O‘zbekiston: Sudyalar sudlanmoqda – bu sud mustaqilligi uchun tahdidmi yoki adolat qaror topishi?

Sud ishiga aloqador shaxslar (chapdan o‘ngga: Akmal Shukurov, advokat Abdumalik Abdullaev, sudlanayotgan sobiq sudya Muhtarama Turg‘unboeva va advokat Muxsinjon Madaminov)
Surat tagso‘zi, Toshkent shahar sudining 4 nafar sobiq sudyasi (ular orasida sud raisining sobiq o‘rinbosari ham bor) ustidan olib borilayotgan sud jarayoni keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda
    • Author, Alibek Beyjanov
    • Role, BBC O‘zbek, Toshkent
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

O‘zbekistonda 4 nafar sobiq sudya ustidan sud jarayoni boshlandi. Ularni himoya qilish uchun 50 nafardan ortiq advokat birlashdi. Bunday hodisa O‘zbekiston tarixida oldin sodir bo‘lmagani aytilmoqda. Advokatlar mazkur sudyalarning javobgarlikka tortilishi mamlakatdagi sud mustaqilligi uchun jiddiy xavf bo‘lishini aytmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa foydalanuvchilarning ayrimlari, aksincha, sudlanayotgan sudyalarni qoralamoqda.

Hammasi nimadan boshlangan edi?

2025 yilning mart oyida Toshkentdagi tungi klub eshigi oldida sodir bo‘lgan janjal

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқ

Surat tagso‘zi, Mazkur ish 2025 yilning mart oyida Toshkentdagi tungi klub eshigi oldida sodir bo‘lgan janjalga borib taqaladi

Mazkur ish o‘tgan yilning bahorida Toshkent shahrida sodir bo‘lgan voqeaga borib taqaladi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 16 mart tungi soat 02:30 larda 1995 yilda tug‘ilgan Akmal Shukurov poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi restoranlardan biriga mijoz sifatida keladi va shu yerda o‘zining 1985 yilda tug‘ilgan tanishi X.A. bilan o‘rtasida kelib chiqqan nizo sababli o‘zaro janjallashadi. 1990 yilda tug‘ilgan B.A. ularni ajratishga harakat qilgan vaqtida Akmal Shukurov uni urib, tan jarohati yetkazadi. Oqibatda B.A. "bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish" tashxisi bilan shifoxonaga olib boriladi.

Akmal Shukurov esa mamlakatdan qochib ketadi va qidiruvga beriladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida u Qozog‘iston Respublikasida ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinadi.

Akmal Shukurovning qo‘lga olinishi

Surat manbasi, Тошкент шаҳар ИИББ

Surat tagso‘zi, Akmal Shukurovning qo‘lga olinishi

Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi "e" bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi "a", "g" bandlari, 4-qismi "a" bandi, 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi "g" bandi bilan ayblov qo‘yildi va ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqildi. 2025 yil 24 oktyabr kuni jinoyat ishini birinchi instantsiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Sudning hukmi bilan Akmal Shukurov Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi "e" bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi "a" bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi "g" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Birinchi hukm chiqqanidan 47 kun o‘tib, aniqrog‘i 2025 yilning 9 dekabrida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instantsiya sudining ajrimi bilan birinchi hukm o‘zgaradi. Sudlanuvchiga uzil-kesil 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanadi. Akmal Shukurovning 2025 yil 21 martdan 2025 yil 9 dekabrga qadar qamoqda bo‘lgan 263 kunini tayinlangan jazodan chegirib, uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldiriladi. Sudlanuvchiga tanlangan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan qamoqdan ozod qilinadi.

Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng, sudlanuvchi Akmal Shukurovdan jabrlanuvchi foydasiga 2 mlrd 694 mln so‘m undirish qismi bekor qilingan. Sudlar departamenti Toshkent shahar hududiy bo‘limi hisob raqamiga shu miqdordagi puldan 2 mlrd 301 mln so‘m qismi jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar hisobiga qaratilgan. Qolgan 392 mln so‘m qaytarilgan. Jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan deb e’tirof etilgan. Jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi qayd etilgan.

Mazkur ajrim ommaviy axborot vositalarida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Masalan, "Kun.uz" saytida e’lon qilingan "Qalovini topsa, qor ham yonadi" sarlovhali maqolada 2025 yil davomida Akmal Shukurov kabi Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan ko‘rilgan ishlar solishtiriladi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

"Yuqoridagi har ikki holatda sudlanuvchilar faqat bitta, ya’ni bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan ayblanib, qamoqda qolgan. Akmal Shukurov esa Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybli deb topilsa ham ozodlikka chiqarilgan. Bu O‘zbekistonda sud tizimida qalovini topsa qor ham yonishi mumkinligini ko‘rsatadi", deyiladi maqolada.

