaning eng boy kishilari bilan ko‘p muloqot qilgan Aleksandra Prokopenko.

1990-yillardan beri ularning ta’siri sezilarli darajada qisqargan bo‘lsa-da, magnatlarning gapiga quloq tutishga arziydi. Chunki ularning ulkan boyligini hisobga olganda, ertami-kechmi siyosiy ta’sirini qayta tiklashga urinishlari ehtimoldan xoli emas.

Muhojiratdagi siyosatchi Nekrasovning aytishicha, ayrimlari allaqachon «tegishli xavfsizlik amaldorlari yoki vazirlar bilan do‘stlashishga harakat qilayaptilar».

Biroq u bundan keyingi har qanday qadamni tashlash hozircha «o‘ta xavfli» bo‘lishini ular yaxshi anglaydilar.

Turkmanistonga qo‘ngan samolyotidan tushb kelayotgan rossiya preziidenti Vladimir Putiin. 8 October 2026 yil.
Surat tagso‘zi, Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqinni boshlaganidan keyin Putin oligarxlarni qamchi va kulcha siyosatida tutib kelayapti

Nekrasovning aytishicha, kelasi yillarda magnatlarning o‘zini qanday tutishlari qisman ularning moliyaviy ahvoliga bog‘liq bo‘ladi. Qo‘lida katta miqdorda erkin mablag‘i bor boylar siyosiy o‘yinlarda ishtirok etish va Putindan keyingi davrga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z o‘rnini mustahkamlashga ko‘proq jur’at etadilar. Ammo boyligi davlat shartnomalari yoki hukumatning marhamatiga bog‘liq bo‘lganlar hamma narsasidan ayrilib qolishdan qo‘rqib, ancha ehtiyotkor bo‘ladilar, deydi u.

Prokopenkoning aytishicha, biznesmenlarning Putin haqida gapirish uslubida allaqachon o‘zgarish kuzatilmoqda. Ilgari ular uni «Nachalnik» , «Perviy» yoki bosh harflari bilan «VV» deb atardilar. Bu laqablarning barchasi muayyan darajada hurmatni ifoda etardi.

Endi esa ular uni «Ded» deb atay boshlaganlar. Prokopenko buni «ozgina haqoratomuz munosabat aralashgan» laqab deb ta’riflaydi. «Ded» so‘zini «qariya» yoki «bobo» deb tarjima qilish mumkin va u avvalgi laqablarga qaraganda ancha kam hurmat ifodalaydi.

Prokopenkoning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi boy rossiyaliklar mamlakatda «siyosat odamlar hayotiga qaytishini» istaydi. Ya’ni repressiyalar kamayishi, so‘z erkinligi kengayishi va partiyalar hamda siyosatchilar o‘rtasida sog‘lomroq raqobat paydo bo‘lishini orzu qilmoqdalar.

Biroq hozircha Rossiyadagi bo‘g‘uvchi muhit tufayli ular buni amalga oshirishga jur’at qila olmayaptilar, deydi u.

Prokopenko suhbatlashgan magnatlardan biri butun intervyu davomida telefoni ustiga o‘tirib olgan. Uning fikricha, bu maxsus xizmatlarning raqamli kuzatuvini qiyinlashtiradi.

«Men buni mutlaqo stalincha qo‘rquv deb o‘yladim. Bu tamoman mantiqsiz qo‘rquv», deydi Prokopenko.

A bombshell interview

Andrey Melnichenkoning chiqishi magnatlar Putindan keyingi kelajakdan nimani kutayotganlariga ishora qiladigan qiziqarli dalil bo‘ldi. U dunyoda «o‘g‘it qiroli» deb tanilgan va hozirda Rossiyaning sakkizinchi eng boy kishisi hisoblanadi.

Joriy yil boshida u The Economist jurnaliga intervyu berib, ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Bu boy rossiyalikning o‘zi uchun ham, ayniqsa Kreml nodo‘st mamlakat deb hisoblaydigan davlat nashriga suhbat berish uchun ham noodatiy qadam edi. Jurnal shuningdek uning qalamiga mansub maqolani ham chop etdi.

Intervyuning ayrim qismlarida Melnichenko Kreml tez-tez takrorlaydigan qarashlarni bayon qildi. Uning fikricha, Ukraina Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi maydonga aylangan, G‘arb esa Rossiyaning xavfsizlikka oid xavotirlarini e’tiborsiz qoldirib, uning suverenitetiga tahdid solmoqda.

Ammo keyin suhbat yanada qiziq tus oladi. Melnichenko Putin ketishi kerak demadi, lekin bu muhim jihat, u Rossiyada yakka shaxs hukmronligiga barham beradigan o‘zgarishlar zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u Rossiya dunyo bilan ko‘proq muloqot qilishi kerakligini aytdi.

