Saudiya AQSh-Eron urushiga aralashmaslikka urinar ekan, ikki tanlov qarshisida qolyapti

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Saudiya Arabistoni qiyin tanlov qarshisida turibdi. AQSh va Isroil 28 fevralda Eronga qarshi urush boshlaganidan buyon saudiyaliklar asosan mojarodan chetda qolishga harakat qilib kelishdi.
Ammo endi, uch tomondan hujumga uchragach, Saudiya sabr kosasi to‘lgan ko‘rinadi. Shu hafta u AQSh bilan birgalikda Iroqdagi Eronga aloqador proksi qurolli guruhlarga zarba berdi. Ar-Riyodning fikricha, aynan shu guruhlar qirollik hududiga dron hujumlarini uyushtirib kelgan.
Endi Saudiya Arabistoni oldidagi asosiy dilemma shundaki: tiyib turish vositasi sifatida javob zarbalarini davom ettirish kerakmi yoki vaziyatni yumshatishga, ehtimol, ayrim raqiblarini moliyaviy yo‘l bilan tinchlantirishga harakat qilish kerakmi?
Xo‘sh, kim kimga hujum qilyapti va nima uchun?
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Avvalo, biroz umumiy manzara. So‘nggi besh oydan beri Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharqning boshqa hududlarini qamrab olgan mojaroda, umumiy hisobda, ikki asosiy tomon mavjud.
Bir tomonda Eron va uning Islom inqilobi qo‘riqchilari qo‘shini turibdi. Ularga Yamandagi husiylar ittifoqchi hisoblanadi. Husiylar — 2014 yilda Yamanning katta qismini nazoratga olgan qabilaviy guruh.
Eron shuningdek Iroqdagi «Xalq safarbarlik kuchlari»ni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Aynan shu harbiylashtirilgan tuzilma Saudiya Arabistoniga qarshi taxminan 30 ta dron hujumini amalga oshirgani aytiladi va endi unga qarshi javob zarbalari berilmoqda.
Yana bir Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuch — Livandagi Hizbulloh. U hali ham sezilarli harbiy salohiyatga ega, ammo hozircha mojaroda faol ishtirok etmayapti.
Mojaroning qarshi tomonida esa AQSh va uning ulkan harbiy qudratga ega Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) kuchlari turibdi. Shuningdek, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari va Iordaniya ham turli darajada AQShni qo‘llab-quvvatlamoqda. Isroil esa AQShning yaqin ittifoqchisi bo‘lib qolyapti, ammo hozircha ushbu urushda faol ishtirok etmayapti.

Surat manbasi, Reuters
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Eron so‘nggi vaqtlarda dron va raketa hujumlarini asosan Iordaniya, Quvayt va Bahraynga qaratmoqda. Shuningdek, Eron o‘rnatgan yangi qoidalar va yo‘nalishlarga amal qilmasdan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga urinayotgan har qanday tijorat kemalarini ham nishonga olmoqda.
Iroqdagi qurolli guruhlar va Yamandagi husiylarning bu mojaroga qo‘shilishi nisbatan yangi holatdir. Bu esa AQSh va Eron o‘rtasida uzoq muddatli tinchlik kelishuvi tuzilmasa, mintaqa tobora kengayib borayotgan mojaroga yanada chuqurroq tortilish xavfi borligini ko‘rsatadi.
Saudiya Arabistonining keng ko‘lamli urushga tortilib ketmaslikka harakat qilayotganiga bir nechta sabablar bor.
Mamlakatning amaldagi rahbari, nisbatan yosh valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon mamlakatni «Vision 2030» («2030 yilgacha rivojlanish strategiyasi») deb nomlangan islohotlar dasturi yo‘liga boshlab kirdi.
Uning maqsadi qirollik iqtisodiyotini neft daromadlariga qaramlikdan xalos qilish, zamonaviy va raqobatbardosh ichki sanoat tarmoqlarini rivojlantirish hamda har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan yuz minglab universitet bitiruvchilari va maktabni tugatgan yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratishdan iborat.

