O‘zbek ayollari Turkiyada: Mehnat muhojirligi, xavf-xatarlar va jamiyatdagi malomat - Video

Ozoda Islomova va Sohiba Hayot Turkiya bayrog'i oldidagi kollag rasmlari
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari haqida gap ketganda, ko‘pchilikning hayoliga birinchi bo‘lib Rossiya keladi, biroq ayollar muhojirligi yo‘nalishida bugungi kunda asosiy oqim Turkiyaga burilgan. So‘nggi paytlarda Turkiyadagi o‘zbek ayollari bilan bog‘liq mudhish qotilliklar va zo‘ravonlik xabarlari ko‘payganiga qaramay, bu davlatga ishlash uchun ketayotgan xotin-qizlar oqimi to‘xtamayapti. Xo‘sh, nega ayollar aynan Turkiyani tanlamoqda va musofirlikda ularni nimalar kutmoqda?

Nega aynan Turkiya?

Turkiyada yashab, ushbu jarayonlarni ichkaridan o‘rgangan jurnalist Sohiba Hayotning ta’kidlashicha, u yerdagi o‘zbek ayollarining ijtimoiy kelib chiqishi turlicha bo‘lib, ularning aksariyatini 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan yolg‘iz ayollar yoxud ajrashgan onalar tashkil etadi. Ayollar asosan uy ishlari, xizmat ko‘rsatish va sotuvchilik kabi sohalarda mehnat qilishadi.

George Washington Universiteti tadqiqotchisi, olima Shoiraxon Nurdinova o‘zbekistonlik ayollarning Turkiyani tanlashiga asosiy sabablar sifatida – vizasiz rejimning mavjudligini, til va madaniyatning yaqinligini, shuningdek, u yerdagi ijtimoiy tarmoqlar (tanish-bilishlar) va parvarishlash iqtisodiyoti bozoridagi qulay ish joylarini ko‘rsatib o‘tadi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Ayollarimiz Turkiyaga migratsiya qilayotgan paytda yetarli darajada huquqiy bilim hamda rasmiy mehnat sharoitlari haqida bilimga ega bo‘lishmaydi. Bu esa migratsiya jarayonida turli xil muammolarni kelib chiqaradi va xususan juda ham ko‘p holatlarda norasmiy migrant sifatida faoliyat yuritishlariga to‘g‘ri keladi" deydi Shoiraxon.

Nurdinovaning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 13 mingga yaqin o‘zbekistonlik norasmiy migrant maqomida qo‘lga olinib, deportatsiya qilingan.

Instagram sahifasidan
Turkiyadagi Oʻzbekistonlik ayollarni ijtimoiy kelib chiqishi har xil. Ichida ziyolisi ham bor, ishchi qatlamdan ham bor. Asosan yoshlari 18 dan 55 atrofida bo'lgan ayollar.
Sohiba Hayot
Jurnalist

Har oyda bitta o‘lim va ortayotgan murojaatlar

Rasmiy maqomsizlik va qonuniy huquqlarning yo‘qligi sababli migrant ayollar doimiy xavf ostida qolmoqda. Jurnalist Sohiba Hayot o‘z kuzatuvlariga tayanib, o‘tgan yilning iyul oyidan joriy yilning mart oyigacha bo‘lgan davr mobaynida Turkiyada har oyda kamida bitta o‘zbek ayolining o‘lim holati kuzatilganini bildiradi. Hatto bir necha yil avval bedarak yo‘qolgan ayollarning ham aslida qotillik qurboni bo‘lgani fosh etilmoqda.

Vaziyatning qanchalik jiddiy ekanini "O‘zbek ayollari huquqlari" hamjamiyati vakili Ozoda Islomova keltirgan raqamlar ham tasdiqlaydi.

Islomovaning qayd etishicha, tashkilotga murojaatlar soni keskin ortib boryapti va 2025 yilning o‘zida 3200 dan ziyod murojaat kelib tushgan.

