O‘zbekiston zavodlari Rossiya harbiy sanoatiga ko‘maklashishda ayblandi: YeI sanksiyalari kuchga kirdi

Ushbu kontseptual tasvirda geosiyosiy yoki strategik qarama-qarshilik eskirgan shaxmat taxtasida bir-biriga ro‘para qo‘yilgan ikki ot figurasi orqali ifodalangan. Chap tomondagi otga Yevropa Ittifoqi bayrog‘i (ko‘k fonda sariq yulduzlar), o‘ng tomondagisiga esa Rossiya bayrog‘i (oq, ko‘k va qizil gorizontal chiziqlar) tushirilgan. Shaxmat taxtasining eskirgan ko‘rinishi va figuralar ustidagi bayroqlar bu ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega va keskin ekanini anglatadi

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 2 daq

Yevropa Ittifoqi Rossiya harbiy sanoatiga ko‘maklashishda ayblangan O‘zbekistonning ikki korxonasiga sanksiya joriy etdi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yo‘naltirilgan 20-sanksiyalar paketi doirasida uchinchi mamlakatlarning 120 nafar jismoniy shaxsi va 16 ta tashkilotini "qora ro‘yxat"ga kiritdi. Qirg‘izistonning "24.kg" axborot agentligi xabariga ko‘ra, ro‘yxatga O‘zbekiston va Qirg‘iziston korxonalari ham qo‘shilgan.

Hisobotda O‘zbekistonning sanksiyaga tushgan ikki korxonasi aniq ko‘rsatilgan: Farg‘ona viloyatidagi "Farg‘ona kimyo zavodi" hamda Jizzax viloyatida joylashgan "Raw Materials Cellulose" zavodi.

"Yevropa Ittifoqining xulosasiga ko‘ra, 2012 yilda tashkil etilgan "Farg‘ona kimyo zavodi" paxta sellyulozasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va o‘z mahsulotlarini Rossiyadagi Permь hamda Qozon porox zavodlari kabi korxonalarga yetkazib bergan. Hujjatda ushbu xom ashyodan harbiy maqsadlarda foydalanilgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan", - deyiladi agentlik xabarida.

Xuddi shunday ayblovlar 2022 yilda Jizzaxda ro‘yxatdan o‘tgan "Raw Materials Cellulose" kompaniyasiga nisbatan ham ilgari surilgan. Yevropa Ittifoqining ta’kidlashicha, mazkur korxona Rossiya harbiy-sanoat majmuasi tarkibiga kiruvchi zavodlarni, xususan, Tambov porox zavodini paxta sellyulozasi bilan ta’minlab kelgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston har yili taxminan 1,1 million tonna paxta tolasi yetishtiradi. Mamlakatning bu boradagi asosiy xaridorlari an’anaviy ravishda Xitoy, Turkiya va Rossiya hisoblanadi.