Surat manbasi, Reuters
«Vision 2030» dasturining muhim qismlaridan biri — xorijiy investitsiyalarni jalb qilish. Shuningdek, dastur doirasida hujumlar uchun oson nishonga aylanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar markazlari (data centre) kabi inshootlarni barpo etish ham ko‘zda tutilgan.
Bu esa Saudiya Arabistoni janubiy chegarasi orqali Yamandagi husiylar uchirayotgan dronlar yoki Eron tomonidan bevosita uchirilayotgan ballistik raketalardan kelib chiqadigan uzoq muddatli xavf ostida qolsa, amalga oshmaydi.
2019 yil sentyabrida saudiyaliklar og‘ir saboq oldi.
O‘sha paytda Eron bilan munosabatlar keskinlashgan bir vaqtda, saudiyaliklar tongda uyg‘onar ekan, Iroqdagi Eronga qarashli proksi qurolli guruh mamlakatning eng muhim neft inshootlaridan ikkitasi — Abqayq neftni qayta ishlash majmuasi va Xurays neft koniga dronlar guruhini yo‘llaganini bilishdi.
O‘sha vaqtda hujumni Yamandagi husiylar amalga oshirgani haqida taxminlar bo‘lgan edi. Biroq BBC muxbiri voqea joyiga ortidan borganida, inshootlarning ustki qismlaridagi teshiklarning barchasi shimol tomonga qaraganini aniq ko‘rdi.
Bu hujum bir necha kun davomida Saudiya neft eksportining yarmini to‘xtatib qo‘ydi va Ar-Riyod uchun mamlakatning muhim milliy infratuzilmasi hujumlarga naqadar zaif ekanini anglatgan jiddiy ogohlantirish bo‘ldi.
Dushanba kuni olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Abqayq neft majmuasiga yana Iroqdagi Eronga qarashli proksi qurolli guruhlar tomonidan uchirilgan dronlar zarba berganini ko‘rsatdi.
Yana bir muhim omil — neft. U hali ham Saudiya iqtisodiyotining asosiy tayanchi hisoblanadi.
Eron fevral oyidagi AQSh va Isroil hujumlariga javob tariqasida amalda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopdi. Bu Eron va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi strategik dengiz yo‘li bo‘lib, u orqali jahon nefti va suyultirilgan tabiiy gazining taxminan 20 foizi tashib o‘tilar edi.
Bunga javoban Saudiya Arabistoni imkoni boricha ko‘proq neft — kuniga taxminan 5 million barrelni — mamlakatning sharqiy sohilini g‘arbiy sohil bilan bog‘laydigan quvur orqali Qizil dengiz bo‘yidagi Yanbu neft eksport terminaliga yetkazdi.
U yerdan neft tankerlarga yuklanib, janubga, Arab dengiziga chiqib, Osiyo bozorlariga yo‘l oldi.

Surat manbasi, EPA
Hammasi reja bo‘yicha ketayotgandek edi.
Ammo 13 iyulda Saudiya Arabistoni Yaman poytaxti yaqinidagi Sano aeroportini bombardimon qildi. Hujum uchun mas’uliyatni Saudiya qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumati o‘z zimmasiga oldi va bu Eron uchog‘ining qo‘nishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilganini bildirdi. Bunga javoban husiylar Saudiyaning Abha va Jizon shaharlaridagi mintaqaviy aeroportlarga hujum qildi.
Ar-Riyod uchun yanada xavotirlisi shundaki, husiylar Qizil dengizdagi Saudiya kemalariga ham hujum qila boshladi. Bu esa Qizil dengizning janubiy qismida joylashgan Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini nihoyatda xavfli qilib qo‘ymoqda. Natijada Saudiyaning Osiyoga neft eksporti ham jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda.
Saudiya Arabistoni yetti yil davomida husiylarni havo zarbalari bilan taslim etishga urindi, ammo bu maqsadiga erisha olmadi.
Yamanda avj olgan urush zamonamizning eng og‘ir gumanitar fojialaridan biriga aylandi va uning oqibatlari hanuzgacha sezilmoqda.
2022 yilda Saudiya Arabistoni husiylar bilan murakkab va beqaror sulhga rozi bo‘ldi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayonda moliyaviy kelishuvlar ham bo‘lgan. Ammo hozir mintaqadagi eng boy davlat bo‘lgan Saudiya yana bir bor janubdagi qo‘shnisi Yamandan dron va raketa hujumlari, shu bilan birga shimoldagi Iroq hududidan uyushtirilayotgan hujumlar tahdidiga duch kelmoqda.
Bularning hech biri Saudiyaning «Vision 2030» dasturini ishlab chiqqanlar rejalarida nazarda tutilmagan edi.






