Murojaatlar orasida ish beruvchi tomonidan pasportlarni tortib olish, maosh bermasdan shantaj qilish, odam savdosiga va axloqsiz ishlarga majburlash, shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik va tazyiqlar kabi mudhish holatlar juda ko‘p uchraydi.

Ayblanuvchiga aylanayotgan qurbonlar

O‘zbek ayollari nafaqat og‘ir mehnat sharoitlari va jinoyatchilar bilan, balki o‘z jamiyatining malomatlari bilan ham kurashishga majbur. Jamiyatshunos olim Sherzod Eraliev buni patriarxal muhitdagi yondashuvlar bilan izohlaydi.

"Jamiyatimizda ayol iqtisodiy sub’ekt emas, avvalo axloqiy nazorat ob’ekti sifatida ko‘riladi", deydi olim. Ayolning mustaqil ravishda xorijga ketishi tezda shubha uyg‘otadi.

Eralievning ta’kidlashicha, zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayolga hamdardlik bildirish o‘rniga jamiyat butun e’tiborni asossiz ayblovlarga qaratadi va "U u yerda nima qilib yurgan edi?", "Nega o‘zini ehtiyot qilmadi?" degan savollarni berishni afzal biladi.

"Bu stigma o‘z navbatida ayollarni yanada sukut saqlashga majbur qiladi, ular politsiyaga ham, O‘zbekistondagi oilasiga ham o‘z boshiga tushgan noxushliklarni aytishdan qochishadi", deya xulosa qiladi jamiyatshunos.

Bu kabi sukut saqlash, o‘z navbatida, jinoyatchilar uchun jazosiz qolish va qulay muhitni yaratadi.

Lund University
Patriarxal bo'lgan bizni jamiyatlarimizda bizni tasavvurimizda ayol uyda bo'lishi kerak... Shuning uchun mustaqil ravishda xorijga ketgan ayolga nisbatan tez shubha paydo boʻladi.
Sherzod Eraliev
Jamiyatshunos olim

Turk matbuoti fojialarni qanday yoritmoqda?

Jamiyatdagi aybdorlik tamg‘asi ayollarni yordam so‘rashdan to‘sib qo‘yishi ortidan jinoyatchilar uchun qulay muhit yaratilmoqda. Xo‘sh, Turkiya ommaviy axborot vositalari ushbu jinoyatlarni qanday yoritmoqda?

Mavzuning bu jihatini Bi-bi-si jurnalisti Shodiyor Sayf o‘rganib chiqdi.

Shodiyor Sayf: Turk matbuoti bu xabarlarni tez-tez yoritadi. Masalan, ba’zi nashrlarda bu xabarlarga shov-shuvli xabar tarzida yondashiladi. Ular "dahshat", "vahshat", "kesilgan bosh" yoki "konteynerdan topilgan bosh" kabi jumlalarni ishlatib, o‘quvchining e’tiborini tortishga harakat qiladi va voqeani ijtimoiy muammo sifatida emas, balki shok va qo‘rquv uyg‘otuvchi xabar sifatida yoritadi. Natijada "Nega himoya ishlamayapti?", "Migrant ayollar nega himoyasiz?" degan tizimli savollar ochiq qoladi. Yana bir e’tiborli jihati, maqolalarda qurbonni ayblash holatiga tortib ketadigan jumlalar ishlatiladi. Masalan, norasmiy munosabat kabi detallarga ortiqcha urg‘u berilib, o‘quvchida "bu ayolning o‘zida ham ayb bor ekan-da" degan tasavvurni jonlantirishadi.

Bi-bi-si: Bunday voqealar ommaviy axborot vositalarida faqatgina xabar shaklida berilishdan tashqari chuqurroq tahlil ham qilinadimi?