Bu orada Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritdi. 2025 yil 18 dekabr kuni mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hay’ati tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirildi. Akmal Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi.

Sudyalar ishi

Mana endi sudyalar masalasiga ham yetib keldik. Apellyatsiya instantsiyasida Akmal Shukurov ishini ko‘rib, unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklashga o‘zgartirgan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari – Muhtarama Turg‘unova, Odilbek Ilhomjonov hamda Mirziyod Obidov 2025 yil oxirida lavozimidan ozod etildi, ularning sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. Shuningdek, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Murodjon Mirzajonov ham "O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 25 dekabrdagi farmoyishiga muvofiq yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi "Sudlar to‘g‘risida"gi qonuni 79-moddasi 1-qismining 2,10-bandlariga asosan sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib", lavozimidan ozod etildi.

2026 yil boshida Bosh prokuratura tomonidan Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) 2-qismi, 236-moddasi (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 2-qismi bilan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Obidov va Muhtarama Turg‘unovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sobiq sudyalarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Uch nafar sobiq sudya yanvardan aprelgacha qamoqda qoldi va 11 apreldan ehtiyot chorasi garovga o‘zgartirilib, qamoqdan chiqarildi. Toshkent shahar sudi raisining sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonov esa hamon qamoqda qolmoqda.

Himoya tomoni nima demoqda?

Sobiq sudyalar mazkur ish yuzasidan BMTning Asossiz (o‘zboshimchalik bilan) qamoqqa olishlar bo‘yicha ishchi guruhiga murojaat qildi. Murojaatda ular o‘zlarining noqonuniy ravishda hibsga olingani, ularga nisbatan xizmat tekshiruvi, dastlabki tergov davrida aldov va bosimlar orqali ko‘rsatmalar olingani, shuningdek, sudyalar qonunga muvofiq, xizmat faoliyati davrida daxlsiz ekani, sud qarorlarini qabul qilishda mustaqil ekani tilga olinadi.

2026 yil 24 iyul kuni Toshkent viloyat sudida mazkur ishni ko‘rish boshlandi. Dastlabki sud majlisida sud tarkibi ko‘rib chiqildi. Himoya tomoni ishning Toshkent viloyat sudida ko‘rilishidan norozi ekanini bildirdi. Ular sudlanuvchilar daxlsizlikka ega bo‘lgan sudyalar bo‘lgani sababli ishni Oliy sud ko‘rib chiqishi kerakligini aytmoqda. Sud majlisida advokat Bobur O‘tamurodov shuni talab qilib, iltimosnoma kiritdi, ammo raislik qiluvchi sudya bu iltimosnomani rad etdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Toshkent shahar sudi sudyalari tomonidan qabul qilingan bu hukm va ajrimlarning qonuniyligini faqat Oliy sud tekshirishi mumkin. Bu viloyat sudi tekshirishga vakolatli emas. "Sudlar to‘g‘risida"gi qonundagi struktura, Jinoyat-protsessual kodeksida belgilab qo‘yilgan instantsiyalarning vakolatlari shundan iborat. Mana shu sababli sudyaga raddiya e’lon qildik. Bu birinchi raddiyamiz emas, bu ikkinchi raddiyamiz. Dastlabki eshituv jarayonida ham shunga yaqin asos bo‘yicha raddiya bergan edik. Hozircha rad qilindi.

Mirzajonov Murod aka Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari sifatida ishlagan. Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari esa Toshkent shahar sudyasi yoki viloyat sudining oddiy sudyasiga qaraganda yuqoriroq maqomga ega. O‘zidan yuqoriroq maqomga, vakolati kengroq bo‘lgan odamga nisbatan uning harakatlariga huquqiy baho berish subordinatsiya jihatidan unga bo‘ysunadigan maqomda o‘tirgan sudyaning vakolatida emas. Shu sababli ham Toshkent viloyat sudining sudyasi tomonidan sudyalarimizga doir ishni ko‘rishga vakolati yetarli emas", dedi sud majlisidan keyin BBC O‘zbek bilan gaplashgan advokat Muxsinjon Madaminov.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Uning aytishicha, O‘zbekistonda sudyalarning sudlanishi oxirgi paytda tez-tez uchrayapti. U 2021 yilda uch nafar sudya qarorlari qonuniy kuchga kirgan va bekor qilinmagan bo‘lishiga qaramasdan, Toshkent viloyati Zangiota tuman sudida Jinoyat kodeksining 231-moddasi (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) bilan sudlangani, 2022 yoki 2023 yillari Toshkent shahar yoki Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining bir nechta sudyasi jinoiy javobgarlikka tortilganini misol sifatida keltirdi.

Madaminov mazkur ishda sudlanayotgan to‘rt nafar sobiq sudyani himoyasiga 50 dan ortiq advokat birlashganining sababini ham tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi olti oy ichida jinoyat ishlarida sudlanuvchi shaxslarga sud tomonidan yengillik berilishi qiyinlashgan. O‘zi oson bo‘lmagan oqlov hukmlariga erishish yanada murakkablashgan. Oqlov hukmlari soni kamaygan.