Prokopenkoning fikricha, magnat jamoatchilik muhokamasini boshlashga urinib ko‘rgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «o‘zi kabi boy odamlarni gapira boshlashga chaqiriq» bo‘lgan.

U bilan suhbatlashgan jurnalist Arkadiy Ostrovskiyning aytishicha, ular mehmonxonalar va qahvaxonalarda, asosan qahva ichib, ba’zan esa sigaret chekkan holda «keskin va qizg‘in bahslar» olib borishgan.

Jurnalistning ta’kidlashicha, magnat javoblarini siyosatchilarga xos tarzda tayyorlangan bayonot sifatida emas, balki haqiqatan ham o‘ylab, mulohaza qilib bergandek taassurot qoldirgan.

Rossiyada hech narsa oddiy emas va ko‘pchilik kuzatuvchilar bu intervyu Kremlning ma’lum darajadagi roziligi, ochiq yoki yashirin ma’qullovisiz o‘tmagan, deb hisoblaydi. Hokimiyat nega bunday noodatiy o‘zgarish chaqiriqini ma’qullagan bo‘lishi mumkinligi aniq emas. Balki ular mamlakatda hali ham ma’lum darajada fikrlar xilma-xilligi mavjudligini ko‘rsatishni istagandir.

Uning ortidan boshqa biror magnat chiqib, ochiq qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa-da, jurnalist Melnichenko faqat o‘z nomidan emas, balki boshqa biznesmenlar nomidan ham gapirgan, deb hisoblaydi.

Frantsiya janubidagi Sen-Jan-Kap-Ferra kabi kurort
Surat tagso‘zi, G‘arb sanksiyalari tufayli ayrim magnatlar o‘zlarini yakkalab qo‘yilgan his qiladilar. Ular xususiy samolyotlarida ucha olmaydilar va ilgari boy rossiyaliklar orasida mashhur bo‘lgan Frantsiya janubidagi Sen-Jan-Kap-Ferra kabi kurortlarga qimmat yaxtalarida bora olmaydilar.

Ularning ayrimlari Putin ketganidan keyin mamlakat, jurnalist Ostrovskiy ta’biri bilan aytganda, «oligarxik respublika»ga aylanishiga umid qilmoqdalar. Ya’ni Rossiya qandaydir darajada 1990-yillardagi holatiga qaytib, biznes elitasi yana asosiy ta’sir kuchiga aylanishi mumkin.

Rossiya haqidagi ko‘p yillik kuzatuvlariga tayangan holda Ostrovskiyning aytishicha, bugun mamlakat o‘ta boylarining ko‘pchiligi urush Rossiyani olib kelgan «butunlay berk ko‘cha»ni his qilmoqdalar. Ular kelajak yo‘qdek tuyulayotgan vaziyatda yashamoqdalar.

Biroq magnatlar kelajak haqida o‘ylayotgan bo‘lsa ham, yaqin vaqt ichida biror amaliy qadam tashlashi ehtimoli juda kamdek ko‘rinadi.

Putinning tanqidchilaridan biri Bill Brauderning aytishicha, ularning ko‘pchiligi bugungi vaziyatdan norozi bo‘lsa-da, Putin tirik ekan, unga qarshi fitna uyushtirishlarini tasavvur qilish qiyin.

«Agar Putinga qarshi chiqadigan biror ish qilishsa, u ularni o‘ldiradi, deb yaxshi tushunishadi. Putin esa juda shubhalanuvchi odam», deydi Brauder.

Rossiyaga sarmoya kiritgan yirik amerikalik moliyachi Maykl Kelvi ham bu fikrga qo‘shiladi.

«Ular nima ham qila olardilar? To‘g‘ridan-to‘g‘ri qamoqqa tushib, aktivlaridan ayrilishdan boshqa nimani kutmoqdasiz? Londonda o‘tirgan odamlar uchun: "Nega hammangiz turib qarshi chiqmaysizlar?" deyish oson. Amalda esa aynan shu narsa ro‘y beradi», deydi u.

Bir vaqtlar Rossiyaning eng boy kishilari hokimiyatning eng yuqori pog‘onalaridagi qarorlarga ta’sir o‘tkaza olardilar. Putin ketgach, ular yo‘qotilgan ta’sirini qayta tiklashga urinishlariga hech qanday shubha yo‘q.

Biroq asosiy savol shuki, bugungi tizimdan qolgan kuchlar ularga bunga yo‘l qo‘yadimi?

Maqola boshidagi foto surat mualliflik huquqi Gettyga tegishli.