Shodiyor Sayf: Asosiy matbuotda bu tahlillar juda kam. Lekin izlaganda topish mumkin. Masalan, "Çatlak Zemin" nashri o‘zbekistonlik ayol ishi borasida kattaroq tahlil e’lon qilib, muammoga tizimli ravishda yondashdi. Ular migrant ayollar Turkiyadagi mahalliy ayollardan ham himoyasiz ekanligini ta’kidlashgan. Ularning yozishicha, muhojir ayollar juda ham zaif holatda, huquqiy maqomi noaniq, ish beruvchiga qaram va politsiyaga murojaat qilishdan qo‘rqadi. Chunki politsiya murojaat qiluvchidan birinchi navbatda "vizang bormi?", "qonuniy ishlab yuribsanmi?" deb so‘roq qiladi, bu esa ularni cho‘chitib, ariza berishdan qochishiga sabab bo‘ladi. Nashr asosiy muammo sifatida gender tengsizligi va ishlamaydigan adliya tizimini ko‘rsatgan. Umuman olganda, turk matbuotida o‘zbek ayollari asosan mana shunday zo‘ravonlikka uchraganda ko‘rinish beradi. Boshqa vaqtda ularning nima bilan yashayotgani, hayoti qanday ekani deyarli yoritilmaydi.

Turk matbuotidan screenshot

Surat manbasi, Turk xabar sahifasidan

Surat tagso‘zi, Turk matbuotida ba’zi nashrlar bu xabarlarga shov-shuvli xabar tarzida yondashiladi. Ular "dahshat", "vahshat", "kesilgan bosh" yoki "konteynerdan topilgan bosh" kabi jumlalarni ishlatib, o‘quvchining e’tiborini tortishga harakat qiladi va voqeani ijtimoiy muammo sifatida emas, balki shok va qo‘rquv uyg‘otuvchi xabar sifatida yoritadi.

Himoya choralari va yechimlar nimalardan iborat?

Aslida Turkiyada xotin-qizlarni himoya qilish uchun yaxshi tizimlar ishlab chiqilgan.

Jurnalist Sohiba Hayotning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik ayollar mamlakatga kirishi bilan ularga xavf tug‘ilganda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida maxsus SMSlar yuboriladi. Bitta tugmani bosish orqali 3-5 daqiqada politsiyani chaqirish imkonini beruvchi maxsus ilovalar ham bor, biroq til bilmaslik va e’tiborsizlik tufayli o‘zbek migrantlari bundan deyarli foydalanishmaydi.

Fojialarning oldini olish uchun nima qilish kerak degan savolga olima Shoiraxon Nurdinova shunday javob beradi: "Avvalo migratsiyadan oldin tayyorgarlikni kuchaytirish, borilayotgan mamlakatdagi qonuniy ishlash imkoniyatlari hamda qiyinchilikka kelganda xalqaro tashkilotlar, elchixona va NNTlarga murojaat qilish haqida yetarlicha bilimga ega bo‘lish kerak".

"O‘zbek ayollari huquqlari" hamjamiyatidan Ozoda Islomova esa barcha vatandosh ayollarni o‘z huquqlari uchun birlashishga chaqiradi: "Jamiyatimizga keling, a’zo bo‘ling. Shunda siz ish beruvchi qarshisida ham, oilada ham yolg‘iz emasligingizni his qilasiz", deya ularni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanliklarini ma’lum qiladi.

Instagram sahifasidan
Jamiyatimizga keling, a’zo bo‘ling! Shunda siz ish beruvchi qarshisida ham, oilada ham yolg‘iz emasligingizni his qilasiz.
Ozoda Islomova
"O‘zbek ayollari huquqlari" hamjamiyati

Xulosa qilib aytganda, bugun Turkiyadagi o‘zbekistonlik ayollar faqatgina musofirlik qiyinchiliklari bilan emas, balki jamiyatning sovuq munosabati va huquqiy himoyasizlik bilan ham yuzma-yuz qolmoqda. Ular himoyasiz qolmasligi uchun jamoatchilikdagi ayblovchi qarashlar o‘zgarishi va muhojirlarning huquqiy savodxonligi oshirilishi zarur.