BBC O'zbek
Toshkent shahar sudi sudyalari tomonidan qabul qilingan bu hukm va ajrimlarning qonuniyligini faqat Oliy sud tekshirishi mumkin. Viloyat sudi buni tekshirishga vakolatli emas.
Muxsinjon Madaminov
Advokat (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

Yana bir advokat Abdumalik Abdullaev esa himoyasi ostidagi sobiq sudya Muhtarama Turg‘unovaning faoliyati davomida qatiyatli sudya sifatida o‘zini nomoyon qilganini aytdi.

Bu yerda sud mustaqilligi masalasi turibdi, sudyalarning daxlsizligi masalasi turibdi. Misol uchun, chunki men shu

"Himoyam ostidagi Turg‘unovani himoya qilar ekanman, uning jur’atliligi, qat’iyatliligi e’tiborga loyiq. Masalan, uning ko‘rgan ishlaridan xabarimiz bor: u oltmishdan ortiq ishlarda oltmishdan ortiq shaxslarga nisbatan oqlov hukmlarini jur’atli, qat’iyatli tarzda e’lon qila olgan sudya. Uni ellikdan ortiq ortiqcha qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha ayblovni baralla, jur’atli, qat’iyatli tarzda olib tashlay olgan sudya deb bilamiz.

Shuning uchun, "Bu yerda advokatlarni nima jihatdan, nima birlashtira oldi?" degan savolga sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi masalasi birlashtira oldi, deb javob berish mumkin. Bu ish baribir shu narsaga ta’sir qilyapti. Bu ish butun respublika sudyalari tomonidan kuzatib turilibdi: qanday natija bilan tugaydi bu ish? Qanday natija bilan tugashi, baribir, tabiiyki, ularning ish faoliyatiga ta’sir qiladi. Xohlaysizmi-xohlamaysizmi, ularda hozir qandaydir ma’noda mustaqilligi va daxlsizligi masalasida juda ko‘p savollarni o‘rtaga chiqaryapti", deydi advokat Abdullaev.

Biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi advokatlarning fikriga qo‘shilmaydi

Mazkur sud majlisi o‘tgani haqidagi xabarlar e’lon qilirganidan so‘ng, ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari sudyalarni qoralovchi izohlar yoza boshladi. Ayrimlar sudyalarning faoliyatidan jabr ko‘rganini yozsa, ayrimlar "advokatlar oddiy odamlarni himoya qilishga ko‘ngilli tarzda kirishmasligi"ni yozmoqda. Yana ba’zilar esa sudlar mustaqil emasligi, prokuror qanday qoralov e’lon qilsa, o‘sha pozitsiyada ish ko‘rishlarini iddao qilgan.

"Aybi borki, sud qilinyapti. Sababsiz sud qilishmaydi-ku", deya yozgan tarmoq foydalanuvchisi o‘z tajribasi bilan bo‘lishib, sud sababli 7 yil sarson bo‘lganini eslagan.

Boshqa bir foydalanuvchi esa "shu to‘rt sudya nohaq qamoqqa olindi deb hisoblayman, Ular kimlarningdir o‘yinlari qurboni bo‘lishmoqda", deya yozgan

Biri "Sudyalar ham bir sudlanib ko‘rsin", desa,

"Sudyalarni aybi isbotlansa, jazosinin olsin. Biroq 50 dan ortiq advokatlarni ishtirok etayotgani va e’tirozlari, sudyani BMTga murojaatidan sudyaning aybi yo‘qqa o‘xshaydi, chunki ular huquqshunos, o‘z-o‘zidan bunday fikrga kelasa kerak", deya yozadi yana bir foydalanuvchi

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham Facebook'dagi sahifasida "Tanish o‘rtog‘im yozyapti", deya katta postni e’lon qildi va u ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning Facebook'dagi sahifasidan ekran tasviri

Surat manbasi, Журналист Шуҳрат Шокиржоновнинг Facebook'даги саҳифасидан экран тасвири

Surat tagso‘zi, Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning Facebook'dagi sahifasidan ekran tasviri

Birinchi sud majlisi kuni davlat qoralovchisidan izoh olish imkoni bo‘lmadi. BBC O‘zbek mazkur ish yuzasidan Bosh prokuraturaga ham so‘rov yuborgan.

Mazkur sud ishi endi boshlanmoqda va hali uzoq davom etishi kutilmoqda. Jarayon atrofidagi fikrlar ham turli-tuman. O‘zbekiston tarixidagi ilk pretsident ekani aytilayotgan ish bo‘yicha keyingi sud majlisi 31 iyul kuni Toshkent viloyat sudida bo‘lib o‘tadi.